OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abu Abdullo Rudakiy (858-941)

Fors-tojik adabiyotining asoschisi Abu Abdullo Ja'far binni Muhammad Rudakiy Samarqand yaqinidagi Panjrudak qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning taxallusi shu qishloq nomidan olingan bo‘lib, rud degan cholg‘u asbobi bilan bog‘liqligi to‘g‘risidagi fikrlar haqiqatdan yiroq.

U alohida qobiliyat sohibi bo‘lib, «sakkiz yoshida Qur'onni xatm qilib, qorilikka o‘tgan va she'r ham ijod qila boshlagan. Chiroyli ovozi tufayli ashula aytish va ud asbobini chalishga kirishib, bu san'atda mahorat ko‘rsatdi»[1].

Yosh iste'dodning ovozasini eshitgan Nasr ibn Ahmad uni Buxoroga - somoniylar saroyiga da'vat qiladi. Uning iste'dodi Buxoroda nash'u namo topadi. Rudakiyning basirligi to‘g‘risida manbalarda turli fikrlar yuradi: bir xillari shoirning onadan ko‘r tug‘ilganligini ta'kidlasalar, ikkinchilari Buxoro amiri qarmatlikda[2] ayblab, uning ko‘ziga mil tortganligi haqida ma'lumot beradilar. Shoirning tabiat manzaralarini hayratlanarli darajada yorqin tasvirlaganidan kelib chiqib, ko‘pchilik uning tug‘ma ko‘r bo‘lganligiga ishonmaydi. 1956 yili shoir kalla suyagini tekshirib ko‘rgan antropolog-haykaltarosh M. Gerasimov ko‘z kosasida qolgan izlardan shoirning ko‘zi kuydirilib ko‘r qilinganligini aniqladi.

Adabiy-tarixiy manbalar shoir merosini 700 mingdan 1 million 300 ming misragacha ko‘rsatishadi. Ba'zilar esa undan yuz jild meros qolgan deyishadi. Afsuski, bizga qadar bu muazzam merosning juda oz qismi yetib kelgan. 1956 yili Rudakiyning 1100 yilligi munosabati bilan uning parokanda she'rlari bir yerga jamlanganda 1840 misrani tashkil etgan edi. 1957 yili shoir she'rlari zabardast mutarjim va forsiy adabiyot bilimdoni Munirxon Muinzoda tarjimasida o‘zbek tilida ham bosilib chiqadi[3].

Keyinchalik fors-tojik so‘z san'atining yirik tadqiqotchisi va tarjimoni Shoislom Shomuhamedov tarjimasida Rudakiy asarlari yana ikki marta nashr etildi[4].

Sadriddin Ayniy: «Ustod Rudakiy o‘z she'rlaridan devon tuzgan dastlabki shoirdir», - deb ma'lumot beradi[5]. «Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon oyad hame» («Mo‘liyon arig‘ining bo‘yi kelmoqdadir)» misrasi bilan boshlanadigan g‘azali unga favqulodda shuhrat keltirdi. «Modari may» («Mayning onasi») qasidasi ham mashhur. Buyuk hind eposi «Kalila va Dimna»ni she'riy tarjima qilgan. Ilmu adab ahli Rudakiy uslubini «sahli mumtane'», ya'ni «osonu mumkin emas», deb baholaganlar.

«Rudakiy arablardagi she'r o‘lchovi aruzni chuqur o‘rganib, o‘z xalqi orasida keng tarqalgan qo‘shiqlar kuyiga tatbiq qilish natijasida bir necha yangi vaznlar ixtiro qilib, aruzni boyitgan»[6].

Rudakiy va uning safdoshlari forsiy she'riyatda bir necha asr hukmronlik qilgan Xuroson (yoki Turkiston) uslubiga asos solib, uni rivojlantirganlar.

Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, «ustod Rudakiy advor va musiqiy fanida tamom quvvatga ega edi... uning ilmlar va ko‘p fanlardan voqifligi bordir.

She'riyat turlaridan qasida va masnaviyni (ham) yaxshi aytar erdi. Ustod Rudakiy xosu avom oldida baland martabaga erishgan»[7].

Ko‘pgina mashhur so‘z ustalarining yakdillik bilan e'tirof etishlaricha, Sharqda biror shoir Rudakiychalik shon-shuhratta burkanmagan, ayni paytda, Rudakiychalik molu davlatga ham ega bo‘lmagan. Afsuski, forsiy she'riyatning ustodi, Odam Atosi deb ulug‘langan shoir keksalikda qishlog‘iga qaytib, ko‘r, qashshoq va kasal holida vafot etadi.

Rudakiyni ruboiy janrining yozma adabiyotdagi kashshofi xam deydilar. Chunki janrning barcha talablariga javob beradigan ilk ruboiylar Rudakiy qalamiga mansub. U o‘z ruboiylarida ishq mavzuini keng va chuqur yoritib berdi. Albatta, shoir ruboiylarida falsafiy fikrlar va zamondan shikoyat motivlari ham ko‘zga tashlanib turadi. 


[1] Abdurahmon Jomiy. Bahoriston (Sh. Shomuhamedov tarjimasi). - Toshkent, 1997. 67-68-betlar.

[2] Islom diniga muxolifatda bo‘lgan qarmatlar harakati IX asr oxirida Iroqda vujudga kelgan. Ular 899 yili Sharqiy Arabistonda o‘z davlatlarini tuzganlar va u XI asrning oxirigacha mavjud bo‘lgan.

[3] Rudakiy. - Toshkent, 1957.

[4] Qarang: Injular ummoni. - Toshkent, 1988. 11-57-betlar; Abu Abdullo Rudakiy. Bobo Tohir. Saylanma. - Toshkent, 1994. 7-81-betlar.

[5] Ayniy S. Asarlar. Sakkiz jildlik. 8-jild (Maqolalar). - Toshkent, 1967. 193-bet.

[6] Shomuhamedov Sh. Odamiylik inshosi. - Toshkent, 1984.

[7] Davlatshoh Samarqandiy. Shoirlar bo‘stoni (B. Ahmedov tarjimasi). - Toshkent, 1981. 23-bet.

 

QARILIKDAN SHIKOYAT

Tishim bari to‘kilib ketdi, durri g‘alton edi, 
Ularni tish dema, balki charog‘i tobon edi.

Oqish kumush edi-yu, xuddi durri marjon edi, 
Buloqning qatrasi yoinki tongda cho‘lpon edi.

Bironta qolmadi kurtaklanib, to‘kildi bari, 
Bu qaysi nahs edi, nahs bo‘lganida Kayvon edi?

Menimcha, nahsdanu yo uzoq umrdan emas,
Ne bo‘ldi? Men eta qo‘ysam qazoyi osmon edi.

Ko‘zingni soqqasidek aylanib turuvchi jahon 
Hamisha aylanadi, hamma vaqt gardon edi.

Qachonki dori-yu, darmoni og‘riq o‘rnidadir, 
Kezida og‘rig‘i ham dori birla darmon edi.

Ko‘z ochqucha to‘zitar u qaerda yangi esa 
Dam o‘tmayin tuzatar u qaydaki vayron edi.

Talaycha bog‘ning o‘rnini cho‘l etib qo‘ydi, 
Va qancha bog‘lar o‘rni burun biyobon edi.

Sen, ey yuzi to‘lin oydek go‘zal, ne bilgaysan? 
Besh-olti kun nari holim nechog‘li shodon edi?

Ko‘pincha sen gajaging birla menga maqtanasan, 
Gajak-gajak qaro sochim misoli chavgon edi.

Yuzim tekisligi atlas kabi zamon o‘tdi, 
Mening sochim u zamonda qaro-yu qatron edi.

Chunonchi shuncha go‘zallik aziz mehmon ekan, 
Qaytmagay yana. Besh-olti kunga mehmon edi.

Ikki ko‘zimga talay nozanin edi hayron, 
Mening ko‘zim ham ularning yuziga hayron edi.

Utibdir endi zamonlar qayg‘usiz edim xurram, 
Qayu shahargaki borsam, bir o‘zga jonon edi.

Talaycha tatti kanizak mening dilim ovlab, 
Tong otguncha yashirin uyda yaxshi mehmon edi.

Nuchukki, kunduzi ko‘rmak, qovushmoq imkonsiz, 
Sezar esa egasi, ikkimizga zindon edi.

Aniq chiro-yu go‘zal chehralarni ko‘rmaklik 
Falonchilarga qiyin bo‘lsa, menga oson edi.

Dilim xazinasi so‘z gavhari-la limmo-lim, 
Qayonga xatki yozibman she’r muhr — unvon edi.

Hamisha shod edimu qayg‘u-g‘amni bilmas edim, 
Dilim quvonch, o‘yin-kulgilarga maydon edi.

Ko‘zim uzilmas edi o‘ynoqi o‘rim sochdan, 
Yoqimli so‘z bila to‘lgan quloqlarim kon edi.

Xotin, bola, tag‘i ro‘zg‘or — bu xilda tashvish kam 
To‘nim yoqasida kir yo‘q, qilg‘uliklar oson edi.

Ko‘rib turibsan o‘zing Rudakiyni, oy yuzlim, 
Ko‘rolmading uni, attangki, u boy inson edi.

Agarda ko‘rsang edi ul chamanga borganini, 
Boshida mingtacha bulbul, hazor doston edi.

yigitlar ichra yigitlar unga bo‘lib ulfat, 
Amirlar uzra yigit og‘aliqda polvon edi.

Butun she’rlari manzuru tinglamish olam, 
Butun she’rlari o‘z-o‘zligicha devon edi.

Uning she’rlarini tinglagan jahon o‘tdi, 
Kechib zamonaki, ul shoiri Xuroson edi..

To‘yin-to‘kin, bu ulug‘lik sabablarin so‘rasang, 
Bu ne’matu bu ulug‘ manbai oliy Somon edi.

Zamona aynadi, men ham tamoman o‘zgardim. 
Asomni qo‘lga ber endi, u boshqa davron edi.

G’afur G’ulom tarjimasi


G’AZAL

Bahor oyi yetib kelib, qish oyini etdi yag‘mo,
Fazo yuzin qopladi chang, qonga to‘ldi dashtu sahro.

Ilk bahorning ko‘z yoshidan shoxlar oldi yuziga rang, 
Hamal oyin xush hididan bo‘ldi tuproq anbaroso,

Layli yuzi kabi lola keng sahroda kulib turar, 
Majnun ko‘zi kabi bulut qon yoshini qilur daryo.

Oqar suvdan kelmoqdadir har soatda gulob hidi, 
Mening yorim ariq ichra gul yuzini yuvmish go‘yo.

Muinzoda tarjimasi


QIT’ALAR

Boylik, yo‘qchilikda dunyo ahlini 
Tokay hisoblaysan xasis — laim, deb?
Dunyodan tama’ni uzgan chog‘ingda 
Bilursan jahonni butkul karim deb.

* * *

Zamon menga juda qimmat nasihat etdi, 
Agar bilsang, zamon to‘la nasihat erur.
Dedi: o‘zdan balandroqni ko‘rib g‘am yema, 
Ko‘p kishi bor, sen bo‘lishni orzu qilur.

* * *

Bu maydan bir tomchi Nil ichra tushsa, 
Hamisha mast qilur hidi nahangni.
Kiyik bir qatrasin sahroda ichsa, 
Arslondek ko‘ziga ilmas palangni.

Muinzoda tarjimasi


RUBOIYLAR

O’z nafsini mag‘lub etolgan marddir, 
G’iybatdan uzoq-uzoq ketolgan marddir,
Nomard tepib o‘tar yiqilganlarni, 
Ojiz kishilar qo‘lin tutolgan marddir.

* * *

Loladek yuz ochsang, ko‘kdagi quyosh 
Pardaga o‘ralib bekinur darhol.
Baqbaqang olmaga chindan o‘xshaydi, 
Agar olmada ham bo‘lsa mushkin xol.

* * *

Ilonni har qancha qilsang tarbiyat, 
Oxir zahrin sochib, yetkazar zahmat.
Nokas tabiati ilon kabidir, 
Yuzin ko‘rmaslikka etgil harakat.

Muinzoda tarjimasi


MASNAVIY

Jahonni shodligi yig‘ilsa butun 
Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun.

Har qancha bo‘lsa ham olamda achchiq, 
Achchiqroqdir dono do‘stdan ayriliq.

Odamdan yuqori turarkan olam, 
Bilim oshirmoqqa muhtojdir odam.

Aqlli kishilar har qaysi tilda, 
Har qanday zamonda, har qaysi xilda 

Bilimlarni to‘plab, hurmat etdilar, 
Toshlarga naqsh etib, bitib ketdilar:

Odamlar qalbining charog‘i bilim, 
Yomondan saqlanish yarog‘i bilim.

Agar menga birov dushmanlik qilsa 
Yoki yomon niyat bilan intilsa,

Doimo do‘stlikni ko‘zlayman unga, 
Muloyimlik bilan so‘zlayman unga.

Muinzoda tarjimasi



RUBOIYLAR

1

Ko‘n borigayu Haqni etib yod yasha!
Dil berma takallufgayu* ozod yasha!
G’am chekma sira ko‘rib o‘zingdan boyni,
Sendan-da faqirlarni ko‘rib, shod yasha!
___________
* Takalluf — zahmat, tashvish, taraddud.

2

Yo‘qlar meni yo‘qlasa tasodif yolg‘iz,
Holim so‘ramas o‘zimdan o‘zga hargiz.
Jon labga kelar bo‘lsa, ko‘zim mardumidan* —
O’zga kishi qatra suv tomizmas, afsus...
_________
* Mardum — ko‘z qorachig‘i; inson, kishi.

3

Yo‘lchi yo‘li yorishar chirog‘ingdan, yor,
U o‘lmasa bas hajru firog‘ingdan, yor.
Kuygan jigar hidi jahonni tutdi,
Kelmasmi kuyuk hidi dimog‘ingdan, yor?!

4

Har qayga yo‘li tushsa dili mahzunning,
Qonli tig‘i shu joyda erur gardunning*.
Layli kabilar anglamagaylar bizni,
Majnun biladi holini, bas, Majnunning!
____________
* Gardun — dunyo; taqdir; falak.

5

Ko‘nglim ishiga shu zulfi-ku soldi tugun,
Jon tomiriga yuz orzu soldi tugun.
Bor-yo‘q umidim yig‘idan erdi, afsus,
Bo‘g‘zimga visol kechasi u soldi tugun.

6

To‘ydirmadimi ko‘nglingni jabru jafo?
Ko‘zing erib oqmas boqsang menga qiyo.
Men seni yaqinroq tutaman joningdan,
Sen bo‘lsa menga yovuz g‘animsan go‘yo.

7

Vasling yo‘liga men hali qo‘ymasdan gom*,
Ham lazzati husningdan ushalmasdan kom,
Nogoh eshitildi bu falakdan payg‘om*:
«Hijron xumidan kerak simirmoklik jom!»
____________
* Gom — qadam, yurish; azm, niyat, qasd.
* Payg‘om — xushxabar, mujda; bashorat.


8

G’am manzilida asli jafokash bizmiz,
Ko‘z yoshi-la ko‘ngli to‘la otash bizmiz.
Olam ne sitam qilsa, sitamkash bizmiz,
Noxush bu hayotda zabunu g‘ash bizmiz.

9

Taqdir seni mahv* etishda rahm aylamadi,
Qatlingni ko‘rib, ko‘nglini narm* aylamadi.
Jon olguchi joningni olarkan, ne ajab,
Husning haqqi, bir zarra sharm aylamadi!
___________    
* Mahv — yo‘qolish, yakson bo‘lish, o‘chish.
* Narm — yumshoq, muloyim.

 
10

Nomingni eshitsa, shavqidan dil tirilar,
Baxtingni ko‘rib, ko‘ksim shukuhga to‘lar.
Sendan o‘zga mavzuda suhbat borsa—
Har qayda, dilim g‘amda parokanda bo‘lar.

Ergash Ochilov tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.