OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qodir Mirzaliyev (1935-2011)

O‘rol viloyatining Jimpiti shaharchasida tug‘ilgan. Qozog‘iston Davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Uning ilk asarlari 1954 yilda e’lon qilingan.
1966 yili unga “Xayol armoni” to‘plami uchun Qozog‘iston Yoshlar mukofoti berildi. 1980 yili “Jeruyiq” she’rlar kitobi uchun Davlat mukofoti sovrindori bo‘ldi. “Qozog‘iston xalq shoiri” unvoniga sazovor bo‘lgan.
Uning “Ko‘klam”( 1959), “Jangalaklar”(1960), "Kichkina afandilar”(1963), “Dala diydori”(1966), “Kumush qo‘ng‘iroq”(1970), “Jeruyiq”(1976), “So‘z sehri”(1982), “Eh, kunlar...” (1984) singari bir qator she’riy majmualari chop etilgan, shuningdek, o‘nga yaqin kitoblari rus tilida e’lon qilingan.

YER, VATAN, XALQ...

Meni
ona yerdan ajratish mushkul.
Bu yerdan ko‘klamda ko‘tarilar bug‘,
Uni qoplab yotar
qishda muz va qor...
Men-chi,
shu vatanga, quyoshdan yorug‘
Kutgan bir giyohdek,
doim daxldor.

Meniki
bu yerda har qanday bo‘ron,
Menman — uni kutgan,
Men — bergan bardosh.
Men — tarixda goho dongdor qahramon,
Men — yo‘llarda goho ko‘zlarimda yosh.

Men — bandi asirman,
men — dehqon, askar,
Yaramga tuz botgan —
ko‘rganim sho‘r xok.
Gulgun voha qayda?
Qum yutib aksar
Giyohdek
o‘zimni saqlaganman pok.

G‘anim,
Bu zaminga olaytirma ko‘z,
Xalqning g‘azabiga bo‘lmagin duchor:
Men
ming bir ofatga turib yuzma-yuz,
Yurtimni
ko‘ksimdek asrashga tayyor.

Meni, yuragimda yurtimning aksi, —
Yaratgan qatra nam,
oftob sharbati.
Qonimda — o‘tgan ko‘p quyunlar raqsi,
Jismimdagi jonim —
har qum zarrasi.

Sayroqi qushlarga berdim she’rimni,
Mening qo‘shig‘imdir — qo‘shiq o‘lkasi.
Men
tuyadek kulrang qozoq yerining—
Egasi,jangchisi,
Nor bir bo‘tasi...

Omon Muxtorov tarjimasi.


BUXORO BOZORI

Xayollarim suzib yuksak-yuksakda,
Doston sehri mavjlanadi yurakda.
Ixtiyoring — sayr et qadim qal’ani,
Bozorining gashti lekin bo‘lakcha.

Sanchmish ko‘kka ko‘hna kent minorasin,
Kezar suvlar chamanu gul orasin.
Buxoroning bozoriga kirganingda.
Bu asrni yodingdan chiqarasan.

Tumonatni ko‘rib hech bo‘lma hayron,
Savdogari bir yonda, mijoz bir yon.
Dunyo asli shunaqa — razm solsang,
Birov molin maqtaru birov giryon.

Xalq bozorni sevdi ne-ne asr,
Bormi bunda bir hikmat, bormi yo sir?
Qah-qah urgan to‘dadan senga boqib,
Go‘yo peshvoz chiqadi Xo‘ja Nosir*.

Duch kelib har kun moziy asroriga,
Ko‘z solib Somoniylar mozoriga.
Erta bo‘lsin, kech bo‘lsin — buxorolik
Bir bosh suqmay o‘tmaydi bozoriga.

Yaproqlarga sachrar yoz shu’lalari,
Shahar gavjum bo‘lar tong otgan sari.
Ko‘lankada o‘tirib — bu shaharning
“Bozor-bozor” o‘ynaydi bolalari.

Joy yo‘qdir bunda meni alqamagan,
Qaytmoqtsaman — narsam ko‘p orqalagan.
Moziyning ko‘p qizig‘i tarqab ketgan,
Buxoro bozori hech tarqamagan.
__________
* Nasriddin Afandi.

HUSAYN BOYQARONING VAZIRLARIGA DEGANI

Yuzlashganday haqiqatning o‘zi-la
Ko‘nglim anglar edim uning ko‘zi-la.
G‘urbatlarga to‘la yurak
Har mahal
Poklar edim ulug‘ shoir so‘zi-la.

Goh ruhimda kelsa vijdon junbushga,
Qurbim yetmas edi sobit turishga.
Yolg‘onlarni so‘ylay-so‘ylay,
Axiyri
Qulog‘imni to‘ldirdilar mish-mishga.

O‘kinchdaman, sizlar bois yanglishdim,
Ko‘rsatdingiz uni menga siz, g‘anim.
Astrobod tunlarida
Mung‘ayib,
O‘ltirgandir qayg‘u-alam chekib jim.

Ayon edi menga yovlar dasturi,
Yuragimda qay kudurat sururi?!
Ko‘lankamni tushiribman
Men unga,
Tushardi-ku menga uning dil nuri!

Nomus zahri qo‘ydi meni qizartib,
Bormoqdadir yurakkinam zil tortib.
Shakar, novvot —
Lutfingizda sizlarning,
Navoiy nordon so‘zi menga ortiq!

Bu ne yovuz, taxtga mingan chog‘ingda
Kuyar shohlar nadomatlar dog‘inda.
Nodonlarni mensimaymiz
Nodon deb,
Xush ko‘rmaymiz donolarni tag‘in-da!

Kurashsa gar diyonatni kim suyub,
Guvranamiz dilda unga kin tuyub.
Kechirmaymiz,
Kechirmaymiz biz nechun
Bo‘lsa agar o‘zimizdan sal buyuk?!

Birortamiz Navoiyning tengimas!
Sizlar tugul o‘zim unga teng emas!
O, Yaratgan,
Shundayinmiz nega biz?
O, Yaratgan, shundayinmiz nega biz?

Adolatga pesh edim bir zamonlar,
Bugun esa dilda achchiq armonlar.
Qani endi
Ulug‘ qalbga sadoqat,
Qani endi qilingan ahd-paymonlar?

Bo‘lsam men gar shu taxtning chin egasi,
Qolmagaysiz sizlar aslo jazosiz.
Men sizlarni
Mahv etmasman. ehtimol,
Lekin yiqar sizni imon qasosi!

Saltanatni mudom riyo yemirgay,
Ulug‘likning nuri kerak Amirga.
Bu umrda
Navoiyga qiyindir.
Qiyin ko‘proq Navoiysiz umrga!

TANTI YURAK

Shoahmad ota Shomuhamedovga bag‘ishlayman

Yurtlar g‘amnok. Janglar borar beomon.
Otash ichra qolurmi gul bexazon?!
O‘n to‘rt go‘dak — o‘n to‘rt sag‘ir izillar.
O‘n to‘rt go‘dak — o‘n to‘rt yurak notavon.

Qalb bog‘ini bosgan edi qirov-qor.
Qaylargadir chekingandi gulbahor.
O‘n to‘rt go‘dak — o‘n to‘rt nola betaskin,
O‘n to‘rt go‘dak — o‘n to‘rt murg‘ak nonga zor.

Tevarakda qahatchilik qutqusi,
Ufqlarda kulfat isi, g‘am isi.
O‘n go‘rt go‘dak — o‘n to‘rt sho‘rlik yetimni
O‘z bag‘riga olar o‘zbek hovlisi.

Qirg‘in tugab yurt girdidan ketdi zog‘,
Qetarmikin lekin qalbdan alam-dog‘?!
O‘n to‘rt go‘dak — o‘n to‘rt nihol bo‘y cho‘zib,
Qutli uyni etdi gulshan, etdi bog‘.

Davron kuldi, yillar kechib paydar-pay.
Tanti qalbni tole kutar ekan shay.
O‘n to‘rt go‘dak, ha, Shoahmad otadan —
Meros qoldi xuddi o‘n to‘rt mash’alday.

QUSAM IBN ABBOS HAQIDA RIVOYAT

Ming o‘tinib Jabborga, ming o‘tinib Olloga,
Qo‘lga olib boshini, aylanibdi ro‘yoga.

U o‘lmabdi - shunchaki g‘orga kirib ketibdi...
Ushbu ajib afsona bizgachayin yetibdi.

Bir kuni u muqarrar yana elga qaytarmish,
Yuragida neki bor, dadil boqib aytarmish...

Ibn Abbos haqida yashar shundoq rivoyat,
Ma’nisini anglasang, to‘lqinlangay dil g‘oyat.

Xalqda ezgu umid bu — bo‘lmas dema hech sodir,
Kerak bo‘lsa avliyoni yaratmoqqa u qodir.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.