OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vali Xromchoyli (1955)

1955 yil 27 aprelda Sibirda tug‘ilgan. Asli Qazax tumanining Sixli qishlog‘idan. Ozarbayjon Davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan. 1985 yildan "Ozarbayjon tabiati" jurnalida bo‘lim mudiri, mas’ul kotib, direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Hozirgi vaqtda "O‘choq" gazetasining Bosh muharriri.
1980 yildan she’rlari chop qilina boshlagan. Yettita kitob muallifi. Asarlari o‘zbek, rus, gruzin, nsmis, ingliz tillarida chop etilgan. Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.


UMRIMDAN BIR POYEZD KECHAR

Yo‘limga ko‘z tikmish bir temir yo‘li,
Bu kecha umrimdan bir poezd kechar.
Yillarim vagonga yo‘lovchi bo‘lib,
Oh, kechar, umrimdan bir poezd kechar.

Vagonning birida bolaligimdir,
Ko‘nglida o‘ksinish — ne iloji bor.
"Ona" vokzalida to‘xtaydi poezd,
Ona allasiga ehtiyoji bor.

Vagonning birida muhabbatimdir,
O‘zi o‘z yukini ketolmas tortib.
"Hijron" vokzalida to‘xtaydi poezd,
Bir go‘zal ko‘z yoshin qo‘ymagay artib.

Vagonning birida sevinchim, g‘amim,
Ikkisi bir joyga sig‘ila bilmas.
Bulutga qo‘shilib uchgan orzular
Umr poezdiga yig‘ila bilmas.

Shundayin umrimdan kechar bir poezd,
Izlari ko‘ksimda muvoziy o‘qdir.
Oxirgi vagonda umrimning yo‘li,
Hali manzilimning oxiri yo‘qdir.


QAYDADIR

Qaydadir tog‘lari toqqa suyanib
Ufqqa qotilgan bir qishloq yashar.
Men qayda bo‘lmayin, tog‘ning soylari
Fikru xayolimni ul tomon boshlar.

Hozir u yerlarda to‘yi ta’jildir,
Tindi qora surnay bahor kechasi.
Qaydadir visolning yo‘li ochildi,
Keldi sevganlarning izhor kechasi.

Unda bir go‘zalning o‘tdim yonidan,
Dedilar: buncha tez yelajakdir bu.
Hali mudrab yotar hissi, tuyg‘usi,
Uyg‘onib, qaytadan kelajakdir bu.


KO‘NGLIM

Bulut o‘tmas, tuman ketmas,
Bu savdoning guli bitmas,
Visolingga qo‘lim yetmas,
Zorima, ko‘nglim, zorima*.

Qalbimda nag‘mang — og‘rigan,
Hasrat bag‘rimni to‘g‘ragan,
Yetolmading... kim qarg‘agan,
Yoringa, ko‘nglim, yoringa.

Boisi ne — tushunmadim,
Tegib ketmang — ko‘nglim kamdir,
Ko‘ksim ostin yarmi g‘amdir,
Yarmi na, ko‘nglim, yarmi na?

Na iloj, yosh o‘tar beshak,
Yillar ochib borar jo‘yak,
Buni fasli yomg‘ir desak,
Qori na, ko‘nglim, qori na?

Dilimga qayg‘ular solgan,
Avjga chiqib, so‘ng tin olgan
Tegib ketding sen o‘rtangan
Torima, ko‘nglim, torima.
_______________
*Zoriqma, degan ma’noda.

Usmon Qo‘chqor tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.