OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muso Yoqub (1937)

Muso Yoqub 1937 yilning 10 mayida Ismoyilli tumanining Buynuz qishlog‘ida tug‘ilgan. Ko‘kchoy pedogogika bilim yurtini tugatgach, Tirjon qishloq maktabida o‘qituvchi (1957-1958), Buynuz qishloq boshlang‘ich maktabida ilmiy mudir (1958-1967) bo‘lib ishladi.
Ozarbayjon Davlat universitetining filologiya fakultetini sirtdan o‘qib tugatgan (1967—1973). Bokuga ko‘chib kelgach, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi badiiy adabiyot targ‘iboti byurosida direktor o‘rinbosari, "Ozarbayjon" jurnalida she’riyat bo‘limining boshlig‘i bo‘lib ishladi (1974— 1978).
Ijodiy faoliyatini 1957 yilda "Ozarbayjon" gazetasida e’lon etilgan "Ikki qalb, ikki dunyo" poemasi bilan boshlagan. Moldovada, Ukrainada, O‘zbekistonda Ozarbayjon adabiyoti kunlari va boshqa umumittifoq adabiy tadbirlarining ishtirokchisi, M.F. Oxunov nomli mukofot laureatidir.


UL UMIDLARGAKI MEN ISHONARDIM

Ul umidlargaki, e’tiqodlargaki,
Ul odamlargaki, men ishonardim,
Ul muhabbatgaki, men ishonardim —
Ularning ortidan quvmoq foydasiz.
Baski, sen nimaning ortidan tushding,
Baski, sen kimlarning ortidan tushding.
Men saboq olganim daftar-kitobga,
O‘lchab-kesishlarga, haqqu hisobga,
Har o‘ru qirimga, tog‘u toshimga,
Har bitta yurtdoshim, do‘st-yo‘ldoshimga
Ishonar edim men, va lekin ular
Menga ters turdilar, yo‘l qo‘ymadilar,
Xayrli ishimga qo‘l qo‘ymadilar.
Ul umid ortidan, ishonch ortidan
Ketgali menda bir hol qo‘ymadilar.
Men kimning ortidan ketayin endi?
Balki arilardir, chumolilardir
Men uchun qadrdon, men uchun aziz,
Balki o‘shalarning ortidan tushay.

Ul umidlargaki, e’tiqodlargaki,
Ul odamlargaki, men ishonardim;
Menga ters turdilar, yo‘l qo‘ymadilar.
Xayrli ishimga qo‘l qo‘ymadilar.
Ul um id ortidan, ishonch ortidan
Ketgali menda bir hol qo‘ymadilar.
Ul muhabbatgaki, men ishonardim,
Uning ham ortidan quvmoq foydasiz.
Baski, men nimaning ortidan tushay,
Baski, men kimlarning ortidan tushay.

* * *

Bu dunyoda sevinch ham bor,
Dard ham bor,
Ular har soriga chekar
Ko‘nglimni.
Yaxshiki, nomard yonida
Mard ham bor,
Biri yirtsa, biri tikar
Ko‘nglimni.

* * *

Balki uzolmasman qarzimni, Vatan,
Mayli, umrim bu yo‘l azobin tortsin.
O‘lsam, ayrilmasin bag‘ringdan bu tan,
Hokimdan tuprog‘ing bir hovuch ortsin.

Usmon Qo‘chqor tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.