OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jeki Chan qo’shiqchi bo’lgan?

 Yaqinda "Argumenti i fakti" gazetasida taniqli kino yulduzi Jeki Chan bilan ajoyib suhbat chop etildi. Unda mashhur artistning kino olamiga qanday kirib kelgani, jangarilik san'atining ayrim sirlari haqida qiziqarli ma'lumotlar bayon qilingan.

Samimiy, o‘z rollarini qoyilmaqom qilib ijro etuvchi va ayni paytda muxlislarga yangi-yangi filmlarni taqdim qilib kelayotgan Jeki Chan muxlislari uchun ushbu suhbat qiziq bo‘lsa kerak, degan xayolga bordik. Marhamat, undan bahramand bo‘ling.

     Bu uchrashuv naq o‘n marotaba belgilandi. Gongkongga yetib borganimizda Channing matbuot kotibi sovuqqina ogohlantirdi: "Belgilangan yigirma daqiqa vaqtingiz tugashi bilan qo‘ng‘iroqni chalaman". Jeki ham xonaga aytilgan vaqtdan hatto bir on ham kechikmay yugurganicha kirib keldi: "Hali diktofoningizni yoqmadingizmi? Axir, besh soniya vaqtimiz bekor ket-di-ku!". 

"BIRINCHI FILMDAYOQ MENI O‘LDIRISHGAN"

- Jeki, bir sirni ocha olasizmi? Sizning filmlaringizga asoslanib, Gongkongda hamma odamlar jangari, degan fikrga borish mumkin. Go‘yoki, bu yerda yurgan kishini tinchgina ko‘chadan o‘tib ketayotganda  ham birov tepib yiqitadigandek..

- (Kuladi) Yo‘q, albatta. Bolaligimda tengqurlarim bilan bizning  hovlida mushtlashardik. O‘shanda hech kim oyoq zarbini ishga solmasdi. Lekin ikki yuz yil avval shunday bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Deylik, oddiy bir dehqon o‘z bolasiga o‘g‘rilik qilganning bo‘ynini sindirishni o‘rgatgan. Shu tariqa jangarilik san'ati avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tgan. Hozir bu san'at u qadar ham mashhur emas, ya'ni uni mablag‘ keltiradigan darajada zarurati bor deb bo‘lmaydi. Masalan, futbolni oling - bugungi kunda xitoyliklar o‘z farzandlarini sport maktablariga berayapti. Futbol bolaning  porloq kelajagiga asos bo‘luvchi sport turi sifatida tan olinmoqda.

- Sizning jangarilik san'ati bilan shug‘ullanishga hecham tobingiz yo‘qligi rostmi?

- Ha, men tasodifan jangari bo‘lib qolganman. Aytsam kulasiz,  yoshligimda operachi  bo‘lishni orzu qilganman. Pekin opera maktabida mahoratli ustozlardan tarbiya olganman. Tasavvur qiling, hozir men sahnadaman. Xuddi Luchano Pavarotti singari soqolim bor, labimda sigareta!

- Qo‘ying-e, hazilgayam bor ekansiz. Agar ellik kilo-grammga semira olsangiz, sizdan ham operachi chiqadi.

- (Kuladi) Harakat qilaman. Bilasizmi, agar bolaligimda kungfu bilan shug‘ullanaman, desam hamma ustimdan kulishi aniq edi. Nega deganda, men kasalmand bola bo‘lganman. Ko‘zoynak taqardim, qachon qaramang, shamollaganim shamollagan, juda nozik edim.  Kinoga esa bir do‘stimning tasodifiy taklifi bilan kelib qoldim. Do‘stim studiyada menejer bo‘lib ishlardi. Ularga zudlik bilan ommaviy sahnalar uchun rol o‘ynovchi odam kerak bo‘lib qolgan. U menga "Drakonning chiqishi" filmida Bryus Li bilan rol o‘ynab berishimni aytgan. Nima emish, mendek tegma nozik bola salbiy qahramonning qo‘riqchisi bo‘larmishman. "Nimalar deyapsan, axir jangarilik san'atini bilmaymanku" deganman o‘shanda. Do‘stim esa baribir bir necha soniyalar ichida meni "o‘ldirishlarini" aytdi. Shunday qilib men Bryusga yovvoyi hayvondek o‘kirgancha tashlandim. U esa meni bir zarb bilan joyimga yotqizib qo‘ydi. Shu-shu jangari filmda suratga tushishdan hafsalam pir bo‘lgan, aslida. Axir Bryusning jag‘iga tushiraman deb ikkita barmog‘imni sindirib olganman-da.

- Eshitishimcha, sog‘ joyingizning o‘zi yo‘qmish?

- To‘g‘ri. Burun suyagim uch marta singan, to‘piqda ham besh marta "o‘zgarish" yuz bergan, o‘n marta bosh suyagimdan jiddiy jarohatlanganman, oyog‘im, barmoqlarimni esa hamisha sindirib yuraman. Ko‘zimdan vrachlar oyna parchalarini tez-tez olib turishadi. Xullas, butun a'zoyi badanim jarohat izlari bilan qoplangan. Shu paytgacha nogiron bo‘lib qolmaganimga o‘zim ham hayron qolaman (kuladi). Biror bir sug‘urta kompaniyasi mening hayotimni sug‘urta qilishga rozilik bermagan. Chunki men hadeb bo‘ynimni sindirib olaversam, ularga ham pullarini yo‘qotaverish yoqarmidi?! Baxtga qarshi jangari filmlarda o‘ynash ham tez orada barham topadi - yoshim 52da. Yoshlarga nasihat qiluvchi, dono, oqil mo‘ysafid rolini o‘ynab qolish ehtimolim ham yo‘q emas.

- Bolaligingizdagi "tegma nozik"lik haqida gapirdingiz... Bundan xulosa qilish mumkinki, oddiygina dehqon yoki bog‘bondan ham supermen yetishib chiqishi mumkin ekan-da?

- To‘ppa-to‘g‘ri. Jangarilik san'ati aktyordan dushmanning gardanini sindirish mahoratiga ega bo‘lishni talab qilmaydi. Masalan, operada bundan ko‘ra yuz karra qiyin. Kuylash uchun ovozingiz bo‘lishi kerak, yo‘qsa, siz san'atkor sifatida tan olinmaysiz. Menda jangari filmlarda tanilish uchun qanday imkoniyat bo‘lgan ekan, ayting-chi? Onam oqsoch bo‘lgan. Otam  badavlat oilada xizmatkor edi. Bir vaqtning o‘zida kungfu, karate va taekvando bilan shug‘ullanganman. Muhimi, qiyinchiliklarni sabot bilan yengish kerak. Men ham oqshomlari qizlar bilan sayr qilishni, diskotekada do‘stlarim bilan yayrab raqs tushishni juda-juda istardim. Har kuni terga botib mashq qilishdan to‘yib ketgan paytlarim bo‘lgan. Odamlar jangarilik san'atini pisand qilishmas, ustimdan kulishardi, lekin men bariga chidadim - mana natijasi.

"KINODA JANG QILINMAYDI, BALKI RAQS TUSHILADI"

- Tasavvur qiling uyingiz yonida kezib yurgan besh nafar bezori sizga hujum qildi. Xuddi ekrandagidek beshovlonni yer tishlata olasizmi?

- Agar ularning birortasida to‘pponcha bor bo‘lsa, shunday javob qilardim: "Yigitlar, mana mening hamyonim, bunisi esa qo‘l soatim. Oqshomingiz xayrli o‘tsin". Bilasizmi, oddiy bezorilar bilan kurashda ularning uchtasini yengishimga ishonaman. Beshtaga kelsak, bilmadim... Umid qilamizki, uchtasi yonboshlagach, qolgan ikki nafari qochib qolar (kuladi). Kino va jangarilik san'ati - bularning har ikkisi ham boshqa-boshqa olam. Ekrandagi harakatlarimni ko‘rib, falonchining burnini sindiraman, unisining esa tishini, deya orzu qiladiganlar bordir. Men ham xuddi shunday o‘ylaganman. Lekin s'yomka maydoniga kelasan-u, u yerda hammasi film ijodkorlari tomonidan taklif etilgan xoreogrof amriga bo‘ysunishini tushunasan. Kinoda jang qilinmaydi, balki raqs tushiladi.

- Sizga uch bora salbiy rol ijro etishingizni taklif qilishibdi. Ammo qat'iy rad etibsiz...

- Sababi oddiy - men yomon odamni o‘ynashni xohlamayman. Mel Gibson "O‘lim quroli" filmi uchun rol bergandi. Uyga kelib, stsenariyni o‘qidim: kimningdir umurtqasini ezg‘ilab tashlashim, yana kimnidir sim bilan bo‘g‘ib o‘ldirishim, uchinchisini esa hech ikkilanmay chavaqlashim kerakmish. Men har doim ijobiy qahramonlar, adolatsizlikka qarshi kurashuvchi oddiy insonlarni talqin etganman. Yovuz odamni jonlantirish uchun esa imidjimni ham tubdan o‘zgartirishim kerak edi. Shunday qilib, Gibsonga bergan rad javobim uni ajablantirmadi: u Gollivudda ijod qilayotgan xitoylik boshqa  aktyorlarni taklif qilishini aytdi.

- Sizga Gollivudda ishlash yoqadimi?

- Yoqadi. Yaqin yillar ichida meni u yerda taniy boshlashdi. Avvallari restoranlarga ovqatlanish uchun borsang ofitsiantlar bilan adashtirib pivo keltirishni so‘rashardi (kuladi). Bilasizmi, amerikalik va xitoylik tomoshabinning farqli jihatlarini ham tushungandekman. Masalan, AQShda mening «Tig‘iz payt» ("Chas pik") filmim eng mashhur blokbasterlar qatoridan joy oldi. Xitoyda esa uni bo‘sh kino zallarida namoyish etishga to‘g‘ri kelgan. Odamlar kinoni biznesga aylantirishni boshlabdi, deya mendan xafa bo‘lishgan. Ularga yangicha  gollivud komediyalaridan ko‘ra yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurash aks etgan oddiy, ko‘hna filmlar yoqar ekan. Yana bir gap. Men haligacha aktyor sifatida omadliman deb aytolmayman. Chunki mening  Gamletni o‘ynamog‘im dargumon. "Yo‘lbars changali" degan usulning o‘rniga shamshir ushlab rol o‘ynamoq, to‘g‘risi, qo‘limdan kelmaydi.

- Gollivudliklardan siz haqingizda bir sirni eshitdim. Bilmadim, hazilmi yo chin, go‘yoki siz qachondir mashhurlik shohsupasidan tushgach, kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqarkansiz?

- O‘ylashimcha, nochor oilada o‘sgan har bir odamda bunday hissiyotning bo‘lishi tabiiy. Ba'zan qachondir och qolgan odamlarning garchand endi uyi nonga to‘lgan bo‘lsa-da, yostig‘i ostiga yegulik yig‘ib yotadiganlari ham bor. Men to‘shagimda buterbrod saqlamayman. Ammo o‘zingga ehtiyot bo‘l, qabilida faqatgina aktyorlik kasbi bilan cheklanib ham qolmayman. O‘zimning Jeki Chan nomi ostida kiyim ishlab chiqaruvchi firmam bor. Gongkong televideniesida dastur olib boraman. Xullas, butun hayotim davomida bir haqiqatga bo‘ysunib yashayman, u ham bo‘lsa, nimadandir judo bo‘ldingmi, albatta, uning o‘rnini to‘ldiruvchi tayanching mavjud bo‘lsin. Menimcha, bu ayni inkor etib bo‘lmaydigan va o‘z navbatida juda kerakli haqiqat. (Qo‘ng‘iroq jiringladi). Kechirasiz... men ketmasam bo‘lmaydi. Oxirgi savolingiz?

- Uyingizda rossiyalik kinoijodkorlarning filmlari borligi rostmi?

- Qaerdan bildingiz? Ha, menga o‘n yil avval bir nechta filmlar yozilgan kassetalarni sovg‘a qilishgandi. Ular menga juda yoqadi, xuddi xitoy filmlari kabi oddiy, kulgili, tirnalgan plyonkada. Bu filmlarning bir jihati yomon - ular oxirida asosiy qahramon har doim o‘ladi. Har safar jahlim chiqadi, shunaqayam bo‘ladimi? Hamma yomonlarga bas kelib ularni tinchitadi-yu, so‘nggi yovuz qahramon uning ko‘ksiga qarata o‘q uzadi. Menimcha, asosiy qahramon yashashga majbur, toki u tufayli filmning ikkinchi qismini suratga olishga ham imkon bo‘lsin. Tomoshabinlardan yanada ko‘proq pul sidirib olsangiz yomonmi?! (kuladi) Jiddiy aytadigan bo‘lsam, gap faqat pulda emas. Bir misol: men ham qachonlardir bosh qahramonimni "o‘ldirmoqchi" bo‘lganman. Buni eshitgan darg‘azab  qizlardan shunaqayam ko‘p xat kelganki, o‘shanda: "Agar uni o‘ldirsang, biz seni o‘ldiramiz!" Shundan so‘ng bunday filmlarni rejalashtirmay qo‘yganman.

Georgiy Zotov,
Gongkong – Moskva.
Muborak Oxunova tarjimasi 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.