OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulchehra Sulaymonova

BUXORO

Mening aziz shahrim, qadim Buxoro —
She’r maskani, zebo so‘zlar maskani.
Sendadir bolalik yodim, Buxoro,
Shayman, onam kabi qalbga bosgani.

Tarixsan — mo‘‘jiza, san’atga to‘liq,
Pirsan — ja’mi jahon ziyorat qilgan.
Sensan men kuylagan eng to‘ng‘ich qo‘shiq,
Go‘dak hayratlarim senga to‘kilgan.

Naqshinkor bag‘ringni sevaman jondan,
Sohir ranglaringni, oydin yuzingni.
Mehri ohanrabo, chehrasi xandon,
Sevaman yoqimli talaffuzingni.

Mening yuragimda qolgan naqshlanib
Asriy obidalar jilvasi, rangi.
Nazdimda, o‘zingdan ketar boshlanib
Dilbar kunduzlarning shafaqli tongi.

Sen chunon ko‘hnasan, chunon navqiron,
Bag‘ring yog‘dularga shunchalar boykim,
Bor qora dog‘larga keltirding qiron,
Qalbing oydinligin oldida oy kim?!.

VARRAK

Hushimni o‘g‘irlab
Uchmoqda varrak,
Men yetmagan ko‘kni
Quchmoqda varrak.

Varrakni uchirgan
Shamolmi? Shamol?!
Xayollarim ipi
Tortar, ehtimol.

Balki tortayotir
Uni ushbu dam
Bolalikning shirin
Orzulari ham!

Pastda nima bo‘lsa,
Qo‘yib armonga,
Ucha ber, varragim,
Quyosh tomonga.

Ucha ber, ne bo‘lsa,
Baridan baland,
Va lekin xo‘shlashma
O‘z uying bilan

biror payt oqqushday
Qo‘ngil tomiga,
Chorlab tursa hamki
Fazo komiga.

Turgan bo‘lar tomda
Bolakay shodon,
Naq o‘zi parvozdan
Qaytganday shu on.

...Aylanaverarkan
Umr parragi.
Qani u bolakay,
Qani varragi?!.

Tilak Jo‘ra tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.