OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qorachao'g'lon (1606–1679)

Qorachao’g’lon (Karacaoğlan) o’zini turkman deb ataydigan ellar yashaydigan Janubiy Anadoluda dunyoga kelgan (1606 yilda), yashab , ijod qilgan va o’sha o’lkada olamdan o’tgan (1679 yoki 1689 yilda deb ko’rsatadilar) turk xalqining suyukli shoiridir.Bu haqda shoirning o’zi shunday satrlar aytgan ekan:

Qozon tog’idan naslimiz, 
Ari turkmandir aslimiz…


Shunga qaramay Qorachao’g’lonning qayerda tug’ilgani haqidagi aniq to’xtam yo’q.Ba’zi manba’larda u Qozon to’g’i yaqinidagi Farsakda, boshqasida Osmaniya dagi Fursak qishlog’ida, boshqa joyda Qozon yaqinidagi Ko’kcha qishlog’ida, yana boshqa yerda Belgradda, yana boshqa joyda Chukorova da tug’ilgan deyiladi. Xalq ichida uning erta etim qolgani haqida afsonalar yuradi.Shu afsonalarga ko’ra, Qorachao’g’lon umrining ko’p qismini g’urbatda o’tkazadi, Bursada so’fiylik tariqatidan saboqlar oladi.
Uning asl ismi ham har joyda turlicha ( Simoyil, Xalil, Hasan tarzida ) ko’rsatiladi.
Xalq ichida “Qorachao’g’lon xuddi Anadolu edi, Anadolu misli Qorachao’g’lon edi” degan gap yuradi.Ayrim tadqiqotchilarning shoirning asarlariga tayanib ta’kidlashicha, Qorachao’g’lon XV-asrda yashgan.Ammo ko’pchilik uning she’riy uslubi XVII asrga xos ekanini aytishadi.Undan meros qolgan she’rlarning soni besh yuzga yaqindir.
Tug’ilgan yeri kabi, o’lim topgan yeri xususida ham turli ma’lumotlar mavjud.Xoja Hamdi Afandining yozishich, u Marashdagi Chezel yaylovida 96 yoshida olamdan o’tgan.Keyingi tadqiqotlarda esa uning mozori Icheldagi Chuqur qishlog’idagi Qorachao’g’lon tepasi degan joydadir.
Xuddi Yunus Emroga nisbatan bo’lganidek, Qorachao’g’lonni ham bir qator shahar va qishloqlar uning mozori bizdadir deb talashishadi.Bu uning xalq qalbidan naqadar chuqur joy olganini ko’rsatadi.


SEVMASAM, O’LAM…

Ko’rdim bog’chasinda sayr etgan yorni, 
Taramish zulfini, taqmish tumorni, 
Oq ko’ksin orasi zamzam pinori, 
Ichsam o’ldirurlar, ichmasam, o’lam!

Eynina yarashmish yal-yal libosi, 
Bag’rimni kuydirur yorimning sasi, 
Bog’chada qo’ymishlar temir qafasni, 
Boqsam, o’ldirurlar, boqmasam, o’lam!

Qorachao’g’lon der: “O’zim aytmayam, 
Jo’shqin suvlar kabi bandim demayam, 
Go’zal sevma derlar, nega sevmayam? –
Sevsam, o’ldirurlar, sevmasam, o’lam!


DEMADIMMI

Ola ko’zli nozli dilbar, 
Vaqting kechar demadimmi?!
Xumor bo’lmish ko’zlaring
Qonim ichar, demadimmi?!

Boq bu qosha, boq bu ko’za, 
Jigar kabob bo’ldi keza, 
Yoqasiz ko’ylaklar biza
Falak bichar demadimmi?!

Daryolarning tubsiz komi, 
Shakar dudog’ingning yomi, 
Surarsan davron-ayyomni, 
Karvon kechar demadimmi?!

Qorachao’g’lon, kez mard ila, 
Ulfat qilma nomard ila, 
Falak bizni bu dard ila
Qo’yar nochor, demadimmi?!


CHEKOLMAM, KO’NGIL

Dali ko’ngil, kayf-ishrat tilarsan, 
Ari kabi har chechakdan olarsan, 
Harda go’zal ko’rsang, anda qolarsan, 
Man saning dardingni chekolmam, ko’ngil!

Setormi istarsan, sozmi istarsan, 
O’rdakmi istarsan, g’ozmi istarsan, 
Tamurchug’ mammali qizni istarsan?! –
Man saning dardingni chekolmam, ko’ngil!

Chiqib yuksaklardan boqmoq istarsan, 
Jo’shqin suvlar kabi oqmoq istarsan, 
Har go’zal-la birga qolmoq istarsan, 
Man saning dardingni chekolmam, ko’ngil!

Qorachao’g’lon der: O’qoyam, yozam, 
Qahramon deyilam, karvonlar tuzam, 
Kuyinam, yonaram, xafalik kezam, 
Man saning dardingni chekolmam, ko’ngil!


QURBON BO’LAYIN

Ay, sollanib ketgan dilbar, 
Ko’zina qurbon bo’layin.
Aylan bir oz, tanishaylik, 
So’zina qurbon bo’layin.

Sabohdan yig’ladim yora, 
Ishimdan bo’ldim ovora, 
Oyog’in bosgan har year, 
Tuzina qurbon bo’layin.

Sovuq soylar oqar tog’da, 
Binafshalar bitar bog’da, 
Yechininb yotajak chog’da
Nozina qurbon bo’layin.

Qorachao’g’lon, ko’r ahvolim, 
Yorsiz necha bo’lar holim?!
Onasi bir o’ta zolim, 
Qizina qurbon bo’layin.


BAHOR

Bulbul, ne yotarsan, bahor yetishdi, 
Ulug’ suvlar ko’l bo’lg’usi zamondir.
Qat-qat bo’lib gul yaprog’i ochildi, 
Bulbul masti gul bo’lg’usi zamondir.

Yana bahor bo’ldi, ochildi gullar, 
Fig’onin boshladi shaydo bulbullar, 
Burum-burum sirg’alandi sumbullar, 
Oshiqlarning dol bo’lg’usi zamondir.

Bulbul xabar bilar gulning holindan, 
Yetar majnunlig’im yorning qo’lindan, 
Oshib-oshib kelar yaylov belindan, 
Yordan bizga “Kel!” bo’lg’usi zamondir.

Yana keldi borli-bahorli bog’lar, 
Bulbulin fig’oni qalbimni dog’lar, 
Turli chechaklar-la bezanmish tog’lar, 
Ulug’ tog’lar yo’l bo’lg’usi zamondir.

Qorachao’g’lon der: Kechdi chog’larim, 
Meva bermas bo’ldi ko’ngil bog’larim, 
Aqlimni yo’qotib yig’lab-yig’larim, 
Ko’zim yoshi sel bo’lg’usi zamondir.


YOR QO’LINDA BURMA* BO’LSAM

Ko’k yuzinda yotgan bo’lsam, 
Yer yuzinda bitgan bo’lsam, 
Ol rangli bir marjon bo’lsam, 
Yor bo’yniga solsa mani!

Yor qo’linda burma* bo’lsam, 
Pishib qolgan xurmo bo’lsam, 
Olchin-olchin surma bo’lsam, 
Yor qoshiga sursa mani!

Qorachao’g’lon ushoq* bo’lsa, 
Yor belida quchoq* bo’lsa, 
Bir aylanib to’shak bo’lsa, 
Yor oldiga solsa mani!


XABARING BORMI

Ola ko’zli nozli dilbar, 
Holimdan xabaring bormi?!
Sani yotlar olar bo’ldi, 
Zulmdan xabaring bormi?!

Go’zallar yo’lda tizildi, 
Oshiqlar bag’ri ezildi, 
Belin kamari uzildi, 
Belingdan xabaring bormi?!

Qorachao’g’lon, budir holim, 
Naylayin bu dunyo molin?
Minbog’adir manim elim, 
Elimdan xabaring bormi?!


UCH DARD

Bora-bora bordim ul qalam qosha, 
Hasrat qo’ydi mani o’tli otasha, 
Sabab ko’zdan oqqan bu qonli yosha:
Bir ayriliq, bir yo’qsillik, bir o’lim.

Necha sultonlarni taxtdan endirdi, 
Nechasining charog’ini so’ndirdi, 
Nechasini kelmas yo’lga qo’ndirdi:
Bir ayriliq, bir yo’qsillik, bir o’lim.

Qorachao’g’lon der: Dardim yechilmas, 
Ajalning sharbati o’tdir, ichilmas, 
Uch dardim bor bir-biridan sochilmas:
Bir ayriliq, bir yo’qsillik, bir o’lim.

*burma - bilakuzuk

Xurshid Davron turkchadan o'zbekchaga tabdil etgan

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.