OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jorj Bayron (1788-1824)

http://ziyouz.com/images/poets/jorj_bayron.jpgJorj Noel Gordon Bayron (1788.22.1,  London - 1824.19.4,  Misolungi,  Gretsiya) — ingliz shoiri,  Kembrij universitetida o‘qigan. Lordlar palatasi a’zosi (1809 yildan). 
«Chayld Harold ziyorati» dostonini (1812,  1817-18) yaratdi. Sharq dostonlari turkumidagi «Kofir»,  «Abidoslik kelin» (1813),  «Qaroqchi»,  «Lara» (1814),  «Korinf qamali»,  «Parizod» (1816) kabi dostonlari Nizomiyning «Layli va Majnun»,  Firdavsiyning «Yusuf va Zulayho» asarlari ta’sirida yozilgan. 
Bayron 1817-22 yillarda Italiyada yashaydi. «Tasso shikoyati» (1817),  «Mazepa» (1818) poemalari,  «Manfred» (1817),  «Xotin» (1821) dramalarida adolatsizlikka qarshi kurashga chaqiradi,  inson va dunyo muammosi yetakchi mavzu bo‘lgan. Bayron 1818 yilda «Don Juan» she’riy romanini yozishga kirishgan. Asarda inson va muhit masalasi birinchi o‘ringa chiqqan. Bunda Bayron romantizmdan realizmga o‘tgan (asar tugallanmagan). Uning qator she’rlari,  «Chayld Harold ziyorati»,  «Manfred»,  «Shiylon tutquni»,  «Shiylon soneta» dostonlari o‘zbek tilida nashr qilingan. 


VIDO

Alvido, yor! Agar shu balo
Qismatda bor bo’lsa – alvido!
Sen berahm bo’lsang ham, ammo, 
Men dushmanlik qilmasman – vido!

Quchog’ida shirin, osuda
Uyqu bilan to’lib yotganing, 
Yor hislari also ko’zingga
Badnom bo’lib uchramas saning!

Agar qalbim urishlarini, 
Jindak seza olsayding – inon!
Shuncha yomon ko’rmakdan mani
Bo’lur eding o’zing pushaymon.

Yurt kulsa ham endi mayliga, 
Zarbi gali sendadir bu bor:
Men mubtalo bo’lgan baloda
Seni maqtov qilar sharmisor.

Mayli qaro, osiy bo’lay man, 
Haq ham beray qarg’amoq uchun, 
Ammo, meni quchib o’rgangan
Qo’llar bilan o’ldirmoq nechun?

Sen ishonkim, sevgi o’tini
Yolg’iz yillar so’ndira olur.
Achchiq g’azab ikki yurakni
Ajratolmas va ojiz qolur.

Shu sezgi senda ham saqlanur, 
Sevib yonmoq qismatdur menga, 
Bir o’y bilan yuragim yonur:
Endi doim yotdur men senga.

O’luklarga alamli faryod, 
Oh, naqadar mudhish bu taqqos?
Ikkimiz ham hayotmiz, hayhot…
Kunlar o’tar bevalarga xos.

Shirin tili shod etgan chog’da
Qizimizni erkalar ekan, 
‘Qizim, otang sendan uzoqda’,  
Deya imo qilganingda san –

Payqaganda mas’uma buni, 
Uni o’p-u shu onda bedod
Sevging ichra jannat topganni
Va xayrixoh bo’lganni et yod.

Agar qizda,  tashlab ketganing, 
Bir yer topsang padarga o’xshash, 
Ura boshlar yuraging sening
Va qo’zg’alar manda ham shu g’ash.

Gunohimni bilarsan, balki?
Majnun bo’lib suyganim, xolos.
Armonlarim xazon va seni
Suymak bilan kuyganim, xolos.

Borlig’imni titratding, ishon, 
Kiborlikni sevmas bu mag’rur
Ruhim seni derdi va bu jon, 
Endi undan abad ajralur.

Hamma bitdi – so’zlardir abas, 
Men aytganlar undan ham yomon, 
Lekin qalbga biz hokim emas, 
Unda orzu cheksizdir hamon.

Alvido, yor! Sendan uzoqda, 
Har bir munis narsadan mahrum, 
Qalbim azob degan tuzoqda, 
Bundan ortiq bo’larmi o’lim?

Hamid Olimjon tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.