OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vladislav Xodasevich (1886-1939)

http://ziyouz.com/images/poets/vladislav_hodasevich.jpgBu nom yaqin yillar ichida yana ona diyori Rossiyaga, she’riyat ixlosmandlariga Gumilyov, Zamyatin, Nabokov, Georgiy Ivanovlar qato-rida qaytib keldi.
Hassos shoir, mohir tarjimon, nozikta’b munaqqid o‘z ijodini 15 dan ziyod to‘plamlarga joyladi. 1922 yildan boshlab musofirlik qismatini boshidan kechirgan shoirning so‘nggi kunlari Parijda kechdi. Umr bo‘yi tug‘ilgan uyiga intilib yashagan Vladislav Xodasevich she’riyatida Vataniga o‘tli muxabbat, so‘nmas sadoqat, yurakning so‘lim tuyg‘ulari, sog‘inch iztiroblari, umidning ranginligi betakror timsollarda ifodalanadi.

 

* * *

Do‘stlarim. bir ajib kunlar keladi,
Yo‘qlamas hattoki tushimni anduh.
Qarang, qo‘llarimda sabr gulladi,
Shu gullar rangidan rang oladi ruh.

Uzaman, havoyi o‘ylar zanjirin,
Naq kamon ustida sayrar ko‘ngulni
Ko‘rlim, tovushlarga sochilar sirim,
Osmonga ko‘targim keladi gulni.

Bilganim shu bo‘ldi-to‘lmoqda nurga
Gul to‘la yo‘llarim, huv, yiroqlarda.
Qaniydi, ketsangiz men bilan birga
Jannati ishq istab o‘shal yoqlarga!


 * * *
Burama yo‘llarda, daryo labida,
Kechikkan turnalar xonishlarida
Yolg‘iz kezinaman, sezinaman jim
Bag‘ri keng dalalar yonishlarida.

Borgan sari o‘ylar sirli, shiddatli,
Qamish shivirida uchadi vido.
Ohista qulagan so‘nggi yaproqni
Qumlikka ko‘madi parishon daryo.


 YOMG‘IR

Borlig‘imni chulg‘aydi sevinch,
Tomlar uzra tiniq shom rangi.
Yomg‘ir yuva boshlar shaharni,
Tomchilarning tiniq jaranggi.

Borlig‘imni chulg‘aydi sevinch,
Tashqarini kuzataman jim.
Yelday uchib o‘tding ko‘chamdan,
Tuyg‘ularim ichra, yolg‘izim.

Borlig‘imni chulg‘aydi sevinch,
Panaroqda tin olib bir zum,
Silkibsilkib soyaboningni
Shoshilasan, labda tabassum.

Borlig‘imni chulg‘aydi sevinch,
Bilmaysanki, sendadir ko‘zim.
Men tomonga boqmaysan qiyo,
Men tomonga tushmaydi izing.

Borlig‘imni chulg‘aydi sevinch,
Mayli meni bilmay o‘tsang ham,
Sening kabi toza, bebaho
Kelayotir eng aziz ko‘klam.


 * * *
Atirgulli bog‘larga emas,
Kuyi dardi chog‘larga emas,
Armoni ko‘p tog‘larga emas,
Men ichimga enayapman, xolos.

Bular-hamma biladigan sir,
Bular-hamma ko‘radigan nur.
Bari bekor,bari bo‘lmag‘ur,
Men ichimga enayapman, axir.

Tun ortidan kelar tongni kut!
Tutun,tuman, erigan bulut
Kabi og‘ir tushlarni unut,
Ichingga en, o‘z ichngni tut!


 SAYR

Yaxshiyamki, hali olamda 
Tunlar oydin, tunlar sehrli.
Boychechakday bo‘yli ko‘klamda
Balandlagan qayinlar mehri
Urilgay oyga.

Yaxshiyamki, hali olamda
Mo‘‘jizalar kutadi yurak.
Muhabbatga to‘la oqshomda
Malikaga faqat sen kerak.

Yaxshiyamki, bamisli qanot
Yo‘laklarda halqahalqa nur.
Soyalarda titranar hayrat,
Egilar jim, tebranar harir
Tim qora ro‘mol.
Yaxshiyamki, o‘ylar sevinchli,
Mayli meni yesvmasa sevmas!
O‘sha dilbar kecha va o‘tinch
Malikani tinch qo‘ymasa bas!


 MENI IZLA

Ko‘klam kelayotgan chog‘larda izla,
Qanotman, ko‘zlarga ilg‘anmas, bedor.
Tovushim, nafasim bog‘larda izla,
Shu’laman, u borki, bilki, men ham bor.

Bizni ayriliqlar yengolmas do‘stim!
Tingla, o‘tgan umr so‘roqlarini.
Kunduz otashlari so‘nmabdi, sezdim
Haroratli qo‘ling titroqlarini.

Shoshilmasdan izla. Ko‘zlaringni yum.
Men tomon bir qadam bosa olsang,bas.
Barmog‘ing uchiga qo‘naman, jonim,
Olovli uchqunga aylandim besas.

 * * *
Yorug‘ yulduz, qadrdon osmon,
Tun eriydi mayin havoda.
Tangrim, meni saqlaydi omon
Ehsonlaring, ishqing dunyoda.

Xayolimda tiklana boshlar
Dengizlaring, tog‘laring,dashting.
Quyoshingda sharaflar yashar,
Bu nurlarning boqiydir gashti.

To‘kiladi duv-duv havasim,
Garchi ko‘nglim muhabbatlidir.
Bolakayning qog‘oz qal’asi
Kabi dunyo omonatlidir.


 BALLADA

O‘ltiribman xonamda yakkash,
Gir aylana yorug‘ va baland
O‘n oltita shamdonli quyosh,
To‘rtburchakli ko‘kka havasmand.

Nurli uyim, mendan ham boy yo‘q,
Jihozlar jim, kursilar tilsiz.
Qo‘llarimni qo‘yarga joy yo‘q,
Yuragimda hislar tizginsiz.

Ayozda ham palmalar oppoq
Gullayotir beg‘am, betakror.
Vaqt oqadi yo‘lida qaynoq
Har lahzasi xayolday dildor.

Umri qisqa bunday g‘aflatga
Qayda yechim, qaydidr imkon?
Loyiqmanmi shunday hayotga,
Qani meni kutgan keng osmon?

Tebranaman, tizzamni tutib,
Qo‘llarimla bog‘lab tashlayman.
Bu dunyoni butkul unutib,
She’rim bilan suhbat boshlayman.

O, bu nutqlar nechog‘li keskir!
Garchand fikr yo‘qdir hayratli.
Lek tovushlar dilbar va o‘tkir,
So‘zlar borgan sari qudratli.

Bu ohanglar tobora mahzun
Sinib borar so‘ngaklarimga.
Uzun, uzun, yo‘ldan ham uzun
Tig‘ botadi ko‘kraklarimga.

Yulduzlarning o‘tinchlarida,
Qadamimda olov o‘rlaydi.
O‘sayapman sevinchlarimda,
Dilni yangi tuyg‘u nurlaydi.

Ko‘zlarimni ochaman tiniq,
Ko‘rayapman ilonlarni ham.
Ular yuta boshlaydi aniq
Barcha baxtsiz davronlarni ham.

Aylanadi, raqsga tushadi,
Mo‘‘jizaga to‘ladi xona.
Kuylar shamol bilan jo‘shadi,
Borlig‘imda yayrar tantana.

O‘n oltita shamdonli quyosh,
To‘rtburchakli osmon yo‘qolar.
Qoyalarda men kabi yakkash
Orfey qo‘lga sozini olar.

 * * *
Bu xonimning qo‘llari qonli,
Uzoq yuvdi,qattiq artdi jim.
Unutmadi bu gal ham qonli
Tomog‘ini chaymoqni xonim.

Xonim! Xonim! Qushday tolmaysiz,
To‘lg‘onasiz sovuq o‘rinda.
Uch asrki, uxlay olmaysiz,
Olti oyki, uyqu yo‘q menda.


 SHOM

Izillaydi shamol, qor bo‘rlar,
Muzliklarda sovuq ranginlik.
Ichichimdan yolg‘izlik o‘rlar,
Ey, xudoyim, qanday g‘amginlik!

Tundlashadi to‘rt taraf-to‘rt yo‘l,
Shafqatlaring kimga qaratding?
Tangrim, o‘lim haq ekan butkul,
Kengliklarni nechun yaratding?

Kimga ayon bu sinoat, sir,
Hasratlardja yashirin rohat.
Yoshing o‘tib borar, baribir
Sendan ayro tushmas muhabbat.


 MART

Borliq iliqlashdi, borliq ividi,
Oyna yo‘laklarga diling ketadi.
Tiniqqan nafasga bo‘ldirib ko‘ksing
Osmon qo‘shig‘ini yomg‘ir aytadi.

Mo‘‘jiza emasmi? Tundli va og‘ir
Chehramizga billur tomchilar qo‘ndi.
Uzatsak, qo‘limiz yetguday ko‘kka
Yerdagi zalvorli tuyg‘ular indi.

 * * *
Asoga suyanib o‘tdi qalandar,
Birdan ko‘z o‘ngimga kelding, azizim.
Qizil g‘ildirakli arava yelar,-
Sen ham hayolimda yelding, azizim.

Shom chog‘i yo‘lakda yorug‘ chiroqlar,
Seni eslatadi menga, azizim.
Shu zamin, shu osmon, dengiz, yiroqlar,-
Seni izlatadi menga, azizim.


 STANSLAR

Bir lahzaga butun umringni
Berging kelar damlar bo‘ladi.
Bu onlarda dil sururini
Kim kuylasa, g‘ami o‘ladi.

Bugun esa butkul boshqa kun,
Ko‘paygandan ko‘payar ajin.
Donishmandday aylanar kuntun
Quchog‘ida daryolar sokin.

Bilganim shu-olis yulduzlar 
Charaqlasa taralgay jarang.

Ko‘rganim shu-maysa ham so‘zlar,
Sochlarimga qo‘nar kumush rang.

Qatralari ummon xayolot,
Ko‘rinmas nur to‘lqinlanadi.
Yaxshiyomon, pastbaland hayot
Ilhom bilan yolqinlanadi.

Keksaligim-qo‘shiq bir hovuch,
Qo‘ldan kelar ishim-baxshilik.
Kunimga kun qo‘shayotgan kuch- 
Yomonlikni yenggan yaxshilik.

 * * *
Qadamlarim yengil va g‘amgin,
Yerday vazmin tortib borasan.
Neki o‘tdi-o‘tli va gulgun,
Neki qoldi-tatib borasan.

Sokinlashar tomirlarda qon,
Havolanib uchmaydi qo‘llar.
To‘lishadi mevasi xandon
Kuzgi bog‘lar misoli yillar.

Ko‘zga tushmas eng nozik titroq,
Ilg‘ab bo‘lmas sirlarni beun
Yana yerga egilgan butoq
Kabi bilmay o‘tasan bir kun.


 HAYKAL


Qaydan olgan dunyo bardoshni,
Ko‘rmadim bosh,oxirini ham.
Ikki asr-ikki qondoshni 
She’rim bilan bog‘ladim mahkam.

Yana Rusga bag‘ishlab surur
Tiklanadi haykalim albat!
Asrlarni kutaman mag‘rur,
Oqaverar o‘lim bilmas Vaqt...

Oygul Suyundiqova tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.