OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xuta Gagua (1935)

 1935 yilda tavallud topgan nozikta’b shoirning "Sukunat" (1969), "Lahza" (1977), "Shaffof qanot — lar"(1980), "Yulduzlar uyasi"(1981), "Tashnalik" (1985) kabi kitoblari uni mashhurlik cho‘qqisiga olib chiqdi.
Gurjiston o‘z nomi, tarixi, adabiyoti, madaniyati bilan xalqi, tabiatiga monand betakror va qadimiy o‘lka. Xususan, she’riyatining qudratli ovozi Gurjiston tog‘lari kabi viqorli, daryolariday jo‘shqin, havosiday tiniq. Bu ajoyib diyorning Shota Rustavelidek ulug‘ shoirlari tutgan qalamni e’zozlab kelayotgan nazm ahli ichida Xuta Gaguaning o‘z o‘rni bor. Bu she’riyat—tuyg‘ulardan tug‘ilgan olam. Shoir yuragidagi o‘tli kechinmalar, iztirob va ishq, Vatan tuyg‘usi va tabiat hayratlari—bari — barisi teran lirizm va chuqur hayotiy falsafiylik bilan yo‘g‘rilgan.


OHU

Bu begona shahar va bu zulmatdan
Boshqasi xotirga kelmadi, jonim.
Faqat ikkimizga ayon hasratdan
O‘zgasini  ko‘zga ilmadim, jonim.

O‘rtanib yig‘lading. Soyalar sarxush
Erir bir sham kabi chehrangni tilib.
Shundayin yig‘lashar ohular behush
Yashil maysalarda qonga bo‘yalib.

Bu qaydan bilibman, bu shahar, jonim,
Ikkimiz uchun ham begonaligin?
Sen yutgan azoblar, iztirob qoni,
Achchiq ko‘z yoshlarning devonaligin?

Dedimki: "Azizam, yugur! Tongotar
Momoqaldiroq ham, chaqmoq ham tinchir.
qani, bo‘l... Ketsang — chi... "Oldda tog‘ qadar
To‘siq chiqqan kabi siljimading bir.

Shunda yomon ko‘rib ketdim bu shahar,
Bu yomg‘ir, bu shamol, bu ko‘chalarni.
Bu havo, bu oqshom sovuq... To saxar
Uxlamay uyg‘otdim tund kechalarni.

Sen yelib borarding olis — olisga,
Qadrdon vodiylar yana ko‘z ochdi.
Chakalakzor ichra ko‘rinmay ko‘zga
Suvlarga cho‘kdingmio‘qlardan qochding...

Ortingdan quvlashar zarang daraxtlar:
"Qarang, ohu, ohu! Uni ushla, tut!"
Men esa borardim yurakda kadar,
Bu yot ko‘chalarda bu dunyo unut.

Ko‘prik ostidagi daryo to‘lg‘ondi,
Tutun ko‘k toqiga o‘rladi yomon.
Birdan oydinlashdihamma uyg‘ondi,
Vokzal bo‘lib chiqdi men ko‘rgan o‘rmon.
 
***

Yuragimda ajib, muqaddas tuyg‘u,
Birinchi qor kabi tiniq, bezavol —
Yuksaklikka qadar
Yuksakka chorlar
Ul lahza, lahzaki, hattoki men lol.

Bundayin tabassum, bundayin nurdan
Muztog‘lar eriydi, yumshaydi havo.

Hali hech kim bilmas —
Hech zavol bilmas
Tuyg‘u kimga nasib etar, ey, dunyo!

Shul moviy ko‘zlarning ko‘liga cho‘mdim,
Hayajon erkalar, ishq aks — sadosi.
Bag‘ringda tug‘ilar,
Nur bolang bo‘lar —
Ko‘zlaringga boqar hayrat peshvosi.

MEN TUYG'UMAN!

Tong yorishib kelmoqda asta,
Oyoq ildi sirli yorug‘lik.
O‘rningdan tur, sen ham ohista 
Bu nurlarni yuragingga to‘k.

Shunda qalbing kengayib ketar,
Mo‘‘jizalar ro‘y berar go‘yo.
Shamollar ham yo‘lini burar,
Tisarilib chayqalar daryo.

Ona zamin, ruhimda ne hol,
Nechun yana chaqmoq monand sir
Bu tong meni aylamoqda lol,
Oyog‘imning ostidami nur?

Nechun ruhim bezovta etding
Yana olis yo‘llarga chorlab?
Tashlab ketib bo‘lmas bu metin
Tashvishlarim bitmasmi, yo rab!

Mentuyg‘uman, yer bag‘ridan keng
Borlig‘imdan navo yaratdim.
qondoshlarim bilan tengma — teng
O‘z — o‘zimga dunyo yaratdim.

O‘z — o‘zidan nurlanmas tog‘lar,
O‘z — o‘zidan ranginlashmas tong.
Maysa boshin ko‘tarar chog‘lar
Chin ko‘ngildan yayraydi bo‘ston.

Mentuyg‘uman, tikilgan sayin
Osmonlarga boshim yetadi.
Ko‘k mehribon, tog‘ ko‘ksi mayin
Qo‘shiq aytib, meni kutadi.

Bu dunyoda mavjudman toki,
Ular bilan yakdilman, foniy 
Bu dunyoni tark etsam hamki,
Ular boqiy, ular abadiy.

Qindan chiqqan qilich singari 
Xarsangtoshdan uchdi ko‘k qarg‘a.
Dala bo‘ylab otlarning barin
Shamollarga yuzlatar darg‘a.

Bu eng oddiy mo‘‘jiza, haq rost,
Meni chindan ayladi mag‘lub.
Bu go‘zallik qoshida sarmast
Va ulug‘man  —  men unga mahbub!

***

Angladim
Soniya
Sirini.

Qara! —
Qor uchquni — 
Shamol zarbidan
Oynaga urildi kapalak
Va havoda yo‘qoldi telba...

Yo‘qoldi...
Ismsiz bir lahza.
Qo‘llar qotib qoldi havoda
Ko‘rinmas qor uchqunin topmay...

Bu lahza.
Bu mangulik.
O, borlig‘im, ehtimol sen ham —
Qor uchquni derazaga
Shart urilib, erib ketguncha
O‘tgan Vaqt oralig‘i.

DENGIZ 

Rangi siniq, ko‘zi o‘tkir yo‘lovchi 
Bandargohda, to‘siq yonida g‘amgin
Eng so‘nggi kemani kuzatar chog‘i
Kuzatmoqda so‘nggi umidin tolg‘in.

Hujrasidan chiqib kelgan matrosday
Tikilar dengizga ko‘tarib boshin.
Bu ulkan dengizning tug‘yonlariga
Qo‘shilib ketmoqda tiniq ko‘z yoshi...

U nenidir kutar... Tushib kelar shom.
Qizg‘ishlanib borar to‘liqqan dengiz.
Qorayib ko‘rinar eng so‘nggi kema,
Olislab boradi umidlar bu kez.

U hamon sukutda, og‘ir sukunat,
Lablarida sho‘r ta’m, yutindi, totdi.
Bo‘g‘ozlardan yelib kelgan shamolda
Bu ta’m kengliklarda sochildi — qotdi.

Oqshom quyuqlashdi, u hamon yolg‘iz,
To‘p — to‘p matroslarning o‘tishin kutdi.
Ularning chehrasi so‘lg‘in va vazmin
Qadamlar qo‘nalg‘a yonidan o‘tdi.

Ularni kutishgan ayollar bilan
Ildam yo‘l olishdi orom bag‘riga —
Miltillab ko‘ringan kichik shaharning
Tungi mehnat to‘la qaynoq qa’riga.

Ularning hech biri ortga qaytmadi,
Cho‘kib ketishganday tubsiz zulmatda.
Shahar esa og‘ir, chayqaldi og‘ir,
Uylardagi chiroq o‘chdi hasratda.

Xarob qovoqxona yonida dilgir
Tebranib turibdi pakana odam.
Farib kulbasiga yetib ulgurdi
Eski ko‘chadagi g‘arib bola ham.

O, sen bolalikning olis qayg‘usi!
Qayoqqa qaramahammasi sirli.
Oyog‘ing ostida tubsiz dengizu,
Oldinda bir kichik uy ham bor nurli.

Go‘yo ko‘k toqiga chirmashgan nigoh,
Yulduzlar porlaydi faqat shu yerda.
Demak, hali hech bir umid o‘lmagan,
Demakki, ilohiy tushlar shuurda.

...Suyukligim orzu, dilim qulfini
Ochguvchi kaliting yo‘qoldibildim.
Ehtimol, uquvsiz va noshud chiqdim,
Ehtimol, xazina og‘irlik qildi.

Kuyunchagim orzu, har doimgidek
Ulgurmadik o‘lja bilan qaytishga.
Betashvish bolalikKolumb nay chalar,
Ojizman, bundan ham zo‘r so‘z aytishga!

Mayli, men uquvsiz, mayliga noshud,
Ammo sen o‘zingga o‘zing darg‘a bo‘l.
Bolaligimbolam, ummonlarga suz,
Orzularning moviy ummonlari mo‘l!

ONA YER

Daraxtlar sollanar so‘lim qirg‘oqda,
Do‘ngda yer bag‘irlab yotgan biladi —
Tegirmon shovqini yaqin qishloqdan
Barglar shivirida oqib keladi.

Ey, ona tuprog‘im, sha’ning va ishqing
Quchog‘imga sig‘mas bog‘larday o‘lmas.
Daraxtlar sollanar qirg‘oqda mening
Bobom ham ko‘milgan, nomlari o‘chmas.

Qahrabo tusli kun qizib boradi,
Vodiy bo‘ylab qirg‘iy charx urar vazmin.
O‘rdak tumshuq butazorlar yoradi
Yaylovlar bag‘rini betinim, betin.

Bunda bari menga yaqin, meniki,
Shu qadar azizki, bosh ko‘kka yetdi.
Osmon ham engashib kelmoqda, neki
Ushlasam qo‘limda gulladi — ketdi!

Suvning shivirlari yoqqani sayin
Meningdek tebranar dengiz o‘tlari.
Bobom soqoliday quyuq va mayin
Tegib — tegmay o‘tib ketishar bari.

MAYSA

Menmaysaman, dalada hur — hur
Shamol bilan erkli yosh qalbim
Orzulari durli, chehram nur,  
Ruhim tetik, tirikdir jismim.

Saxiy quyosh nuriga chanqoq
Qiyaliklar xushbo‘y atirday.
Tug‘ilaman qadimiy tuproq
Quchog‘ida o‘tli satrday.

Shahar oydin, yulduz tilagi
Umr qo‘shar umrlarimga.
Chirmashadi nozik yuragim
Yerning ulkan tomirlariga.

Minnatdorman sendan, taqdirim,
Men azaldan nurga shaydoman  — 
Metin toshni siljitgancha jim,
Kutilmagan joyda paydoman...

Qahratonda panoh yo‘q, lekin
Qaytajakman, izimdan borliq.
Yashil rangda oqmoqda nekbin — 
Yerning ulkan tomiridan ishq.

TONG

Mo‘‘jizalar tug‘ilar yerga
Chirmashishning o‘zi bo‘lmaydi.
Yetsa hamki qo‘l yetmas nurga
Ustunlarning ko‘ngli to‘lmaydi.

Mana,eshik qulfi ochildi,
Hurkib uchgan bir juft kaptarlar
Kabi qizning tushi sochildi,
Derazalar  —  ochiq daftarlar —

Ochilsa ham, mudrar ko‘chalar,
Eng birinchi yaproq uzildi.
Uzoqlashib borar kechalar
Oynalarning bag‘rini tildi.

Daryo suvi yanglig‘ kiprikda
Shabnam qalqar tiniq va sarxush.
Ketib borar arkli ko‘prikda
Eng birinchi avtobus bo‘m — bo‘sh.

Afsonadan ham qadim daraxt
Yalanglikning sayqali deymu?
Yaylov qo‘li bitgan yashil xat,
Yoki tirik haykali deymu?

Tantanavor, mag‘rur va masrur
Quyosh qaddin tiklaydi, xurram
Binafsharang tong bilan surur
Yoyiladi kengliklarga ham.

Nafasi nur go‘zal bu damning
Ruxsoriga to‘yib bo‘lmaydi.
Qadamlari uzilar g‘amning,
Hayot guli mangu so‘lmaydi.

Olislardan tonggi poezdning
Tovushlari tobora yaqin.
Mtsxetiya tomonga uning
Yelishlari misoli chaqin.

O, bu ranglar, o, bu hayqiriq — 
Cho‘qqilardan oppoq qor ko‘chdi.
Ko‘z oldimda to‘lishdi borliq,
Xotiralar yurakni quchdi.
Go‘yo kitob varaqlaridan
Sevimli yor surati uchdi...

TOVUSHLAR

Havolarda eriydi xayol,
Yer yuzida kezar tovushlar.
Izsiz ketmas hijron va visol,
Yashar suvga oqsa — da tushlar.

Yulduzlarning olis nurlari
Kengliklarda porladi, zulmat
Ichra singib ketgan sirlarim,
Ovozimni eshitdim faqat.

Ehtimol, bu eng tiniq nafas
Tabiatning ilhomiso‘zdir?
Bolalikdan tug‘ilgan havas,
So‘ng armonga aylangan bo‘zdir?

Ehtimolki, qalandar yo‘llar
Xotiramga bo‘ron yo‘lladi.
Tongotarda ochilgan gullar,
Tovushimga tug‘yon to‘ladi.

Quchib bo‘lmas borliq singari
To‘lg‘in — to‘lg‘in oqar tovushlar.
Soyam kabi sizar sarsari
Ko‘z oldimda o‘tmish va tushlar.

Men o‘tmishim oldida oqqush
Kabi halol, kabi pokdomon!
Unda nechun bezovta tovush
Vijdonimni qiynaydi yomon?

Ehtimolki, ular dunyoni
Aylansa ham aylaydi sukut.
Xayollarga chulg‘ab havoni
Yashasa — da, olis va unut.

Eshitdingmi, qo‘ng‘iroqlarni —
Ular bizni uyg‘otar har on.
Yuragingda yoq chaqmoqlarni,
Tovushingni unutma, vijdon!

SO‘QMOQ

Dalalar, yaylovlar, o‘tloqlar bilan
Tebranar maysalar ichgan kabi may.
Metin tosh devorlar xayoldan baland,
Kimlar uchib o‘tar ekan bildirmay?

Visolga kechikkan so‘qmoq yugurar
Chamanzor ichinda, qayinzor ichra.
Yo‘lini to‘sadi darvish teraklar,
Horg‘in yo‘lovchiday dam olar picha.

Qirlarning ko‘ksidan otilar besas,
Intiq bag‘rimizga to‘ladi dunyo.
Bir lahza maysalar aro ko‘rinmas,
Va birdan ko‘zimiz oldida paydo!

U hammadan xushbuy,hammadan sirli,
Qadam yetmas joyga qo‘yadi qadam!
Har bitta eshikka boqadi nurli,
Uni sezmay qolar bironta it ham.

Biron — bir hovlida, biron — bir jonda
Uning jon rishtasi uzilib ketmas.
Zinalardan oshib, tundami, tongda
Olis yo‘lga tusharxayol ham yetmas.

Uning oxiri yo‘q. Boshi bo‘lganmi?
Yalangliklar, qirlar, o‘tloqlar va g‘or...
Hatto shahar usiz bag‘ri to‘lganmi  — 
Maydonlarga qadar keng va betakror.

Bilgim kelarqayda yo‘llarim tolib,
So‘zimni aytaman so‘ng bortun, tongga?
Shunda birdan so‘qmoq xayolim olib,
Singib ketar go‘yo ulkan o‘rmonga.

***

Avgust tonglarining salqin epkini,
Ona tabiatning sirli ovozi.
Menga nasib etdi baxtning nekbini,
Yana boshlandimi surur parvozi!

Chayqaladi o‘rmon, tog‘lardan mayin
Tuman siyraklashib borar tobora.
Ikki qadam qo‘ysang yetasan tayin  —  
Baxt ham sen tomonga yurmoqda, qara!

Menbu menman, baland daraxt misoli
Oqayotgan suvlar bo‘yida shodon
Qo‘llarimni yoysam, bulutlar yoli
Qo‘llarimga tegdi harir, pokdomon.

Butoqlarim o‘sdi ufqqa qadar,
Sayroqi qush unda sayrayotir xush.
Kuylarida sevinch va hayrat oqar,
Ovozing bunchalar qudratli, ey,qush!

Uning ham oromi yo‘q, mening kabi
Kun bo‘yi tinmaydi, tinmaydi, faqat 
Osmonga talpinar orzumand qalbi
Yonadiolovli ishq ila hasrat. 

Huzur bag‘ishlaydi suvning bo‘yida,
Ko‘k va zamin aro ko‘tarib boshim
Yashamoqezgulik va baxt o‘yida,
Hamisha kuylasa men — la quyoshim!

***

Men seni o‘yladim, o‘yladim yolg‘iz,
Ko‘milgansan go‘yo tubsiz zulmatda.
Xazina misoli yo‘qolding izsiz,
Men qorayib ketdim tilsiz hasratda.

Devorlarga boshim tirab, alahlab,
Alahlab so‘raymano‘t ko‘zli yirtqich
Senday xazinamni ketdi o‘g‘irlab,
Yugurdim, bermadi menga ham tutqich...

Kupega yorug‘lik urildi tikka,
Yerga tushdi, shiftga asta yoyildi.
Men tun bo‘yi seni o‘yladim yakka,
Toshi og‘ir o‘ylar qalbimni tildi.

Bo‘linib — bo‘linib ketdi naq boshim,
Temirlar va sovuq o‘rinda chil — chil.
Bo‘g‘zimga tiqildi achchiq ko‘z yoshim,
Oppoq qor uchquni sachradi yengil.

Yorug‘lashib bordi to‘rt tomon, harir
Havodan ilidi sovuq o‘ylarim.
Kirib keldi nozi nozanin huzur,
Ruhimga singishdi orom kuylari.

Men seni kechirdim, kechirdim, sening
Bilan vidolashdim abadul — abad.
Poezd yelib borar, u bilan mening 
Yuragimga to‘lib bormoqda hasrat.

Bilmam, meni qayga boshlar bu Safar?
Uyasidan boshin chiqargan qushlar
Kabi tikiladi mudroq daraxtlar,
Borliq tinch uyquda, kezinar tushlar.

Qishki o‘rmon kabi ortga qayrilib
Qaradimgunohlar ketdi sochilib.
Poezd hayqiradi xayolim bo‘lib,
Poezd yelib borar dardi ochilib...
 
TABIAT

Bosh ko‘tarmay sho‘ng‘iymiz ishga,
Sezib — sezmay tabiat ko‘rkin.
Bosh — adog‘i yo‘qdek tashvishga
Berib qo‘ygan kabi ruh erkin...

Tongning sovuq nurlari metin
Tosh devorga singdisezmadik.
Va boshimiz uzra hur, yolqin
Tushlar uchib qo‘ndisezmadik.

Shovqin to‘la shaharni bir kun
Tashlab chiqdik olis yo‘llarga.
Kengliklarda kengaydik, toshqin
Daryo yaqin keldi dillarga.

Tog‘ yong‘og‘i to‘kildi, jo‘shdi,
Shabnamlarni sachratdi shoyon.
Tog‘dan tuman shovullab tushdi
Otilganday ko‘rinmas vulqon.

Quyosh yondi, saxiy nurlari
Dalalarga bitganday rizq — ro‘z.
Quyosh bizni suygani sari
Baland — baland ko‘tarildik biz.

Bunda bariitog‘, cho‘qqi, daraxt,
Daryo tubi, dalalar va g‘or...
Bitta qondan yaralgan but baxt,
Bitta jonday yakdil, betakror.

Cherkov qadar to‘shab yo‘lini
Shovullaydi qayinlar har shom.
Shovullaydi, ular tilini
Tushunadi zamin mukarram.

Uzaygandan uzaydi kunduz,
Qaysi yumush bitdi — bitmadi.
Ufq bizdan uza olmay ko‘z,
Neni kutdi, neni kutmadi...

Kunduz so‘ndi, beqaror bir ruh,
Hatto zulmat ko‘rindi ma’sum.
Indi sovuq qotgan labga uh,
Tun bag‘riga hazin tabassum...

TOMCHI

Yomg‘ir bilan siylandi zamin,
Burgutdan ham shiddatkor shamol.
Sinib ketdi qaddi dol qayin,
Qir bag‘rini chirt uzdi xayol...

Shoxlariga qo‘l tekkizsang bas,
Titrab ketdi armon tuyg‘usi.
Kutilmagan yomg‘ir ko‘z yoshmas,
Dengizlarning olis qayg‘usi...

Sirli ko‘z yosh, ey, nurli ko‘z yosh,
Buncha kuchni qaydan olgansan?
Qalblardagi eng tiniq bardosh
Ochilganda kuyga solgansan.

Bu ajoyib nur, bu jilolar
Taqdirimmi—yo‘lga chorlaydi.
Ilohiymi—erir havolar,
Izlarida—yulduz porlaydi.

Yosh boladay yurak shoshqaloq,
Bilib olsam deydi bir pasda.
Tomchi, butoq, inson va tuproq — 
Bu qandayin muqaddas rishta?

Suzib o‘tar parqu bulutlar,
Tog‘dan enar surur tuyg‘usi.
Olib uchar mag‘rur bulutlar
Dengizlarning olis qayg‘usin...

MUSIQA

Kimningdir yuragi to‘liqmoqdami,
Kimdir qo‘llarini ko‘tarar, yonib
Bexos oqib kelgan dard yoqmoqdami
Qo‘shig‘ida shiddat, g‘amlardan tonib?

Bog‘ni sel bosdimi? Ohangmi hayot,
Yoki o‘chib — o‘chmas otashin vulqon?
Kim uqulochini yozadi ozod,
Bulutlarga suyuk bag‘ri keng osmon?

Tomirlardan sizgan qaynoq qon kabi
Na og‘riq, na hadik sezilar,faqat
Yomg‘ir kuylarini ulug‘ Bax qalbi
Kabi bog‘ tinglaydi, tinglar farog‘at.

Nima ushu qadar erkli va mag‘rur,
Taqdir yo‘llarining chaqmoqligimi?
Shamol qanotida olovli surur,
Tungi armonlarning uyg‘oqligimi?
Bemavrid uzilar chamanzorlarning
Kuyi avj pallada, tongning bag‘rida
Kengliklar yorishar emanzorlarning
Ibtidoiy va pok shudringlarida!

APREL

Yana sokin, yana vazmin bog‘.
Taxirlashar
Siyraklashgan qor.
Endi sovuq, achchiq izg‘irin,
Qahratonni kutmoqlik bekor.
Yaqinlashdim —
Yarqiroq marmar
Kaftdan uchib tushgan oppoq zar
Moviy ko‘kka uchdi
Ehtimol,
Yerni quchdiko‘zdan yo‘qoldi.
Marmar haykal jim,
Qotib qoldi.
Tabassumi billur aprelning
Havolari toza.
Og‘ir tush
Kabi bo‘ron tingach,
Baxtdanmi,
Sarmast shoxlar,
Novdalar namxush.
Soya kabi
Baland cho‘qqida
Tebranadi daraxtlar olis.
Sharq tomondan
Yorishgan osmon
Quchog‘ida olov rangli iz.
Parchalanib ketgan bulutlar
Kenglikdagi, yuraklardagi
Halovatga daxl etolmay,
Sizib o‘tar  go‘yo o‘tli his...

QOR

Lahzayozda uchgan qor uchquniday,
Umri qisqa yelday sovrildiketdi.
Vaqt esaoppoq qor. Dil yolqinida
Oppoq satrlarga singidibitdi.

Chor  —  atrof sukutda, chor — atrof ko‘rkam,
Xo‘roq qichqirig‘ikimni uyg‘otdi!
Maysalarga yengil qo‘ndi — yu, shabnam
Bir lahza ichida muzladiqotdi.

Bunda  orom istar har bitta qadam.
Ohuni ko‘zlagan nishonda kulib
Turibdi ohuning ko‘zlarina g‘am!
Qarashlari teran, hayratga to‘lib.

To‘xtab qolgan kabivaqt, kenglik, tutun,
Toshlardan uchingan qor uchqunlari
Kimgadir urildi mayin va beun,
Qanotida tubsiz xayol tunlari.

Lahzalik izg‘irin borliqni tildi,
Lahzalik ro‘yoning tushlari ertak.
Ko‘rinmas pardalar yana osildi,
Parda etaklari bo‘lak va bo‘lak.

O‘zi bilan o‘zi qolsa o‘ralib,
O‘zi bilan o‘zi qolmoqyo botqoq!
Eshik g‘ijirlamas. Yo‘llar buralib
Qaramasna tovush, na parvoz, biroq.

Mana (yana yozgi qor uchquniday
Lahza chir aylanib, jon berar besas).
Satrlarda oqqan qalb to‘lqinida
Hatto qorli Vaqt ham o‘zin o‘nglolmas.

Osmonda tutunlar o‘rlaydi, sizar,
Afsungar dunyo ham ko‘z ocharyohu!
Xo‘roz qichqirig‘i shamoldan o‘zar,
Nahotki yiqildi yarador ohu...

Yana alahsirashbarisi bekor!
O‘yladim o‘tmish va kelajak aro
Lahzadan mavjudroq yana nima bor?
O‘, marmarlar bilan o‘ralgan daryo!...

Nechun bu daryoning suvlari rangsiz,
Ko‘priklar tikilaraytar so‘zi yo‘q.
Qirg‘oqlar boshini silaydi tubsiz
Daryoning suvlari hissiz va sovuq...

Yana shovqin — suron, yana surindi,
To‘lqinlandi ikki kuchli ovozlar:
O‘ngdaqavat — qavat uylar ko‘rindi,
Chapda  —  osmono‘par minor, gumbazlar.

***

Na dilbar tong! Nurlari mo‘l — ko‘l!
To‘lishgandan to‘lishibdi bog‘.
Shoir bo‘lib sayraydi bulbul,
Ko‘zlarini yumib, vaqti chog‘.

Erkin — erkin taralar navo,
Qalb qo‘shig‘izahmatdir, xurram,
Betakror kuy yirtqichni hatto
Sehrladichirmadi mahkam.
Ammo burgut azmidan qaytmas,
Tut va chinor xushlar darg‘ani.
Dilidagin hech kimga aytmas — 
Bog‘bon etdi boqqa qarg‘ani.

Meni qiynar, qiynaydi bir zor —
Nahot bulbul kuylamas yangroq?
Qayda burgut bilan qarg‘a bor —
Yuraklarga sochadi nifoq...

TOG'LAR

Qirlarning ortidan qirlarni kezib,
Dalalar borliqqa yoysa g‘uluvni.
Ichgim kelayotir  tog‘lardan sizib
Kelayotgan tiniq bir qultum suvni.

Jilg‘alar jimirlar, olis va uyg‘oq
Tog‘lar yelkasida yoriqlar chuqur.
Ko‘z o‘ngimda quyuq, yam — yashil o‘tloq
Bag‘riga inadi orom va huzur.

Yohu, qadrdon tog‘larim, hamon
Tep — tekis yo‘llarga ko‘nikolmadim!.
To‘kilar qalbimdan o‘tli, beomon
Tashnalik va hayrat ko‘llarga sim — sim.

Burgut uchar tubsiz jarliklar uzra
Tog‘lik yigitlarning o‘tkir ko‘zlari
Cho‘qqilarni ilg‘ar, misoli nuqra
Shunda qolib ketsa deyman hislarim...

Dimog‘dorlik nechun, kekkaymoq nechun!
Oyog‘imni tirab zaminga mahkam
Nigohimni kumush cho‘qqi, inchunun,
Qor ketmas tog‘lardan uzolmam, uzmam!

Nechun boshim egib yurishim kerak?
Shu tog‘larday mag‘rur qad kerdim, qarang!
Hamisha baland bo‘l, balandla, yurak,
Shu tog‘lar, cho‘qqilar  —  o‘q o‘tmas qal’ang!

ENG YORUG' QAYG'ULAR

Avj pardaga chiqsa qor qo‘shiqlari
Marmar o‘chog‘ingiz qarsilladimi?
Oq qog‘ozga yorug‘ g‘am ko‘chgan sari
Qorlar tobora oq, charsilladimi?

Deraza ortida aylanib, uchib,
Chirmashib izg‘irin quyunlariga
She’rga singgan hasrat ketdimi ko‘chib
Qorning qalin, quyuq uyumlariga...

Ajinlar, chiziqlar sirli va uchqur,
Yo‘llar kabi uzun, sanog‘i yo‘qdir.
Yoshlik harorati beqiyos surur,
Xayollar, hislarning adog‘i yo‘qdir.

Osmonda kezinar suluv kumush oy
Tabassumi g‘amgin, armoni oydin.
Jimirlaydi to‘lqin, yulduz to‘la soy
Xonishlari o‘tli kelmoqda qaydin...

Cheksiz xayolotga cho‘kadi tunlar
Soy bo‘yida ko‘rkam dala hovlilar.
Shoir ilhomini ichadi tunlar,
Baytlar to‘kiladi  —  to‘kiladi zar.

Tubsizliklar ichra tubsizlik yorqin,
Havolar moviydir, havolar kumush.
Tuyg‘ulari jo‘shqin — jo‘shqin va yolqin
Farishta uchadi ohanglari xush.

DEHQON

Badqovoq boyqushlar tun chog‘i
Kunduzgi nurlarni izlashar.
Derazam ortida
Mevasi mo‘l — ko‘l
Olma daraxtining butoqlarida
Chayqaldi osmon.

O, naqadar yengil
Uzilar ko‘kdan
Olma yulduzlar!
Sen shu qadar yoshsan,
Shu qadar sodda! —
Boshing aylanadi
Jannati meva
Hidlari ilohiy,
Qo‘l yetmas sehr...

Tun bo‘yi
Xirgoyi qildim tonggacha.
Ovozim pastlatdim —
Olma daraxtin
Oqlayotgan
Dehqonni bexos
Hurkitib yuborgim kelmadi.

OVCHI TAZARRUSI

Jilg‘a shildirarmi o‘tloqda, hamon
Chirildoq sayrarmi yangroq, beparvo?
Qo‘limga olmayman men endi, ishon,
Miltiqni irg‘itib yubordim hatto!

Tiz cho‘kib yig‘layman, yuzimni barcha —
Barchadan yashirgim kelar iblisday.
Shafqatsiz emasdim, yuragim parcha —
Parcha etdim, bilsang, gunohkor hisda...

Qopqonga ilingan bir g‘arib jonni —
Qushmi, kiyiklarni  —  omadim dedim.
Naq ko‘ksidan oqqan har qaynoq qonning
Xunini to‘ladim  —  tun meni yedi...

Yig‘layman  —  ming la’nat shunday yozuqqa! —
Mergansifat qo‘lga qurol olgan kun.
Duch keldi qay ohu men otgan o‘qqa,
Yarasini yalay boshlaydi beun...

Derazamga yaqin kelmoqda soyam  —  
Bir qatra nurga zor iblisning uhi!
Men vahshiy emasdim, dildagi doyam —
Unutdi shafqatni ovchilik ruhi.
Yo, tangrim, hunarim bo‘ldi yomonlik,
Gunohlarim kechir, bergil omonlik!

TUG'ILGAN UY

Shamol tindi.
Shivalar yomg‘ir.
Tayyoragoh salqin havosi,
Urilar ko‘ksimga huzur,
Shoshilmasdan ko‘tarilaman,
Nafasimdayurtim navosi.

Lazzatlidir parvozdan parvoz
Emaserga qo‘nish tuyg‘usi.
Tabiiy va sodda, bepardoz,
Tashvishlari bitmas zaminga,
Yana uyga qaytmoq orzusi.

Qalb kuylaydi,
Illyuminator
Senga qarar,
Sen esaerga.
Uchqur havo kemasi takror
Oshiqadi bo‘liqqan dala,
Yashil o‘tloq,yaylov va qirga.
Ona uyimonajon shahrim,
Qimmatligim, beqiyosligim.
Seni ko‘rsam, ochilar bahrim,
Unutilar Parij sog‘inchi,
Qadim Rim ham ko‘zdan yo‘qolar.
Yozning iliq havaslarida
Samodan ham yaqin va aziz,
Jonga tutash bir tutam maysa.
Mening kabi hatto temir qush
Ona yurtim —
Ona tuproqdan
Ko‘tarilar istamaygina...

AJDODLAR QONI

Yashaging keladi, yashnatib
Shu tirik mavjudot, borliqni.
Insonning azaliy orzusi —
Tabassum va yana tabassum.
Ajdodlarim qoni qadarlik
Qonlarimdafaxr tuyg‘usi.

Bolalar jon  —  tanim,
Bolalardilim.
Ulug‘ shoirlarni o‘qiyman takror.
Vaja, Shiller, balki Mark Tven...
Hayratlarga ko‘madi ming bor.
Bolalikning kelmas uyqusi —
Ajdodlarim qoni qadarlik
Qonlarimdafaxr tuyg‘usi.

Bolalarga dunyoni berib,
Bolalarga tutdim bayramlar.
Erk beraman, qilaman tortiq
Dunyodagi shirinliklarni...
Yuragimning yo‘qdir qayg‘usi —
Ajdodlarim qoni qadarlik
Qonlarimdafaxr tuyg‘usi.

Sizga orom istayman, do‘stlar!
Boshqasibekor.
Izg‘irinda qolgan daraxtday
Yolg‘iz qolmoq bersa — da ozor...
Og‘ir damlar o‘tib ketgusi —
Ajdodlarim qoni qadarlik 
Qonlarimdafaxr tuyg‘usi.

O‘, Vatanim, sening kuychingman,
Tomirlarimtomirlaringda.
Bundan boshqa qudratli so‘z yo‘q,
Ruhimtiniq tongning kulgusi.
Ajdodlarim qoni qadarlik
Qonlarimdafaxr tuyg‘usi.

YO‘L

Yo‘lim oqar shiddatli va tinch,
Hayotim hur, xayolim bedor.
Qancha azob, iztirob, o‘kinch,
Yuragimni o‘rtasa ham zor...

Yelkam yag‘ir bo‘lsa — da yukdan,
Yo‘ldosh bo‘ldi sabr va chidam.
Nur yog‘ildi ko‘ksimga ko‘kdan,
Hosil berdi zahmatlarim ham...

Do‘stlarimni asrab qolay deb,
Yana o‘sha hurliqo ko‘zni...
Suyib — suyib dilga solay deb
O‘nglab oldi o‘zligim o‘zni.

Yot ko‘zlardazulmat va o‘lim,
Yanchib otashotash zulmni.
Yuzlashaman sen — la, ey, g‘anim,
O‘zim o‘qiy odil hukmni.

Olis yo‘llar zim  —  ziyo qa’ri,
Yolg‘izlikning nafasi, yohu!
Ilonni ham ilitar bag‘ring,
Tunlar senga tutadi og‘u...

Gohi xushhol, gohida g‘amgin,
O‘tmishimga nazar tashlayman. 
Tonglarimni kutgali rangin
Quyosh sari yo‘lim boshlayman.

Mehr kutdim — tashqarida qish,
Muz, sirpanchiq yo‘llarda hatto.
Yo‘lim  mening — hayotim va ishq,
Barchaniki va mening dunyo.

Yo‘lim, menga ishon, hammavaqt
Suyan tangri bardoshlariga.
Bir kun menga yo‘liqsa kulfat,
Boshim qo‘yay tog‘ — toshlarimga.


TOG'LAR MANZARASI

Naqshinkor ayvonda tongni kutaman,
Ko‘rinadi qorli tog‘lar qoyasi.
Jilg‘alarday hurkib — hurkib buralar
Cho‘qqilarda baland chinor soyasi.

Xo‘roz qichqiradi, tong otar — otmas
Samodan quyilar qaynoq — qaynoq nur.
Tarqala boshlaydi par kabi tuman,
Qalbimda tog‘larga yo‘l olar surur.

O‘Z — O‘ZIGA KO‘CHISH

U keta boshlaydi jim va ko‘rinmay,
U keta boshlaydi—bilmaydi qayga.
So‘ngsiz ohanglarning ruhida tinmay
O‘zini izlaydi cho‘kkanday soyga.

Uning taqdiriga yozilmish siniq
Nag‘malarni shamol uzib tashlaydi.
Shunda ko‘z oldimga keladi tiniq
Muhabbat armoni, ko‘zin yoshlaydi.

Oynada ko‘rinar qop — qora dog‘lar,
Aqldan ozasan — qalqib ketadi.
U ketib boradi, yo‘lida bog‘lar
Qayrilar — xotira balqib chiqadi.

Tortilib boradi achchiq alamlar,
Yuragimni o‘rtar og‘ir dard, bedor
Qadrdon chehralar, aziz odamlar
Sog‘inchi beqiyos, nurli, betakror.

Yana makoniga yo‘l olar shamol,
Yana vataniga qaytadi bulut.
Tashvishlaring bitmas, na ajib xayol! —
Bu dunyoni unut, o‘zingni unut.

O‘z — o‘ziga ko‘chish boshlandi, qara,
Naqadar ulug‘vor tug‘ilmoq sirdan!
Manzara ortidan yelar manzara,
Dilbar kuylar oqar bir qatim nurda.

UFQ

O‘ngimda ham, tushimda ham g‘amgin nigohlar,
Ko‘z yoshlarim yoyiladi, dunyo sarsari.
Vidoli qarashlar, sukutlar, ohlar,
Poezd yelar ufq, kunbotar sari.

Kenglikni silkitar kuchli chinqiriq,
Meni chirmab olar poezd shovqini.
Vidoli qarashlar — shafqat bilmas o‘q,
Ular meni ado qilar bir kuni...

Qo‘llaring silkiysan baland va uzoq,
Hasratlaring bir kun — umring zavoli.
Ufqqa yoyilar qon rangli titroq,
Ayriliqning telba shamoli...

TASHNALIK

Kuzgi namxush havolar ta’zim
Qila — qila kirdi shaharga.
Bolalarcha sodda tabassum,
Tiniq nurlar to‘lar saxarga.

Ko‘zlarimda — billur shabnamlar,
Shaffof ko‘llar moviy va tubsiz.
Namlanadi kiprikda g‘amlar,
Yulduzlarga aylanar olis.

Umrim yo‘li uzun, dil — ovchi,
Tashnaligim aslo qonmadi.
Mening kabi hech bir yo‘lovchi
Bundayin his bilan yonmadi.

Ko‘rinadi qadrdon qiroq,
O‘chmas ota uyim o‘chog‘i.
Otajonim mehriday qaynoq
Nurlanadi osmon quchog‘i.

Onam hamon ko‘rinadi yosh,
Suvga ketib qaytib kelmadi.
Ko‘za kabi chil sindi bardosh,
Birov bildi, birov bilmadi...

Umrim yo‘li uzun, dil — ovchi,
Tashnaligim aslo qonmadi.
Mening kabi hech bir yo‘lovchi 
Bundayin his bilan yonmadi.

BIZ — MAYSALARMIZ...

Dunyoda hamma teng — oqilu nodon,
Shiddat bilan tekis o‘radi chalg‘i.
Maysalarmiz — borar yo‘limiz bitta,
Ertami — kech bizni ko‘radi chalg‘i.

Siz bilan yashadim, siz bilan undim,
Keng osmonni ko‘rdim, tuproqni suydim.
Yashil dalalarda barglarim yozdim,
Gullarim kuylasa, quyosh ham suydi.

Men ham shu quyoshga talpindim, yondim,
Bag‘rimda tovlandi tong, billur shabnam.
Bir kun men tomonga tashladi qadam
O‘tkir chalg‘i bilan sobiq qo‘shnim ham...

Oygul Suyundiqova tarjimalari

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.