background
logotype

Abdulla To‘qay (1886-1913)

Atoqli tatar shoiri Abdulla Muhammadg‘orifovich To‘qaev — Abdulla To‘qay Qozon gubernasiga qarashli Qushlauch qishlog‘ida tug‘ildi. Abdulla To‘qay Uralsk shahridagi madrasada o‘qidi. 
Abdulla To‘qay ijodining ilk davrida yaratilgan «Ozodlik haqida» (1905), «Tekinxo‘rlarga» (1906), «Davlat dumasi» (1906) she’rlarida xalq manfaatini kuylash, ozodlik uchun kurashga da’vat etish g‘oyasi kuchlidir.
Abdulla To‘qayning asarlari ko‘p tillarga tarjima qilingan.
    
    
TEKINXO’RLAR

Tekinxo‘r, oqsuyak zotlar, qorin solgan nasoratlar,
Demas to‘ydim, ochofatlar, ajab hay-hay, ajab hay-hay!

Va har qaysi gubernator, kekirmoq birla ko‘p mag‘rur,
To‘yib bo‘lgach ular bazo‘r, ichu toshi faqat moy-moy!

Bir aylanib kelar murdor, so‘ng cho‘zilib yotar beor,
Tashqariga qatnab bedor, shudir himmatlari, bay-bay!

Xalq o‘lsa ham parvoyi yo‘q, bo‘lsa basdir qursog‘i to‘q,
Og‘izlari qurdim quduq, nimangki bor: «Day syuda, day-day!»

Bitirgay yeb, qarab tursak, agar birpas qo‘yib bersak,
Ayo qursoq va yo qursoq, jahonni qoplarin, voy-voy!

Bularning har biri Qofdir va yo Kavkazga o‘xshabdir,
Bulardan ne omon qobdir? Gapir, ey Mingliboy boboy!

Bo‘lardi yaxshi, qarshi chora ko‘rsak bu qorinlarga,    
Tutib yormoq kerakdir, bo‘ g‘animat damni o‘tkarmay!

Yoraylik bu qorinni, chunki bizning baxtimiz shunda,
Shular yutgan umid-iqbolimizni asti qizg‘anmay.

Yetar endi, yetar endi, «davayte» boshlayik ishni,
Shimarmoq vaqti keldi yengni, bo‘lmas endi qo‘zg‘almay!

Hujum vaqti eshonlarga, tekinxo‘r kallaxumlarga,
Bitir, qir, parchalab tashla, yugur, urra va «bilbanzay»!

Payg‘ambar dinin o‘rnin qoplagan mechkay marazlardan,—
Qutulmoq lozim endi, qaydadir islomimiz, hay-hay!

Izi ham qolmadi dinning, tamom majusilar bosdi,
Sezib turgan musulmonga chidash mumkinmi jon kuymay?!

So‘rib yotgan tekinxo‘rga qadaldim misli xanjar men,
Bularning maslagi bizni talash-ku bitta ham qo‘ymay.

Yetar, Abdulla, endi yoza ko‘rma, bunda surgun bor,
Osarlar dorga, til tiygin butunlay endi qo‘zg‘almay!

Yo‘q, aslo to‘xtamay yozg‘um, ulardan mutlaqo qo‘rqmay,
Nechundir bu yurak kuylar ajaldan asti seskanmay!

Chivindek jismi jonim, mayli, bu yo‘lda halok o‘lsa,
Mening chin maslagim shuldir, butunlay sotsiallarday!

Bu mazhab bebaho mazhab, qutulmoq yo‘li shul yo‘ldir,
Buning homiylari o‘lguncha borgay shunda aldanmay!

Turob To‘la tarjimasi


BIR TATAR SHOIRINING DEGANI

Men kuylayman, turgan yerim tor bo‘lsa ham,
Qo‘rqmayman sevgan xalqim tatar bo‘lsa ham.
Ko‘krak kerib turadirman, menga millat
Bu kun miltiqdan o‘qlar otar bo‘lsa ham.

Ungga, so‘lga og‘may olg‘a men boraman,
Yo‘lda bir sad ko‘rsam tepib ag‘daraman;
Qo‘lda qalam bo‘la turib yosh shoirga,
Ma’lumdirki, qo‘rqish bilan hurkish harom.

Dushmanlarning zo‘ridan biz hech qo‘rqmaymiz,
Botirlikda Ali, Rustamlarga tengmiz.
Shoir umri qayg‘u-hasrat ko‘rsa ko‘rar,—
To‘lqinlanmay turolmaydi ulkan dengiz.

Kuylayman yaxshilikni kecha-kunduz men,
Sevaman ezgu ishni va shirin so‘z men.
Yomonlikni so‘kaman, maqtay olmayman,
Yomonlikni ko‘rganda, juda yovuz men.

Yomonliklar jahlimni ko‘p ko‘pirtadi,
Tayoq bilan go‘yo qornimga turtadi.
«Nega bunday? Yaramas», deb vaysatishib,
«Tfu, chortlar! Ahmoqlar!» deb tukirtadi.

Agar nohaq otsa o‘qni menga tomon,
Bir og‘iz so‘z qilmayman unga hech qachon.
Yanglish otding, qaytib olgin o‘qingni deb,
O’q botsa ham do‘stlikni qilaman bayon.

Dil zahar bo‘lganidan she’rim ham zahar,
Pishgan desam xom chiqar u ba’zi safar.
Bulbul kabi qalbimni sayratay desam,
Mushuksimon ko‘ngilsiz u miyovlab ketar.

Rang-barang ko‘rinadi maqtalgan narsa,
Nordon meva bo‘ladi ko‘pincha sara.
Men hozir achchiq-chuchuk yozsam ham, ammo
Yaxshi niyat bor unda, sinchiklab qara!

Pushkin, Lermontovdan o‘rnak olaman,
Asta-sekin yuqorilab men boraman,
Tog‘ boshiga chiqib men qichqiray desam,
Yuksaklikdan yilarman deb men qo‘rqaman.

Manzil yaqin, yura bergach yo‘l qisqarar,
Allaqayda yotgan hissiyot qo‘zg‘alar.
Men bukirmas, tuzalishga qabr kerakmas,
Tangri fayzi ko‘nglimga izin solar.
1907

O‘Z-O‘ZIMGA

Tilayman bo‘lishga men insoni oliy,
Tilar ko‘nglim taoli bittavoli.

Yurakdan sevaman baxtin tatarning,
Ko‘rsaydim, ulg‘ayish vaqtin tatarning.

Tatar baxti uchun men jon otarman,
Men o‘zim ham tatarman, chin tatarman.

Son-sanoqsiz mening millatga va’dam,
Quruq bo‘lmasin va’dam, vollohi a’lam!

KUZ

Kuz keldi, do‘stlarim, kuz keldi biroq,
Ko‘p o‘tmay qish kelar to‘nlari oppoq.

Keta boshladi bizdan endi qushlar,
Ular bizdan yiroq joylarda qishlar.

O‘rmonlar sarg‘aydi misli za’faron,
Ekinlarin yig‘ib olmishdir dehqon.

Taqir qoldi tatar boshi kabi qir,
Oziq izlab uchar to‘rg‘aylar pir-pir.

Chiqib yerdan bosh qalqitar kuzlik ekin,
Yashil maysa kabi jim-jim etar sekin.

Quyosh ham issig‘in kamaytdi ancha,
Bosib zulmat, yorug‘lik ketdi qancha.

Quloqda shovillaydi endi sovuq yel,
To‘lar ichga, iching misli quviq, yel.

Ne desang ham ko‘ngilsiz kuz ko‘ngilsiz:
Chechaksiz kuz, maysasiz hamda gulsiz.

Mozoristonga o‘xshab qoldi qirlar,
Giyohsizdir tekis yerlar, chuqurlar.

Ulib tursam edi men olti oyday,
Erib uxlasam edi sarig‘ moyday.

Shunday uxlab bahor yetganda tursam,
Turib yana ko‘m-ko‘k yerda o‘ltirsam,–

Baxtiyor bo‘lardim, juda baxtiyor,
Go‘yoki podishoh baxti – taxti bor.

Ey, faqir millatim, qachon bahoring,
Qachon ketar keching, kelar nahoring?

Kelarmi men qabr tomon surilgach,
O‘lib qiyomatda qayta tirilgach.

BAHOR ALOMATLARI

Bahor keldi, qorlar eriy boshladilar,
Po‘stinlilar po‘stinlarin tashladilar.
Kiyimsizlar erkin yura boshladilar,
To‘nsizlarga yorug‘ kunlar keldi endi.

Piyma, chana ish bermasdan qoldi bugun,
Aravalar shovqin-suron soldi bugun.
Velosiped, kareta yo‘l oldi bugun,
Ko‘chalarda yuz aylanib yeldi endi.

Qishda qotgan, yap-yalang‘och daraxtga boq!
Bugun go‘zal, chiqarmoqda yashil yaproq.
Nurga to‘lib ochilmoqda yaqin, yiroq,
Har yog‘ochda bulbul kuyin kuylar endi.

Yetti qavat muz tagidan chiqar baqa,
Botqoqlarga, balchiqlarga bota-bota.
Qamishlarning orasidan boqa-boqa –
Yana eski hikoyasin so‘zlar endi.

Qurbaqalar yotib jarda vaqirlashar,
Birin-biri anglamasdan taqillashar.
Allanelar kengashadi, aqillashar,
Axir, mantiq o‘qiganlar shular endi.

Qish ham o‘tib, go‘zal ko‘klam kelish bilan,
Sahrolarda mayin sabo yelish bilan.
Oh, bu kunlar g‘amgin dilni kesish bilan,
O‘tgan umr bir-bir yotga tushar endi.

Daryolarda tog‘-tog‘ bo‘lib muzlar oqar,
Havolarda to‘p-to‘p qushlar qanot qoqar.
Ey, xudoyim, kunni ilit, tanga yoqar,
O‘lgan dunyo jonlanur ham yashar endi.

TARADDUD VA SHUBHA

Men agar bir sharpa sezsam og‘zima jonim kelur,
Qo‘rqaman, tahqir etishga ori vijdonim kelur.

Naylayin, yo‘q ezgu ish yotganda ham, turganda ham,
Menga yo‘l ko‘rsatgali doim u shaytonim kelur.

Men ne ish qildim bu dunyoga kelib deb o‘ylasam,
Oldima chin, to‘g‘ri yo‘ldan chetga toyg‘onim kelur.

Kuylagan shul kuylarimdan foyda bormi xalqima?
Yo malakdan, yoki shaytondanmi ilhomim kelur.

Chindan ham men mubtaloman she’r to‘qishning dardiga,
Ketma-ket ham sarflanib maydonga devonim kelur.

Men bilurmankim bu dunyo men uchun do‘zax erur,
Bir she’r yozsam faqat jannat va rizvonim kelur.

To‘ldirilgan har varaqda bog‘u bo‘ston yuz ochib,
Har tarafdan qarshimda hur birla g‘ilmonim kelur.

Yozganim bosildi-yu, men yana zo‘r bir qayg‘uda,
Har baytda etgali ismimni e’lonim kelur.

Hech rizo bo‘lmay o‘zimdan, yozganimdan so‘ngra men,
Har zamon ko‘z oldima kamlik va nuqsonim kelur.

Qay vaqtlar baxt-saodatdan agar uzsam umid,
Allaqaydan shunda iqbol otli cho‘lponim kelur.

Yaltirab ul ko‘klarimda ko‘p umidlar ortdirib,
Ko‘z yoshim artmoqqa go‘yo nozli jononim kelur.

SARLAVHASIZ

Qo‘zg‘atmoqchi bo‘lsang xalq ko‘ngillarin,
Tebratmoqchi bo‘lsang nozik qillarin,
Kuyla sen, albatta, achchiq hasrat kuyin,
Kerak emas bema’ni kulgi, o‘yin!

Umr yo‘li ko‘ngilsiz va qop-qorong‘u,
Bu dunyoda kim kelsa senga to‘g‘ru,–
Shubhasizdir jarohatli ko‘kragida,
Yashiringina yonib turgan hasrat to‘liq.

Sho‘rlik odam! Sirtdan o‘ynar, sirtdan kular,
Yomon yoqni ichidagina o‘ylab qo‘yar.
Bizning umr, o‘yin emas, bayram emas,
Hech qayg‘usiz kishi bo‘lsa, odam emas.

O‘z-o‘zin xursand qilar mast-alastlar,
O‘z-o‘ziga may ichirib esi pastlar:
“Ammo dunyo qanday go‘zal, qanday huzur,
Bu dunyoda kimsa bormi der, mendan zo‘r!”

Ramz Bobojon tarjimasi


SHOIR

Yillar o‘tib, umr kechib bel bukilsa,
Qarib qolsam, darmon ketsa, tish to‘kilsa.
Ko‘nglim mening yosh qolg‘usi, hech qartaymas,
Irodam hech sinmas, aslo holdan toymas.

Ko‘kragimda she’r otashi so‘nmas hech ham,
Qarisam-da ko‘targayman tog‘ni bardam.
Ko‘nglim kunduz kabi yorug‘, ko‘klamday yosh,
Qish va qor yo‘q, shoir ko‘ngli — mangu ko‘klam.

Qarisam-da hech qariday bo‘lmagayman,
Aqlim ketib, aslo aljib qolmagayman.
Xudo bilar, o‘tirmasman o‘t yonida,
She’rlarimdan o‘t olgayman, tolmagayman.

Kuylay-kuylay o‘larman men o‘lganda ham,
Kuylagayman azroilni ko‘rganda ham.
«Biz ketarmiz, siz qolarsiz!» deb kuylarman,
Jasadimni tuproq bilan ko‘mganda ham.
1908

ONA TILI

Ey aziz til, ey go‘zal til, ota-onamning tili,
Dunyoda ko‘p narsa bildim sen ona til orqali.
Avvalo, bu til bilan onam beshikda kuylagan,
So‘ng uzun tunlar bo‘yi buvim hikoyat so‘ylagan.

Ey ona til, har zamon bo‘lding madadkorim mening,
Sen tufayli anglatarman shodligim, zorim mening.
1912

MUHABBAT

Yer yasharmas, gul ochilmas tushmasa ko‘k tomchisi,
Qaydan olsin she’rni shoir, bo‘lmasa ilhomchisi?

Chin go‘zaldan qaysi shoir, aytingiz, ruhlanmagan,
Bayroning, Lermontovingmi, Pushkiningmi qaysisi?

Faydasiz go‘sht parchadir – go‘shtdan iboratdir yurak,
Pora-pora kesmasa ishqu muhabbat qaychisi.

Tishlaringning gavharidan nur olib yozdim g‘azal,
Aytingiz, qay injudan kam bu g‘azalning yog‘disi?

Bu tatar shoirlarin mumkin keyinga qoldirish,
Olg‘a sursin shoiri yolg‘iz muhabbat qamchisi.

Etmagayman hech qabul, olamga hokim bo‘l, desa,
Bo‘lmog‘im mumkin ekan ishqu muhabbat yolchisi.

Muncha ham lazzatlidir yashrin azob, yashrin kuyish!
Bormikan, bilmam, buning mendan bo‘lak anglovchisi?

Barcha ahrori – muhabbat mendan oldin zan etay,–
Qayda Farhod birla Majnun, men ularning tongchisi!

QO‘SH OT

Qo‘shtirib qo‘sh ot Qozon yo‘liga tushdim chopqillab,
Qistar otlarni kucher ham qamchilab, ham tortqilab.

Tun edi, shodlik bilan nurlar sochib oy yaltirar,
Asta esgan yel ila yaproq yog‘ochlar qaltirar.

Har taraf jim, o‘y faqat menga nedur kuylar edi,
Ko‘z yumuq, uyqu bosar, yolg‘iz xayol so‘ylar edi.

Bir zamon ochsam ko‘zimni nurli bir yot qir yotar,
Oh, bu qanday ayriliq? Umrimda ilk topqir yotar.

Sog‘ bo‘l endi, yaxshi qolgin, ey mening turgan yerim,
Qancha orzu, qancha armon ham xayol surgan yerim!

Xush umr kechgan shahar! Endi yiroqda qoldingiz,
Oh, tanish uylar, ko‘zimdan siz tamom yo‘qoldingiz,

Orziqib ko‘ngil yonar, hasrat ichida, o‘yda men,
Loaqal do‘st yo‘q, netay, yolg‘iz ikovlon o‘y va men.

Oh, nachora, bu kucher ham suhbat ochmas, so‘ylamas,
Bir go‘zalning sirg‘asi yo baldog‘idan kuylamas.

Bir nimam kam singari, hayratdaman, dil bo‘sh va jim,
Bari bor, yolg‘iz tug‘ishgan yo‘q bu yerda, men yetim.

Bunda begona hamma: bu Mingali, Bekmulla kim?
Bekmuhammad, Bektemir, bilmam hali boz allakim?

Sizdan ayrildim qarindoshlar, ko‘p o‘ng‘aysiz hayot,
Bu hayot – aytsam agar, go‘yo quyosh, oysiz hayot.

Shunday o‘ylar birla toshday qotdi ketdi boshlarim,
Ixtiyorsiz misli chashma oqdi-ketdi yoshlarim.

Bir tovush keldi qulog‘imga jaranglab shu zamon:
“Mulla bachcha, ko‘zni ochgin, qarshida shahri Qozon”.

Bu tovush ko‘p ochdi ko‘nglim, shodligimdan jon yonur,
“Ha, de, chop tezroq yetaylik! Otlaringga qamchi ur!”

Yangrar bomdod namoziga go‘zal, mungli, azon,
Ay, Qozon! Dardlik Qozon! Munglik Qozon! Nurlik Qozon!

Bundadir bizning bobolar to‘rlari, puchmoqlari,
Bundadir dardlik ko‘ngilning hurlari, ujmohlari,

Bunda hikmat ham yorug‘lik, ilmu urfon bundadir,
Bunda ko‘nglim sevgani, u mo‘rchamiyon bundadir...

OLTINGA QARSHI

Ey, xudoyo! Yer yuzidan ol jadal, oltinni ol,
Bu muqaddas yerga o‘t qo‘yg‘uvchi shum yolqinni ol!

Ayt malaklarga jahonni tozalab olsin edi,
Barcha oltinni yig‘ib do‘zaxga tez solsin edi.

Sap-sariq shaytonlar erkan shunda yonsinlar raso,
Jumla osiylar uchun ularga bersinlar jazo.

Bu jahon iblis va shaytonlar bila qolgay tinch,
Bitsin ortiq shu sariq yuz, shundadir xavf-qo‘rqinch.

Xalqni ham oltin buzar, oltin quturtar, ozdirar,
Yarqirab, ko‘zlarni aldab, yo‘liga choh qazdirar.

Men tamom kezdim jahonni, qancha yurtda yurmadim,
Shu sariq yuzdan – balo... shayton, falon hech ko‘rmadim.

Har taraf, har yerda inson shu baloning bandasi,
Ko‘rmagaylar haqni, chunki zar haqiqat pardasi.

Barcha xalqqa zuhdu-taqvo, to‘g‘rilik, din, dil o‘sha!
Ezgu Qur’on ham Zabur, Tavrot o‘sha, Injil o‘sha!

BIR RASMGA

Zab go‘zal, boqqil bu qizning ko‘zlariga, qoshiga,
Ofarin, ming ofarin bu surating naqqoshiga.

Qaydan olmish bu uzun sochlarni, ayting, bu quyosh,
Ko‘r, xudoning qudratin ko‘r, bir ko‘zing sol boshiga.

Ey, quyosh! Ko‘rksizligingdan sen xijolat tortasan,
Gar solishtirsang yuzingni ushbu yuz ra’nosiga.

Bu go‘zal qizning faqat rasmin ko‘rib qolsa magar,
Shubhasiz siltar qo‘lin Majnun ham o‘z Laylosiga.

Bo‘lsa gar ujmoh to‘rida ilgari rasmi buning,
Iltifot etmas edi Odam-da o‘z Havvosiga.

Ko‘rsa Horut birla Morut yo‘ldan ozmaslar edi,
Balki boqmaslar edi shaytonlaring ig‘vosiga.

La’li labdan bo‘sa olganda kerakmas kavsaring,
O‘xshagay ul dunyoning o‘lmas Xizir, Ilyosiga.

Ko‘rsa gar Iblis la’in, isyon qilib yurmas edi,
Bosh qo‘yardi sajdaga, qaytib tag‘in Ollosiga.

Sayramas bo‘lsa bu qiz madhu sanosini agar,
Jumla bulbul o‘lgusi, ul ketgusi ma’vosiga.

BO‘LMASA

Kim bilar qadringni, jonim, dardli ko‘ngil bo‘lmasa,
Noz etar kimlarga, gul, qarshida bulbul bo‘lmasa?

Suratingning jilvasi, bil, shoirning ko‘nglindadir,
Ko‘zgularda ko‘rmagaysan chin yuzing ul bo‘lmasa!

Bermadi Laylo kabi mahbubga dunyo baho,
Layli ne, qarshida Majnun ishqi maqbul bo‘lmasa?

Hech kelishmas san kabi tanho go‘zallik shohiga,
Sevmasa bir milliy shoir ham kelib qul bo‘lmasa.

QISHLOQ

Tog‘ boshiga solingandir bizning qishloq,
Bir buloq bor, u qishloqdan emas yiroq.
Qishloq go‘zal, suvi shirin, bilaman men,
Shu sababli jonu tandan sevaman men.

Esdan chiqmas unda mening ko‘rganlarim,
Shodlik bilan o‘ynab umr surganlarim.
Akam bilan birga-birga dalalarda,
Omoch bilan yer haydashib yurganlarim.

Bu dunyoda ko‘p ish ko‘rib, umrim o‘tar,
Belgisizdir, taqdir qayon boshlab ketar.
Qayda borsam, qayda yursam, so‘nmas mehrim,
Xotirimda mangu qolar tuqqan yerim!

YOZGI TONG XOTIRASI

G‘olibona nur sochib, ohista olrang tong otar,
Mung bilan, hasrat bilan ohista sokin oy botar.

Bitta-bitta yo‘q bo‘lib osmonda yulduzlar so‘nar,
Tong yeli asta esar, yaproqlar oz-moz silkinar.

Pardasin olgay, ochilgan yam-yashil qir ham yobon,
Ketgay asta qoplagan u qop-qora tungi chopon.

Tun bo‘yi jim yotgan erdi oftobga intizor,
Yaltirar qo‘llar sehrli ko‘zgularday jilvakor.

Shod chamanzorlar tabassumda, chechaklar, lolalar,
Sayragay bulbul kuyib madhiya – tonggi nolalar.

To‘xtaganlar ko‘rgali tongda tabiat ko‘rkini –
Ko‘kda oqqushlarday oq ko‘chma bulutlar turkumi.

Qarshilashga eng so‘lim payt, eng go‘zal payt yozgi tong,
O‘yla shoir, keldi fursat, keldi ilhom o‘ylasang.

Mirtemir tarjimalari

NASIHAT

Ehtiyojin arz etib kelsa tilanchi qopqangga,
Qattiq so‘zlar birla sen insonligini toptama.
Senga o‘xshash ul «tilanchilar»da olloning quli,
Qo‘l cho‘zar bechora baxtsizlik va ochlik orqali.

Yurmangiz bir yoqli deb siz bu vafosiz dunyoni;
U ikki yoqli: uning bor ham qora, ham kun yog‘i.
G’ildirakday aylanar boylik va shuhrat, martaba,—
Sen bugun boy, balki, shaytondan ham yo‘qsul ertaga!

Bo‘lsa—bergin, bo‘lmasa asta gapirgin yo‘qliging,—
Bilmay qolma: oq soqolli chol Xizir — Il’yosligin!

QIT’A

Kuchlarimni men qora kunlarga saqlay olmadim,
Kunlarimning hech birini ham, chunki oqlay olmadim.

Uchradi yo‘lda to‘siq, itdan ko‘paydi dushmanim,
Chunki zolimlarni, ustunlarni yoqlay olmadim.

Olmadim o‘ch, bitdi kuch, sindi qilich, shul bo‘ldi ish:
Kirlanib bitdim o‘zim, dunyoni poklay olmadim.
1913

SEVGILIMNING QABR TOSHIGA

O‘lmadi, o‘lsang-da, ko‘nglimda sening darding hanuz,
Do‘stliging, insonliging qalbimda qoldirding hanuz.

Motaming, bil, shubhasiz, motam erur, ey nurli yuz,
Surating chashmimdadir, zehnimdadir savting hanuz.

Qanchalik biz yor edik: sen – men eding, men – sen edim;
Qolmadi bundan asar, qoldi magar shavqing hanuz.

KUZ YELLARI

Yaltirab yulduz yonadir, tun qora bo‘lgan sayin,
Yodima tangrim tushar, baxtim qora bo‘lgan sayin.
 
Kuz tuni. Yo‘q uyqu menda. Uy to‘lib yig‘laydi yel,
Yel emas u, och o‘limning vahmidan yig‘laydi el:

– Eng sevikli ishchi avlodim bu yil och qoldi, deb,
Ezgu, shafqatli onamiz – quyunib yig‘laydi – yer.

Unda kampirlar qo‘yar tushgan tishin oltin bilan,
Bunda burda non uchun ko‘z yosh to‘kar ingichka bel.

Yo‘qchilikdan jon berar har yerda bu erlar qurib,
Jon oluvchi Azroil ham qizg‘anib yig‘lar nuqul.

Bizga bayram tatigaymi tursa ochlar termulib,
Qabrida Ibrohim ham, Ismoil ham yig‘laydi, bil.

Kulsa unda to‘q va ixlossiz ko‘ngillar takbiri,
Har eshitganning ko‘zidan yosh oqib yig‘laydi til.

Kuzgi tun, tamsiz, qorong‘i... uy to‘lib yig‘laydi yel,
Yel – xabarchi: och o‘limning vahmidan yig‘laydi el.

JAVOB

She’ri Lermontov va Pushkin – eng ulug‘ sof dengiz u,
Hazrati Pushkin va Lermontov, To‘qay – uch yulduz u.

Senki shul dengiz bo‘yida og‘u ichkan ey kuchuk!
Tillaring cho‘zgan bo‘lasan yetmaydi, yetmas, ket ko‘chib!

Ket nari, ammo ketishda sen qulog‘ing so‘zga bur:
Bor-chi it, umring bo‘yi shul ko‘kda uch yulduzga hur!

Mamarasul Boboyev tarjimalari

BO’RON

Tinchgina turgan havoni qopladi birdan tuman,
Qor uchib, qor sepkilab, qorga ko‘mildi har tomon.
Qor urar yuzga rahmsiz ko‘z ochib bo‘lmas sira,
Har qora narsa bo‘ri yoki qaroqchiga o‘xshar, qara!

Qorni yenggandek tushar yerga tiniq oy yog‘dusi,
Goh sariq, goho kumush: qo‘rqqan kabi oyning yuzi.
Kun bo‘yi yotgan edi o‘lgan ilondek yo‘l tinch,
Chiqdi qaydan bu bo‘ron — yo‘ldan adashsang qo‘rqinch.

Ne balo! Qof tog‘idan jinlar to‘zib solgan yig‘i?
Yo teshilganmi xudoning tengi yo‘q zo‘r yostig‘i?
Qor bo‘lib yerda ucharmi ushbu yostiq parlari?
Izg‘ishib parlar yig‘armi yoki Qof tog‘ jinlari?

Men ne g‘amda, qor orasidan termulib ul oy kular,
Men g‘arib zahmatda, go‘yo — chorbog‘indan boy kular!
1912

Shuhrat tarjimasi


BOLALARGA

Qo‘rqma zinhor, bor deb aytsa, jin, ajina, shurali,
Barchasi yo‘q gap, bularni ko‘rmagan hech kim hali.
Jin — falon deb gap sotishlik eskilardan qolgan u,
So‘zlashi yaxshi, ko‘ngilli, shoirona yolg‘on u.

Aslida — alvasti bo‘lgan sahrolar, sayhon ham yo‘q,
Shurali saqlab turuvchi qop-qora o‘rmon ham yo‘q.
Sen hali o‘s ham o‘qi ko‘p, shunda anglarsan barin,
Ma’rifat nuri ochar ko‘p narsalar yolg‘onligin.

KO‘NGIL YULDUZI

Nechog‘liq ezsa dunyo, erki bor, qo‘rqitmagay bizni,
Yig‘i o‘rnida kulgayman, jahondan burmayin yuzni.

Mening umrim qorong‘u tun, quyoshim ham oyim tug‘mas,
Bunga ham men shukr qildim, bu tun yulduzli, yulduzli.

Qo‘lin cho‘zdi menga ming xil qora kuchlar va mal’unlar,
O‘chirmoqchi bo‘lib ko‘nglimda yongan ezgu yulduzni.

Va lekin so‘nmadi ul, yulduzim porloq, hamon nurli,
Ajabmaski yo‘lga solsa, adashgan bitta yo‘lsizni?

Ko‘zidan qonli yosh to‘ksa edi u barcha shaytonlar,
Jahonda qoldirib ketsam edi yo rab, go‘zal izni.

Mening ko‘nglim yorug‘ yulduz umid, hasrat va his birlan;
Zarar yo‘qdir, hamma poklik ham oyli, yulduzli.

Shukrullo tarjimasi

MO‘JIZA

Bu payg‘ambar vafotidan keyin hech mo‘‘jiza bo‘lmas:
Yorilmas ikkiga oy hech, qora tosh ham tuya tug‘mas,–

Deb aytsa sizga ilm ahli, ishonmang aslo, yolg‘ondir,
O‘zim ko‘rdim bugun, bizning zamonda mo‘‘jiza bordir:

Bugun tongda uyimga bir qarzdor oshnam keldi,
Yalintirmay, talashmay, va’dasida qarzini berdi.

Asqad Muxtor tarjimasi

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.