OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Temur Davomat (1927)

Temur Davomat 1927 yili Shinjonning Turfon viloyati To‘qsun tumanida tug‘ilgan.Uning Uning "Yurak naqshlari", "Yurt muhabbati", "Hayot mash’ali" kabi kitoblari dunyoning turli tillarida chop etilgan. Uning "Tiyonshon shodligi" "Vatanga muhabbat", "Davr ilhomlari","Hayot mash’ali" kabi she’riy kitoblari uyg‘ur tilida chop etilgan. “Jaranglasin uyg‘ur dutori” to‘plami o‘zbek tilida nashr etilgan (1993). Temur Davomat Shinjon yozuvchilar jamiyatining a‘zosi, Shinjon "Qutadg‘u bilik" ilmiy-tadqiqot jamiyatining faxriy raisi.

QASHQAR

Assalom, baxti yor, ey go‘zal Qashqar,
Assalom, navbahor fasliday manzar.
Har qadam ostonangdan kirganimda,
Qadrdon dehqoningni ko‘rganimda,
So‘ngsiz xayollarga cho‘marman shirin,
Dilni umidlarga ko‘marman shirin...
Shu ishchan, oq ko‘ngil xalq kulsa derman,
Farog‘at damlarda aysh sursa derman.

O, kecha balo-qazo yillarida
Istaklar osmonday to‘zib ketgandir.
Qaldirg‘och ming xilda uya solganda
Shamollar inini buzib ketgandir...
Aziz ostonangdan kirdimu bugun
Bir olam shodmonlik bosdi o‘yimni.
Ehtirom, tuyg‘ulardan toshdi daryo,
To‘lqini yuvib o‘tsin gul bo‘yingni.
Xalqingning lablarida kulgu ko‘rsam,
Tumanda to‘lqinlanib kulgu oqur.
Gul rangiday hayot rangi tansiq bo‘lsa,
Bog‘laring jamolida chaqnasa nur.

Hayajon xayol bilan sirlashdi,
Xayollar asrlardan suhbat ochdi.
Asrlar birin-ketin tushdi gapga,
Tilloday tarixingdan ko‘z qamashdi.
Ilmu fan bobida sen Cho‘lpon eding,
Behisob yulduz senga tikilmoqda.
Farobiy, Mahmud chaqnab osmoningdan,
Sirlaring dashtiga nur to‘kilmoqda.
Hojib, Mashrab, Nisoriy o‘sgan senda,
Farosat g‘aznasiga ganjlar to‘kkan.
Asrlar gultojiga yoqut bezak
Ato qilib, tarixingni zarda bitgan.
Nozugim o‘nnab o‘sgan Tuman biyi,
Hali ham yod etdingmi shu qizingni?
Ikki yuz yoshga kirgan keksa makon,
Ko‘rging kelmoqdami Nozugimingni?
O‘n ikki maqom senda taralgandi,
Qaddingni osmon qilgan Omonniso.
Qarshimda oltin tori jaranglaydi,
Sozingdan maqomlarni paydo qilsa.
Odobli, diyonatli xalqing shundoq,
Qoshida huru g‘ilmon uyuladir.

Mehmondo‘st, dilkash inson, latofating
Qalbimga kavsar bo‘lib quyuladir.
Xush hunar, san’at bilan tanilgansan,
Men emas, olam senga qoyil erur.
Taomlar, mevalaring shuncha shirin,
Jannatning ne’matidek tuyuladir.
G‘ururim, shag.katimping toji sen,
Daydimasmiz, birligimiz boshi sen.
Kul, Qashqar zamon bersin farog‘atdan,
Bu kulgung to abad hech uzilmasin.
Tojingda yoqut jomday ziynatlaring
Saqlansin, to abad hech buzilmasin,
Xalqlaring o‘sgin, deydi seni Qashqar,
Qanotlan, uchgin ko‘kka qani, Qashqar.

1981 yil.


QABUL QILGIN SALOMIMNI

Sog‘indim-ku, ona yurtim, janub — oltin diyorimni,
Ko‘rishga shuncha termuldim go‘zal yer, guluzorimni.

Qancha tunni uxlab chiqdim, go‘zal tongni xayol aylab,
Simiray deb atir sochgan xush isli bog‘-iforimni.

Bugun kelganda shu fursat sel bo‘lib shodligim toshdi,
Rohat qildim yegandek zo‘r shirin-sharbat anorimni.

Salom deyman, go‘zal Torim, aziz Qashqar, Xo‘tan, Korla,
Salom aytib mard dehqonlarga egay qaddu chinorimni.

Kelayotir, ana, bildim elimning shavqidan kulgu,
Chamanzor bo‘yicha topdim dilimga chin oromimni.

Kular muz tog‘ etagida bulutni haydagan cho‘pon
Kuyiga jo‘r qilay deb man olib keldim setorimni.

Yana Oqsuv — guruch koni, Qizilsuv — sut, qimiz yurti,
Qabul qilgin senga mehrim yurak kuyi salomimni.


BUYUK KITOB

(Yusuf Xos Hojibga)

Inson yaraldiki, qiladi fikr,
Fikrlar bilimning onasi, ayon.
So‘ngsiz izlanishlar, so‘ngsiz yengilish
Charxlab kelmoqdadir ongingni, inson.

Fikrlar dengizi ostiga sho‘ng‘ib,
Javohir topibdi bul Yusuf bobom.
O‘n asr burungi inson fikrining
Javohiri bugun qildi bizni rom.

O‘n asr o‘tganda o‘qib sevindik,
Donolik taxtida bobomiz sulton.
Fikrimiz yo‘lini yoritib borar
Tol-tol nuri bilan chaqnagan cho‘lpon.

O‘n asr muqaddam yozilgan kitob,
Urgan deydi, bizga qilib chin xitob.
Ma’rifat ko‘kida qanot qoqolsak,
Havo toza bo‘lar, rohatbaxsh oftob.

Karim Bahriyev va Muhammad Hamroyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.