OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Maksimilian Voloshin (1877-1932)

http://ziyouz.com/images/poets/maksimilian_voloshin.gifHayotligidayoq afsonaviy shaxsga aylangan bu ulkan rus shoiri Kievda tug‘ilib, uning ilk bolalik chog‘lari Taganrog va Sevastopolda o‘tdi. To‘rt yoshidan boshlab, uning hayoti Moskva bilan bog‘landi.
Shoirning oilasi 1893 yilda Qrimga ko‘chib o‘tgach, bu yerdagi dala hovlisi "Shoirlar uyi" ga aylandi. Bu uyda o‘sha davrning ne-ne shoirlari, olimlari, bastakorlari, xullas, ahli ijod yashamadi deysiz!
Onasining talabi bilan Moskva Davlat univer-sitetining huquqshunoslik fakultetida 1900 yilda boshlangan tahsili (talabalar namoyishidagi ishti-roki uchun) tugallanmay qoldi. U yarim yilcha Mar-kaziy Osiyoda, ko‘p yillar Parijda yashadi. U yerdan O‘rtaer dengizi bo‘ylab sayohatga chiqdi. Shoir o‘z vataniga qaytib keldi va umrining oxiriga qadar sevimli "Shoirlar uyi"da -Koktebelda (Qrim) yashadi, tog‘ning baland joyidagi o‘zi vasiyat qilgan yerga dafn etildi.
Maksimilian Voloshin nafaqat hassos va teran fikrli shoir, ajoyib mo‘yqalam sohibi ham edi. Uning qalamiga mansub rangtasvir asarlari she’rlari kabi Vatani, dunyo bo‘ylab o‘limidan so‘ng kezmoqda.
Shoirdan boy adabiy meros qoldi. U o‘z she’rla-rida inson ruhiyati kengliklarini, kechinmalarning murakkab va chuqurligini, uyg‘ularining tozaligini, o‘z zamonasining, zamondoshlarining ichki va tashqi qiyofasini, tabiat go‘zalliklarini keng qamrovli ranglar bilan ifodaladi.


  * * *

Oqshom tushib keldi. Ol ranglar o‘chdi.
O‘ylar charaqladi - ko‘ngul ziyosi.
Qanday qudrat bilan ko‘zini ochdi
Olis kunlarimning unut dunyosi!

Yashil xiyobonning qorong‘usida
Tushlar adashishdi,ertaklar so‘lim.
Oqib o‘tayotgan Vaqt yog‘dusida 
Kunlar o‘sib bordi, tun quyildi jim.

Bizlar nimagaki qo‘l urdik,nogoh
Xushbo‘ylanib ketdi, gullab ketdi,oh!
Bizni ushlab turgan bu rangsiz olam -

Turmaning eng namxush devorlaridan 
Oldinga siljitdik dil torlarida 
Bu aziz hayotni hamfikr, xurram.
 1902 y.


 SHE’RNING TUG‘ILISHI

 Balmontga
Qalbimdagi dardim xushbo‘y, chaqinli,
Moviy qushlar kabi charx urar shu’la.
Yorug‘ derazalar ochiq, yolqinli,
Uzayib boradi, tobora uzun
Diltortar nola-
Ko‘rinmas tola...

Bu oqshom nechog‘li nurli, sehrgar,
So‘zlar raqsga tushar, birdan lovillab
Sevgili ohanglar juftlashar dilbar. 
Anglamoq tubida-aylanma yo‘lda
Quyuqlashar hurkak soyalar, sirlar...
Sunbul gul rangida tug‘ilar dilda
Eng oppoq,eng mahzun, muattar she’rlar.
1904 y.

 * * *
Menga dunyo tor keldi,aylanaga qulflandim,
Mangulik ahyon-ahyon yarqirar shu’la misol.
Ko‘zlarimga urilar Vaqt kuchlandi, uchlandi,
Yillar sor qushlar bilan uchib o‘tar bemalol.

Pag‘a-pag‘a tumanlar... yaqin... va yiroqlarim...
Sezaman ko‘chayotgan manzaralar nafasin.
Psixiya chirog‘in qo‘lga olgan chog‘larim
Ko‘taraman anglashning moviy alangasini.

Yashirin tubsizliklar tubsiz tubsizlik aro.
Singa boshlaydi shaklu shamoyil keng samoga.
Qachondir qaerdadir birga o‘lganmiz go‘yo,
Go‘yoki bizlar hali kelmaganmiz dunyoga.
1904 y.

 * * *
O, naqadar tiniq, bu dam betakror,
Qadamlarim yengil, o‘xshar chaqmoqqa!
Yana bir bor bola bo‘lib qolgim bor,
Men kirib boraman qadrdon boqqa...

Eshit,ertaklarning shitirimi bu?
Meni anglamoqning tubsiz iplari 
Darbadar yillarda bilmasdan uyqu
Ortimga qaytardi-bolalik sari...
1904 y.

 QADIMIY MAKTUBLAR

Sevaman-qadimiy maktublar aro 
Qadimiy so‘zlarning horg‘in shiviri.
Ularda sezinar jon berar ra’no
Gullardan so‘nggi hid, so‘nggi shitiri.

Sevaman-bu guldor husnixatlarda 
Maysalar shovullab to‘kar sirlarin.
Harflar ucha boshlar hur soatlarda 
Ohista pichirlab mahzun she’rlarni.

Yuragimga yaqin ulardan nim-nim
Oqayotgan chiroy, joziba,boli.
Ular Anglamoqning daraxtidan jim 
To‘kila boshlagan gullar misoli.
1904 y.


 * * *
Bizlar bu dunyoda adashib ketdik,
Bu tubsiz zulmatga boladay hadik 
Va qo‘rquv ichida ko‘z qirimizni 
Tashlab, mahkam quchdik bir-birimizni.

O‘lik daryo bo‘ylab tovushi o‘ktam
Orfey o‘z soyasin chorlayotgan dam 
Kimdir itaradi, ajratar,kimdir
Bizni aylantira boshlaydi gir-gir.

G‘amning madori yo‘q, besas hayqiriq,
Qo‘llar qo‘lni siqa boshlaydi qattiq.
Juda olislarda ho‘llangan toshlar 
Evridika nomin g‘uldiray boshlar.
1905 y.

* * *
Bahor tund, yelmas sabo,
Vodiylarda nam havo.
Moviy ufqlar qadar
Tutashar tik teraklar.
Olis-olis tog‘larda
Qor tovlanar chog‘larda 
Quyuqlashar ho‘l dala.

Bulutlarga eshilib,
Jarliklarga qo‘shilib,
Shamolning nolalari
Yomg‘irning tolalarin 
To‘qiy boshlaydi, dengiz
Shovullar bo‘g‘iq, yolg‘iz.
So‘ngsiz qumliklar bo‘ylab.
1907 y.


 * * *
Suvlar yalanglikda tebrana boshlar,
Kumushrang hoshiya bilan o‘ralib.
Xayol tundlashadi, devorlar tishlar,
Nurlar jimirlaydi, ketar quralib.

Tumanli kun ochdi oltin ko‘zini,
Sharqdan ko‘tarilar kunduz boshog‘i.
To‘lqinda chayqalgan nurlar o‘zini 
Tubsizliklar uzra ko‘rishdi chog‘i...

Borliq tanholikda yarqirab ketar,
Marvarid chaqmoqda, quyoshda go‘yo
Olmos girdob ichra o‘rgimchak titrar.

Nozik qo‘llaringni ko‘k sari ko‘tar- 
Aylan vodiylarning nilufariga,
Olov va tuproqning kumush-zariga!
1907 y.


 * * *
Bu yo‘lning o‘yi og‘ir,
Aziz Koktebel tomon
Ketib boraman dilgir.
Tog‘ cho‘qqisida xurram 
Kumushrang butazorlar,
Tog‘olcha tugadi dur.
Vodiyda yengil nafas
Bilan gullaydi bodom.
Qora rido ichida
Tuyg‘ulari yoniq yer.
Sirg‘alaman tog‘lardan
Tushgan shag‘al toshlarga.
Bo‘g‘ilgan to‘lqinlarning
Achchiq nafasi bir-bir
Peshonamga urilib,
Aylanadi yoshlarga.
Salom, bahor bag‘rida 
Tantanavor, Koktebel!
1907 y.


 * * *
Meni aldang, aldang... butkul, butunlay...
Hech narsa o‘ylamay, eslamay qachon...
Aldovga ishonay biror so‘z demay,
Ketay zulmat sari tavakkal, sarson...

Kim keldi,kim ko‘zim bog‘ladi,chiqib
Bo‘lmas aylanaga olib kirdi kim,
Kimning nafaslari o‘tmoqda yoqib,
Kim qo‘limni qattiq siqayotir jim...

Uyg‘onganda tunu tumanni ko‘rsam
Hamki, meni aldang, ishoning siz ham..
1911 y.

 * * *
Hozirda albomlar kamayib ketdi-
Quyuq bo‘yoq bilan kam ishlar qo‘llar.
Kitob boblariga nafis iz bitdi
Go‘yo tasodifan ochilgan gullar.
O Pushkin ilhomi! Men kabi oxir
Zamon shoirida bormikan jur’at
Ajib qiyofangiz chizmoqlik bir qur
Ranglar bilan emas, so‘z bilan faqat?
Hayhot! Yonoqlarda yoniq tabassum
Bu quvnoq chehrada ochilib ketdi.
Bari-bari singdi satrlarga jim..
She’rlarimga sig‘may sochilib ketdi.
Taram-taram sochlar,o‘ynoqi kokil
Yoz chog‘i qoraygan sepkillar ichra.
Bu moviy ko‘zlarga yoyilar yengil
Oltinrang shu’lalar, kumushrang nuqra.
Sabr malikasi, hayo lolasi,
Xurram qorachiqning yo‘qdir timsoli.
Siz ulkan o‘rmonning hur ilohasi
Bilan baxt izlagan ohu misoli.
Hurkak nigohingiz bilan yondi dil,
Sizmi qomatingiz ko‘z-ko‘zlab, Pussen- 
Cho‘qqilar yurtiga, zulmat sari yo‘l
Olgan driad-la kuylagan beun..
Mening chehrasi tund Koktebelimga
Qo‘shilib oqadi kulgularimiz.
Vayrona gumbazlar uzra qo‘limga
Tong to‘ladi nayday-tuyg‘ularimiz.
1912 y.

 KAR-SOQOV IBLISLAR

Ular yer yuzini yuradi kezib,
Ko‘zlari ko‘r, tili soqov,qulog‘i kar.
Olovli izlarni chiqadi chizib,
Bag‘ri keng zulmatda beqaror, bedor.

Ular tubsizlikni yoritadi jim,
Garchand hech narsani ko‘rmas, eshitmas.
Ular taqdiridan nolishmas, sim-sim
Kuylaydi, kuylaydi betinim, besas.

Havosi dim tim qorong‘u jahannam
Quchog‘iga yo‘llar bashoratgo‘y nur...
Ularning taqdiri-Haqda mujassam,
Bulutlar ichidan to‘kiladi sir.
1917 y.

 TERROR

Ular tunda ishlar, tunda o‘qishar
Xufiya ma’lumot, xufiya ishni.
Hukmlarga shoshib imzo chekishar,
Ichishar, unutar charchoq, tashvishni.

Hali tong yorishmay sarmast askarlar.
Shomgi qorong‘ulik chog‘ida bir qur
Ro‘yxat o‘qiladi, ayol, erkaklar
Zim-ziyo hovliga haydalar bir-bir.

Bor-bisot shilindi, qontalash bo‘yra,
Paxta toylariga bog‘lashib tarang,
Og‘ir aravaga ortishdi. So‘ngra
Soat, uzuklarni bo‘lishdi arang.

Tunda bu odamlar bedor, bemajol
Sirpanib muz toshga, muzlagan qorga.
Shimoli-sharq yoqdan esgan tik shamol
Bilan quvilishdi xarobazorga.

Yo‘lni yoritishib qo‘l chiroq bilan,
Ularni boshlashdi jarliklar tomon.
Yarim daqiqaning ichida omon
Qolmadi hech bir jon, qirildi yomon.

Tepib itarishdi ularni oxir
Qazilgan chuqurga, tuproqqa ko‘mib.
Yo‘l olishdi uyga bamaylixotir
Jo‘shqin rus qo‘shig‘in ruhiga cho‘mib.

Xuddi shu jarlikka tong otar-otmas
To‘planishdi ayol, ona, itlarkim,
Yer kovlay boshlashdi tirmashib, besas,
Jonsiz tanalarga lab bosishdi jim.
26 aprel. 1921. Simferopol.


 SHOIRGA

 1
Tog‘larga to‘k g‘aming, dengizlarga soch,
Ovozing baland qo‘y, kuyla,qalbingni 
Yuksaklarga uchir, odamlarga och.

 2
Bu yo‘lda ozmayin desang, quloq sol,
Saqlangin hatto do‘st, hatto muxlisdan,
Yov deb o‘ylaganing do‘st chiqsa, ne hol.

 3
Shuhrat bo‘laklaydi qalamingni jim,
Quyosh qabr toshda eriydi sim-sim.

 4
Oqimga qarshi boq: tinch, qat’iy, beso‘z.
Qara, qoya kabi ruhingni yovqur
To‘lqinlar bosqini yiqar shafqatsiz.

 5
Garchand safdoshlaring kulib o‘tmoqda,
Kimning qo‘lida tosh, qay dilda hasad.
Bilki, seni hech kim bilmay o‘tmoqda.

 6
Vaqt yetib, Haqiqat ko‘tarsa qilich,
Vaqt yetib, qardoshlik o‘qqa tutilsa,
Vaqt yetib, hatto ishq olsa hamki o‘ch-

 7
Olomonni qo‘ygin, insonga ishon.
Har bir qaroqchiga iblis yor, inon.
1925 y.


 * * *
Dunyoni boladay kezib o‘taylik,
Shovdiragan qiyoq tovushin suyib.
O‘tgan yuz yilliklar nordon, yugurik,
Va anglashning achchiq ta’mini tuyib.
Eng sirli tushlarning uzun galasi 
Kunlarimiz rangin o‘chirdi go‘yo.
G‘o‘r olomon ichra o‘tdi, chamasi,
Bolakay-hech kim kashf etolmas daho.
1903 y.

 * * *
Olmos nurlar ichra ko‘rkamlashdi sharq.
Nurlanadi minglab yo‘llar va so‘qmoq.
Olislarda sirli va sirli kuylab,
Dunyoni kezsaydik bitta yo‘l bo‘ylab!

Shu yo‘lda barini ko‘rib va anglab,
Shu yo‘lda barini tuyib va tanlab,
Olib o‘tsang o‘tli zinalar aro,
Qaniydi bir yo‘lga jam bo‘lsa dunyo!
1907y.

Oygul Suyundiqova tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.