OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Majid G’afuriy (1880-1934)

http://ziyouz.com/rasmlar/worldlit/majid_gofuriyBoshqird va tatar xalqlarining ulkan shoiri Gabdulmajid Nurganievich G’afuriy (Majid G’afuriy) Sgerli-Tamak uezdining Yelem-Karanova qishlog‘ida maktab o‘qituvchisi oilasida tug‘ildi. U yoshlikda ota-onasidan yetim qolib, qishloqma-qishloq darbadar yurdi va og‘ir mehnat bilan kun kechirdi.

Sharq klassik poeziyasi va boshqird folklori asarlarini qunt bilan o‘rgangan Majid G’afuriyning ijodi 1902 yilda tatar tilida she’r yozishdan boshlandi. Ijodining ilk davrida yaratgan «Yosh umrim», «Millatga muhabbat» to‘plamlariga kirgan, xalqparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan she’rlari Senzura tomonidan taqiqlandi. 
U «Ishchi» (1921) dostoni, «Turmush bosqichlari» (1930) va «Tahqirlanganlar» (1927) povestlarida boshqird va tatar xalqlarining azob-uqubatli o‘tmishidan badiiy realistik lavhalar chizdi.


SHODLIK SHE’RI

Shodlik bilan ishga kirish, qora qalam!
Maktub yozay tabrik etib xalqni bu dam:
Keng ochilib hurriyatning eshiklari,
Shodliklarim qarshisida mot bo‘ldi g‘am.

Millatimni tabrik etmoq uchun shayman,
Quvonch bilan bu ishlarga balli deyman
Yurakdagi qayg‘ularim bo‘ldi ado,
Keng dunyoga yangi kelgan boladayman.

Erk zamoni kulib boqib endi bizga,
Bayram kirdi go‘yo bugun uyimizga.
Ellarimni tabrik etib she’r yozaman,
Uylarimiz tutashdi deb o‘yimizga.

Hurriyatning qushi tug‘di, do‘stlar, bugun,
Pora-pora edi yurak, bo‘ldi butun.
Zulmat o‘rnin egalladi oxir ziyo,
O’tmishlarda qolib ketdi qop-qora tun.

Bunday kunlar hayotingda bo‘ladi kam,
Bunday kunlar qadrin bilar eslik odam.
Kishanlardan xalos bo‘ldi bilagimiz,
Qo‘zg‘alaylik, birodarlar, ildam-ildam.

Tutmas bugun zahmat yuki qo‘limizdan,
Moneliklar qatron bo‘ldi yo‘limizdan.
Erkinlikning shabadasi quchar bizni
Olddan, ortdan, o‘ngimiz-u so‘limizdan.

Tangri o‘zi madad bersin ishimizga,
Ilg‘or qudrat qo‘shsin doim kuchimizga.
Bunday onlar ha deganda kelavermas,
GGo‘rt qo‘l bilan yopishaylik ishimizga.

Dardimizga ushbu kunda keldi chora,
Bugun bo‘ldi zolimlarning yuzi qora.
Shu sababdan bor ovoz-la tabrik etib,
She’r yozaman Abdulmajid — men bechora.
1905


GULZORDA

Chamanzorga kirib bir kun asta,
Xo‘p tomosha qildim gullarni.
Jilvasidan ko‘zlar qamashadi,
Atri yayratadi dillarni.

Go‘zal qaddu nafis ranglariga
Hayratlanib, suqli qaradim.
— Ey chechaklar, sizga kimlar do‘st-u,
Kimlar dushman?— deya so‘radim.

Ular nogoh jonlanganday bo‘lib,
Nur taratib sokin kulishdi.
Mayingina esgan yel orqali
Menga shunday javob qilishdi:

— Kim mehnatkash bo‘lsa, yer haydasa,
Tashna qolsak, kimki sepsa suv,
Kimning ko‘ngli gul kabi pok bo‘lsa,
Biz, gullarning, chin do‘stimiz shu...

Kimki baxil, ko‘ngli qora bo‘lsa,
Kimki qochsa xayrli ishdan,
Kimki kelib bizni nohaq uzsa,
Shular bizga azaliy dushman.

Gullarning bu javobin eshitib,
«To‘g‘ri», dedim ularga darrov,
«Sizni uzib olib, ko‘kragiga
Taqish uchun haqsizdir yalqov»...

Zavqlanganday bu go‘zal hayotdan
Yel izidan yellar oqadi...
Ishchan yigit bilan ishchan qizlar
Sizni o‘z ko‘ksiga taqadi...
1927

H. Sharipov tarjimalari


HAYOT YO’LIDA

Bo‘lma ma’yus!.. Har kun hayot kurashiga shaylan sen,
Bo‘l muzaffar bu kurashda yo shahidga aylan sen.

Haqiqatdir, bu dunyoda yo‘q chinakam shod kishi,
Bu falakning tirnog‘idan mutlaqo ozod kishi...

«Ko‘p tirishdim, bo‘lmadi!..» deb qaytgan odam odammi?
Xo‘p tirishgin, baxting izlab o‘tsin umring har dami.

«Yo hayot!» deb zo‘r kurashda g‘ayratingni ishga sol,
Shubhasiz g‘olib bo‘larsan, dunyoda yo‘q hech mahol.

Odam ersang o‘zni mazlum tutma aslo, hech qachon,
Bo‘ysunuvchan bo‘lma aslo, bo‘ysunuvchandir quyon.

Chin jasorag qarshisida bormi kuch tiz cho‘kmagan?
Qo‘zg‘al yana, talpin yana, hali fursat o‘tmagan!
1913


U KIM!

Dushmanim deb sen qilich sanchib yo‘qotgan banda kim?
Ko‘kragidan qon oqib qarshingda yotgan gavda kim?

O’rtangizda mol talashmi, bilarmiding kimligin?
Yo‘q, uni sen bilmas erding, uchrashdingiz ushbu kun!

Xo‘p «boplading», nayza tortding, ko‘z yumib u byordi jon...
Uyla: bundan avval uni ko‘rganmiding hech qachon?

U g‘arb yoqdan, sen sharq yoqdan ushbu yerga keldingiz,
«Kimki epchil, shu oldinroq nayza tortar», deb bildingiz.

Nechun shunday?— deb o‘zingiz o‘ylamaysiz hech qachon,
Qo‘ldan olib erkingizni, berilgandir shu farmon...

Endi bir boq yerda yotgan ushbu jonsiz qurbonga,
Na mudhishlik! Qalbi pora, belanmishdir u qonga.

Savol beray senga hozir: o‘ldirib o‘ch qondimi?
Bir qurbondan keng bu dunyo kengroq bo‘lib qoldimi?

Gar qullikda yursang shunday dunyo keng bo‘lmas senga,
Barcha ishdan avvalo sen o‘z erkingga bo‘l ega.

Uz qo‘lingda saqlay olsang hurriyating sen agar,
Nayza sanchmay ham sig‘arsan: keng bu dunyo, birodar.
1915

Aziz Abdurazzoq tarjimalari
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.