OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukanto Bxottocharjo (1926-1947)

UFQQA TERMULIB
 
Tiriklik rishtasi uzilar
va yuzsiz vaqt
vujuddan nafasni,
hayotni shimirar.
Zax tortgan,
bemor zamin koinotga osilar.
Danaklar va daraxtlar, jonivorlar –
ajaloldi mudrog‘ida alahsiraydi.
Na olov bor, na bir qatim nur.
Yulduzlar – ko‘z ilg‘amas xira nuqtachalar,
ekinlar – chalajon.
Ammo
barcha mo‘‘tabar aqidalarga ko‘ra –
bu qadar zim-ziyo tun,
bu bu qadar qop-qaro zulmat
faqat tong oldidan keladi,
do‘stlar,
yorug‘ tong oldidan!
 
VULQON
 
Men o‘zimga goho
uxlayotgan vulqon,
mudrayotgan tog‘ bo‘lib tuyulaman.
Yonganimdan qolgan
kullar orasida
zo‘rg‘a miltillaydi
quruq cho‘g‘.
Asrlar bo‘yi cho‘zilar
vohada
yo‘lbars uyqusi.
 
Siz bo‘lsa, mening ustimdan kuyapsiz,
ehtiyot bo‘lishni unutib.
Meni tuproqning changi, deysiz, to‘zoni…
Ammo portlayman, kuting!
 
Jilmayaman – ohista, xazin.
Qalbimda esa – lovullar lava.
Uyqusiragan ko‘zlarim bilan qarayman,
nazar solaman tosh uylarning basharasiga,
ko‘pderazali tushlarning
istalgan qavatiga,
haroratli chiroqlarga
va ochko‘z barmoqlarga,
masxaraboz tun
yovuzlikning mushakbozligidan yorishar.
 
Ogoh bo‘ling!
Jannatda yashayotganingiz yo‘q,
Jar yoqasida turibsiz,
vulqon og‘zida…
Ozgina qoldi –
otilar vulqon. Yonib ketar butkul
yovuzlikning qarorgohi!
 
Ha, men vulqonman. Men
Vezuviy va Fudziyama bilan birman.
Men – eng sokin, eng itoatkor.
Men – hech kim, men – jarlik.
Ammo mening sokin yuragimda
isyonkor yong‘in bor,
chaqmoqlar raqsga tushar unda,
ovozsiz olovning ummoni yonar!
 
Mayli, bayram qiling –
sizda hamma narsa yetib ortar, tujjorsiz
olam bozorida siz.
Ammo siz vulqonning og‘zida –
shoirning nazaridasiz…
 
GUGURT
 
Men – oddiy gugurtman,
kalta,
ingichka.
Qutida – tirbandlik,
sukunat, zulmat.
Men bunday tor
zindonlarni,
qamoqlarni ,
yovuzlik qal’alarini
yondirib tugatardim darhol.
 
Meni o‘chirmasdan
tashlasang –
yong‘in chiqar,
uylar yonib ketar:
saroylar, xarobalar,
ehromlar, omborlar yonar.
Faqat men
ularning yonishini istamayman.
 
Insonlar!
Biz – bitta yer degan qutidagi
oddiy gugurtlarmiz.
Yotamiz qimirlamay –
mamlakat degan cho‘ntakda,
davlat degan kaftda.
Uyg‘onsak,
qulaydi zulm saltanati
va qolar faqat kul!
Yotibmiz
jimlikda,
tirbandlikda –
payt poylab.
Vaqti kelar –
olamlar
olovga aylanar.
Ko‘zimizda
va qalbimizda
gulxanlar yonar!
Bitta uchqun chaqnar –
qutiga qamalib yashash tugaydi,
tugaydi qullik.

Karim Bahriyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.