OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baqtigul Cho‘turova

ONA QISHLOQ TASVIRI

Oyli tunning oqligi,
Suv bilan birga oqquday.
Ko‘kdan tushgan yog‘dudan
Fayzli bo‘lar qapchig‘ay*.

Boqaman tushda yurganday,
Qarag‘ay, archa turlanar.
Shomning muzday bag‘rida
Shovullab Sichqon** surlanar.

Xufton qo‘ndi sezilmay,
Yelvizak qoldi o‘zinmay.
Qarag‘at pishgan jilg‘alar,
Qorayar tunning ko‘ziday.

Oy diydorin ko‘rgali,
Bulut yo‘rtar yaqinlab.
Va osmonning fonusin,
Oldi bulut taqimlab.

Quyoshdan kuch olganday,
Uxlar xarsang toshlar ham.
Cho‘qqilarning soyasi,
Asrga teng alplarday.

Bedananing uyi yo‘q,
“Bit-bildiq” deb o‘tirar.
Qo‘shiq kuylab buloqlar,
Daryo sari qo‘shilar.

Sepoyani yemirib,
To‘g‘onlarga duch bo‘lar.
Chashma, anhor birlashib,
To‘lqin bo‘lar, kuch bo‘lar.

Lov-lov yonar qizg‘aldoq,
Misli fonar qizg‘aldoq.
Ona qishloq fayzidan,
Kim ham tonar, qizg‘aldoq!

SURATDAGI BOLALIK

Bolaliqda tushgan surat,
Olislarda qolganday.
Ming bor ortga qayrilmaylik,
Qaytib kelmas armonday.

Bolalikning chehrasiga,
Keling, bir dam boqaylik.
Xotiralar olamini,
Eslab zavqqa botaylik.

Suratdagi singari,
Soddamidik o‘zi biz.
Ayro tushmay o‘smir chog‘dan,
Yonib turar ko‘zimiz.

Bir-biriga suyanmoqlik,
Yoshlikka xos ixlosdan.
Kiprik qoqmay qarab turar,
Bizni tanib-tanimasdan.

XAYR, XO‘SH

Hayrlashgin men bilan,
Yo‘lga chiqdim topinib.
Ko‘zlaringda yonib turgan,
Ishq nuriga yopinib.

Bir asrga tatigulik,
Quvvat olib ketarman.
Sog‘inchlarga kishan solib,
Jahon kezib o‘tarman.

Qirg‘izchadan Tursunboy Adashboyev tarjimalari.
_____________
* Qapchig‘ay — tog‘ning orasi.
** Sichqon — daryoning nomi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.