OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tomas Keryu (1595-1640)

QO‘SHIQ

Qaytib so‘roq qilma Zuhal qayda deb,
Iyun o‘tib ketgach, qolmas gulda zeb;
Sening chiroyingdan tushib qayg‘uga 
O’zin aybli sanab ketmish uyquga.

So‘rab o‘ltirmagil yana bir karra
Qayda yo‘l yo‘qotmish tillarang zarra.
Asl sevgi uchun Parvardigoro
Ulardan sochingga bermishdir oro.

Mendan so‘rab yurma, qayga shoshar ul
May oyi tugab yo tugamay bulbul.
Kirib tomog‘ingga ajib shirador,
Qishlamish, ovozin sozlamish takror.

Samodan uzilgan yulduzlar tunda 
Qayga tushar deya so‘rama mendan.
Mengzab ular kengu qop-qaro osmon,
Sening qarog‘ingdan topmishdir makon.

Yo‘q aslo so‘rama, yashash-chun Humoy 
G’arbdanmi yo sharqdan tayyorlamish joy.
Ul yiroq o‘lkadan uchib kelmish zor,
Xushbo‘y quchog‘ingda o‘lmoqqa tayyor!

A'zam Obidov tarjimasi 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.