OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rimma Kazakova (1932-2008)

http://ziyouz.com/images/poets/rimma_kazakova.jpgTaniqli rus shoirasi Rimma Kazakova 1932 yil 27 yanvarda Sevastopolda harbiy oilada tavallud topdi. Uning bolaligi Belorussiyada, o‘quvchilik yillari – Peterburgda o‘tdi. Leningrad Davlat universiteti tarix fakultetini tugalladi. 
Ko‘p yillar Uzoq Sharq  —  Xabarovskda yashadi, ijod qildi.  O‘tgan asrning 60 – yillarida she’riyat maydoniga Yevtushenko, Okudjava, Bella Axmadullina, Voznesenskiy, Rojdestvenskiylar bilan hamqadam kirib kelgan shoiraning ilk kitobi – «Sharqda uchrashamiz» 1958 yilda chop etildi. 1964 yilda Moskvada Adabiyot instituti qoshidagi Oliy kursda tahsil oldi. 1976 – 1981 yillar sobiq Ittifoq Yozuvchilar Uyushmasi boshqaruvchi kotibi sifatida faoliyat yuritdi. Umrining oxiriga qadar Moskva shahar Yozuvchilar Uyushmasi birinchi kotibi vazifasini bajardi.
Shoiraning «Taygada ko‘z yosh to‘kmaydilar» (1965), «Eslayman» (1974), «Oqqa ko‘chirilgan she’rlar»(1977), «O‘zan» (1979), shuningdek, «Saylanma» (1979), «Sevgi o‘lkasi»(1980), «Sinov toshi» (1982), «Qirlardan kel» (1984) singari kitoblari she’riyat muxlislari orasida katta e’tibor qozondi. Uning she’riyatida tjtimliy tuyg‘ular va ayni paytda muhabbat lirikasi ustuvordir. She’rlarida qat’iyatli shaxs tuyg‘ulari, ishq iztiroblari, hayot to‘lqinlari va orzu — umid kengliklari yarqirab, yastanib, nafasida kurashchanlik ufurib turadi. Uning ijodidagi muhim jihatlardan biri – tarjima. Shoira chet el adabiyoti namunalari, she’riyatidan ajoyib tarjimalar qildi. Ayniqsa, o‘zbek she’riyati, shoirlari bilan ijodiy hamkorligi qizg‘in kechdi. U Oybek, Hamid Olimjon, Zulfiya kabi zabardast shoirlarning she’rlarini mahorat bilan rus tiliga o‘girdi.
«Rimma Kazakovaning onam Zulfiya va Zarifa Saidnosirova, Oybek ustoz bilan suhbatlarini ko‘p guvohi bo‘lganman,  —  deydi adabiyotshunos olima Hulkar Olimjonova.  — Ularning har bir suhbati adabiyot, she’riyatning yangi qirralari, nuqtalari va sirlarini ochib borardi. U ko‘p bora qadrdon mehmonimiz bo‘lgan. Tabiatan vazmin, qaynoq fikrli, mulohazalari teran, o‘qimishli edi. O‘zbek she’riyatiga, tiliga ixlosi va ehtiromi baland edi».
Rimma Kazakova 2008 yil 19 mayda Moskvada vafot etdi. Uning tili tiniq, go‘zal adabiy merosi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. 


HAMID OLIMJON XOTIRASIGA

Erta ketgan ulug‘ shoirlar har vaqt
El – yurti qalbida bitmas jarohat.
…Davr ruhi, zamon g‘ayrati ila
Mahkam tutgan edi shoir qo‘llari
Orzu – umidlarga to‘lug‘ yo‘llarni.
Tashnalikning ajib harorati-la
Birga tug‘ilardi Hamid Olimjon!
Undan so‘ng dunyoga keldimu, shu choq
Meni qarshi oldi shiddat, hayajon.
Mehrli kunlaru, baxt kuyi qaynoq,
Lahzalar kechardi go‘yo bearmon!
Bularning boisi – nafaqat shoir
Umri davomchisi – farzandlaridir.
Vafoli ayolday dilbar, benazir
Mashaqqatli yo‘lning balandlaridir.
Garchand ushlab ko‘rsa bo‘lar marmarni,
Garchand mayin  —  mayin silashing mumkin.
Lekin uchrashtirdi meni u bilan
O‘zbek shoirining g‘ururi monand 
Ufqlarga tutash dalalar, yo‘llar!
Oddiygina haykal yonida bu dam
Sukunat hukmron, kenglik muazzam.
Shoir she’rlaridan yod o‘qir bola
Ovozida titroq, ko‘z o‘ngimizda
Satrlar qad kerdi zalvorli, chaqnoq.
Ulkan haqiqatlar ochdilar bag‘ir –
Hamisha tirikdir Hamid Olimjon!
Singib borar bola har bitta so‘zga,
Bu shunchaki eslash, xotirlash emas.
Uni tinglardilar chulg‘onib hisga,
Haykal tirilganday ko‘z ilg‘ay olmas
Har bir tomiriga jon kirgan sari
Eshitildi hatto yurak zarblari!
Erta ketgan shoir tilga olinsa
Ta’rifi mushkulday, so‘z aytmoq og‘ir…
Desalar ishonma, bari – uydirma!
Ular yashayotir satrma – satr,
Ular qoldirmishi – dillarni kechib,
Dillarga quyilmish daryo – daryo so‘z.
Endi senikidir  —  bu yurak, bu So‘z!
Shoirlar o‘lmaydi, sodiq do‘st kabi
Ko‘klamda gullagan o‘rikni kutar.
Dunyolarga sig‘mas bebaho qalbi
Eng uzun muhabbat yo‘lini tutar.
Muhabbatki, quvonch, qayg‘ularida
Dunyoning eng go‘zal, pok ayolini
Boshida ko‘tarib, mukarram etar.
Har onda, har bir kun, har bir bayramda 
Shoir she’rlarida uyg‘otib tongni
Yoniq ko‘ngullarni larzaga solib, 
Mehri – la ardoqlab, quchmish Vatanni!…
Iztirobdan kuyib ketsa — da yurak
Shoirdan so‘z ochgum hech o‘lim bilmas –
Yashab o‘tdi shunday Hamid Olimjon!

***

Otam bor edi mening
Mehrli — yu, qahrli andak.
Ayab o‘tirmasdi kezi kelganda!
Tillashardi davri bilan jim.
Lek
Qani o‘sha otam?
Keksalik. Kasallik.
So‘ng – o‘lim.

Onam bor edi mening
Go‘zallardan go‘zal, navqiron.
Yayrab kulganini ko‘rmadim boshqa–
Toshi og‘ir qayg‘u,
So‘ldirdi armon.
Hali ham oyoqda yurgani –
Taqdir tutgan eng achchiq ehson.

Dugonam bo‘lardi tug‘ishganimday.
Turmushga chiqdi — yu, meni unutdi.
Men ham unga ortiq qilmadim parvo,
Balki unutdim…
Shunchaki dugonam bor edi, ammo…
Sevganim bor edi beqiyos, o‘ktam,
Kuyov bo‘ldi boy xonadonga.
Mansab zinasidan ko‘tarilgan dam
Yo‘llari ayrildi ikki tomonga.
Unga duch kelaman gohi – gohida,
Qolgani – bo‘lmag‘ur arzimas gaplar!

Vaqt o‘tdi.
Iztirob so‘nganday sokin.
Yurak ko‘taradi endi barini .
…Aslida, yo‘q edi qat’iy qiyofam,
Tug‘ildi u ham.

***

Uyg‘ondim. O‘rnimdan turdim. Kiyindim.
Uyim  —  aziz vatan, aziz hayotim.
Chuqur nafas oldim, bir qur ko‘z soldim,
Bekaman, har qalay. Oilam – otim.

Kundalik yumushlar bilan ohista
Kezindim uy ichra xayol tinguncha.
Kimnidir maktabga, kimnidir ishga
Kuzatdim tong nuri qo‘lga qo‘nguncha.

Uyni tozaladim. Uyum kir yuvdim.
(Vaqt esa uchardi. Ma’nisizday kun.)
Bir – bir silab ko‘rdim – yumshoqmikan non,
Ortidan navbatga turdim sut uchun.

Tushlik hozirladim. So‘ng – mutolaa.
Onam bilan picha gurunglashdik ham.
Axir, yaxshi qizman, odobli, dono,
Muhimi, bu – mening burch va vazifam.

Uzun – uzun she’rlar tarjima qildim,
Yozib tugallandi ikki maqola.
Muyulishda– kiyim tozalash tsehi,
Qaytdim uyga undan kiyimlar ola.

Sargusht kitobni varaqladim jim,
Aqlimni shoshirib qo‘yganday biroz
Undan chiqib keldi yuzi yorishib,
O, birinchi do‘stim, o quvnoq shovvoz!…

Tegirmon toshida maydalandi un,
Uchgan – uchayotgan so‘zmi, sukunat…
…Sezdirmayin o‘tdi yoshlik chog‘lari,
Yashamoqlik nadir?  —  U zo‘r mashaqqat!

Yelkangga ortqilab har bir yumushni
Yugurdingmi qadr topmay behuda? 
Holbuki, kurashar vujud va yurak,
Hayrat va hayajon ko‘p edi juda!...

Nahot o‘tgan baxtli kunlar nafasi
Ko‘kka uchdi yoki yer yutdi? Axir,
Zahmatlari hamon yurakda sizar,
Hayot mushkul kechdi yuklari og‘ir…

***

So‘zing kerak ekan bolangga har vaqt,
Shudir  —  tilaganing, bergani hayot.
Onalikdan o‘tar havas yo‘q, baxt yo‘q,
Onalik , bu – sevinch tutgan harorat.

Onang senga saboq beradi bot – bot,
Ulg‘aygan esang — da, asal ta’min tot.
Bilki, bola bo‘lmoq  —  fasli saodat,
Bilki, bola bo‘lmoq  —  fasli farog‘at.

***

She’rlarimda aldamadim hech! –
Naqadar soz! – Shifokorday tinch
Tashhis qo‘ydim – sochar atrlar –
Yo‘q, shunchaki emas satrlar.

Daftarlarim bir – bir ochar tong,
U – dilimdan to‘kilgan doston.
To‘lib borar sahifalarim  —  
Kaftga qushday qo‘ngan zarlarim.

Bu – osilib o‘ynash mashqiday,
Yo yurakning zarbi, shashtiday.
Ko‘pni ko‘rgan ko‘z qarochig‘im
Hayratlardan so‘z ochadi jim .

Qavat  —  qavat osmon, chakalak,
To‘lqin – to‘lqin qumliklar halak.

Pokistonning qaqroq yo‘llari
Bo‘ylab xayol sochilgan sari
Qorishadi katta — yu kichik,
Qiyofalar va tillar buyuk.

Yashayapman dunyoni suyib,
Ketsa hamki yuragim kuyib.
O‘tganimni sezmas maysalar,
Bola quvnar, yellar erkalar.

Shukronalik to‘lar bag‘rimga,
Meni bosar iliq bag‘riga –
Uy  —  Moskvam!  Tun, ish stolim,
Chiroq yog‘du sochadi jim  —  jim.

*** 

Yo‘lim uzoq bo‘ldi, boshim esa tosh,
Meni ne ko‘ylarga soldi yosh shiddat!
Vido va umidning yo‘lagida bosh
Ko‘tardi  —  Rus va Men  —  egizak suvrat.
O‘tayotgan kunu ketayotgan tun
Ichra qaydan kelgan bo‘lsa, ul tomon
Singib borayotir dildagi tug‘yon.

***

Ortga qaytmasligi bebosh, g‘o‘r yoshlik
Haqiqat bo‘ldimi, ayon bo‘ldimi…
Prado muzeyi, Parij yoki Rim,
Qishi qattiq kelar tog‘lar yo‘lida
Uyga shoshilganda ko‘ngling to‘ldimi…

Menga yosh boladay qilishar havas,
Sehrgar safarlar shaydo qiladi.
Qashshoqlik va jilva ichida dunyo
Ochiq va dangali savdo qiladi.
Lekin ko‘rinmaydi mehrob do‘koni…

Buyumlarni surib qo‘yib bir chetga,
Tunlari menga jim boqdi yulduzlar.
Bu olam, bu borliq siri nimada?
Sochib yuborishdi bir hovuch so‘zlar.

Quyoshli soatda ketmadim oqib,
Tuyg‘ularim nedir yoxud kimlardir
To‘xtatib qolsa –da kutilmagan choq
Hech erib bitmadim. Yo‘l hamon yiroq…

***

Seni sendan uzoqlarda turib sevaman,
Mintaqalar, yurtlar aro sarsari.
Sen – mening birinchi muhabbat satrim,
Afsona so‘ylaydi yo‘llar daftari.

Seni sendan uzoqlarda turib sevaman,
Garchand begonasan, garchand ketasan…
Ishqingda telbavor qalbim zarbi — la
Ulkan yer sharini yorib o‘taman!

***

Ko‘z ilg‘amas dengiz ortida qirg‘oq,
Shovullab urilar yurakka uyg‘oq.
Menga ishondingmi, ishonolmading,
Meni esladingmi, yo eslolmading?

Dengiz, ulkanimsan qirg‘oqdan, shiddat
Bilan kesib o‘tar ko‘ksimni hayrat.
Menga ishondingmi, ishonolmading,
Meni sevoldingmi, yo sevolmading?

Qirg‘oq, ulkanimsan dengizlardan ham,
Dengiz, bo‘ying ko‘rsat baland va o‘ktam!
Lekin yuvolmaysan qiynoqlarimni –
Yuragimning yashil qirg‘oqlarini.

Dengiz uloqtirar to‘lqinlarini –
Balki iztirobli yolqinlarini…
Yaqinlashib borar, borar tobora
Yurak qirg‘oqlarga urilar, qara!

Dengiz, kichigimsan qirg‘oqdan, nurli
Yog‘dular yashirin sirlidan – sirli…
Menga ishondingmi, ishonolmading,
Meni kutoldingmi, yo kutolmading?!...

***

Musiqa quyilar, ilk varaqlarim –
Ko‘kdan tushgan hayratki, yaraqladi.
Bu – o‘sha edimi, o‘zga edimi,
Men – o‘sha edimmi, o‘zga edimmi?

Senga yo achindim, yoki rahm etdim,
Bahslashish na hojat, angladim – yetdim.
Bu – ne ayriliqki, bu – ne muzlamoq,
Topsam, topganimga yetolsam shu choq!

Jilovsiz tubsizlik musiqa – kiming?
Larzaga tush, hayqir, saqlab qol Riming!
Bilmadim, kim suyuk, kim esa oshiq,
Qaltis urindingmi, o,  g‘o‘rginam ishq!...

Qalblar entikadi, entikar olis
Zulmatni yoritgan uzoq kechki kuz.
Tanlamoq, aslida – jur’atning o‘zi,
Aslida, bu chorlov – hayotning so‘zi.

***

Do‘stlarim, jim bo‘ling, jiming bir nafas,
Uni mahv etmasin maqtov va g‘iybat!
Sharaflamang zarra, bu – hasad emas,
Uning so‘zlariga, qadamlariga
Bir beparvo o‘ting, beparvo faqat.

O‘rmalab kirmangiz olovli til-la,
Yiroq bo‘ling ta’ma, xushomadlardan.
Aytmasangiz hamki yaxshi bilaman,
Asray olsam edi xiyonatlardan!...

***

Seni kechiraman begumon, albat,
Bilki, bosh urmadim, qilmadim hasrat
O‘zga qirg‘oqlarga garchand sarbaland,
Yolg‘izlikda o‘tgan tunlarim haqqi…

Hayotda iziga tushganday izing,
Uyga shoshilganda ortganday hissing,
Kechira oldingmu o‘zingni o‘zing –
Sensiz o‘tgan g‘arib kunlarim haqqi…

***

Og‘irlik qilmasmu yelkalaringga –
Bu bir devonalik, bo‘lmag‘ur so‘zmas,
Hali g‘o‘r novdalar singari emas,
Tuyg‘ular zalvorli, emas o‘char sas…

Toliqib ketmasa edi qo‘llaring –
Muqarrar ko‘rinsa ayriliq yo‘li,
Ozorlar,  ozorlar chekmasma diling,
Qay rangda tovlanar vidoning guli…

Ko‘tara olarmi ekansan mendek
Ortqilab olganim – bu aziz hayot,
Sindirmay, dilimga solganim bayot.
Bir  nafasda aytdim – ko‘nglimni to‘kdim
Mo‘‘zija yaratgan kabi tabiat!...

***

Na bir malomat  —  bu, na bir ta’na – bu,
Bu ishq   —  mening baxtim, yo dardu hasrat.
Endi balkim yorug‘ g‘amlarning nuri
Qo‘yib yubormaydi qalbimni abad…

Chuqurlashib ketma tubsiz o‘ylarga,
Kimsan? So‘ramadim, ko‘ngling bo‘lsin to‘q.
Izoh qidirmadim, tushungin faqat
Yurak og‘riyotir. Boshqa hech gap yo‘q.

***

Aylanadi yil fasllari,
Hayotimda – dil fasllari.
Kirish – chiqish, Vaqt fasllari,
Qayg‘u fasli, baxt fasllari.

Dalalarni burkaydi oq qor,
Iyun  —  qayoq, o iyul – rangin!
Qorishadi pok va betakror 
Tuyg‘ularda hayot ohangi.

Past – balandga yugurish fasli,
So‘roq fasli, qaynaydi hayot.
Yoshlik fasli, balog‘at fasli,
Oh, keksalik – farog‘at fasli!

Bu – saodat, sabrlar fasli,
Do‘stlik fasli, jabrlar fasli.
O‘tayotir umr havasli,
Tugamaydi bolalik fasli.

Oygul Suyundiqova tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.