OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Irakliy Abashidze (1909-1992)

http://ziyouz.com/rasmlar/worldlit/abashidzeGruzin adabiyotining atoqli vakillaridan biri Irakliy Vissarionovich Abashidze Gruziyaning Kutaisi gubernyasiga qarashli Xoni qishlog‘ida tug‘ildi. U boshlang‘ich ma’lumotni o‘z qishlog‘ida oldi. Keyinchalik Tbilisi Davlat universitetini bitirib chiqdi.
I. V. Abashidzening ijodi 1928 yillardan boshlandi. Shoirning turli vaqtlarda bosilib chiqqan «Yangi she’rlar» (1938) nomli to‘plami, «Guriya gullaydi» (1950) she’rlar turkumi, shuningdek, «Ovchi oqshomi» (1951) hamda «O’rim-yig‘im» (1951) she’rlar to‘plamlari katta ahamiyatga ega.
Iste’dodli tanqidchi va adabiyotshunos I. V. Abashidze 1960 yilda Gruziya Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylandi.
Uning asarlari rus tiliga va rus tili orqali ko‘p qardosh xalqlar tillariga, jumladan o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan.


QARDOSHLIK

Bir tug‘ishgan qardosh do‘stlar bizda g‘oyat mo‘l,
Men, Zakavkaz daryosining o‘g‘liga har chog‘
Qardosh turkman mehri jo‘shib uzatadi qo‘l,
Qardosh o‘zbek quvnab-qutlab, ochar keng quchoq.

Umum maqsad yo‘li bizni yaqinlashtirdi,
Do‘stlik ipi bog‘lab qo‘shdi qalblarimizni.
Azaldanoq qardoshlikka chorlab chaqirdi
Rustaveli, Maxtumquli, Navoiy bizni.

Bir maqsadda birlashganmiz bitta safga zich.
Qardoshlikning ipi bilan qo‘shilgan dillar.
Uzolmadi bu ip uzra solsa ham qilich,
Temirlangu Jaloliddin kabi johillar.

Qo‘shin tortib, bizni yanchdi hukmron xoin,
Shahar-qishloq, dalalarni yoqib kul qildi.
Boshimizda qilich sindi. Biroq xalq doim
Qardoshligu mangu do‘stlik uchun intildi.

O, naqadar baxtiyorman, qardoshlarim mo‘l,
Uzoq daryo o‘g‘illari menga do‘st-inoq.
Qardosh turkman mehri jo‘shib uzatadi qo‘l,
Qardosh o‘zbek quvnab-qutlab ochar keng quchoq.

Qardoshligu do‘stligimiz mangudir, mangu,
Sovuq hasad oramizga sololmas soya.
Partiyamiz chin do‘stlikning bayrog‘idir, u
Qardosh xalqlar ittifoqin qilar himoya!
1947


QAYSI ELU, QAY DIYORDA KEZMAYIN...

Qaysi elu, qay diyorda kezmayin, har chog‘,
Qay manzara nigohimni asir etmasin,
Men shu yerda his qilaman o‘z ona tuproq
Va tug‘ishgan ona tog‘u, daryom nafasin.

Go‘zal oltin Farg‘onani sayr etib, ko‘rib,
Chiroyiga maftun bo‘lib ko‘z tikkan vaqtim —
Alazani vodiylarin kezgandai bo‘lib,
Go‘yo yana Gremida bahorga boqdim.

Bu yerda ham Kaxetida kabi sarbaland
Tok chirmashgan ishkomlaru uzumzor bog‘lar,
Bu yerda ham Kartlidagi kabi oynaband
Uy yonida shitirlashib kuylar yaproqlar.

Men unutdim tog‘ va suvning boshqaligi-yu
Va bu yerning Gruziyam emasligin ham.
Axir Amu daryosining suvi-ku, bu suv,
Tyan-Shanning muzlari-ku, bu ko‘k muz qatlam.

«Bo‘lak baxtli, shonli yurtni izlamayman ham»,—
Men bu so‘zni asta aytib qo‘ydim ko‘nglimda,
Uzbek yurtin kezarkanman o‘z Gruziyam
Ko‘ringanday bo‘lib turdi doim o‘ngimda.

Qaysi elu qay diyorni kezmayin har chog‘,
Qay manzara nigohimni asir etmasin,
Men shu yerda his qilaman o‘z ona tuproq
Va Liaxvi, Gomborining iliq nafasin.
1948


MEN SHU YERDA YASHAMOQCHIMAN

Shunda yashab qolmoqchiman.
Bu go‘zal diyor, —
Bu o‘lkaga mehmon bo‘lib kelsin do‘stu yor,
Bilamanki, bor olamni kezib izlab ham
Topolmasa kerak bunday el-yurtni odam.

Boshligimni boshga kiyib, bostirib olib,
Men boraman Dzimiti bo‘ylab yo‘l solib,
Bu quloqchin go‘yo menga azal-abaddan
Sovg‘a-meros qolgan kabi bobo-ajdoddan.

Shunda yashab qolmoqchiman!
Biroq ona tog‘ —
Obrel tog‘in unutolmas qalbim! O’sha yoq,
O’sha yerda, tuqqanlarim, qavm-qondoshlarim.
O’sha yerda kindik qonim, vatandoshlarim.

Qanday qilib Rioni mavj urib oqqan yer,—
Ilk xayolu, orzularim qanot qoqqan yer,—
Ilk bor bosgan poy izlarim saqlanib turgan, —
Bu diyorni tashlab ortda qoldirarkinman?

Ko‘z o‘ngimdan ketmay turar dam o‘tgan sari
Dengizlarday mavjli Odish ekinzorlari.
Maysa-giyoh, shivirlagan ona vodiyim
Xayolimdan ketmas, doim undadir yodim.

Men shu yerda yashab qolar edim-ku, biroq
Alazaning suvlari-yu, osmonga teng tog‘,
O’rmonday keng uzumzor bog‘, ona kolxozim,
Ona yurtim dalalarin qiyarmi ko‘zim?

Vatanimning hamma yeru, hamma eli ham
Mening uchun tug‘ishgandan afzalki har dam,
Vatan bo‘ylab yo‘lim tushsa, qachon, qay tomon,
«Yurtim men-la birgasan!» deb dadil aytaman.

Qay yerdaki bo‘lsam, o‘sha yerdan baxtiyor,
Usha yerdan go‘zal yerni bilmayman zinhor.
Va jar solib: «Men shu yerda yashamoqchiman,
Shu yerda!» deb qasam ichgim keladi chindan.
1950

Shunqor tarjimalari
 
VATANGA

Butkul, deding,
Butkul, deding,
Menga baxsh et o‘zingni,
Talabing shu bo‘ldi, Vatan,
Shunday bo‘ldi talabing.
Men baxshida etib turdim
Shirin-shirin so‘zimni,
Faqatgina shirin so‘zni
Baxsh etmoqqa yaradim.
Lekin hali jarohatlar
Sirqiratar vujudni,
Bunga faqat shirin so‘zdan
Malham izlash — bekordir.
Faqat meni sen bag‘ringdan
Judo qilma
Va kutgil,
Senga hali ko‘p narsani
Qurbon qilmog‘im bordir!

NASLING SO‘ZI SO‘Z

Yaxshimisan, yomon,
Oqmisan, qora,
Maqbulmi ishlaring
Yeki nomaqbul?
Faqat naslinggina berolgay baho,
Nasling ne desa shu,
Boshqasi bir pul!

Ne olib ketasan —
Rahmatmi, la’nat,
Ne nom qoldirasan —
Nodonmi, oqil?
Naslinggina berar bahongni faqat,
Nasling ne desa shu,
Boshqasi bir pul!

Noming yashaydimi mangu,
Toabad,
Barq urib turarmi qabring uzra gul?
Naslinggina buni hal qilar faqat,
Nasling ne desa shu,
Boshыasi bir pul!

Bugun shohsan,
Erta bo‘lgaysan unut,
Bugun gado,
Erta manguga doxil.
Sen faqat naslingning bahosini kut,
Nasling ne desa shu,
Boshqasi bir pul!

Ruschadan Mashrab Boboyev tarjimalari.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.