OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kotib Yosin (1929-1989)

Kotib Yosin (1929-1989), jazoirlik yozuvchi. Fransuz tilida ijod qilgan. Ramziy-impressionistik yo‘nalishdagi «Nejma» romani  (1956; shu nomdagi doston, 1948), «Yovvoyi» tragediyasi (1962), «Qatag‘on halqasi» dramatik tetralogiyasi (1954—1959) orqali milliy ozodlik harakatini kuylagan. «Muhammad, chamadoningni ko‘tar» pesasi (1971) muhojirlar taqdiri haqida.

GRIF*

— Faqat kelgindini sevaman,—
Shunday deding,—
Ayolligi so‘nish paytida sevaman.
Har bir ayol sevguvchi,
Ma’suma qizlarning sirli erini.
— Nechun meni yo‘ldan ozdirding.
Seni o‘zing yo‘ldan ozdirolmay turgan chog‘imda?
Shunday deding.
— Qo‘llariga ko‘p bor qo‘llar chirmashgan,
Unutish burganzorn ichra
Barchamizni bir sokin nazar
Ila birdan qamrab olguvchi,
Hammaga hammadan sevimli
Yolg‘iz
Kelgindini sevaman.
Bu gulning
Bo‘g‘zidan tutdilar,
Bo‘g‘ib o‘ldirdilar o‘zin tillaqoshi-la,
Va qismat doriga ildilar keyin.
Chidab bo‘lmas
Gulning talvasasiga,
Oson bo‘larmidi bo‘g‘izlashganda.
Zuryodsiz
Muhabbat
Zulmatdir.
Hech bo‘lmasa
Tomchi qoning to‘kish —
Men mahrum etilgan
Yolg‘iz jinoyat.
Zuryodsiz
Muhabbat
Zulmatdir.
Telbaga asira
Bo‘ron qizi!
Uyatchan va vahshiy
Qanotli yirtqich
Oldida bot-bot
Ma’sumlik titroqda
Yechinib turar.
Qiz suhbatni boshlashi bilan
Qanotsiz qoladi qanotli yirtqich,—
O, zuryodsnz muhabbat qanchalar zulmat!
U ko‘rpasin otib tashlashi bilan
Sezamanki, tola sochin ham
Tuzatmoqqa majolim yetmas.
O, bebaho
Yalang‘och
Haykal!
Men qonmagan bu jangda
Qilichlarday to‘qnashdi nigohlarimiz
Va g‘olib
Mag‘lub bo‘ldi.
Menga hadya etilgan poklik
Azobimni cho‘zmoqda faqat.
Arslonlar yotmadi
Sening yo‘lingda,
Faqat
Adashgan so‘qirlar,
Va so‘qir daydilar
Shum qismatlarin yetaklab,
Shirin xayol surib senga intiladilar.
Jangda holdan toyib, ag‘yorning
Ko‘ksini tumshug‘im bilan teshaman,
Boshqa jang azizroq ammo men uchun:
Sening qoningga ham qachondir to‘yg‘um,
Axir har bir ma’sumlik kutar
Soddadillik bilan shirin qiynoqni.
Begunoh qurbon,
Undan zo‘rg‘a kelayotgan ayollik ta’mi
Qo‘rqitmaydi qaysi yirtqichni;
Fosh,
Sharmanda bo‘lgan
Qotil ustidan
Tantana qilmasmi
Bu ta’m — mavhumlik?
Qanday tez bo‘lmasin
Yirtqich nigohi
So‘yilyotgan go‘zallik
Unda parchinlashga ulgurar o‘zin —
Axir had bilmasdir uning qayg‘usi.
Shisha gumbazli znndon ostida
Ibo bilan o‘tayotgan chechakni
Nahot biz qiynadik,
Etagidan tortqilab,
Shamollarning qo‘llari bilan?
Nahot o‘sha aravaning shisha gumbazin
Teshib o‘tdi bizning
Ochko‘z nigohlarimiz,
Maysazorga u sarxush chechak
Sekin-sekin singib borayotgan payt?
Zuryodsiz
Muhabbat
Zulmatdir.
Men jur’at qildimmi uni
Xijolat bo‘lmoqqa ma’sumligidan,
Keyinchalik meni kiynasin uchun
G‘ururlanib uzoq kutilgan
Va qo‘rqinchli jarohatidan?
O‘lja lablaridan
Faqatgina
Issiq qon tomdi.
Mana, bor bo‘y-basti bilan —
Sodda ko‘ringan,
To‘shakdoshin quchog‘ida
Kulga aylangan,
Bardoshni bilmaslar cho‘g‘ida
Yotgan —
Sovuq tan fosh bo‘ldi.
Ha, men — fotih,
Notanish makkora to‘riga tushgan:
Ozodlikka umid bor hali
Lekin
Mengacha bu tuzoqqa tushib,
Beshafqat rasm-rusm chog‘ida
Uning lablari-la beayov
Kuydirilib, taqdir shamollariga
Beparvo sovrilgan
Odamlar kuliga belangan
Qo‘riqchimdap qo‘rqaman.
Zuryodsiz
Muhabbat
Zulmatdir.
Uf tortgin —
Manqaldon o‘t olar birdan,
Uni ko‘zyoshlaring o‘chira olmas
Agar o‘z-o‘zidan quyilmasalar
Do‘lu dovul bo‘lib, no‘rtana bo‘lib.
Shunchalar muhtaram
Va himmatli odamxo‘r uchun
Yumshoqqina bir parcha tishlam
bo‘lmaslik
Qo‘limdan kelarmi mening?
Meni naq ikkiga bo‘lib tashladi
Ham yovuzlik, ham nafosati,
Sal bo‘lmasa sevib qolardim
Bu unumsiz, taqir sahroni?
Zuryodsiz
Muhabbat
Zulmatdir,
Hali tug‘ilmagan bu go‘dakning
Bejazo qolgisi kelib qoldimi?
Mayliga!
Chil-parchin bo‘ladi menga urilib,
Qoyalarda parchin bo‘lgandek
Bandilari erk so‘ramas
Orol sohibasi
Cho‘milar mahal.
O, o‘tmish iztirobning
Zaharli
Tafti!
Nelar senda yashringan, ey,
Injuni ham eritguvchi taft!
Qanday tanir edim
U notanishni,
Mening uchun ismi
Farahbaxsh bo‘lgan,
Uni shu qadarli vahshiy
Etmaganda raqibalari?
Qanday tanir edim
U notanishni,
Mening uchun ismi
Farahbaxsh bo‘lgan?
Portlash to‘lqiniga
o‘xshar uning erkalashlari.
Qaysi bir dushmani itardi uni
Nahs bosgan qora to‘shakka,
Inonmoqlik uchun bizning tushlarga?
Ammo bedormi u yoki tush ko‘rar
Xos soatin kutar xushtori,
Faqatgina tunlarda —
Bu berahm qizlarning kuni sanoqli.
O, bebaho
Yalang‘och
Haykal!
______
* Grif — burgut yoki arslon boshli, arslon gavdali bahaybat qanotli maxluq.

Chori Avaz tarjimasi

TIRIK XOTIRA
(parcha)

Xunimiz
Yana
Ildiz otmoqda.
Go‘yo
Biz hammasini unutganday edik,
Ammo ona yerimiz,
Go‘daklik komiga yana tushganday,
Yana avvalgiday otash purkaydi.

Hatto otib tashlangan inson
Tirnoqlari bilan yerga tarmashar,
Otib tashlangan odam
Yerni
Ko‘rpa kabi
Tortar ustiga, —
Yaqinda tiriklarga
Qolmas uxlaydigan joy.

Yer ko‘rpasining ostida,
Yulduzlar singari chuqur go‘rlarda
O‘q teshgan yuragini tishlab olgan murdalar
Tepada barglari shovullayotgan
Daraxtlarning pastdagi ildizini ushlarlar mahkam,
Murdalar
Teshilgan o‘pkalari bilan
Yerni shimirarlar —
Chang-g‘ubor bilan
Lovullagan tuproq
Tiriklarning tomog‘iga tiqilar.

Jangda o‘lgan
Ajdodlarimizning ruhi
Xotiramizga otmoqda
Lovullagan
Qonli
Otashlarini.

Karim Bahriyev tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.