OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aleksandr Faynberg (1939-2009)

http://ziyouz.com/images/poets/aleksandr_faynberg.jpgAleksandr Faynberg  1939 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Uning   nomi va ijodi o‘zbek kitobxonlari, she’riyat ixlosmandlariga qadrli. O‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari Toshkent, Moskva va Sankt – Peterburgda nashr etilgan. Shoir qalamiga mansub yettita  badiiy filmlar stsenariysi o‘ziga xosligi va hayotiyligi bilan ajralib turadi. Yigirmadan ziyod multfilmlar , nasriy asarlar muallifi. Bu asarlarga o‘zbek  o‘quvchilarning  qiziqishi ham tobora ortib bormoqda. 
Aleksandr Faynberg – katta tarjimon. U rusiyzabon kitobxonlarga ko‘plab o‘zbek shoirlarining ijodi ochib berdi. Moskvada O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning «Ruhlar isyoni» poemasi,  Toshkentda « Oqqushlar galasi» nomli  o‘zbek shoirlari ijodidan qilingan tarjimalar jamlanmasi nashr etildi. Taniqli  shoirning o‘zbek tiliga o‘girilgan she’rlari “Chig‘ir” kitobida o‘quvchilar qo‘liga borib yetdi.
O‘zbekiston xalq shoiri, Kinematografiya uyushmasi a’zosi Aleksandr Faynberg Rossiya Prezidenti Farmoni bilan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarga munosib hissa qo‘shganligi uchun Pushkin medali bilan taqdirlangan (2009 ). Shoir 2009 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.
Shoirning ijodi sermahsul va keng ko‘lamli. Uning she’rlarida rang – baranglik, falsafiylik, teranlik, tuyg‘ular tiniqligi yarqirab turadi. Shoir so‘zni chuqur his etadi, bu hisga o‘quvchini ham hamroh qiladi. U O‘zbekistonda yashadi va ijod qildi. Bu yurtning havosi, osmoni, tuprog‘i, eli, bir so‘z bilan aytganda, butun borlig‘i shoirga she’r qadar, qalb qadar aziz. Bu shoir satrlarining, asarlarining haroratida bor bo‘yi bilan ko‘rinadi, bo‘ylari nafasimizga uriladi. 

***

Suzayapman, muhabbat, olis
Gulxanlardan o‘rlaydi tutun.
Sendan bo‘sa oladi yulduz,
Bu qirg‘oqdan ketaman bugun.

Qirg‘oqqa tashlayman langarcho‘p,
Izmiga soladi moviy suv.
To‘lqinlari yugurik, to‘p – to‘p
Daryo tubi – adabiy g‘uluv.

Daryo bo‘ylab oqim betizgin,
Tikilasan samoda – qushlar.
To‘lqinlar ham   ayriliq hissin
Sezgan kabi bir – birin ushlar.

Sirg‘aladi bo‘zlaring qaynoq,
Ko‘rinmaydi gulxan tutuni.
Bulutlarning ortida – qirg‘oq:
 — Kechir! – ko‘kka sig‘maydi uning. 

QOR UCHQUNLARI

Moskvada yanvar.
Bo‘ron jaranglaydi yerosti bo‘ylab.
Qayoqqa, sevgim?
Markaziy telegraf. Har bir zinada 
qotib qolgan ayoz moviyrang.
Ularni oralab
chiqaman peshvoz –
odam to‘la shahar.

Yanvar qori labni kuydirar,
Fonuslarga urilib chirs – chirs,
erosti yo‘lidan o‘tadi uchib.
Sen u yerda yo‘qsan –
hammayoqdasan.
Sevgim mening. Eng so‘nggi sevgim.
Suvorov hiyoboni.
Qorlar uyumi.
Yurak hapqiradi parvozdan.
Ko‘rayapman –
Arbatga yo‘l olding, yoshligim.
Tortqilaydi paltong etaklarini
Sochilib – sochilib ketayotgan qor.

Moskva uzra qor. 
Sumkalar uchar.
Ko‘z oldimda –
jilvagar muz kamar.
Yelkangda  —  tasmasi nafis sumkachang
qadamlaring bilan chayqalib borar.
Qor bosadi cho‘yan panjaralarni,
haykallarda  —   kumush qor po‘stin.
Har lahza, har nafas erib ketadi
oppoq qor uchquni qo‘lqoplaringda.
Seni ko‘rayapman,
Biroq – sen yo‘qsan.

Sheremetevo – yanvar o‘rmonlarida.
Balandlab boradi uchoqlar
Yo‘l solib –
Nyu – York, Amsterdam.
Suxandon yapon tilida:
“Tokioga qo‘ndik!” —  beradi xabar.
Shundayin kichik yer  — 
shuncha ko‘p davlat!
Sen esa  —  yolg‘izsan. 
Hech qaerda yo‘qsan – hammaerdasan.

Bo‘lmaganda edi shu yanvar qori,
muzlayotgan bo‘ron, aldov va riyo,
ayozning afsungar suvratlarida
dunyoda yo‘qliging bilardim.
Ammo 
qor yog‘ar ajoyib yoshlik chog‘larday.
U sensiz  —  hechdir.

Voykovskiy, ehtimol, Tagan
erostida yo‘lida mayin yel
sochlaringni shovdiratadi.
Shovqin solib moviy eshiklar
ho‘rsinib – ho‘rsinib qo‘yadi og‘ir.
Olislaysan marmar ustundan,
 seni olib ketadi poezd.
Tikilasan – oynada aksing,
yonoqlaringda
erib ketar qor parchalari.
Sen bunda – yo‘qsan. – Hammayoqdasan.

Qor esa uchadi shaharlar bo‘ylab –
Olma  —  ota, Aktyubinsk, Toshtagul.
Cho‘llarda g‘uvillar yuk vagonlari.
Tomlarda – Estoniya yo‘l ko‘rsatkichi
g‘irchillaydi oqish charx kabi.
Yaltaning qumqirg‘oqlarida
dengizdan sapchiydi yanvar shamoli.
U yerda ham yo‘qsan  —  hammaerdasan.
Aylanar, aylanar Moskva bo‘roni
Yo‘l oladi vokzal minorasiga.
Ko‘kka ko‘tarilar betakror ohang,
Tilga kirar sof kumush naylar.
Bu  —  umid singari ajib va mangu,
Bu dunyodan hech qachon ko‘chmas.
Sen bunda ham – yo‘qsan.
Lek nechun
Eshitaman  zanjir ovozin
ayriliq aralash, qorlar aralash.

Shu oppoq qishda uchib ketayotir,
Yorug‘ do‘konlarning oynaklariga
urinib – urinib jaranglayotir,
enayotir archa shariga yog‘du
senga ishonganim kabi yoshlikdan.
Sen bunda – yo‘qsan. 
Na qo‘ling, na labing,qaynoq nafasing,
Na qiyiq ko‘zlar.
Sen – yo‘qsan.
 Lekin – hammayoqdasan.

Yana jimib qolar ko‘tarilgan qo‘l.
Poshnalaringdan uchib – qo‘nayotgan
Qorli changlar  —  yulduz to‘la yo‘l.
Shom tushib kelmoqda. Yer bag‘ri  —  yanvar.
Archamdagi sharda  —  ayoz yulduzi.
U meni chorlaydi bo‘ronlari sari,
Seni uchratarmu? Ortingdami u?
Kechir, bilolmayman qachon, qaerda  — 
Uchrasharmiz yo?
Qorni tebratadi olis ko‘priklar.
Samoga o‘rlaydi qor uchqunlari –
ulkan parvoz oldidan
so‘nggi yo‘lga chiqayotgan
qush qanotlari.

***

Ko‘klam o‘tdi  —  qabristonga kelmadim,
Bo‘sag‘ada ko‘zim tushdi nogohon
Ko‘kdan tushayotgan qormas, bilmadim,
Onamning ro‘moli edi shodumon.

Yoxud ko‘zlarimga ko‘rindimi u,
Hovlimda  —  noyabr. Sezdim bu damni  —  
Tug‘ilgan kun. Tug‘ilgan kun edi bu –
Noyabr –  tavallud oyi onamning.

***

Besh daqiqa qoldi parvozga,
Yurak – kukun. Andak  —   tutunda.
Seni olib ketolmayman, bu –
Ehtimolki, so‘nggi parvozim.
Bilsang, oddiy haqiqatim – shu.
Men yo‘l olgan, ko‘zlagan o‘lka
Seni bilmas, kutmaydi, erkam.
Quyosh nuri. Illyuminator.
Oqar sokin havo to‘lqini.
Qo‘ling yozib hayqirding so‘ng bor:
 — Qayga? – uqdim labingdan buni.

G‘ildiraklar,  yelar yo‘laklar,
Qanotlarda shovullar ayoz.
Seni sevib qoldim shu yerda,
Savollaring – hamrohing yolg‘iz..
Qolasan – sen bilan vafo, xiyonat,
Qolasan – sen bilan saodat, hasrat.
Yurak  bo‘m – bo‘sh, unda topilmas
Zarra nafrat, zarra marhamat.

***

Bu tovushni angla – qanotlar sozi,
Yerostidan to‘lqinlanib bo‘ylaydi.
Sargardon qushlarning tungi parvozi
Oy nuriga bo‘zlarini iylaydi. 

Erib bitmasidan ovozni ilg‘a,
Bu – biz yer tubiga sochgan baxtu g‘am.
Quchib o‘tayotir ko‘zlaring ilg‘ab,
Enayotir kuzning vidosiga ham.

Hali anglab yetmay bir – birimizni 
Qish kelar, qor bosar bor sirimizni.

QORALAMALAR QASIDASI

Shoir, shu borliqda tong chog‘i ochil,
Boshqa yo‘l tanlama qabrga qadar.
Yerning jamoliga maftun, oshiq bo‘l,
Sevib – sevib kuyla, tangri madadkor.
Biroq,shoir, oqqa ko‘chirmalaring
Bari ham diltortar, jilvagar dema.
Sirtga qalqib chiqar barisi bir kun.
Bir umr qulflangan qoralamalar
Kabi hech kim senga bo‘lolmas sodiq.
Unda – kitoblaring qoni, tomiri,
U – ijod, jasorat, yo‘lboshchi yoniq.
Ular olib kelar senga shon – shuhrat,
Tungi qoralama –  ko‘z yoshday egik.
Qoralama... oddiy ko‘rinar, hech vaqt
Hiyonat qilmaslar – kechirmaslar lek
Axir, bunda so‘zlar, harflar emas,
Ko‘zga ham ilg‘anmas yulduz tovushi.
Unda – Haqqa yetar ko‘rinmas rishta,
Shoir, shu rishtani asra, albatta.
Yodlamoq mumkindir she’rlarni
Ammo –
Lahzalar betakror sado.
So‘zlar, qofiyadosh emassiz,asli  —  
Qondosh og‘a – ini.
Men parvoz tilayman sizlarga baland,
Ko‘zni yummay turib yoqib bo‘lmaydi
Faqat, faqat qoralamani.

***

Men kimdan minnatdor bo‘layin, kimdan  —  
Borlig‘imda hamon yashaydi tirik
moviyrang va munis bu  aziz hovlim,
eshiksiz pod’ezdlar,
 nastarin devorlar.
Yuragimda sevinch, qayg‘u yugurik –
Men kimdan minnatdor bo‘layin, kimdan?
 
Onamga aytaman: 
 —  Tezda qaytaman.
Ko‘rshapalak qanotidan uzilar shamol.
Chordoq derazasi. 
Undan  —   tomga bemalol.
 Jaranglab ketadi qizigan  temir.
Boshim uzra – tubsizlik emas,
 men tubsizlik uzraman go‘yo..

Borliq –betin. Ko‘rinmaydi tun.
 Oqadi shomlar.
Yulduzlar charaqlar tiniq va nekbin.
Ayvondan sas kelar:  —  To‘qqiz… uyga kir…
Onamni aldayman:  —  Hozir, ha, hozir…

O‘sha tomdan tushib bo‘lmas
Qabrning lavhi qadar.
Qirqdaman… 
Unda hali to‘qqiz bo‘lmagan…
Undan ketmas bahor, vaqt ham bekadar.
Ayvon va moviylik.
Onam ayvonda…

***

Tubi yo‘q dengizdan boq
Yulduzlar yorug‘, chaqnar.
Chetlari qirra yaproq,
She’rim asra jon qadar.

Aytib bo‘lmaydi barin,
Hayot satrin bit, qalbim.
To‘qayzor so‘qmoqlari,
Ko‘l qamishzori kabi.
O‘rmon yalangliklari,
Qushli, bulutli, sayroq
She’rlarim borgan sari
Sen bilan qondosh, yaproq.

Avlodlarga pok hissim
Eltib berguvchi sasim – 
Shamol, barglar, dengizim
Tabassumi, nafasi.

***

Nelar ro‘y bermoqda men bilan, bilmam,
Vaqt otni surdimi aziz mukarram.
Qirq yoshimda o‘ttiz yoshday shod, xurram,
Ellikda – ellikning yarmiday ko‘rkam.

Tasavvurga sig‘mas qaysi xato yo‘l,
Gunohlarim chizib borar taqdirim.
Men yosharib borayapman yilma – yil,
Do‘stim, nima kutar mendan oxirim?


KENGLIK

Na go‘zal dalalar! Maysalar toti!
Onam izlarida – og‘riq beadad.
Tiz cho‘kib o‘tadi endi  hayotim
Onamning hayoti oldida abad.

***

Blok – bu, yuksaklik. Beqiyos shoir.
Asli, biz – yerliklar taqdiri o‘zga.
Adabiyat derlar. Bu ham menga sir,
Halovat topilmas, huzur yo‘q bizga.

O‘ngda tush ko‘ramiz – riyo va sevgi,
Yuz – ko‘zga tepinar janglar tuyog‘i.
Kurash tinmas. Sendan ayrilmas sezgi – 
Oromni tushda ham ko‘rmayman chog‘i.
  
***

Kimni suyding o‘tli diling yaralab,
Kelmas huzuringga yillar oralab.

Faqat ba’zan – ba’zan qay bir go‘shada
Bir juft bayt to‘qiysan, ana o‘shanda

Tillaringdan ko‘chgan so‘zlarni yona
Kimdir eslab qolar, unutar yana.

Nahot shuning uchun yashading uzoq?...

***

G‘amg‘in tortar tiniq ko‘l bu choq
Kuz singari tund, bulutli yoz.
Yalangliklar titraydi olis,
Yomg‘irlarda iviydi tuproq.

Qorovulning derazasiga
Yel urilar, qushcha bo‘zlagan.
Quloq tutdim meni izlagan
Bargsiz butoq, xotir sasiga.

Qarshilayman  qarg‘alarni ham,
Namxush havo,  dalalar horg‘in.
Otar tonggi bo‘lolmas to‘lg‘in
Kim o‘tmishin unutsa  bu dam.

Sovuq yomg‘ir tinmas zulmatda,
Olis, chekka, xilvat makonda
Baxtiyorman uchratgan ondan,
Seni topib bergan fursatdan.

Minnatdorman kulrang kunchiqar,
Mudrayotgan ko‘l uzra xurram,
Qo‘nish joyi bo‘lmagan dalam
Bo‘ylab uchgan uchoqqa qadar.

***

Umring bo‘yi ishonging kelar
Buyuk bo‘lib tug‘ilganingga.
Farishtalar ishora qilar
Deya  ko‘kdan sen kelganingga.

Umr o‘tdi. Chang – to‘zon aro
Bilmay bormi yo eding yo‘qdan.
Yerostiga chorlaydi sado,
Lek ishorat bo‘lmadi ko‘kdan.

***

Kechikadi poezdlar ba’zan,
Uchoqlar ham kechikar, ammo
Chin kulfatdir mabodo inson
Aytar so‘zi kechiksa, illo.

O‘chib qolgan gulxanday g‘amlar,
Tambalangan oynaday bu kez
Uni kecha kutgan odamlar
Kabi so‘z ham bo‘zlaydi yolg‘iz.

Olis boqqan o‘rmonlar ichra
Ma’yus tortar olis yo‘l pinhon.
Saf – saf tortgan qabrlar uzra
Manzili yo‘q, cheksizdir osmon.

***

Quvonchni ham, qayg‘uni ham qo‘y,
Ortingga bir qarama – o‘tgin.
Neki bo‘lgan bo‘lsa – unutgin,
Xayolingda ro‘yolarni suy.

Achinmagin o‘tar shuhratga,
Kuzgi titroq kezgan o‘rmonda
Ko‘mma berib savol har onda
Bu maysalar, toshni hasratga.

Yovshan isli yellarni simir,
Yodingda tut gar shoir bo‘lsang – 
Bu dunyoda nima bor bo‘lsa,
U dunyoda bo‘lmaydi, axir.

***

Bu dunyoda ajib bir uy bor,
Unda jamdir do‘stlar baxtiyor.

Derazada – ko‘klam, nastarin.
Kimdir kuylar. Gurillar kamin.

O‘rtada – jom. Yorug‘dir bag‘rim,
Unda meni eslatgin, Tangrim!

***

Aprelgacha, alvido.
Ochilgan qo‘llaring – visol.
Uyum – uyum qor uchqunlari
sevgiling kaftidan bir umrga
uchib ketayotir.
Aprelgacha, alvido.
Yangi nastarinli bog‘
hidlari anqiguncha
kezindik 
qorda, quyoshda.
Omon bo‘lsin sodiq do‘st  —   shahar.
U bizni boshladi,
sirlarimiz – qalbi.
Qo‘llarida tutdi bizni 
og‘riqlari nafis mo‘‘jiza kabi.

Seni eslab… unutaman ham…
Ko‘z o‘ngimdan ketmaysan xurram –
bargsiz daraxtzorda,
quyosh nurida
sevgidan baxtiyor.
Yelkangdagi yopinchig‘ingda
yarqiraydi yanvar quyoshi.
Bu ayriliq ishq edi, asli.
Lablarda muzlagan bo‘salar yoshi.
Aprelgacha, alvido.
Bu aprel ikkimiz uchun ham –
qaytmaydi,
qaytmaydi,
qaytmaydi.


OY MANZARASI

Tungi osmon chetida turib
Baliqchi jim, yolg‘iz o‘y surar.
Yelkasida yoyilar to‘ri,
Oy nurida borliq yarqirar.

Osiladi yulduzlar to‘rga,
Kumush qayiq, hovuch – hovuch zar.
Eshkaklarni ko‘mgancha nurga
Mavjlanadi parsimon qumlar.

***

Meni deya chekma iztirob,
Yashayapman mag‘rur, qaddi tik.
Yelkam tutar sobit Ishonchim,
Yorug‘ kunlar qarshimda  —    tetik.

Kengliklarda goh yomg‘ir, shamol,
O‘rlar bo‘m – bo‘sh dala o‘tinchi.
Yuragimga bargsiz shoxlardan
Mo‘ralaydi Umid sog‘inchi.

Ishonaman, umid uzilmas,
Zinalarda – hayotim izi.
Taqdirimni men — la bo‘lishar
Olis, achchiq Muhabbat hissi.

Xusumatdan xoli dil toza,
Alam, hasrat sezinmas aslo.
Moviy ko‘kda tiniq yulduzim
Oydin yo‘lga boshlaydi, illo.

Oygul Suyundiqova tarjimalari

 

Uchrashuv

Uchrashuvga va’dalashaylik,
Uchrashmoqlik emas-ku gunoh.
Qaygadir bosh olib ketaylik,
Odamlarning ko‘zidan uzoq.

Gitara va skripka jo‘r,
Sekingina taralar navo.
Ne tilasang, ofitsiant momo
Bir lahzada aylar muhayyo.

Sachrab o‘ynar qordek ko‘piklar
Shampan-sharob ochilgan zamon.
Betashvishdek tuyular hayot,
Bo‘lmagandek go‘yoki armon.

Sharob g‘amni yuvar ko‘ngildan,
Qanotlarin yig‘ib ohista,
Muhabbat va ishonch ikkovlon
Yonimizga o‘ltirar asta.

Ishonch birla, muhabbat birla
Suhbatlasha olmaymiz ro‘yrost.
Ikkimizda hamma narsa bor,
Faqatgina umid yo‘q, xolos.

 * * * 

Axir, menga kimlar ishongandi-ya,
Pinhon umid qilib yurakka malham?!
Maysalar, hayvonlar ishongandilar...
Menga ishongandi onajonginam.
Erkinlik deb barin boy berib qo‘ydim.
Onam qabri uzra yuzlarim shuvut.
O‘t qo‘ydim, maysalar qovjirab kuydi,
O‘q otdim, hayvonlar bo‘lishdi nobud.

Qushdek erkin bo‘ldim, mana, nihoyat.
Kishandamasman-ku bamisoli qul?
Bolaligimdagi so‘lim tabiat
Nega tushlarimga kirmaydi nuqul?

Qancha mamlakatlar tushdi kulfatga,
Ummonlarim qani? Qani dengizim?
Boqdim osmondagi noxush kalxatga,
Asli shu kalxatni uchirgan o‘zim.

Oyog‘im ostida yerlar sho‘r, taqir,
Ketyapman yelkamda safar xaltam shay.
Uyatdan yuragim o‘rtanar, axir,
Issiqda tashnalik qiynar ayamay.

Buloqqa tiz cho‘kib, egilib pastga
Chol kabi suv icha boshlayman uzoq.
Suvdagi aksimga qo‘shilib asta
Yer qa’riga singib ketadi buloq.


 So‘z

Poezd kechikishi oddiy voqea,
Samolyotni kutib ichikadi ko‘z.
Haqiqiy baxtsizlik, katta fojia –
Mabodo kechiksa kutilyotgan so‘z.

So‘ngan gulxan uzra bo‘lgandek pushmon,
Kimsasiz kulbaga boqqandek mahzun
Kechikkan so‘z g‘arib, yig‘laydi yomon,
Uni kecha kutgan odamlar uchun.

Kechikkan so‘z bois o‘rmonlar yetim,
Bepoyon yerlarning peshonasi sho‘r.
Qabrlar qoshida so‘z ham beso‘z, jim,
Ruhlar bezovtayu qismat ko‘zi ko‘r.

 
 * * * 

Besh daqiqa qoldi uchib ketaman,
Yurak kulga to‘ldi, o‘pka tutunga.
Eng baland manzilni ishg‘ol etaman,
Yolg‘iz tashlab ketgum seni ochunga.

Bu, axir, juda ham oddiy haqiqat,
Tortqilayvermagin yomg‘irpo‘shingni.
Men uchib borayotgan olis mamlakat
Senga to‘g‘ri kelmas, yig‘vol hushingni.

Illyuminatorga quyosh sochar nur,
Radar to‘lqinidan o‘zadi parvoz.
– Qayoqqa? – Lablaring qimirlar og‘ir,
Qo‘l siltaysan, chiqmas shovqinda ovoz.

Yerga tegmay uchar yelgan g‘ildirak,
Qanotlar ostidan ko‘tarar shamol.
Savoling havoda qolar muallaq,
Sevgilim, sevilgan go‘shangda xush qol!

Xush qol, ey sadoqat, xush qol, xiyonat,
Xush qol, baxt va shodlik, xush qol, qayg‘u-g‘am.
Xush qol endi nafrat, xush qol, muhabbat,
Zor emasman endi hatto senga ham. 


 Varaq

Yulduzlarni asraydi falak,
Teran dengiz asrar durlarni.
Daftarimdan yirtilgan varaq,
Asragin men yozgan she’rlarni.

She’r – nafaqat o‘qimoq, uqmoq,
She’r – yurakda yangragan tovush:
Qutqargandek taygada so‘qmoq,
Tebrangandek ko‘llarda qamish.

Har satrim – jon, har she’rim – yurak,
O‘rmon, qushlar, bulutlarga xesh.
Daftarimdan yirtilgan varaq,
She’rlarimni asra peshma-pesh.

Avlodlarga kelmasin malol,
She’rlarim g‘am chekmasin nochor,
Shamol, dengiz va yaproq misol
Nafas olsin, kulsin beg‘ubor.

 Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi
 

Chig‘irning tushlari

* * *

Hilol yog‘dusi. Bir oz titrab, keng hovliga tushadi, quyoshga qaratib solingan ayvonni yoritadi. Tomorqa chetidan oqib o‘tgan ariq yoqasida esa kattakon yog‘och g‘ildirak aylanadi. Bu chig‘ir.
U o‘zining girdiga aylantirib bog‘langan xumdek chelaklari bilan ulkan ariqdan suv chiqaradi. Obdovi pastga yo‘naltirilgan novdan poliz ekinlarining jo‘yaklariga, devorning naryog‘idagi dalalarga N2O oqadi. Yer suv ichadi. Tun yarmidan oshganda chig‘ir to‘xtaydi. Falakdagi hiloldan uning uyqusiga tushlar enadi.

* * *

Shahar favvorasining shalolalari otilib tushgan marmar hovuzlar ichidan... tog‘lardagi sharqiroq irmoqlar quchoqlab oqqan xarsangtoshlar orasidan... tip-tiniq ko‘l bo‘yidagi plyajning shag‘al to‘shalgan qirg‘og‘iga... ular yugurib chiqib kelishadi — qora sochli yigitcha bilan zar kokilli qizgina. Ikkisining oqqush qanoti misol keng yozilgan qulochlaridan taralar — kamalak, kamalak, kamalak...

* * *

Ikki ayg‘ir va bir axta ot tuyoqlari ostida chaqir toshlar shiqirlaydi. Pomir etaklari. Yosh texnik-topograf olg‘a borayotgan so‘qmoq. Ha, aytmoqchi, bu mening o‘zim. Yonimda hamrohlarim Anvar va Borya — yer satxini o‘lchash uchun darajalarga bo‘lingan maxsus tayoqlarni ko‘tarib yuruvchilar. Egarga osilgan qoplarda otlarning yemi — suli. Yana uch kishi o‘n kun yeyishga mo‘ljallangan konservalar va qotgan non. Ammo gap bunda emas. Gap shundaki, tog‘da kun juda tez botadi. Qorong‘uda esa, o‘ru daralar orasidan bironta buloqni izlab topish amri mahol. To‘satdan kun issig‘ida chanqagan uch ot gijinglab o‘zini suv to‘la novga urdi. Tog‘lik sangtaroshlar yasagan ushbu tosh nov ichiga uchta ot tumshug‘ini suqib, bo‘kkunicha suv ichdi. Xolbuki, otlarni bunday sug‘orish mumkin emas. O‘rga chiqishda terlagan jonivorlar ustidan jabdug‘ini olmasdan ayilini sal bo‘shatib qo‘yib, bir-ikki soat sovutish lozim. So‘ngra qancha suv ichsa ham bo‘laveradi. Ammo qayoqda? Bu holatda suvdan boshqa hamma narsa xayolimizdan ko‘tarilgan edi. Qizig‘i, bizning o‘zimiz ham egardan tusha sola boshimiz bilan tosh buloqqa “sho‘ng‘idik”. Bunday suv ichish bizga ham, otlarga ham halokat keltirishi mumkin edi. Natijada 32-topografik bo‘linma rahbariyati prokuraturaga bizning guruhimiz shaxsiy tarkibi va otlarning o‘limi haqida dalolatnoma yozib topshirish uchun ko‘p narsani to‘qib yozishi kerak bo‘lardi. Ustiga ustak, Vorobey va Festival — biz ayg‘irlarni shunday atar edik — suv ichib bo‘lib, bir-biri bilan olishib ketishdi. 32-bo‘linma rahbariyati mendek bir yosh bolaga ikki ayg‘irning taqdirini ishonib topshirayotganida qanday “yaxshi va shirin so‘zlar” bilan siylashganini esladim. Endi naq baloga qolaman deb o‘yladim. Hatto Barkovning “muloyimgina” nigohini tanamda his eta boshladim. Xayriyat. Borya bilan Anvarga rahmat. Ular ayg‘irlar jangini to‘xtatib qolishdi.
Har birimiz o‘z chodirchamizda soat beshga qadar tosh qotib uxladik. Tong-saharda esa quyosh nurlari bizni uyg‘otdi. Hammasi yana yangitdan boshlandi. Belgilangan nuqtaga qadar — yarim kun. Teodolit bilan ishlash — o‘n minut. Navbatdagi nuqtaga qadar esa — yana yarim kun. Huv pastlikda o‘ynoqlab oqayotgan daryocha ko‘rinadi. Faqat suvning shovqini bizga eshitilmaydi. Bizning ham, otlarning ham lablarimiz qovjiragan. Tashnalik. Tashnalik.
O‘n kundan so‘ng qarorgohimizga qaytganimizda esa, o‘zimizni otning ustidan tappa tashlab daryoga yugurdik, yotib olib suv ichdik. Yutoqib ichdik. Uzoq ichdik. Shundoq yuzimizga, kipriklarimizga tegib turgan suvga qaraganimizda, daryo sarobi yanglig‘, bu damdan minnatdor nigohlar... otlar bizga boqib turar edi.

* * *

Rang-barang kamalak, quriyotgan Orol. Halokatga yuz tutgan dengizni qutqarish uchun harakatlar boshlandi. Biroq baliqlar va kemalarning qumlarda qolib ketgan ustixonlariga qaytadan “et” bitmaydi. Planeta fojeasi. Rus donishmandlaridan biri dengizni qutqarish uchun “Shimoliy Muz okeanidan aysberglarni vertolyotlarda tashib keltirib, Orol havzasiga tashlash zarur”, dedi.
Naqadar donishmand u. Ilya Muromets. Uyg‘ondi-ya. Anasteziya, azizim, mehribonim, qaydasan? Uni yana sakkiz yuz yilga uxlatib qo‘ygin.

* * *

Suv, suv...
Burun onam meni “O‘n uch” deb nomlangan badiiy filmni tomosha qilishga olib borgandi. Ushbu “lenta” hayotimning o‘n to‘rt yoshdan o‘n to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan yillarini bashorat qilishini qayoqdan bilibman o‘shanda. Ha, mayli. Ekranda qizil armiyachilar ot chopdiradi, cho‘lda bosmachilarni ta’qib etadi. Buning menga nima aloqasi bor? E, yo‘q, Qizilqum cho‘llari bolaligimda suv haqidagi kinoni bejiz tomosha qilmaganimni eslatib qo‘ydi.

* * *

U yoqda, ikki o‘smir-yoshning og‘ushidagi kamalak jilolari ortida cho‘lning saroblari suzadi.
Narimon Saidgaraev, Tolik Sluchenko, Ilyusha Soy, albatta ular bilan birgalikda kamina, qizil rangli qumlar oralab borayapmiz. O‘lgudek chanqaganmiz. Birdaniga yonib yotgan osmonga tutashib ketgan barxanlar orasidan triangulyatsion punktning uchburchak yog‘och minorasi tagidan quduq chiqib qoldi. Yaxshiyam suvi qurib qolmagan. Zo‘r! Zanjir o‘ralgan g‘altak qo‘ndog‘ini aylantiramiz. Quduq tubiga yetganda paqir sharaqlab suvga tegadi. Ko‘zlarimiz chaqnab ketadi. Suv to‘la chelakni tortib chiqarayotgan g‘altak g‘ichirlaydi, zanjir shiqirlaydi. Nihoyat mana — ko‘zimiz to‘rt bo‘lib kutgan pachoq paqir. Limmo-lim suv. Ammo irib ketgan suvning sassig‘idan o‘zimizni orqaga tashladik. Ha, bunday suvga qo‘l tekkizish ham xavfli. Hozirgina qo‘limizga ushlagan pachoq paqirni quduq yaqinidagi ko‘hna qabrlarning nafasi to‘ldirib turganday edi.
Osmondan +50, quyoshdan esa +70 harorat qizdiradi. Cho‘lning hovuri bijirlab turgan yerda kichkinagina vodiy, qo‘ylar suruvi va o‘tov paydo bo‘ldi.
— Aka, suv bormi?
— Yo‘q...
Biz holdan toyganmiz. Cho‘pon esa bamaylixotir so‘z qotadi:
— Ayron bor.
O‘tovning orqa tomonidagi yer tagidan muzdek ayron to‘la mesh keltiriladi. Xudoga shukur! Sopol kosaga qulqullatib najot quyiladi. Biz aql bovar qilmaydigan va zoriqib kutilgan ichimlikni sipqoramiz.
Cho‘pon ayron evaziga hech narsa so‘ramaydi. Minnat qilmaydi. U o‘tov ichidan yugurib chiqqan bolalariga mamnun boqadi. Men esa hayratdan yoqamni ushlab qolaman. Tasavvur qilasizmi — qora sochli qizchalar, sariq sochli o‘g‘lonlar. Ularning orqasidan choponning xotini chiqadi. Nemis ayol. Beixtiyor oh deb yuborasan. Bo‘g‘zimdan shu so‘z otilib chiqdi: “Oh!”
Cho‘pon qaysi millatdan ekanini bilmadim. Balki o‘zbekdir, qirg‘iz yoki qozoqdir... Buning ahamiyati nima?
Ammo ayron... U bizning jonimizni kiritdi. Odamning yaxshiligi meningdek o‘n yetti yashar yigitning yuragida qoldi.
Men senga ta’zim qilaman, cho‘pon!

* * *

Yechimi mushkul suv muammosi. Oh, yechimi mushkul! Unda oynadagi kabi odamlarning qalbi aks etadi.
O‘zini mashhur shoir deb biluvchi tanishlarimdan biri “temir panjaralar” davrida komsomol xodimi sifatida turli mamlakatlarga sayr etib yuradi. U sayohatchilar avtobusida Adriatika tomonga yelar edi. Shuni aytish kerakki, o‘sha shoir mutaxassisligi bo‘yicha vrach edi. Xuddi Chexov misoli, tushunayapsizmi? To‘satdan o‘sha avtobusda ketayotgan sayohatchi ayollardan birining tobi qochib, ahvoli og‘irlashib qoldi. Shuni aniq bilamanki, uni qutqarib qolish uchun suv zarur edi. Baxtga qarshi hech kimda bir qultumgina suv topilmadi. Haydovchi gazni oxirigacha bosdi. Ayolning hayoti xavf ostida qolgan edi-da. Xudoga shukur, haydovchi o‘z vaqtida bir yugoslav qishlog‘igacha yetib keldi. Qisqasi, ayolni o‘ziga keltirib oldik. So‘ngra avtobus marshrut bo‘yicha o‘z yo‘lida davom etdi. Mening haligi tanishim — shoir va vrach — sumkasidan bir shisha idish chiqarib, qopqog‘ini ochdi va bemalol koka kolani g‘o‘ltillatib icha boshladi. Avtobusda ketayotganlarning hammasi unga qarab qotib qolishdi. Boshqalardan oldinroq o‘ziga kelgan kimdir so‘kindi:
— Ablah ekansan...
— Siz suv so‘ragandingiz-ku, — dedi ko‘k ko‘zlarini miltillatib vrach-shoir.
Mana sizga N2O! Mana sizga Gippokrat qasami! Mana sizga vijdon, odamgarchilik o‘lchovi!
Ha, o‘lchov.
Ushbu o‘lchovga nafrat tufayli efir radio va televidenie diktorlarining xavotirli ovozlari bilan to‘lmaganmikin? Shu bois gazeta-jurnallardagi fojeaviy fotoreportajlar ko‘zimizga ignadek sanchilmaydimi?
“Xitoyda to‘fon. Odamlar ko‘chirilmoqda...”
“Tayga yonmoqda...”
“Stavropolda suv toshqini... Quduqlarga balchiq to‘lib qolgan... Ichimlik suvi yo‘q...”
Eshitmaslik, ko‘rmaslik mumkin emas. Sibirda — Venetsiya. Qo‘rquvdan hurkkan sigirlar ortilgan chandolalar — qayiqlar. Hoy, Amerika, BMT, Yevropa, Hindiston — mening tahlikali dunyoim. Terror, zo‘ravonlik, milliarderlar, tilanchilar, shou-bezorilar bilan to‘lgan dunyo!
Tushunish qiyin seni, Ona sayyora!
Qanday gunohimiz uchun jazolanayapmiz? Shaharlar suvga g‘arq bo‘lmoqda, o‘rmonlar esa, yo Alhazar, alanga ichida. Yong‘inni hech narsa bilan o‘chirib bo‘lmaydi. Maxsus samolyotlar yetmaydi. Bu ne hol? Yetar, bas. Xudoni bezovta qilishga qanday haqqim bor? Balki menga ham, senga ham, hammamizga ham aqlimizni ishlatib iloh in’om etgan quduqqa tupurish mumkin emasligini anglash fursati yetganmikin? Jang qilish kerak emas, ishlash kerak. Axir vaqt beshafqat — hayot g‘animat. Sen ham, men ham, hatto diniy konfessiyalar va yer yuzi davlatlari rahbarlari ham buni unutmasliklari zarur. Mana, neft bilan zaharlangan dengizlar, radioaktiv to‘lqinlar qirg‘oqqa chiqarib tashlagan delfinlar, kislota yomg‘irlari. Bularning barchasi bizning — odamlarning qilmishi. Shuning uchun suv ham goh daryo va dengizlardan qochib, goho shahar va qishloqlarni g‘arq etib, isyon ko‘tarmoqda.

Yulduzga urildi chap yondan kema,
Palubaga qadar g‘arq bo‘ldi o‘ng yon.
“Kemaga tushganning joni bir”, demak —
Ikkov pichoqlashsa, falokat ayon.
O‘zaro kurashdik. Kompasni, essiz,
Sindirdik. Kemada qon to‘kdik nahot.
Yana qasd olishni o‘yladik-da, biz
Kemani asrashni unutdik, hayxot!
Shamol qoyalarga oqizar bizni,
Bo‘g‘zimdan otilib chiqadi nido:
Nahot halok etsak o‘z kemamizni?!
Avlodlar kemadan bo‘lurmi judo?!
Palubani suvga g‘arq etar ummon,
Kemaning tumshug‘i tiqilar loyga.
Machtada bir maymun yugurar nolon
Go‘yo ikki qo‘llab yopishar oyga.
Hayqirsam, tovushim eshitilmas hech,
Yelkan arqoniga tupuraman qon.
Xudoyim! Nahotki, nahot endi kech?
Aqlu hush ber! Mahkum etma, Xudojon!
Deganding, og‘a-ini erur odamzot,
Dunyoda yovuzlik qilma hech qachon.
Afsuski, meni ham qarg‘agan hayot,
Pichog‘im sopida qotib qolgan qon.
Endi yulduzlarga qilurmiz yurish...
Yig‘la, ey, ona yer — ey aziz oshyon!
Yana avj olmoqda o‘zaro urush,
Yana avj olmoqda quturgan to‘fon.
Yelkandek suzadi ko‘kda bulutlar,
Shturval chambari kamalakka band,
Ey, ona sayyora, esimiz yo‘q-da,
Aqlsizligimiz senga berur pand.

* * *

Hayronman.
Yovvoyi tabiatda ashaddiy qurg‘oqchilik pallasi boshlanganida qoplonlar ham, yo‘lbarslar ham, sherlar ham, eng muhimi, antilopalar ham suvi saqlanib qolgan yagona daryo bo‘yiga kelishadi, bir paytning o‘zida yonma-yon turib suv ichishadi. Antilopalardan hech biri qochmaydi, yirtqichlardan hech biri ularga hujum qilmaydi. Bu davrda suv hamma hayvonlarni yarashtiradi. Qanday yaxshi-ya? Bas shunday ekan, biz insonlar bir-birimiz bilan yarashmog‘imiz uchun nahotki butun yer yuzi qurg‘oqchiligi zarur bo‘lsa? Yoki ikkinchi jahon To‘foni? Eh, xom sut emgan banda!
Endi tushunarlimi...

* * *

Suv... U bilan bog‘liq bo‘lgan deyarli barcha narsani yaxshi eslayman. Shuning uchun armiyadagi xizmatdoshimga maktub yo‘llayman. Konvertga esa, mening chig‘irim tushiga kirgan kamalakni yopishtiraman.
“Azizim Yura! Azizim Budasov! Mening kavkazlik do‘stim — ingliz tili bilimdoni va akkordeonda o‘ynash ustasi, omonmisan? Bilmadim, ushbu satrlarim sening Pyatigorskinggacha yetib borarmikan? Balki yulduzlar aro ko‘priklar vosita bo‘lar? Bilasanmi, men bu yerda suv ustida doiralar chizayapman. Mana, dahshatli va sadoqatli ikki kunni esladim. Biri, biz — muddatli harbiy xizmat askarlari yo‘l-ko‘prik rotasi yigitlari bilan birgalikda Tojikistondagi Kofarnihon daryosi uzra ponton-ko‘prik o‘tkazgan fevralning qorli kuni. Ikkinchisi esa, Turkmaniston cho‘llarida o‘tkazilgan harbiy mashqlarda “sovkovoy lopatka” bilan qumni jazirama osmonga qarab otgan kunimiz. Bu ishni soat 14.00 gacha katta chuqur qazish va unga o‘shandoq katta rezina basseyn joylashtirish uchun bajargandik. So‘ng o‘sha bema’ni chuqurda katta yulduzli qo‘mondon cho‘milishiga mo‘ljallangan sovuq suv bilqillab turar edi. Ha bilqillab turardi. Ana shu N2O da general lazzatlanar edi. Eslaysanmi? Biz esa bir oy davomida har birimizga berilgan askarlik ish haqini — uch sum pulni changallab, limonad va piva sotib olish uchun ofitserlar do‘koniga yugurardik. So‘ngra bu ikki iliq ichimlikni suvdonga solib aralashtirar va somoncha orqali tortardik. Mazkur ichimlikka “Qashshoqlar nasibasi” deb nom qo‘ygandik. Hech qisi yo‘q, mashqda qiyin bo‘lsa, jangda zafar qozonasan.
O‘sha voqealarni eslaysanmi, Yura Budasov? Armiyadosh do‘stim, sog‘misan?”

* * *

Yo‘q, menga yetti rangli kamalak orasidan Afrika qit’asidagi ulkan Sahroi Kabir ko‘rinayotgani yo‘q. Menga kichkinagina mamlakat ko‘rinayapti. Mening qadimiy ajdodlarim orqali u bilan hech qanday umumiy bog‘liqligim yo‘q. Olis, to‘g‘rirog‘i qadimiy. Isroil deb ataladi. Cho‘ldagi quruq ohaktosh ustida, insonning peshona teri va mehnati tufayli yashil maysalar va palmalar ko‘karganini, tog‘ yonbag‘irlarida archazorlar va mandarin bog‘lari yaratilganini gapirmay qo‘ya qolay... Men bu haqda emas, men N2O haqida gapirmoqchiman. Maydoni atigi Toshkent viloyati hududiga teng keladigan bu mamlakatni uchta dengiz o‘rab turadi. Biroq dengizning suvi sho‘r-da. Dengiz suvini sho‘rsizlantirishga ketadigan mablag‘ esa, Turkiyadan chuchuk suv sotib olishga nisbatan qimmat. Har bir uyning tomida yomg‘ir suviga mo‘ljallangan hayhotday idishlar. Tomchilab suv yig‘ishadi. Yagona chuchuk suvli ko‘l — Kineret ham qor va yomg‘irlarga mahtal.
Butun mamlakatdagi unitazlarga, kechirasiz, ikkitadan murvat qo‘yilgan. Biridan kamroq suv qo‘yiladi, ikkinchisidan ko‘proq. Albatta, hisoblagich asbob ham o‘rnatilgan. Dalalarni tomchilab sug‘orish haqida gapirmay qo‘ya qolay. Aytganday, tomchilab sug‘orishni o‘ylab topgan odam ilgari Toshkentda yashardi. Albatta, bu shaharda u odamdan tashqari sho‘ro amaldorlari ham yashashardi. O‘shalar olimning taklifini qog‘ozbozlik dengiziga g‘arq etib yuborishdi. Shundan so‘ng u ketib qoldi. O‘sha amaldorlarning merosxo‘rlari esa, oddiy soliq to‘lovchilar, men ham shu jumlaga kiraman, solig‘idan tushgan mablag‘ evaziga Yaqin Sharq mamlakatlaridan tomchilab sug‘orish texnologiyasini sotib olishdi.
Nima deysan, chig‘ir? Gapim noto‘g‘rimi? Chig‘ir javob bermaydi. Kamalakli tushlar ko‘radi.

* * *

Niagara! Mana, qaerda suv mo‘l! Arktika, Antarktida! Muz — xohlagan narsang bilan qo‘shib ye uni.
Zilziladan so‘ng “Yosh gvardiya” kinoteatrini qanday buzishganini hamon eslayman. g‘aroyib manzara! Dastlab reklama taxtalari qoplangan baxmal pardalar uchib ketadi. So‘ng har ehtimolga qarshi o‘sha vitrinalarning baxmal pardalari ortidan Stalinning byusti o‘sha kunlarda chang-to‘zonda qolgan mening Toshkentimga boqadi. Kichkinagina byustcha. Bitta emas. Ular katta haykal atrofida aylantirib qo‘yilgan. Ular nimaga boqishar edi? Tabiiy ofat tufayli qurib qolgan ariqlar, huvillagan yerga boqishardi. Suvsizlikdan bo‘m-bo‘sh ariqlar atrofida yer tagidan yorib chiqqan yantoqlarning tikanakli nishlari yurakka sanchiladi. “Suv — bu hayot” — bu balandparvoz shior emas, balki sokingina, ammo chin haqiqat. Axir biz ilgari tip-tiniq Salordan qamish dastali qarmoqlar bilan kumushdek xonbaliq (marinka)larni ovlardik. Baliq shunaqayam zo‘r ediki. Bu gapni men tasodifan ushbu satrlarimni o‘qib qolishi mumkin bo‘lgan yoshlarga qarata aytayapman. Bu baliq Salorda bor edi, ha, bor edi. Salor to‘lib-toshib oqardi. Biz futbol o‘ynab qizib ketganimizdan so‘ng yotib olib suv ichadigan ariqlarchi? Bu ariqlar beton o‘zansiz ham buloqdek musaffo va toza edi. Biz yuzimizni ariq suviga botirganimizda esa, mitti-mitti baliqchalar har yonga qarab suzib qochardi. Hamma har bahorda bu ariqlarni tozalashga chiqardi. Turli belkuraklar, panshaxalar, ketmonlar bilan ariq qazardik. Hech kim majburlamasdan, iltimos qilmasdan bajarar edik bu ishni. O‘zimiz.

Ozgina fursat bor... Ozgina vaqt bor...
Ajrashurmiz, boqib quyoshga so‘ng bor.

Gina-kudrat qilmay, bog‘da yururman,
Novdasin sindirmay meva terurman.

Yo‘qotganlariga bo‘lib intizor,
Daraxt, maysalar ham chekurlar ozor.

Zilol buloq... Billur kabi maftunkor,
Tiniq suv tubida barglar naqshinkor.

Kunbotarda qushlar sayrar jo‘rovoz,
Tiz cho‘kib daryoga sajda qilmoq soz.

Xorib-charchaganda dam olmoq darkor,
Juda ko‘p fursat bor... Juda ko‘p vaqt bor.

* * *

Chig‘irning kamalaklari, tushlari tugadi. Endi ishga. Uyqudan uyg‘ongan g‘ildirak sekin aylana boshlaydi. Yog‘och novga tushlarning qoldig‘i kabi tomchilar tomchilaydi. Ular hamon kamalak tusda.
Ninachining shaffof qanotlari. Ular qirg‘oqdagi qiyoqlar uzra tek qotadi. Katta ariq to‘lib suv oqadi.
Xudoyo xudovando, nasibamizni ziyoda qilgin. Suvimiz hamisha mo‘l bo‘lsin. O‘g‘il-qizlar doimo chig‘ir yonida tursin.
— Yo‘q, — deydi mening navqiron do‘stim, — yo‘q shlangni vodoprovod jumragiga ulay olmayman. Ana, ariq. Jo‘yaklarimni chelakda suv tashib kelib sug‘oraman. Yaxshisi chig‘ir yasash zarur.
So‘ngra biroz sukut saqlab, xo‘rsinadi:
— Ariqda suv bo‘lganida edi...
Qissadan hissa:
— Buzuq kran jumragidan N2O behuda tomchilab turganini ko‘rsam, qonim qaynab ketadi. Suv yo‘qlikka, noma’lumlikka ketib isrof bo‘lmoqda, axir!

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.