OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bay T. Mur

Liberiyalik shoir. Ingliz tilida ijod qiladi.

MOZIYGA BIR NAZAR

Afrika —
Paradoks.
Lissabonda
Zax tortgan idorada
Xaritachi
Xaritadagi Afrikaga
Qora siyoh to‘kib yuborar bexos,
Shu bois Afrikani
«Qora kontinent» deb ataydilar, rost.

Afrika.
Tasavvur uni o‘ldirar,
Odamxo‘rlar,
Otashxo‘rlar,
Insonlarni qurbonlikka so‘yadigan
Yovvoyilar bilan to‘ldirar.

Afrika.
Tatqiqotchilar
Bu yer oltinga,
Olmosga,
Fil suyagiga,
Ziravorlarga to‘ladir, deb
Yevropaga berdilar xabar.
Flit-strit yigitlari
O‘lja izlab
Chopdi.

Afrika —
Oqlar uchun ajal.
Unda bor ilonlar, morlar,
Yovvoyi qavmlar,
Odam o‘tmas changalzorlar.
Ammo Afrikaga nur kerak,
Savdogarlar
Keltirdilar
Injil
Va sharob.
Tavqi la’nat ingan qit’ani
Ma’rifat-la qildilar xarob.

Afrika.
O‘lja izlab
Olamning hamma yeridan
Chopar barcha —
Faranglarning
Xorijiy legionidan
Po‘kak dubulg‘ali qaroqchigacha.
Zambaraklar va bayroqlar ila
Suzib kelishar
Dengizdan,
Ayrim jasurlar
Buyuk Saxara sahrolaridan
Karvonlar safida yo‘lni bosurlar.
Faqat bir niyatda –
Yovvoyi xalq ham,
Yashasin-da,
Oshno bo‘lib madaniyatga.

Mana,
Madaniylashtirish avjida —
Oltinlar va olmoslar
Yevropaga jo‘natilmoqda,
Daromad hisobotda qilinar zikr.
Shu payt to‘satdan
Boshlariga
Kelib qoldi bir fikr -
Bu yerda
Boshqa boylik ham bor:
Sota boshladilar
Odamlarni
Nyu-Orleanda,
Bostonda,
Savannada.

Darvoqe, yiroqmiz da’vo, xitobdan,
bu bir parcha, xolos,
Bor-yo‘g‘i bir varoq
Afrika Tarixi atalgan —
Buyuk kitobdan.

Karim Bahriyev tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.