OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Andrey Voznesenskiy (1933-2010)

Voznesenskiy Andrey Andreevich (1933.12.5, Moskva – 2010.1.6, Moskva) — rus shoiri.
She’rlari o‘ta zamonaviylashtirilganligi, murakkab obrazliligi va ritmik tizimi bilan ajralib turadi. «Aksildunyolar» (1964), «Vitraj ishlari ustasi» (1976), «Adashtiruv» (1978) to‘plamlari, «Ustalar» (1959), «Lon-jyumo» (1963). «Oza» (1964), «Avos» (1972), «Choh» (1986) va boshqa poemalar muallifi.
Voznesenskiyning «Video — she’riyat», «Rossiya — qimorxona», «Chalkash shamollararo» kabi she’riy va nasriy kitoblari nashr qilingan. Sho‘ro tuzumi davrida Voznesenskiy haqgo‘yligi, adolatparvarligi uchun ta’qibga uchragan.
1966 yilgi Toshkent zilzilasi paytida Toshkentda bo‘lib, «Toshkentga yordam bering!» dostonini yozgan. Voznesenskiy Alisher Navoiy haqida «Alisher Navoiy — ulug‘ shoir... Navoiyning ming yillarga tatirli ahamiyati bor...», deb unga yuksak baho bergan.
«Mangu rizq» asari Sirojiddin Sayyid tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan (1990).


FAOL VIJDON

O‘zi mamlakatda nima kechmoqda?
Yuvar «Yangilinlar» tanbal onglarni.
Istardim ko‘rmoqni har bir puchmoqda
Faol vijdonlarni.

To‘siqlarni yoring, o‘tkir qissalar.
Mayli, qaynab tursin achchiq qahvalar.
Nomdor shaxs tepadan qiyalab qoldi —
Vijdon qo‘zg‘aldi.

O‘zgarib ketdimi qalblar ham chandon?
Axir, kabohat-la kurashib nimjon
Yashardi kimdadir yarimta imon.
Mamlakat ramzini oldimi vijdon?

Qo‘sh chiziq tortgancha arshga yetding sen,
Chanada ufqqa singib ketding sen, —
Dostoevskiyda nido etding sen,
Vavilov-ku, so‘ngsiz malomat ko‘rdi,
Lek vijdon urug‘in o‘stira berdi.

Ayting, u kunni hech boshga solmasin,
Uyg‘ongan vijdonlar mudrab qolmasin.
Tinmay choh qaziydi unga qanchalar
Nafs bandalari, haris kimsalar.
Aqidangiz puchdir, chirkindir bari,
Ma’naviyat mulkin mo‘ltonilari!

Kurashar fidoyi odamlar esa
Hayotda g‘irromlik qolmasin deya
Va toki, o‘quvchim, imonim mening,
Umring navbatlarda o‘tmasin sening.

Inson — murodimiz, bahonamas ul
Yutuqlardan so‘ylab, kasbni alqashga.
Ey notanish yurak, baxtdan entik, kul,
Bilmayman vijdonni men bundan boshqa!

Ruschadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.