OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Andrey Malishko (1912-1970)

Ukrain shoiri, tarjimon, Stalin mukofoti (1947, 1971), SSSR Davlat mukofoti (1969), Shevchenko nomidagi Ukraina Davlat mukofoti (1964) laureati.
"Mening Ukrainam", "Saylanma", "Moviy dengiz bo'ylab", "Birodarlar kitobi", "Asrning yarim kuni" kabi kitoblar muallifi. 

 

Xoh koying, xoh, koyimang meni, 
Ishim qolgan har nima bilan. 
Ishim qolgan ko`kda samolyot, 
Yerda hatto bir nina bilan.

Ishim qolgan menga dahli yo`q 
Daladagi traktor bilan. 
Miltiqdagi otilmagan o`q, 
Kemadagi temir to`r bilan.

Osmondagi so`ngan, so`nmagan 
Milliard nafar yiroq yulduzlar — 
Teleskopli olimga emas, 
Bari menga dardini so`zlar.

Yuragimdan o`tadir tamom 
Nimaiki dard bor olamda. 
Yer ostida sinalgan atom 
Portlar asli mening xonamda.

Oshiq olgan bo`sa labimda, 
Ko`nglimda u chekkan qayg`ular. 
Cho`kib yotar mening qalbimda 
Ushalmagan qancha orzular.

Shuning uchun koyimang, do`stlar, 
Har narsada ishim bor manim, 
Shundan menda bu hassos ko`zlar, 
Shundan mening kuyib yonganim.

HAQIQAT

Aytar edi bir zamon onam:
— O`sib katta bo`lursan, o`g`lon. 
Oqil bo`lu mard bo`l chinakam, 
Bu ikki ish emasdir oson.

Oqil bo`lgin. Sen bu hayotning 
Keng yo`liyu so`qmorin o`rgan. 
Ham tomchining, ham koinotning , 
Cheksizlikda kezmog`in o`rgan.

Haqiqat — bir, haqiqat — achchiq,
Shundan doim baloga duchor. 
Sen mard bo`lgin, sen unga ochik 
Himoyachi bo`lgin ustivor.

Kerak bo`lsa haqiqat uchun 
Yuragingni parcha-parcha qil. 
Kerak bo`lsa haqiqat uchun 
Ming bor o`lib, ming bora tiril.

Mayli, sendan do`stlaring kechsin, 
Sendan kechsin, mayli, qondoshlar. 
Rozi edim men bergan jonni 
Haqiqatga baxsh etsang agar.

Oqil bo`lu mard bo`lgin, o`g`lon, 
Bu ikki ish emasdir oson.


ONA

O`t ichida tong yorishar jim, 
Yel to`zg`itgan to`zon emas, kul.
— Bunda bormi Ivanko o`g`lim?
— Piyodalar ichidadir ul.

Ona kezar dard ila tanho, 
Dard ko`zlari qorasidadir.
— Bundamasmi Ivanko o`g`lim?
— Tankchilarning orasidadir.

Ona chopar, oh tortar, 
Har kimga bir so`zni aytadi:
— Qolmadimi Ivanko ortda?
— Yo`q, u zafar bilan qaytadi.

O`g`lon esa allaqachonlar 
Bu olamdan bo`lmish ravona. 
Endi unga yotdir makonlar, 
Zamonlar ham endi begona.

Endi zafar qo`shirin kuylab 
Tinch hayotning gashtini surmas. 
Endi ona qishlog`I bo`ylab 
Do`stlar bilan quvonib yurmas.

Ona esa kutadi hamon, 
Unga oshno shirin bir ro`yo.
Erta tongda kelar-u o`g`lon, 
Derazani chertadi go`yo.

Erkin Vohidov tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.