OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Eujenio Montale (1896-1981)

Eujenio Montale (Eugenio Montale; 1896-1981) — Italiyaning atoqli shoiri, yozuvchisi, publitsisti, adabiyotshunosi, bir umrga senator qilib saylangan davlat arbobi, Nobel mukofoti sovrindori (1975). Birinchi jahon urushida qatnashgan. 1925 yilda ilk she’riy to‘plami “Murakkab baliqning suyaklari” nashr etilgan. Unda shoir zamon fojialarini, achchiq haqiqatlarini timsoliy so‘zlar vositasida san’atkorona tasvirlagan. 1939 yili bosilgan “Holu holat” kitobidagi she’rlarda Ovro‘podagi zulm davrini shafqatsizlarcha fosh eta olgan. 1938 yilda italyan fashistlar partiyasiga kirmagani uchun tazyiqqa uchragan. Hayotida va ijodida haqiqat, adolat, xalqchillik yo‘lini tutdi. Uning she’rlari mazmun, ma’no jihatidan xalq ongiga va jonli tiliga juda yaqin. Impressionist shoir fojialar dunyosidagi insonning yolg‘izligini teran tasvirlagan. “Pakanalar sovuti», “Holat”, “Finisterra”, “Bo‘ron», “Suzgich”, “72-73-yillar kundaligi”, “To‘rt yil daftari” kabi kitoblar muallifi. U adabiyot sohasida Nobel mukofoti sohibi bo‘lgan.


ISTAMA

Shu bichimsiz ruhimizga bichim bo‘lajak
So‘zlar menda yo‘qdir, uni istama mendin.
O‘t qilib yoqu so‘zlarni, kulini sovur!
Maxmurgulday eshaknozi qilma, bas endi.

Shu odam, ko‘r, boshqalarga va o‘ziga do‘st.
U o‘ziga ishonadi. O‘z kulankasin
It kunining quyoshi shu to‘kik devorga
Urishidin qo‘rqmas,
Qo‘rqmas sovurishidin!

Oyni olib berishimni istama mendin.
Quruq butoq kabi so‘zlar mening bor-yo‘g‘im.
Biroq biz kim bo‘lolmadik,
Nega yetmadik -
Buni senga ayta olgum, shu bas, qarog‘im.

TAMAL TOSHI

Dunyoning asosi to‘rtta moddadir,
To‘rt tamal toshdir.

O‘ylashimcha, mujrim malaklar
Qit’alarga quvg‘in etilmish.
Biz ularni tuya olmasmiz.
Tuyarlimas qushlar bizdan-da,
Hattoki eng ziiyraklari-da
Malaklarning tashrif zamonin
Qay chog‘ligin anglata olmas.
Biz ham aniq so‘ylay olmaymiz,
Arximedning tayanch nuqtasin
O‘lar aytib tursa-da hatto,
Haqiqatni ta’kid etsa-da,
Buni kimsa ko‘rmas va tuymas.
Shu odamning turgan-bitgani.

Asli bizga boshqa ko‘z kerak.
Biz ko‘rolmas bo‘lib qoldik-ku.
Haqiqat bor axir bu Yerda,
Uni ko‘rmay yashash mumkinmas.
Uni yakson qilay deb ming yil
Nafrat bilan yashash mumkinmas.
Oyoqni bosh, egrini to‘g‘ri,
Rostgo‘ylarni yolg‘onchi, o‘g‘ri
Deya yashash mumkinmi ortiq?
Ayon axir, niqoblar yirtiq,
Shu riyokor muhitingizda
O‘tmish, bugun tilkalanmishdir,
Kelajak-da bo‘libdir cho‘pchak.
O‘zingizni tog‘larga bo‘ylab
Kun kechirmoq masxaramasmi?
Anglang — dunyo tamali sizmas,
U mukammal yaratilmishdir:
U sobitdir, yemrilmas, to‘zmas.

Tohir Qahhor tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.