OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Koboyasi Issa (1763-1828)

Yapon she’riyatining eng porloq yulduzlaridan biri Koboyasi Issa (yaponcha: 小林一茶; 15.06.1763 — 5.01.1828) kunchiqar mamlakatining Sinano viloyatidagi Kasivabara qishlog‘ida dunyoga kelgan. Tug‘ilganda Kobayasi Nobuyuki ismi berilgan. 13 yoshida nochor hayotdan qutilish uchun ish izlab qishloqni tark etadi. 25 yoshida she’riyat bilan shug‘ullana boshlaydi. Issa yapon shoirlari udumiga binoan olti yil davomida mamlakat bo‘ylab kezib darbadar hayot kechirdi. Shoirdan ulkan meros: yigirma mingga yaqin xokku (xaykay, xayku), bir nech yo‘l daftari va sanoqsiz rasmlar qolgan. U Yataro taxallusi bilan ham mashhur.
Koboyasi Issaning eng mashhur to‘plamlari «Otam o‘limi kundaligi», «Mening bahorim» deb ataladi. Shoirning xokkulari sodda tilda yozilgani, mahalliy shevalarning qo‘llangani va suhbat usulidan keng foydalangani bilan ajralib turadi.

* * *

Birodarim, hoy chumchuq!
Yo‘lni bo‘shat! Yo‘ldan qoch!
Qara, tulpor yelmoqda.

* * *

Mening ona yurtimda
Hatto dala o‘tlari
Olcha gulidek gullar!

* * *

Tustovuq qichqirig‘i.
Go‘yo u, boshqa emas,
Yulduzni kashf etgandek.

* * *

Erib bitdi qish qori.
Quvonchga to‘lib qoldi
Hatto yulduzlar ko‘zi.

* * *

Oramizda yotlar yo‘q!
Hammamiz birodarmiz
Olcha guli ostida.

* * *

Qoyil! O‘sha qo‘shig‘in
To‘ralarga yuzma-yuz
Tap tortmay kuylar bulbul!

* * *

Olchalar gullar qiyg‘os!
Ular mag‘rur bekniyam
Egardan tushirdilar.

* * *

Uchmoqda yovvoyi g‘oz!
Hoy, ayt-chi sargardonlik
Qachon bo‘yningga tushdi?!

* * *

Bahor bilan qaytib kel!
Unutma ona uying,
Hey, uchyotgan qaldirg‘och!

* * *

Bugun ham kechagidek…
Yerga cho‘kkan kulbani
Qurshab olmoqda tuman.

* * *

Yig‘lamagin, chigirtka!
Ko‘kdagi yulduzlar ham
Ayriliq ne, bilurlar!

* * *

Erib bitdi qish qori —
Qishloq quchog‘i to‘ldi
Bolalar ovoziga!

* * *

Qor yoqqan qora tunda
Ko‘prik ostida uxlar
Qarovsiz, yetim bola.

* * *

Hoy, maysani toptama!
Ularda yonarqurtlar
Porlab turardi tunda.

* * *

Ha, inondim, sen avval
Manim singlim bo‘lgansan,
Ey, qayg‘uli kakkujon!

* * *

Ertaga tol kesilar.
Qushlar bundan bexabar —
Tolda in qurmoqdalar.

* * *

Gullagan olcha shoxi!
Oy yog‘dusin socharkan,
Uqtirardi: «O‘g‘irla!»

* * *

Ang‘izga g‘ozlar qo‘ndi…
Bugun qishloqda yana
Hamma uxlamay chiqar.

* * *

O‘, qanday hasrat ila
Uchayotgan kapalakka
Qafasdagi qush boqar!

* * *

Yo‘lda urishib qolmang,
Ko‘maklashing bir-biringizga, xuddi aka-ukadek,
Hey, ko‘kda uchgan qushlar!

* * *

O, koshki kuz shamoli
O‘choqqa yoqmog‘imga
Xazonlar keltirsaydi!

Kichkintoy o‘g‘limning o‘limiga

Umrimiz shabnam erur,
Shabnam bo‘lsa-da umr,
Bari bir qanday chiday?..

* * *

Asta-asta o‘rlab boraver,
Fudziyama cho‘qqisigacha
O‘rmalayver, shilliqqurt!

* * *

Yovvoyi o‘tlar aro
Qarang, qanday chiroyli
Kapalaklar uchyapti!

* * *

Bolamni jazoladim —
Shabada esib turgan
Daraxtga bog‘lab qo‘ydim.

* * *

Bu xarob, iflos yerda
Qilar ishi yo‘qdayin
Bir pasda so‘ndi shabnam.

Kamakuradagi Budda haykali

Yuksakda turgan Budda
Burnining teshigidan
Uchib chiqdi kapalak.

* * *

Men bilmayman, qanaqa bu yerning odamlari,
Biroq, dalalar aro qo‘qqaygan qo‘riqchilar
Bir boshdan qiyshiq, mayib!

* * *

Qayg‘ulidir bu dunyo,
Hatto olcha gullagandayam… ‘
Hatto…

* * *

Ko‘rmasdan bilgan edim:
Odamni o‘ldirguvchi
Zamburug‘ go‘zal bo‘lar!

Qurbaqalar jangini kuzatib

Bo‘sh kelma, hoy, bo‘sh kelma,
Oriq qurbaqa, olg‘a bos!
Issa seni qo‘llaydi.

* * *

Bir zumda ketib qoldi!
Yil oxirlab qolganda
Qanot chiqardi pullar.

* * *

Necha kun dumaladi
Tepaning poyigacha
Xurmoning bu mevasi?

* * *

Yetti qavat osmondan
Uchib tushganga o‘xshar —
Bu gullar shunday go‘zal!

* * *

Pashshani o‘ldirmanglar!
Qo‘llari titrab turar…
Oyoqlari qaltirar.

* * *

Bir silkinib quvdi-da
Kapalakni, shu zahot
Yana mudradi bug‘u.

* * *

So‘nani quvmang, uni
Tinch qo‘ying — u gullarni
Ko‘rmoqchi bo‘lib kelgan.

* * *

Chumoli izi! Qaydan
Bizgacha yetib kelding,
Tog‘lar ortidanmasmi?

* * *

Dam olyapman kun issig‘ida.
Dalada yurganlar holini
Bor vujudim ila sezyapman.

* * *

Oqshomgi sovuq shamol.
Ibodatgohda chiroq yoqishdi —
Sumalaklar tovlanar.

* * *

Hoy, sen darbadar chumchuq!
Tezroq kelgin yonimga,
Ikkovlashib o‘ynaymiz!

* * *

Yaxshiroq yashasaydim
Seni chorlardim, chivin:
«Guruchdan yegin!» derdim.

Xurshid Davron tarjimalari

* * *

Men tug‘ilgan yurtda
Alaflar ham
Gullaydi oluchalarday.

* * *

Bulbul
Bir qo‘shiqni kuylar
Shohlar huzurida ham.

* * *

Qor yog‘ar,
Yayrar ko‘chalar
Bolakaylar qiyqiriqlaridan.

* * *

Jon saqlardik biz – qordan qochgan
Och va yupun, daydi bolalar,
Ko‘prik ostida.

* * *

Bilasanmi, qachonlardir
Aka-singil bo‘lgandaymiz,
Ma’yus kakkujon!

* * *

Bandi qushga azob kuzatmoq,
Uchib yurgan
Kapalaklarni.

* * *

Ona qush
In qo‘yar, bamaylixotir
Kesilayotgan daraxtga.

* * *

Bir-biringizni ayang,
Inoq bo‘ling og‘a-inilardek,
Ketyotgan qushlar!

Rus tilidan Abdu Nabi tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.