OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shoh Ismoil Xatoiy (1486-1524)

Ozarbayjon mumtoz adabiyotning atoqli namoyandalari orasida Shoh Ismoil Xatoiyning munosib o‘rni bor. Ozarbayjon safaviylar davlatining bunyodkori sifatida shuhrat qozongan Shoh Ismoilning siyosiy faoliyati, madaniyatni ravnaq topdirish sohasidagi xizmatlari uning badiiy ijodi bilan chambarchas bog‘liqdir. 
Shoh Ismoil 1486 yilda Ardabil shahrida Shayx Haydar oilasida dunyoga keldi. Oq qo‘yunlilar orasida taxt talashishlar va jangu jadallarda g‘alaba qozongan Shoh Ismoil 1502 yilda safaviylar davlatini barpo etdi va Tabrizni poytaxt qildi. Uning mamlakati sharqda Shayboniyxon, g‘arb-da Usmoniylar davlati bilan chegaradosh edi. Fotih va shoir sifatida tanilgan Shoh Ismoil ijodda Xatoiy taxallusini tanlagandi. U 37 yoshida shohlikni o‘g‘li Taxmasibga qoldirib, o‘zi ijod bilan shug‘ullandi. Ko‘plab ishqiy g‘azallar, hamdlar, na’tlar bitgan Xatoiy “Nasihatnoma”, “Dahnoma” singari falsafiy-tarbiyaviy dostonlar ham yozib qoldirdi. Shoh va shoir Ismoil Xatoiy 1524 yilda, 38 yoshida vafot etdi va u Ardabildagi Shayx Safi maqbarasiga qo‘yildi.


* * *

Xoki poying, dilbaro, bir toj-davlatdir menga,
Bas, yuzing ko‘rmak sening baxtu saodatdir menga.

Chun g‘ami ishqingda o‘lmakdir hayoti jovidon,
Haq bilar o‘lmak emas, ul ayni rohatdir menga.

Munchakim dardingda zahmat chekibman, ey bevafo, 
Chunki sendandir bu zahmat, jumla rohatdir menga.

Garchi o‘rtarsen hijobda doim, ey oromijon, 
Goh yuzing ko‘rsatganing ayni inoyatdir menga.

Tushda ko‘rdi tun Xatoiy, yor bo‘libdur hamdami, 
O‘ tushimdir, yo xayolim, bu ne holatdir menga?


* * *

Naylaram jannatni men ul yerda dildor bo‘lmasa,
Qo‘y u bog‘ vayrona o‘lsin meva, gulzor bo‘lmasa.

G‘aflat ahli qoldi haqdan shunday balkim benasib, 
Qayda diydorin ko‘rar, ul bunda bedor bo‘lmasa.

Dunyada oshiq kishi kiydi malomat to‘nini, 
Har yetishgan oshiq ermas dard unga kor bo‘lmasa.

Oshiq ahlin boshi maydon ichra to‘pdek o‘ynalar, 
Boshini maydonga qo‘ymas kimki sardor bo‘lmasa.

To‘g‘rilik do‘st eshigidir, to‘g‘ri kel, kir bu yo‘la,
Egri maydonda uyalgay, unda iqror bo‘lmasa.

Ey Xatoiy, so‘z durin xarj aylama nodonga sen, 
Dur-guhar qadrini bilmas kim xaridor bo‘lmasa. 
 

* * *

Bu olam husninga hayrondir, ey do‘st!
Senga bu g‘unchalab xandondir, ey do‘st!

Men ul O‘qub misoli zor bo‘ldim,
Jamoling Yusufi Kan’ondir, ey do‘st!

Hiloldek qoshlaring ko‘rganda ko‘zlar,
Bu jonim iyd inga qurbondir, ey do‘st!

Azaldan bu jahon hayroning erur,
Ki, husning surati rahmondir, ey do‘st!

Jamoling safhasida xatti xoling, 
Yuzingda oyati Qur’ondir, ey do‘st!

Sening ishqing vujudim shahri ichra
Bu ko‘nglim taxtiga sultondir, ey do‘st!

Xatoiy ko‘p jafo chekti, demishsan — 
Bu bizga lutf ila ehsondir, ey do‘st!
__________
* I y d – bayram.


* * *

Dilrabo, dardimga darmon sendan o‘zga kimsa yo‘q,
Ham yana ko‘nglimda derman, sendan o‘zga kimsa yo‘q.

Hajr uyinda kim bilan men hamdam, ey sanam,
Ko‘nglim shahrida mehmon sendan o‘zga kimsa yo‘q.

Xizrdek zulmatda qoldim, bir madad qil tangri-chun,
Tashnalarga obi-hayvon* sendan o‘zga kimsa yo‘q.

Har na kim, hukm aylasang, ayla menga ey, ishqi yor,
Bu ko‘ngul taxtida sulton sendan o‘zga kimsa yo‘q.

Bu Xatoiy xastaning bergil murodin, yo iloh –
Kim, menga lutf birla ehson sendan o‘zga kimsa yo‘q.
_________
* O b i h a y v o n – hayot suvi.


 * * *

Hasrating dardidan, ey jon, bag‘rim o‘ldi poralar,
Tig‘i ishqing bu yurakni har dam aylar yoralar*.

O‘ndirib hijron o‘ti ko‘nglimga berdi boda gar,
Tutdi afloki jahonni, kiydi ko‘k ham qoralar.

Tushdi husning bandiga jon birla dil, bu ko‘zlarim,
Chora yo‘q, nochor bo‘libdir, naylasin bechoralar.

Tark etib, qo‘ydim, ketarman, xonumonni**, mulkni men,
Hajring etdi men g‘aribni, telbayu ovoralar.

O‘ldi dardingdan Xatoiy, bir qadam ranjida qil — 
Qabriga borgil, eshitgil yuz-hazoron nolalar.
___________
* Ya r a – anglamida
** X o n u m o n – oila, sulola.



* * *

Vujudingni bu ko‘nglim jon demishdir,
Labingni la’l ila marjon demishdir.

Soching rangin qaro tundir deganlar 
Yuzing nurin mohitobon demishdir. 

Bu ko‘nglim ishqini, ey g‘amgusorim, 
Vujudim shahriga sulton demishdir.

Oqur ikki ko‘zim yoshi yuzimga — 
Birin Nilu birin Ummon demishdir.

Oyog‘ing changiga, ey nuri rahmon,
Xatoiy jonini qurbon demishdir.


* * *

Toki tushdim hajringa, ko‘nglim fig‘ona boshlar,
Keldi ohimdan mening faryodga tog‘u toshlar.

Husningni yod aylasam, ey sarv bo‘yli dilbarim,
Furqatingda chashmadek oqqay ko‘zimdan yoshlar.

Mehri ro‘ying sarbasar sehri-la tutdi olamni,
Fitnayu g‘ovg‘aga soldi ul ko‘z ila ul qoshlar.

Ishqqa dil berding deya, jabr etma, ey zohid, menga,
Jon berar ma’shuqqa doim oshig‘i qalloshlar*.

Nosiho**, ayb aylama miskin Xatoiy she’rini,
Haqqa chun ma’lum erur ko‘nglingda sirru foshlar.
____________
* Q a l l o sh l a r – qalandarlar.
** No s i h o – ey nasihatgo‘ylar, ustozlar.


* * *

Ko‘ngul bir yorni sevdi, ul paridir,
Jahon ichra go‘zallar sarvaridir.

Bo‘yi bog‘ ichra sarvinozga o‘xshar,
O‘nog‘i ham anchayin bor – ahmaridir.

Yuzidir nisbati xurshidi tobon
Falakda shoh uning-chun Mushtariydir.

Yuzi sahni guliston ichra guldir,
Sochining bo‘yi mushki anbaridir.

Uning vasliga kim bir dam erishsa,
Jam’i mulki olamning bori*dir.

Sochining rangidir chun laylatulqadr,
Jamoli nuri shamsi xovaridir.

Azaldan uni sevdim jonu dildan,
O‘ylamasinki, ishqim sarsaridir.

Boqib hayron bo‘lur husninga olam,
Xatoiy xastaning ul dilbaridir.
_________
* B o r i – mulki, boyligi.


* * *

Ishq maydonida har kim jon bilan bosh o‘ynatar.
O‘r yonida g‘amzadir, kiprik-la qosh o‘ynatar,

Shohi mardonning yo‘lida ko‘p kishi bordir vale,
Ofarin ul boshga kim, ming boshga bir bosh o‘ynatar.

Shohga qul, mahram bo‘lib, jonu boshidan kechar,
Sonma* kim yori qoshida tegma farrosh o‘ynatar.
 
Kecha men-la ro‘baro‘ kelgach nigor, bo‘ldi raqib,
Ko‘zlari-la ko‘p ishoratlar qilib, qosh o‘ynatar. 
 
Ey Xatoiy, g‘am yema, chun dushmaning ko‘p bo‘lsa ham, 
Muddaiy doim yiroqdan karpichu** tosh o‘ynatar. 
__________
* S o n m a – o‘ylama.
** K a r p i ch (kirpich) – g‘isht.



 * * *

Ey pari, husning sening joni-jahondan yaxshidir,
Balki, faqat jon emas, jonu jahondan yaxshidir.

Garchi Yoqubni ojiz qildi firog‘i Yusufning,
Za’f ichida ul tag‘in men notavondan yaxshidir.

Maqtamang mohi falakning partavi-ruxsorini,
Ul parining husni mohi osmondan yaxshidir .

Oshiqni vayronadan man’ etma, ey aql ahli kim,
Xastadil Majnunga sahro xonumondan yaxshidir.

Bu Xatoiy soy kanorinda na boqsin sarvgakim,
Qaddi qomati uning sarvi ravondan yaxshidir.


* * *

Ishim ishqingda faryod aylamakdir,
Visoling va’dasin yod aylamakdir.

Xarob etdi, demam, ishqing ko‘ngilni,
Bas, ul vayronni obod aylamakdir.

Bu ko‘nglim odati har tun g‘amingda,
Fig‘onu oh bunyod aylamakdir.

Berur g‘am dilga, oh, ummidi vasling,
Bu rasm ila uni shod aylamakdir.

Xatoiy, qullug‘ing maqbul qilsang,
Bu kun yuz banda ozod aylamakdir.
 

 * * *

Shaho, ne buyursang, farmon seningdur,
Yo‘lingda jonu tan qurbon seningdur.

Xato mendan, afu sendan, ayo do‘st,
Muruvvat konisan, ehson seningdur.

Suvsabdi lablaring Xizri zamona,
Sug‘or, kel chashmai hayvon seningdur.

Sevar bo‘l davlat otini hamisha,
Saodat to‘piga chovgon seningdur.

Malaklar mushtaridir gul yuzingga,
Sur endi, ey qamar, davron seningdur.

Azaldan jonni men qurbon qilardim, 
Qabul ayla, shaho, farmon seningdur.

Eshigingda qulingdir bu Xatoiy,
Nazar qil holiga, hayron seningdur.


* * *

Ko‘ngul, shod bo‘lki, jonon keldi, derlar,
Bu murda jisminga jon keldi, derlar.

Shikoyat qilma sen hijron g‘amidan,
Sening dardinga darmon keldi, derlar.

Bu zulmat jabrini ko‘p tortdi bulbul,
Bahor birla guliston keldi, derlar.

Qumursqa bog‘ladi bel xizmatiga,
Esar yellar Sulaymon keldi, derlar.

Xatoiy, jon fido do‘sting yo‘liga, 
Bu kun do‘st senga mehmon keldi, derlar.


* * *

Holi dilimni bandadan ul yora so‘ylangiz,
Hajr o‘qidan bag‘rim necha bir yora, so‘ylangiz.

Ahvolimni so‘rasa mening ul jafoli yor, 
Zoru nazaru xastayu ovora so‘ylangiz.

Gulgun yonoqlarin g‘amu jabru jafolari,
Qildi havola bag‘rimni yuz pora, so‘ylangiz.

Ko‘p mehnatu jafongizni chekdim, vafo qani?
G‘am haddan o‘tdi, dilbari g‘amxora, so‘ylangiz.

Sahroga soldi ohu chashming Xatoiyni,
Ul bo‘yi zulfi, nofeyi totora so‘ylangiz.


* * *

Mavsumi qish ketdi, davri navbahor o‘ldi yana, 
Majlisi gashtga ajoyib ro‘zigor o‘ldi yana.

Soqiyo, vaqti tarabdir, qo‘lingda tutgil jomi may –
Kim, binafsha mast bo‘lib, nargis xumor o‘ldi yana.

Mavsumi gul keldi, gul-gulshan bezandi bazm uchun,
Bog‘u sahro, jumla yaksar lolazor o‘ldi yana.

Keldi navro‘zu bahoru iydu davri do‘stkom,
O‘r qo‘lidek yer yuzi naqshu nigor o‘ldi yana.

Abri nayson jo‘sha keldi, to‘kdi rahmat yomg‘irin,
Ko‘k yuzidan yer yuziga dur nisor o‘ldi yana.

Bog‘chaga sayrona chiqdi gasht uchun ul gulsiton,
Gul xijolatdan qizorib, sharmisor o‘ldi yana.

Qomating-la bahs etardi doimo ul sarvi bog‘,
Ko‘r, xijolatdan unga manzil kanor o‘ldi yana.

Gul yuzini ko‘rgani ortdi fig‘oni qushlarning, 
Lol ekan bulbullarning savti hazor o‘ldi yana.

Ey Xatoiy, shod bo‘lib, baytulhazondan chiq bu kun,
Bog‘u bog‘cha suviga vaqti guzor o‘ldi yana. 


* * *

Dam-badam yo‘l ko‘zlarman ul suluv yorim kelmadi,
Qolibman qish tashvishida, navbahorim kelmadi.
 
Xiyla muddatdirki, men to ayri tushdim yordan,
Ko‘rmoq uchun haddan o‘tdi intizorim, kelmadi.
 
Toki, ko‘rdim uyquda men ul parishon zulfini,
O‘rniga shundan beri sabru qarorim kelmadi.

Ixtiyorim ketdi qo‘ldan, jonu dildan qo‘l yuvdim,
Ul mening jonu ko‘ngildan ixtiyorim kelmadi.
 
Hasratdir miskin Xatoiy gar misoli andalib,
Husn bog‘ida jamoli guluzorim kelmadi!
 

Ozarbayjonchadan Fayzi Shohismoil tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.