OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qaysin Quliyev (1917-1985)

http://www.ziyouz.com/images/Kasyn_Kuliev.jpgQuliyev Qaysin Shuvaevich (1917.1.11 — hoz. Kabarda-Balkariya Respublikasi, Chegem tumani — 1985.4.6) — bolqor shoiri. 2-jahon urushi qatnashchisi (1941—44). Moskvadagi Teatr san’ati in-tini tugatgan (1939). Ilk she’rlar kitobi — «Assalom, tong» (1940). Asarlarida inson kechinmalari, tabiat, vatan, ozodlik va turmush tashvishlari, o‘z zamonasi va  tarixiy o‘tmish voqealari aks etgan. «Qo‘shnilarim» (1939-45), «Daralar qo‘shig‘i» (1960) she’riy to‘plamlari va «Yarador tosh» (1964), «Yer kitobi» (1972), «Oqshom» (1974), «Zamin chiroyi» (1980) kabi dostonlar muallifi. Bolqor xalqi tarixi va taqdiriga bag‘ishlangan «Qish edi» (1985) epik asari umrining oxirlarida yozilgan. Bir qator Kavkaz xalqlari vakillari qatori O’rta Osiyoga surgun qilingan Q. 1944—57 y.larda Qirg‘izistonda yashagan. O’zbekistonda o‘tkazilgan nufuzli adabiy tadbirlarda muntazam qatnashgan. U o‘zbek she’riyatini nihoyatda qadrlagan; Zulfiya, Shukrullo, Abdulla Oripov kabi o‘zbek shoirlarining she’rlarini bolqor tiliga tarjima qilgan. «Gul va xanjar» (1968), «Ko‘zlaringni sevaman» (1977), «Meni ardoqlagan ayollarga» (2004) kitoblari o‘zbek tilida nashr qilingan.
As: Sobranie sochineniy, p 3-x t.. M., 1987.
Ad.: Efendiev  T., Kaysin Kuliev, M., 1985. ("O'zME"dan)

 

SHE’RIYAT

Zamin deb bilgan chog‘ seni, she’riyat,
Yomg‘irday yog‘ildim o‘tloqlaringga.
Gohida beshafqat ko‘chkin qor sifat,
Vahmu qutqu soldim quchoqlaringga.

Kushod va muqaddas yaloving tutib,
Bo‘ldim lashkaringning oddiy askari.
Seni goh daryodek tasavvur etib,
Qzimni his etdim irmoq singari.

Burqsib tutagan chog‘ tuman va tutun
Tangri yo rasulmas, insoning bo‘ldim.
Qutlug‘ dargohingda ta’nasiz, zabun,
Sodiq dastyoringu darboning bo‘ldim.

Sening mavjudliging fahm eturman to,
Toki tark eturman uyquni sahar,
Go‘zal ko‘ringaydir ko‘zimga dunyo,
Aslo tuyulmagay bu hayot zahar.

Himmatim haqqiga g‘amdan, kulfatdan
Mayli, asramagin meni umrbod.
Asra loqaydligu yengil shuhratdan,
Toki keltirmayin men senga isnod.

HAYRAT

Gullar bosh egadi,
Yulduz charaqlar,
Qor erib, tog‘lar ham tovlanar turlik.
Men uchun dunyoda hammadan battar
Hayratni bilmagan odamlar sho‘rlik.
Ijod chamanida takror va takror
Hayratga tushamiz buyuk san’atdan.
Ular ham qachondir tug‘ilgan ilk bor
Oddiy narsalarga bo‘lgan hayratdan.
Hayratda boqdim men gulga, chechakka,
Garchand sirlaridan emasman voqif.
Hayratga tushdim men kuy tinglab yakka
Yoki o‘zgalarning she’riga boqib.
Daryolar guvillab chopar dengizga,
Qushlar xayolingni zavqqa o‘raydi.
Zamin mo‘’jizalar beraru bizga,
Evaziga faqat hayrat so‘raydi.

Abdulla Oripov tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.