OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Herta Myuller (1953)

Herta Myuller «Inson – bahaybat qirg‘ovul», «Tulki o‘sha davrlardayam ovchi edi» singari g‘aroyib romanlari bilan jahonga tanilgan nemis adibasi. Xususan, 2009 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lganidan so‘ng dunyo miqyosida dovruq qozondi. Herta Myuller 1953 yilda Ruminiyaning Nitskidorf qishlog‘ida tug‘ilgan. Hozirgi davrda Berlin shahrida istiqomat qiladi. «Soch tugunida bir xonim yashar»,
«O‘ldirilgan do‘st», «Kumush qo‘ng‘iroq sochli avtomobil qayoqqa boradi» nomli she’riy to‘plamlari mashhur.


* * *

Ko‘ylak ostiga ko‘milib men,
Sichqonlarning tolesiga evrilishim mumkin.
Ha, stol atrofida jimirlayapti jimlik,
Cholni qog‘ozdan yasab qo‘yishibdi.
Katdagi kattakon ochlikmi,
Tizzadan sachrayaptimi yurakkacha otquloq
Yoxud bular tamomila o‘zgacha mavjudotmilar.
Yana seni o‘ziga tortar davlat iplari,
Bir soat chamasi uyma-uy yurmasdan,
Kumush va qo‘rquvdan iborat kalavani ko‘rasan.

OLMA

Ustaxonasida
Porloq po‘st
Kartoshkagul ustaxonasida
Kindik buramasi
Pashsha ustaxonasida
Xoda yutgan kabi ozg‘in tan musiqasi
Lablar ustaxonasida qor
Pag‘a-pag‘a vatan sog‘inchini deb
Ko‘mirga qarshi isyon qilib turibdi

***

Ey, kumush qo‘ng‘iroq sochli avtomobil qayga boradi?
Chinnidanmikan, chin iyakmikan haydovchi iyagi,
Dedi: chivinlar kun o‘tib, qora klarnetga hamda orzudagi
Jo‘ngina qo‘shiqqa ega bo‘lishar ekan.
Tafovut shu. U sochlarini oldirdi.
Quloqlariga yopishmish tola-tola soch.
Dedi: ko‘cha marhum ishvagar xonim nomida ekan,
Bir kuni qo‘rquv o‘sha xonimga o‘xshab gumbur-gumbur qildi.
Palto kissasida turgan gugurt qutisi emasman,
Bir kuni yo‘lda ketayotib yo‘qolib qoldim.
Bir kuni lomakon zinalarini ko‘rdim.

***

O‘t-o‘lanlar makonida o‘ldirilgan do‘st
Bepul tunash huquqini qo‘lga kiritdi.
Ko‘cha mushugi qornida
Issiqqina sutni olib yuribdi.
Bosh suyagida yashil mudhish cho‘g‘ uchqunlamoqda
Shamol o‘zi g‘uvillab kirayotgan
Yaproqlar sokinligini bilmaydi
Tun ham bilmas o‘zi tikkan ovozni
Ko‘tarayotgan ko‘ylakni
Bugun barvaqtroq oqshom cho‘kdimi

Nemis tilidan Mirzaali Akbarov va Bahrom Ro‘zimuhammad tarjimalari

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.