OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Payrav Sulaymoniy

QALAM

Qalam ustodi dostonim erur,
Qalam ozoda tarjimonim erur.

Qalamga rozi dil qilurman fosh,
Qalamim mahrami nihonim erur.

To jahon bor, tirik qolajakdirman,
Qalamim umri jovidonim erur.

Garchi men hayotda kamgapman va lek
Qalamim qosidi bayonim erur.

Tilsizlik o‘limning nishoni ersa,
Qalamim qalammas, u jonim erur.

Men qizil qalamning payravidirman,
Qalamim shohidi zamonim erur.

YOR XAYOLIDA KECHGAN HIJRON KECHASI

Necha kundir yod etardim yodini,
Dilda asrab ul sanamning otini.

Vasli jomi orzuyim erdi mani,
Lek ichardim og‘uli paymonani.

Ham uzun tunlar xayolinda yonib,
Bir ilon shavqi birla ko‘kda charx urib.

Goh samum misli esib, jon o‘rtanib,
Gohi chaqmoq misli chaqnab ham yonib.

Bir bahor abri kabi yig‘lar edim,
Mingta bongdek dod solib, ohlar edim.

Beqarorlikdan jununim dashtida,
O‘zda yo‘q, sarson chopardim behuda.

Bosh berib, jonimga yetgach bir darak,
Jon berib, bir xushxabar topgach yurak.

O‘zni shuncha xoru zor, afgor etib,
Men murod ko‘yiga borgaydim yetib.

Sajda qilgandek bukib qad yerga men,
Ko‘z yoshi yanglig‘ tomib yo‘llarga men.

Nozanin, deb, ushlabon noz barini,
Tortar erdim zahrini nozlarining.

Goh oyog‘idan o‘pib, asta turib,
Goh so‘rib la’li labidan, jo‘sh urib.

Yaxshiroq ko‘z tashlasam har yon bu on,
Ko‘rgay erdim — menga neki noayon!..

Bu xayoldir, qalbni shavqli onidir,
Bu firoqim kechasin dostonidir.

TOR OHANGI

Qulog‘imga tag‘in ohangi tor kelgay
Va yorimning ovozi xush, xumor kelgay!

U tor ohangidan xasta vujudimga
Shifobaxsh ruh kelgay, ruhi nisor kelgay!

Na damlar beqaror erdim, bu dam dilga
Sening bu xush navoingdan qaror kelgay!

Shamol tarqatdimi xushbo‘y sochingni-yo,
Bu yoqlarga nasimi xush bahor kelgay?!.

Bu dam to‘zg‘itmagin yellarda sochingni,
U ham bir kun mening holimga kor kelgay!..

Sening bor kipriging birlan dilim zaxmin
Raqam etsak, ikisi teng, qator kelgay.

Xabar keldi, vafo dashtidagi ey qush,
Seni tutmoq uchun u yor shikor kelgay!

Turur Payrav bo‘lib zoring, quvonchidan
Ko‘ziga yosh qatoru shashqator kelgay!..

Tilak Jo‘ra tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.