OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammadjon Rahimiy (1901-1968)

Muhammadjon Rahimiy 1901 yilning 3 mayida Buxoro viloyatining Shofirkon nohiyasi, Foyiqi qishlog‘ida tug‘ilgan. 1917 yilda eski maktabda tahsil olgan. So‘ngra hunarmandchilik bilan shug‘ullangan.
«Dostoni san’at», «Marg ba marg, xun ba xun», «Kishvari zarrin», «Tilloi safed», «Mash’ali mehr», «Afsonai Simurg‘», «Ruboiylar va dubaytlar» kabi kitoblari chop etilgan. 1942 yilda uning asari asosida «Tojikiston o‘g‘loni» kinofilmi suratga olingan. «Tojik-rus lug‘ati» adib tartibi va tahriri ostida chop etilgan. A.S. Pushkin, N.A. Nekrsov, M. Gorkiy, S. Vurg‘un, T. Shevchenko kabi shoirlarning she’rlarini tojikchaga tarjima qilgan. 1934 yildan Tojikiston yozuvchilar Ittifoqi a’zosi bo‘lgan.
1968 yilda vafot etgan.

OSHIQ BO‘LDIM
(Qo‘shiq)

Mohpora oshig‘i ham zori bo‘ldim,
Gul yuzin bulbuldek guftori bo‘ldim.

Bahra chopurman dil otashidin,
Sanam, behalovat, ovora bo‘ldim.

Oqibat topdim-u, ey, surati ishq,
Tal’ating asiri, xumori bo‘ldim.

Yuzingni yashirma endi mendan, oy,
Ko‘yingda kuyguvchi sayyora bo‘ldim.

Kipriging xanjaridan dod, ming dod,
Jon talashmoqda man sadpora bo‘ldim.

Voh, ishqning sher yanglig‘ kuchli panjasi
Dilimga chang soldi, bechora bo‘ldim.

Do‘stlar, nasihat ham iltifot eting,
Mohpora oshig‘i ham zori bo‘ldim.

BO‘LMASA

Oy, agar so‘zingda shafqat bo‘lmasa,
Ne ajab, ishqingdan lazzat bo‘lmasa?!

Yuzingda aks etar oydayin ma’no,
To‘lin oyga ma’no ziynat bo‘lmasa?

Ko‘zlaring agar tong mayxonasidir,
Mayli, shom mayxona xilvat bo‘lmasa.

Nigohing qochadir bizdin, ming afsus,
Ani rom etarga jur’at bo‘lmasa.

Sening gul yuzingda nuqtadek xol bor,
Nega shu nuqtadan hayrat bo‘lmasa?

Dilimga tasviring tushibdir qandoq,
Yuzing ko‘zgusida san’at bo‘lmasa?!

Konibodomlik-ku emassan, buncha
Ko‘zlaring bodomga monand bo‘lmasa?

Puxtalar xomisan, men puxta xomman,
Har puxtaga bir xom payvand bo‘lmasa?!

Jahon ishq tufayli badnom emasdir,
Mening ishqim senga isnod bo‘lmasa?!

Ko‘zlaring mastlig‘da namuncha hushyor,
Elda hushyor, mastga shuhrat bo‘lmasa?!

Ne uchun Moniy Arjangidan jonim,
Agar bu Jomiydan rag‘bat bo‘lmasa?!

Nega dil oromin olding o‘girlab,
O‘g‘rilik jononga odat bo‘lmasa?

Sen qachon Rahimiydan yiroq tushding,
Nahot, to hanuz bir xat-pat bo‘lmasa?!

OSHIQ MAKTUBI

Mening jonim sochlaring qo‘ig‘irog‘iga tushubdir,
Dil sehrgar qora ko‘zlar bulog‘iga tushubdir.

Garchi men ketdim olis, baribir shaydosiman,
Bir sinovdan o‘tgan ishq yor firog‘iga tushubdir.

Ul tiniq yuz birla bahs ertarga bir oina yo‘q,
Yo‘qsa, nega yor yuzi oy yonog‘iga tushubdir.

Kunlarim esla, safar yo‘li qachon bo‘ldi oson,
Oshiq izi birla qon yo‘l tufrog‘iga tushubdir.

Ayriliq oqshomida sayyoraga solgil nigoh,
Nur, yorug‘lik barcha gullar butog‘iga tushubdir.

Yig‘lamasman, ayriliqtsa yosh to‘kish mardlig‘ emas,
Bir-ikki la’l guldan yaprog‘iga tushubdir.

Xat yozibsan, yor, xatingda topmadim bir tola soch,
Soch sababsiz yo g‘arazdan oyog‘ingga tushubdir.

Turmasang ham ko‘z oldimda, ko‘z o‘ngimdan hamisha
Ketmagay, yor, surating qarog‘imga tushubdir.

Ko‘l uzat, yor, cho‘kayotganga sevgi daryosida,
Ul bu daryoga panoh ishtiyog‘ida tushubdir.

BALAND TOG‘

Bu yerda naqadar baland tog‘lar bor,
Ko‘ngilli manzara, ajib chog‘lar bor.
Xushbo‘y bo‘lsin, ey, kelinchak bahor!
Olmos muz va qordan ziynatlar qadab,
Boshingga tillaqosh qilgil, ey, dildor!
Senga gul-chechakdan ko‘ylaklar tikdi,
Bir rangin ko‘ylakki, bo‘ying barobar.
Tegrangda parvona bulut husningdan
Lol bo‘lib yiqildi oxir bemador.
Ey, dil, tog‘ yurtida ne baland tog‘ bu,
Bag‘rida tilyorar mevalar bisyor?!
Oynayuz tog‘larning etaklariga
Minglab gul, sumanlar qadalgan qator.
Temirday toshlar ham bo‘lib musaffo,
Yoqutu la’l yanglig‘ bo‘ldi jilodir.
Bori maysazorlar ustiga oydin
Seryulduz palakni yopguchi bedor.
Oydinda namoyon tog‘ husni, kunduz
Ko‘rinmas, u oliy bo‘ston betakror.
Hammadan serhosil bo‘lgandan, shaksiz,
Borlig‘i javohir birlan barobar.
Ko‘ringay to‘rt taraf nur to‘lqinida
Goh qizil, goh zarhal, gohida zangor.
Purviqor tog‘, endi muborak bo‘lsin,
Gul baxmal vodiylar bilan navbahor.

Tilak Jo‘ra tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.