OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abusaid Abulxayr (967-1049)

Abusaid Fazlulloh ibn Abulxayr Muhammad ibn Ahmad Mayhaniy Xurosondagi Xovaron viloyatining Mayhana qishlog‘ida tug‘ilgan. Sulton ul-orifin - Oriflar sultoni degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan bu ulug‘ inson Abusaid Abulxayr, Shayx Abusaid Mayhaniy nomlari bilan musulmon olamida shuhrat qozongan.

«Qutbi olam Abusaid Abulxayr qaddasallohu sirrihu barcha akobir va mashoyixlar qalbining podshohi edi. Bu dunyoda hech kimdan bu qadar ko‘p karomatu riyozat naql bo‘lgan emas. U - foniyi mutlaq, u - boqiyi barhaq, u - ilohiy mahbub, u - nihoyatsiz ma'shuq, u - mamlakat nozanini[1], u - ma'rifat bo‘stoni, u - falakni sayr etuvchi arsh»[2], - deb vasf etgan edi uni Farididdin Attor «Tazkirat ul-avliyo» asarida. Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da bu ta'rifni davom ettirib, uni «shariat sultoni», «tariqat sultoni», «zamona sultoni», «tariqat ahlining husni», «qulub mushrifi», ya'ni «qalblarni o‘ziga qaratgan zot» kabi sifatlar bilan ulug‘laydi. Uning zamonida barcha mashoyix Abusaidga tobe edilar, deydi.

Naql qilishlaricha, Abusaid Abulxayr nafaqat donishmand, balki yaxshigina tab'i nazmi bor, o‘zi dilkash va suhbati huzurbaxsh kishi bo‘lgan. Eronda uning 720 ruboiysi va parokanda she'rlarini o‘z ichiga olgan «Suxanoni manzumi Abusaid Abulxayr» to‘plami[3]hamda shayxning so‘zlari va holatlari bayoni, u haqdagi hikoyatlar asosida tartib berilgan «Asror ut-tavhid»[4] nomli manoqib nashr etilgan. Xususan:

Havro ba nazorai nigoram saf zad,

Rizvon ba ajab bimondu kaf bar kaf zad.

On xoli siyah bar on rux mutraf zad,

Abdol zi bim chang dar Mushaf zad[5], -

ruboiysi shoirga favqulodda shuhrat keltirib, unga bag‘ishlab 5 ta risola yozilgan[6].

Bu ruboiyni sohibqiron Amir Temur ham yod bilgan. Abusaid Abulxayrga «qabul nazari» Shayx Abulqosim Bishr Yosindan tushgan: u Abusaidning kelajagini bashorat qilib, «olam aning bila tirilgusidur»[7], degan edi.

So‘ng Saraxsda Shayx Abulfazl Hasan Saraxsiyga murid bo‘lib, undan tariqat odobini o‘rganadi. Ustozining da'vatiga ko‘ra Nishopurga borib, o‘z davrining mashhur olimi Abdurahmon Sulamiy qo‘lida diniy ilmlarini kamolga yetkazib, irshod darajasini oladi. U shayxlik xirqasini Shayx Abulabbos Qassob Omuliy qo‘lida kiyadi.

Tasavvufga oid manbalarda Abusaid Abulxayr tariqatga she'riyatni omuxta etgan shayx sifatida tilga olinadi. So‘fiyona royalarni aks ettirgan ilk qita va ruboiylar ham uning qalamiga mansub. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, tariqat shayxlarining she'riyatga murojaat qilishi Abusaid Abulxayrdan boshlangan. U o‘zidan keyingi tasavvuf adabiyotiga katta ta'sir o‘tkazgan.

Ilohiy ishq vasfi, ezgulik va ezgu amallar, yaxshi axloq targ‘ibi, vafo va sadoqat, hijron tuyg‘ulari, zamonadan va nafsdan shikoyat va boshqa mavzular Abusaid Abulxayr ruboiylarining asosini tashkil etadi.

Bu namunalar, avvalo, jozib ohangi, shavqingez ruhi va latif ma'nosi bilan kishini o‘ziga tortadi. Ular xalq og‘zaki ijodiga yaqin, ravon va yengil uslubda yozilgan. Lekin o‘zida tasavvufning ko‘plab nozik nazariy masalalarini ifoda etganligi jihatidan bu ruboiylar asosan samo' majlislari, so‘fiylarning ma'rifiy suhbatlari orqali mashhur bo‘lgan. 


[1] Bu iborani, bizningcha, «Xudoning suyuklisi», «Ollohning erkasi» tarzida talqin qilish lozim (Ergash Ochilov).

[2] Bu iboraning mazmuni: «Ilohiy olamni sayr ztuvchi ulug‘ zot», demakdir (E. O.).

[3] Suxanoni manzumi Abusaid Abulxayr (Bo tashihu muqaddimayu havoshiyu ta'lifoti Said Nafisiy). Chopi shasho‘m. - Texron, 1376 (hijriy).

[4] Asror ut-tavhid fi maqomoti shayx Abusaid (Tolif Muhammad bin Munavvar bin Abusaid bin Tohir bin Abusaid Mayhaniy). Muqaddima, tashehu ta'lifoti doktur Muhammadrizo Shafe'iy Kadkaniy. Chopi chahoro‘m. Iborat az du jild. - Tehron, 1376 (hijriy).

[5] Suxanoni manzumi Abusaid Abulxayr. S. 30.

Ma'nosi: Hurlar nigorimni qo‘rish uchun saf tortdilar. Jannat ham hayratlanib, qarsak chalib yubordi. U qora xolli mahbuba yuzlariga parda tortganida abdol (Xudoning xos bandalari, yaqinlari) qo‘rquvdan Qur'onga chang urdi.

[6] Valixo‘jaev B. Xoja Ahror tarixi. - Toshkent, 1994. 75-bet.

[7] Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 17-jild (Nasoyim ul-muhabbat). - Toshkent, 2001. 207-bet.

 

RUBOIYLAR

1

Olam siri to hanuz yechilmay keladi,
Bu bebaho dur hamon teshilmay keladi.
Har bir kishi aqli boricha so‘z aytar,
Haq mohiyati lekin ochilmay keladi*.
_________
* Bu ruboiy Abu Nasr Forobiyga ham nisbat beriladi.

2

Sen tesha kabi o‘ylama o‘zingni faqat,
Yo ishni qilib, qolma quruq randa sifat.
Sen arradan ol saboq hayot maktabida:
Yarmini o‘zingga olu yarmini uzat!

3

Keltirdi falak qancha bahoru kuzni,
Almashtirib o‘rnini kecha-kunduzni.
Nomard qo‘liga berish uchun dunyoni
Mardlarni terib, yer qa’riga kirgizdi.



Xushbo‘y hidiga mushk ila anbarni* gado
Qilguvchi u soching kecha, ey nozik ado,
Tushdi oyog‘ing ostiga-yu, qildi nido:
«Boshdan-oyog‘im boshdan-oyog‘ishta fido!»
____________
* Anbar — xushbo‘y modda; majozan: zulf. 

5

Maydon keng-u, ammo mardi maydon yo‘qdir,
Mard ahlida hozir shavkatu shon yo‘qdar.
Zohirlari garchi avliyoga o‘xshash,
Botinlarida zarracha iymon yo‘qdir.

6

Tacbeh o‘girib, umrni zoe’ qilma,
May ista-yu, dunyo deb yugurma-elma.
Deding: «Nima tuhfa keltiray ul do‘stga?»
«Keltir nima keltirsang-u, bedard kelma»

7

Bo‘lmas sira bizda dilki, xurram bo‘lgay,
Shodlik o‘zi biz tarafda-ku kam bo‘lgay,
Har shodligi dunyoni magar yuz ochsa,
Kelguncha yetib bizga o‘shal g‘am bo‘lgay.

8

Ko‘nglimni u o‘tli so‘zlari oldilar-ey,
Xam zulflari, ohu ko‘zlari oldilar-ey.
Derlar menga: «Dil berding ularga ne uchun?»
«Men bergan emasman, o‘zlari oldilar-ey!»

9

Yordan so‘radim boisini hijronni,
Bul bo‘ldi javobi menga ul jononni:
«Men ko‘zing erurman, yo‘q ajab, ko‘rmasang-ey,
Men joning erurman, kishi ko‘rmas jonni».

10

Mahshar kuni hamma yig‘ilar bir yerda,
Ajr olish xavfi xar ayolu erda.
Kaftimga qo‘yib ishqini peshkash etaman,
Menga: «Qani tuhfang?» — degani taqdirda.

Ergash Ochilov tarjimalari

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.