OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdujabbor Qahhoriy (1924-2007)

Abdujabbor Qahhoriy 1924 yil 7 yanvarda Konibodom shahrida dunyoga kelgan. Pedagogika bilim yurtini bitirib muallimlik qilgan.
1942 yilda jangga ketib Orlov va Vitebsk shaharlarini ozod etishda qatnashgan. 1944 yilda og‘ir jarohat olib jangdan qaytib kelgan. «Sovet Tojikistoni» gazetasida bo‘lim boshlig‘i, «Tojikiston pioneri» gazetasi va «Mash’al» jurnalida muharrir bo‘lib ishlagan. «Irfon» nashriyotida direktor, respublika kitobsevarlari Jamiyati raisining birinchi o‘rinbosari vazifalarida mehnat qilgan.
«Baxt qo‘shig‘i», «Bahor guli», «Shom guli», «Shoir minbari», «Mehmon bilan suhbat», «Ashki shirin», «Paxta qissasi» kabi she’riy kitoblar muallifi. «Gardishi ayyom», «Konibodom», «G‘animat umr» kabi nasriy kitoblari chop etilgan. She’rlari jahonning ko‘p tillariga tarjima qilingan. Tojikiston xalq shoiri. 1947 yildan Tojikiston yozuvchilar Ittifoqi a’zosi. 2007 yilda vafot etgan.

NAHOTKI, JANG ETMOQDA DAVOM

Sovuq o‘qlar parchasi hanuz
Vujudimga bermagay orom.
Bitmagandir yaralar o‘rni,
Og‘riqlari bo‘lmagan tamom.
Nahotki, jang etmoqda davom?

Yarim tunda otalar goho
O‘q yeganday sapchir nogahon.
Otasining dog‘ida kuyib,
Yosh to‘kadi farzandlar hamon.
Nahotki, jang etmoqda davom?

Suronlarda ketgan bedarak
Aka-uka, opayu singil.
Bir-birini qidirar tinmay,
Daraklaydi uzolmay ko‘ngil.
Nahotki, jang etmoqda davom?

Farzandining qoraxatini
Takror-takror o‘qir otalar:
Balki xato yozilgan maktub,
Qaytishidan bordir bir xabar.
Nahotki, jang etmoqda davom?

Yillar bo‘yi bo‘lib intizor,
Firoqida o‘rtanib yurak,
Yor yo‘liga ko‘z tutib mushtoq,
Oqartirdi sochin kelinchak.
Nahotki, jang etmoqda davom?

Farzand dog‘i kuydirgan ona
Goh kimgadir tikilib qolar.
O‘xshar ekan o‘g‘limga, deya,
So‘ng mehr-la og‘ushga olar.
Nahotki, jang etmoqda davom?

Zang qoplagan mina ostidan
Qad ko‘targan lolalar go‘zal.
Gul sayriga chiqar bolalar,
Ammo uyga qaytmas hech mahal.
Nahotki, jang etmoqda davom?

Shahidlarning qabrida mangu
Shu’la sochib turadi olov,
O‘tli qalblar alangasi bu,
Orzularin aylagan yalov.
Nahotki, jang etmoqda davom?

Ha, tinmagan hali jang tamom,
Xotirada, yurakda yashar,
Asablarda qoldirgan asar,
Ha, tinmagan hali jang tamom.

SHOIR NIGOHI

Afg‘on shoiri Borik Shafe’iyga

Shoir ko‘zlarida bir mehr ko‘rdim
Bahor chaqiniday yorqin, nurafshon.
Do‘stlar diydorini ko‘rmoqlik uchun
Quyosh qurganmi yo unda oshiyon.

Ha, shoir dilida yaralgan oftob
Ziyo sochar bu dam ko‘ngil qatidan.
Sadoqat ipidan to‘qilgan nuri,
Harorati esa muhabbatidan.

Inson qalbi billur qadah misoli,
Ishq dengizin unga jo etmish shoir.
Neki etmoq bo‘lsa so‘z bilan bayon,
Nigohlari avval ayladi zohir.

KOBUL

Bir qatra suv Amudaryodan
Issiq kunda bug‘ bo‘lib uchdi.
Charx urgancha yetdi-yu ko‘kka,
Unda ayoz havolar quchdi.

Oqshom cho‘kdi. Qora chodirin
Tun samoga yoyib tashladi.
Go‘daklarning beshigi uzra
Shamol alla ayta boshladi.

Qatra suv ham uyquga cho‘mdi,
Hunarini ko‘rsatdi ayoz.
Parcha muzga aylandi nogoh
Mitti tomchi etarkan parvoz.

Vale tongda chekindi sovuq,
Ziyo sochdi yana oftob.
Shafaq nuri eritdi tanin,
Qatra uchdi dengizga shitob.

Bir g‘unchani ko‘rdi uzoqdan,
Lab ochibdi ko‘kka mahliyo.
Suvga tashnamikin bechora,
Sarmast bulbul oshig‘imi yo?

Quyi, quyi... quyildi tomchi,
G‘uncha sari shoshdi kuy chalib:
Gul bargiga qatra qo‘ngan joy,
Mashhur bo‘ldi Kobul atalib.

Tilak Jo‘ra tarjimalari

TOJIKISTON

Ajab dilkash erur bodu havosi Tojikistonning,
Bo‘lsin jonu tanim mayli fidosi Tojikistonning.

Tanangga jonu o‘zingga aqlu raso baxsh etgaydir
Chunon xushmanzara mulki zebosi Tojikistonning.

Ey dil bir dam kelib bu yurt vasfida sen g‘azalxon bo‘l,
Go‘zal qizlar chiroyi-dilrabosi Tojikistonning.

Go‘zal yurtim uchun dushman sari janggohga otlandim,
Bo‘lay deb farzandi bovafosi Tojikistonning.

Fashist boshin tanidan judo etmoqqa shaylandim
Mudom tayyorman bo‘lmoqqa fidosi Tojikistonning!

Hasanboy G‘oyib tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.