OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pencho Slaveykov (1866-1912)

* * *

Kuz barglari qovjiroq, za’far,
Yerga sochar ularni bo‘ron.
Qadamimdan sinar xazonlar,
Soyasidan ayrilmish o‘rmon.

Xazonlarning shivirlashlarin
Soyasidan ayri o‘rmonda,
Anglagayman kuzning bo‘roni
Meni yerga qulatgangan onda

KECHA KO‘Z YOSH TO‘KAR…

Kecha ko‘z yosh to‘kar sokin va so‘zsiz,
Achchiq alam bilan tan olar, essiz:
Oppoq kun Kechani olmas yodiga,
Oppoq kun hech qachon yetmas dodiga.
Bilishni istamas: u nega mahzun,
Bu teran va abad qayg‘u ne uchun?

Tong nurli jamolin ko‘rsatgan chog‘lar,
Maysalar bo‘ynida shudring munchoqlar.
Bu shaffof tomchilar qaynoq, shashqator,
Lek sira achinmas Kun degan g‘addor.
Boqar — tabassumi yorqin va mayin,
Go‘yo bu g‘ussaga daxli yo‘qdayin.

***

Tushimda ham, o‘ngimda ham, yor,
Jamolingga etding mahliyo —
Bamisoli tunday fusunkor
Nur sochuvchi kunduzday go‘yo.

Sog‘inaman kunduzi tunni,
Sog‘inchlarim azob jonimga.
Tunlar esa tush ko‘rib kunni
Chorlagayman uni yonimga.

Rus tilidan Gulnoz Mo‘minova tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.