OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Harivansh Ray Bachchan (1907-2003)

Hind she’riyatining yorqin namoyandalaridan biri Harivansh Ray Bachchan 1907 yil 27 noyabrda qadimiy Ollohobod shahrida tug‘ilgan. U, Umar Xayyom, Bayron, Shelli, Kits she’riyati ruhida shakllangan. Ollohobod dorilfununini bitirgan.
Uning asarlari teran realizm, insonparvarlik, grajdanlik, vatanparvarlik bilan yo‘g‘rilgan. Xarivanshray Bachchan Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvchilarining Qohira (1962 yil), Bayrut (1967 yil), Dehli (1970 yil) konferentsiyalarining faol ishtirokchilaridan va tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi. Shoir Pushkin, Lermontov, Tyutchev, Nekrasov, Mayakovskiy, Blok, Yesenin she’rlarini hnnd tiliga o‘girgan. U mashhur kinoakter Amitabh Bachchanning otasidir.

***

Xayol oti meni yiroqqa
Olib ketsa hamki nogahon.
Tushsam hamki bir zum firoqqa,
Unutmasman seni, Hindiston.
Desalarki, yur shoir, axir
Bog‘i Eram mevalari soz.
Lekin yurtim, men sening taxir
Ildizlaring etardim e’zoz.
Bo‘lsin deya senga bir hadya
Yulduzlarni etsalar nisor.
Bir chimdim hind tuprog‘i deya
Etar edim barisin bekor.
Agar meni quyoshday xushhol
Ko‘tarsalar osmon-falakka.
Urinardim parvona misol
Hindistonning vasliga yakka.
Agar ko‘kda qo‘limga lov-lov
Qt bersalar xursand bo‘lardim.
Lekin o‘sha zahoti darrov
Hindistonga tomon yelardim.
Obi kavsar tutqazib agar
Desalarki, o‘zgasidan kech.
Lekin do‘stlar, uni mo‘’tabar
Gang suviga alishmasman hech.
Jannatda ham mahbusday g‘amgin
Qtirardim necha kun-tunki,
Hindistonda qaytadan tag‘in
Tug‘ilmoqni o‘ylardim chunki.

Abdulla Oripov tarjimasi

ULKAN VA MAYDA

O‘z qalbimning ezgu o‘ylarin
kundalik tashvishlardan,
kurash bo‘ronlaridan
asradim.
Ehtiyot saqladim —
mavrudi kelganda, osoyish payti,
nihoyat bag‘ishlarman, deb,
aqlimning butun o‘tkirligini,
ilhomimning butun alangasini,
qo‘shiqchilik kuchimning bo‘tun shiddatini!
Lekin bunday fursat
etmadi, yohu:
Men yashamadim —
kuydim-pishdim, bizbizak bo‘ldim,
sarflana-sarflana
mayda-chuydaga...
Kunlvr esa olg‘a intilar,
tush ko‘rganday — umr oqizoq.
Ko‘nglim sezayotir so‘nggi kunimni.
Nima bo‘pti,
hayot yukin ortmoqla tezroq.
Ezgu o‘ylaringni qo‘yib qo‘y —
unut.
Yana bir bor tug‘ilishing kut.

RUS MATRYOSHKASI*

Rangdor ulkan matryoshkaning
ichiga joylangan boshqasi,
yasangan boshqa matryoshkaning
ichida tag‘in biri.
Yana bir,
tag‘in bir,
boshqa bir
matryoshka —
biri boshqasining ichida!
Ulardan eng mitti, eng bezanganiga
berdim shunday savol:
«Bilasanmi,
nechta qo‘g‘irchoqning ichida yashaysan,
birodari aziz?..»
Avval o‘ylab ko‘rdi,
jim turdi,
keyin, mana, nima dedi jimitvoy:
«Aql yetmas darajada ulkan
koinotning ichiga joylangan boshqasi,
bu, ko‘z ilg‘amas darajada bepoyon
koinotning ichida
yana boshqa biri.
Yana bir,
tag‘in boshqa,
bundan o‘zga koinotlar —
biri birisining ichida!
Har narsaning tubiga yetmoq istagan ey odam,
senga savolim bor shunday:
«Bilasanmi,
necha koinotda yashaysan,
Yer farzandi?»
____________
* Matryoshka — bir-birining ichiga solingan yog‘och qo‘g‘irchoqlar.

Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimalari.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.