OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Akbar Risqulov (1953)

ISSIQKO‘L BOLALARI

Qumda qolar ko‘ylaklari, shapkalari,
Qumda qolar daftarlari, papkalari...
Issiqko‘llik bolakaylar suv bag‘riga
Sho‘ng‘ishadi o‘ynab Bola, Oq kemani.

Qurch tanlari to‘lqinlarni borar yorib,
Nima, ular olishganmi qanot taqib?
Zavqingdan-ey, bu bolalar bola emas,
Oltin baliq, Oq bir baliq, Cho‘rtan baliq!

Oltin baliq, Oq bir baliq, Cho‘rtan baliq,
Bug‘u bunda to‘lqinlarni borar yorib.
Bo‘ylirog‘i — Ona-bug‘u shoxlaridan
Cho‘chiganday qarab qolar chetga borib.

Yolg‘on emas, hammasi chin, rostdir bu, ha,
Issiq qumga yastandilar borib, ana.
Faqat bola bolalarday yashay olar,
Biz-chi, katta odamlarmiz... bu begona...

Turfa ermak topar ular bo‘lib to‘p-to‘p,
Qum emas, bu — ko‘m-ko‘k adir... gullari ko‘p.
Ertak so‘ylar Mo‘min cholga o‘xshab biri,
«Juda qadim, qadimlarda, qadimda...» deb.

Ona-bug‘u birovini Buzoq qildi,
Tag‘in birin It qildi va Xo‘roz qildi.
Qurmag‘urlar o‘xshatardi barini zab,
Lek, hech biri o‘ynamasdi O‘rozqulni.

Qumda qolar ko‘ylaklari, shapkalari,
Qumda qolar daftarlari, papkalari.
Issiqko‘llik bolakaylar boqib ufqqa,
Ko‘z toldirib kutadilar Oq kemani.

Mirpo‘lat Mirzayev tajimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.