OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mehri Xotun (1460-1506)

O‘rta asrlarda yashagan turk shoiralarining eng mashhurlaridan biri Mehri Xotundir. Mehri ijodi va hayoti haqida ma’lumotlar ko‘p emas. Uning tug‘ilgan va vafot etgan sanalari ko‘rsatilgan manbalarda tafovutlar bor. Masalan, ba’zi kitoblarda Mehri 1456–1514 yashab, ijod etganligi ko‘rsatilgan. Mehrining otasi Mehmet Chalabiy Yahyo qozi bo‘lib, Baloiy taxallusi bilan g‘azallar yozib turgan. Ma’rifatli inson Mehmet Chalabiy qizi Mehriga juda yaxshi ta’lim beradi. U turk, fors, arab tillarini yaxshi bilgan, adabiyot, tarix fanlarini chuqur o‘rgangan. Oshiq Chalabiy va Avliyo Chalabiy o‘z tazkiralarida Mehri Xotunni Mehir-un-niso, Faxr-un-niso, Mehrushoh deb ulug‘langanligini yozadilar. Shoira jismonan juda go‘zal bo‘l¬ganligini zamondoshlari bir ovozdan ta’kidlaganlar. Ammo Mehri bir umr turmush qurmasdan o‘tgan. Mehri yoshlikdan birga o‘sgan Muyadzoda Abdurahmon Chalabiyga ko‘ngil bergan. Abdurah¬mon Chalabiy Xotimiy taxallusi bilan she’rlar yozgan. A. Cha¬labiy yuqori davlat lavozimlarida ishlab, ko‘pgina ijodkorlarga homiylik qilgan. Lekin, taqdir ularga kulib boqmadi. 
Mehri g‘azallarida ko‘p uchraydigan ismlardan biri Iskandar Chalabiy nomidir.

Uyqudan ochdim ko‘zim nogah, ko‘tardim men sari,
Ko‘z solib, ko‘rdim turar bir mohi chehra dilbari.

Toleim keldi vayo maqsadga yetdim g‘olibo,
Kim yotog‘im ichra ko‘rdim tunda tug‘mish mushtari

Nur oqar, ko‘rdim jamolidan agarchi zohiran,
O‘zi o‘xshardi musulmonga, libosi kofari,

Ko‘zni ochib yumgunimcha bo‘ldi chashmimdan nihon
Shundoq tashhis etamanki -yo malakdir, yo pari.

Yetdi chun obi hayotga, Mehri o‘lmas to hashr
Ko‘rdi chun shab zulmatida ul ayon Iskandari.


Boyazid IIning vaziri Sinon Poshoning o‘g‘li Iskandar juda qobiliyatli, ma’rifatli inson bo‘lgan. Rivoyatlarga ko‘ra, Meh¬ri va Iskandar Chalabiy bir-birini juda qattiq yaxshi ko‘rgan¬lar, biroq nima uchun turmush qurmaganliklari noaniq. 
Mehridagi ishq aflotuniymi yo botiniy, bundan qat’i nazar, shoira g‘azallarida otashin ishqiy misralar, ehtirosga to‘¬liq satrlarda aniq yor obrazi yorqin chizilgan. Shoiraning tabiatan erkparvarligi, otashnafasligi qalbi muhabbatga to‘liq¬ligi va ishq yo‘lida qurbon bo‘la olishi uning g‘azallaridagi yoniq satrlarda ko‘rinadi:

Goh hajri yor-u, goh meni g‘amlar o‘ldirur.
Goh vasli dilbar ila kechgan damlar o‘ldirur


Mana shoiraning shu ruhdagi mashhur g‘azallaridan biri:

Oshiqsen ishq yo‘linda saqlama nomus-u or
Jahd idub bu yo‘lda jon ber, yo‘qsa qo‘ldan ketti yor.

Forig‘ o‘lub gar ko‘ngilsiz istar ersang yorni sen,
G‘ofil o‘lma, ne hazar qil, g‘ayrining bo‘lgay nigor.

Yer yuzin g‘arq aylar ersang kimsa silmas ko‘z yoshing,
So‘ngra gar qon yig‘lar ersang kunda ming qat zoru-zor,

G‘unchaning gulzorda turgan chog‘ida faryod qil,
Yo‘qsa ertan gul so‘lar, qolursen ey miskin hazor

Dilbaring domanini qutqargali xor qo‘lidan 
Har gulistonga tag‘in yuz urki, kim boru – ne bor

Mard esang, g‘ayrat damidir, izla yovni har nafas,
Domaniga tar guling yopishmasin tuhmati xor

Bir zamon Mehri falakda sayr etardi, endi boq,
Bu sababdan bo‘ldi-ku ayoqlar ostida g‘ubor.


1481–1512 yillari Amaseda shahzoda Ahmad hukmdorlik qilgan. Boyazid II ning o‘g‘li Ahmad san’atsevar bo‘lib, o‘z saro¬yiga olimlar, fuzalolar, musiqachilarni yig‘ib tez-tez bazmlar o‘tkazib turgan, o‘zi ham she’rlar yozgan. Ahmadning shoirlarga hurmati ayniqsa yuqori edi. 
Uning saroyida har yili mushoira o‘tkazilib, g‘olib shoir shu yilning eng yaxshi shoiri atalib, mukofotga sazovor bo‘ladi. 1505 yildagi mushoirada Mehri Xotun birinchilikni oladi. Mana shu faktning o‘zi shoira salohiyatiga, talantiga bahodir.
Zamondosh shoirlardan Guvohiy, Maqomiy, Oftobiylar bilan Mehri Xotun yaxshi munosabatda bo‘lgan. Ijodkor sifatida Iso Najotiy (?–1509) ijodiga ergashgan va uning g‘azallariga naziralar bag‘ishlangan. Har bir baytlarida hayotsevarlik, tuy¬g‘ular pokligi ko‘rinib turgan Mehri muhabbatda o‘zaro tenglik va ayol qalbini tushunishni kuylaydi.
“Nachora bechora ko‘nglim bir dam o‘lmas yorsiz”, “Do‘st hajri¬da damo-dam bag‘rim qon aylagan”, “Yo‘lida jon bermoqqa jonona kelmish” deya yoza olish o‘z davrida ayol shoira uchun jasorat edi. Mehri Xotun g‘azallarida an’anaviy obrazlardan yangicha tash¬behlar quradi. Yor sochining xalqa-xalqasini chovgonga o‘xsha¬tib, o‘z boshini to‘p kabi nisor qilishga tayyor. Tabiat go‘zalli¬gini, bahor nashidasini, bezangan ayyomni go‘zal satrlarda chizadi:

Gul kabi keldi yana olam bahorila bu kun 
Suratin kashf ayladi gulzora o‘xshar shahriyor.


Shahar turmush tarzini yaxshi bilgan Mehri Xotun turk adabiyoti tarixida birinchilardan bo‘lib shahar sha’niga qasida bitdi. Shoirning “Shahri Lodik” murabbasi Lodik shahri ta’rifiga bag‘ishlangan:

Havosi mo‘’tadildir, suvi kavsar,
Daraxti narule sarv-u arar
O‘ti rayhon-u sumbul hoki anbar 
Ne xush yaylak emish bu shahri Lodik.


Turk shoiralari ichida she’rlarining samimiyligi va ravonligi bilan Mehri Xotun alohida ajralib turadi. Butun umri Amaseda yashab o‘zini badiiy ijodga bag‘ishlangan Mehri Xotunning devoni bir necha nusxada bizning davrimizgacha yetib kelgan. Uch nusxasi Turkiyada, Istambul universitetida hamda Sulaymoniya va Ayosofiya kutubxonalarida. V.D. Smirnov tomonidan topilgan bir nusxasi Sankt-Peterburgdagi Osiyo xalq¬lari institutida saqlanadi.


MEHRI XOTUN G‘AZALLARIDAN

Yo‘liga jon bermoqqa jonona kelganlardanmiz,
Tolibi dard bo‘libmiz, darmona kelganlardanmiz.

Boshimni to‘p etmak uchun zulfining chavgonina,
Ishqing maydoniga mardona kelganlardanmiz.

Mehrini ko‘ngilda muhkam tutmisham, haq so‘zlaram,
Sidq ila Mansurvash uryona kelganlardanmiz.

Guliston husnining har ko‘shasinda do‘stman,
Bulbuligo‘yo bo‘lib afg‘ona kelganlardanmiz.

Kelmisham, husning zakotindan ki shayulloh etay,
Bilma bu darveshni jonona kelganlardanmiz.

Ey tabibi dil, meni band ila darmon vaqtidir,
Zulfining zanjirina devona kelganlardanmiz.

Sha’mi ruxsorina jononning, ey Mehri doimo
Yonaylik parvonavash, chun yona kelganlardanmiz.

Adxambek Alimbekovning «Turk adabiyoti tarixi» (XIII-XVIII asrlar) (ToshDShI nashriyoti. 2005) o’quv qo’llanmasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.