OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Amir Xusrav Dehlaviy (1253-1325)

Shayx Sa’diy shoir Xusrav Dehlaviy haqida gapirib: «Xar kimsa u dunyoda bir narsa bilan faxrlanishi kerak. Men ana shu turkning ko‘ksidagi kuyugi bilan faxrlanaman», - degan ekan...
Xusrav Dehlaviy 1253 yilda Hindiston shimoldagi Patyoli shahrida, shahrisabzlik Amir Sayfuddin Muhammad oilasida dunyoga keldn. Asli lochin urug‘idan bo‘lgan bu xonadon mo‘g‘ullar bosqini davrida Hindistonga ko‘chib, shu yerda turg‘un bo‘lib qolgan edi. 
Amir Xusravdan buyuk adabiy meros qoldi: besh dostondan iborat «Xamsa», «Duvalroni va Xizrxon», «No‘h sinehr», «To‘g‘liqnoma» asarlari shular jumlasidandir. Uning qalamiga mansub minglab g‘azal va ruboiylar sharq adabiyotining ko‘rki, jahon adabiyoti durdonalari sirasiga kiradi.
Xusrav Dehlaviy 1325 yilda vafot etdi. Oradan qariyb yetti asr o‘tdi. Uning asarlari dunyoga taralib, hamon sevib o‘qilmokda, qabri xalq ziyoratgohidir.
Amir Xusrav ruboiylarida uning ko‘ksidagi kuyugi — otashin qalbi aks etgan.


1

Ey sarvi chaman, jilvagari bo‘ston bo‘l,
Ey bodi sabo, chamanda kez, sayron bo‘l.
Ey gul, sabr aylaki, nargis mastdir,
Gul pardasi ichra bir nafas pinhon bo‘l.

2

Jonona, shu lablaring menga taskindir,
Bir bo‘sa tilarmen, oshig‘ing — miskindir.
Dedingki, bu gapni qo‘y, labimda tuz ko‘p,
Hay, sho‘r demagil, sho‘r deganing - shirindir...

3

Ey ta’mayu hirs agarchi doxil senga,
Tuproq emish oxiri manzil senga...
Tuproqni na’munchalar bezaysen, ey do‘st?
Tuproq bo‘ladir bir kuni hosil senga...

4

Sendin nechakim jabru jafo ko‘rgaymen,
Men barchasiga o‘zni rizo ko‘rgaymen.
Ko‘ngil boricha men seni ko‘rsam deyman,
Nur yetganicha ko‘zimda to, ko‘rgaymen....

5

Kulsang, sanamo, nozli ko‘zing noz etgay,
Gul ikki yuzingda o‘zni og‘oz etgay
Gar g‘uncha labingdin so‘z tilar ersa, sanam,
Gul-gul ochilib, o‘zini pardoz etgay...

6

Dedimki, labingda ko‘p shakarlar bordir.
Dedingki, ko‘zingda ko‘p guharlar bordir.
Dedimki, faqirmen, dedingki, bas qil,
Yuzingdin ayon bo‘ldiki, zarlar bordir...

7

Ishqing meni oshuftai hayron qildi,
Aqlimni olib, besaru somon qildi.
Har nechaki so‘ylasam, g‘amim kam bo‘lmas,
Yuvgan bilan ketmadi bu dog‘, qon qildi...

8

Jonon, ichaver, ayshi mudoming bo‘lsin,
Qonim to‘kaver, bodai joming bo‘lsin.
May senga halol zmish, nigoro, lekin
Mensiz uni ho‘plasang, haroming bo‘lsin.

9

Ey yor, asiru mubtalomen sensiz,
Shu bori jahondin ham judomen sensiz.
Mensiz ne etarsan? — deya bir so‘ramassen,
Qilmasman o‘zimki, voy, netomen sensiz.

10

Jonon, ki jafoying bila gar o‘lgaymen,
Amring va rizoying bila gar o‘lgaymen.
Mehring bila boz o‘zimga jon topgaymen,
Jonim to‘la mehring bila boz bo‘lgaymen.

11

Chun shomi namoz bo‘ldiyu yorim ketdi,
Hijronzada qushmanu bahorim ketdi.
G’am ichra netayki, dili zorim ketdi,
Tun ichra qolib, sabru qarorim ketdi...

12

Xo‘blar sari boshlagunchi yo‘l — rohimdir,
Jonu dilu ko‘z hamisha badxohimdir.
Yo‘q kimsaki, holimni ko‘rib, o‘rtangay,
O’rtanguchi bo‘lsa, shu faqat ohimdir...

13

Jonim, sanamo, sidqu vafoyingga fido,
Boshim havasi sajdai poyingga fido.
O’z hoyu havosi bila yurgay har gul,
Illoki, dilim hoyu havoyingga fido...

14

Yo‘q, ko‘z demang, ul fitnai olamni ko‘ring,
Yo‘q, soch demang, har yonga sochilganni ko‘ring.
Ul damki itob etib, niqobin ochsa,
Voy, qosh demang, ul kamoni Rustamni ko‘ring...

15

La’ling kabi, yor, g‘unchai xandon yo‘q,
Yuzing kabi gul? Chamanda ul chandon yo‘q.
Lab tishlar emish labingni ko‘rgan pista,
Ammo na ilojki, og‘zida dandon yo‘q...

16

Ul sarvki, sayr etarda shod o‘lmishdir,
Dil ergashib unga, nomurod o‘lmishdir.
Ko‘ynigda g‘ubor bo‘lib taralgan jonim
Oxirda shamolu girdibod o‘lmishdir...

17

Bir kecha visoling, sanamim, yor bo‘lgay,
La’ling dag‘i bir mahrami asror o‘lgay.
Ko‘zimni suray deyman oyog‘ingga, vale,
Ko‘zim yoshi birla poying afgor o‘lgay...

18

Hajr ichra mudom munisi yorsen, ey g‘am,
Bas, menga ne g‘amki, g‘amguzorsen, ey g‘am.
Ko‘nglimda makon tutibsen, ey, insof qil,
Har nechaki bor eding va borsen, ey g‘am...

19

Hasratga ko‘milganim muborak bo‘lsin,
Zahmatzada bo‘lganim muborak bo‘lsin.
Bir bora ko‘rolmadim yuzingni, ey yor,
Ko‘yingda shu o‘lganim muborak bo‘lsin...

20

Ayyomu visolu mavsumi dildorlik —
Kechdi bari, qoldi menga shu g‘amxorlik.
Tunlarki sanam vasli-la uyg‘oq erdim,
Tush erdi magar, aslidachi — bedorlik...

21

Dedim, kechasi qoshima kel, kenglik qil,
Dediki, fig‘onu nolani enlik qil.
Dedimki, jafoying bila bir oh urgum.
Dedi: bir emas, menga desa, ellik qil...

22

Ne zar tilanib, siynasi otashdirmiz.
Ne ta’na bila ko‘ngli mushavvashdirmiz.
Bir burda quruq non bila suv, tinch go‘sha.
Yo Rab, bu tiriklik bila biz xushdirmiz...

23

Ey tan, qaro yer maskaning bo‘lgusidir,
Ul chog‘da kafan pirohaning bo‘lgusidir.
Dedingki, keyin uyim qorong‘u go‘rmi?
Shoshilmaki, unda ravshaning bo‘lgusidir.

24

Ayyomi baqoga boq, chunon o‘tgusidir,
So‘ngsiz g‘amu ranj ila ravon o‘tgusidir.
O’tguvchi biror damga najot yo‘q, umr —
Afsuski, o‘tarda roygon o‘tgusidir.

25

Navruz kechibon, g‘unchaga yuz noz kelgay,
Gul chehrasiga ishvayu pardoz kelgay.
Navro‘z ketarkan - o‘zidin ketgay gul,
Navro‘z kelarkan — o‘ziga boz kelgay...

26

Ko‘ying sari har safar kelarmen, roh yo‘q,
Kuysam dag‘i o‘rtanib, menga ogoh yo‘q.
Vaslingni tilab yiroqda yuz yil yursam,
So‘ng bori unutsam seni? Yo‘q, valloh, yo‘q...

27

Har neki buyursa yor, qilib, ketgaymiz,
Yuz nolai zor qilib, keyin ketgaymiz.
Xush kelmagay hech o‘zgacha xizmat bizga,
Shu jonni nisor qilib, keyin ketgaymiz...

28

Jono, gahi bog‘u bo‘stondir, ko‘rgil.
Vaqti gulu vaqti arg‘uvondir, ko‘rgil.
Gul deb nega sen qo‘ling ocharsan, ey jon,
Qo‘l ochki, qo‘lingda gul hamondir, ko‘rgil.

29

Ma’shuqki labin tilab bu jon ovora,
Vasliga yetolmayin ko‘ngil bechora.
Ko‘rdimki, labi yorilmish erkan, so‘rdim,
Kuldiyu javob ayladi: shakkarxora...

30

Yo‘q yo‘q, nainki din uchun o‘lgaymen,
O’lsam, o‘sha nozanin uchun o‘lgaymen.
Dedingki, faqirlik bila umring o‘tdi,
Ayb aylama, yor, men chunin o‘lgaymen...

Jamol Kamol tarjimalari

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.