OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zexor Zerari (1937)

Zexor Zerari 1937 yili Bonda (Jazoir) tug‘ilgan. Fransuz tilida ijod qiladi. Ushbu she’rlar 1958 yili qamoqda yozilgan.

AGAR SEN…

Agar sen
Edelveys guli bo‘lganingda,
Men tog‘ning qirrasiga osilib chiqardim,
Seni uzib olmoq uchun.

Agar sen
Dengiz tubidagi o‘t bo‘lganingda,
Men yashil tubsizlikka
Tashlanardim shaksiz,
Seni topib chiqish uchun
Dengiz tubidan.

Agar sen
Sayroqi bir qush bo‘lsang,
O‘rmonlarning qorong‘usiga kirardim,
Ovozingni eshitmoq uchun.

Agar sen
Yulduz bo‘lsayding,
Men oqshomlar uxlamasdim hech qachon,
Senga termulib chiqardim har tun,
Ozodlik!


QATL

Jallod
Zulmatni yoqtiradi.
Kunduzning nurlaridan qo‘rqar
Qotil.
Insonning sochlarini qirtishladilar
Va dor tagiga olib keldilar.

Evoh,
U jilmayardi,
Amaldorlarning
Jiddiy chehralarini ko‘rib.
Axir amaldorlar jiddiy bo‘ladilar,
Ular qotillikka
Qonuniylik tusini berishlari kerak-da.

Tun edi,
Shig‘alab yog‘ardi yomg‘ir.
Jallod shoshilardi,
Shamollab qolishdan qo‘rqardi, axir,
Hali u yashashi kerak-ku,
Qurbonidan farqli o‘laroq.

Amaldorlar,
Qora yomg‘irpo‘shlarini ochib,
Yer tepardilar:
«Bunchalar imillamasa!
Tezroq tugatish kerak …»

Dor tagidagi
Inson
Ularga qaradi
Va jilmaydi yana.
«Qo‘rqishyapti, — o‘yladi u, —
Bu yerda hamma qo‘rqadi
Shamollashdan».

Hozir
Ular uylariga qaytishar,
Yana xidlashar
Hali sovumagan to‘shaklarining
Uniqqan xidini.

U esa
Uxlaydi
Shamollashdan qo‘rqmasdan
Yomg‘ir xidi urgan
Dor og‘ochiga osilib…

Karim Bahriyev tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.