OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qashqirlar vodiysi - Iroq: Zulm va adolat chegarasi

 Avvaldan ishlab chiqilgan maxsus reja asosida uyushtirilgan 11 sentabr voqealari Afg'onistonga, so'ngra Iroqqa yo'l ochib berdi. "Tinchlikparvar kuchlar" tinch aholi boshiga insoniylik chegarasidan chiqqan holda ayovsiz aziyatlar sola boshladilar... Natijada minglab insonlar ushbu bema'ni urushning gegunoh qurbonlariga aylandilar, necha-necha oilalar, xalqlarning tinchi buzildi...

Bosh rollarda:
Polat Alemdarrolida - Nejati Sasmaz.
1971 yili Turkiyada tug'ilgan. "Ilon o'chi" filmi, "Qashqirlar vodiysi" serialida rol ijro etgan.
Sam Marshallrolida - Billy Zane.
1966 yili AQShda tug'ilgan. "Don Juan", "Telba", "Titanik" filmlarida rol ijro etgan. 
Abdurahmon Kerkukiy rolida - Ghassan Massoud.
1958 yili Suriyada tug'ilgan. "Diplomatiya", "Muqaddas zamin" filmlarida rol ijro etgan. 
Leyla rolida - Berguzar Korel.
1982 yili Turkiyada tug'ilgan. "Ming bir kecha", "Qirq qanotlar" serialida rol ijro etgan. 
  
Memati rolida - Gurkan Uygun.
1974 yili Turkiyada tug'ilgan. "Qashqirlar vodiysi" seriali, "Ilon hikoyasi", "Telba yurak" filmlarida rol ijro etgan.
Dante rolida - Diego Serrano.
1973 yili Ekvadorda tug'ilgan. "Boshqa dunyo", "Ethan Greenning ajabtovur hayoti" filmlarida rol ijro etgan. 
Abdulhay rolida - Kenan Copan.
1975 yili Turkiyada tug'ilgan. "Qashqirlar vodiysi" serialida rol ijro etgan. 
Erhan rolida - Erhan Ufuk.
Turkiyada tug'ilgan. "Qashqirlar vodiysi" serialida rol ijro etgan. 
  
Doktor rolida - Gary Busey.
1944 yili AQShda tug'ilgan. "Katta Chorshanba", "O'ldiruvchi qurol" filmlarida rol ijro etgan.

G'arbning ayrim maraz siyosatchi, ishbilarmonlari o'z maqsadlariga erishdilar. Faqatgina moddiy resurslarga o'ch bo'lgan bu odamlarni insonlar taqdiri, hayoti qiziqtirmadi. Oddiy g'arbliklar musulmon deganda, allaqanday vahshiy, terrorist bir kimsani tushuna boshladilar. Ha, bu o'yin puxta ishlab chiqilgan edi... Biz hikoya qilmoqchi bo'lgan filmda ana shu voqealarning ayrimlari haqiqati tomoshabinga yetkaziladi.  

"Qashqirlar vodiysi - Iroq"

 Yili, davlati: 2006, Turkiya.
Rejissori: Serdar Akar
Prodyusseri: Raci Sasmaz
Ssenariy mualliflari: Raci Sasmaz, Bahadir Ozdener
Bastakori: Gokhan Kirdar
Bosh rollarda: Necati Sasmaz, Billy Zane, Ghassan Massoud, Berguzar Korel
Film kompaniyasi: Pana Film
Davomiyligi: 122 minut
Tili: Turkcha, kurdcha, arabcha, inglizcha
Syujet: ekshn
Byudjeti: 10 mln $
Ilk namoyishi: 3 fevral, 2006.

Turkiyada "Qashqirlar vodiysi - Iroq" namoyishining 3-kunidayoq barcha rekordlarni zabt etdi. Milliondan ortiq tomoshabin filmni ko'rish uchun kinoteatrlarga tashrif buyurdi. Bu hammasi milliy g'urur tufayli edi. 

Gap shundaki 2003 yil, 4 iyulda Amerika askarlarining Shimoliy Iroqdagi turk armiyasining postiga bostirib kiradilar. Ular 11 ta turk ofitserini hibsga olib, xuddi terroristlardek boshiga qopcha kiygizib, so'roq uchun olib ketishadi. Bu hammasi turk xalqi uchun katta jazo edi. Bu voqeadan uch oy ilgari turk parlamenti o'z hududiga AQSh askarlarini joylashtirish va Saddamga qarshi ikkinchi front ochishga ruxsat bermagan edi.   

Film hibsga olingan ofitserlardan birining o'z joniga qasd qilishi bilan boshlanadi. Katta leytenant Sulaymon o'limi oldidan maktub qoldiradi. Maktub turk maxsus xizmati sobiq agenti Polat Alemdar qo'liga kelib tushadi. U birodarining so'nggi vasiyatini amalga oshirish uchun Iroqqa otlanadi.  

Turkiyada har bir bolakay Polat Alemdarni yaxshi taniydi. 2003 yilda boshlangan "Qashqairlar vodiysi" teleserialida u 97 seriya davomida mafiya bilan kurashgan qahramondir. Serailada tasvirlanishicha, uning dushmanlari chet-el mafiyasi bilan aloqadador iqtisodiy magnatlar, masonlar hamda Amerika va Isroilni do'st tutgan xoinlar edi.

"Qashqirlar vodiysi" seriali butun Turkiyani zabt etgan edi. Odamlar har doim serial oldidan choyxonalarda, turli davralarda to'planishar va Polatning navbatdagi qahramonligini maroq bilan tomosha qilishardi. Fan-klublar, internetda forumlar tashkil etilgandi. Serialda bosh qahramonlardan biri, Polat Alemdarning do'sti Chaqir o'lganda esa muxlislar uning janozasiga shoshilishgan va duolar qilishgandi.

Qashqirlar vodiysi - Iroq"ni serialning davomi deyish mumkin. Tadqiqotchilarning fikricha, bu film Turkiya yoshlarida vatanparvarlik hissini oshirdi. Turkiyaning "Vatan" gazetasi shunday yozadi: "Bu filmni ko'rgan har bir vatandosh o'z yurtini oldingidan ham qattiq sevadi".

Filmda amerikalik askarlarning begunoh aholi ustiga hujumlari va ularni shafqatsiz tarzda tintuv va hibs qilishlari, yosh bolalar va ayollarga ham shafqat qilmay, eng yovuz usullarni qo'llayotganlari bayon qilinadi. Begunoh aholi hech qanday sababsiz "u terrorist bo'lishi mumkin" degan gumon bilan otiladi. Hibsga olingan mahbuslarning a'zolari esa yahudiy doktor tomonidan tanadan ajratilib, Yevropa va Amerikadagi boy mijozlar uchun jo'natiladi. "Abu Greyb" qamoqxonasida esa insoniylikka umuman to'g'ri kelmaydigan ishlar amalga oshiriladi: mahbuslarga turli qiynoqlar joriy qilinishi bilan birga ularning e'tiqodlari ustidan kulinadi. Hatto, namoz o'qiyotgan bir mahbus olib chqiqilib, boshqa erkak mahbus bilan harom ish qilishga majbur qilinadi... Bu ishlarning barchasi "tinchlik uchun kurashuvchilar" tomonidan "osoyishtalik operatsiyasi" deya baholanadi.

Aynan shunday sahnalar uchun "Qashqirlar vodiysi - Iroq" filmi Yevropa va AQShda qattiq tanqidga uchradi. Ko'p davlatlarda bu film namoyishi ta'qiqlandi. Ayniqsa, Amerika askarlariga bu filmni ko'rish qat'iyan man qilindi. Aynan shu tanqidlar tufayli ham film obro'si yana-da oshib ketdi. Filmda rol ijhro etgan Billy Zane va Garry Busey ham AQShda qattiq tanqidga uchradi. Haligacha ularni televideniyeda kalaka qilib turishadi.

Turkiyaning eng katta byudjetli "Qashqirlar vodiysi - Iroq" filmini 5 milliondan ortiq tomoshabin ko'rgani aytiladi. Bu film Germaniya, Fransiya, Gollandiya, Eronda katta qiziqish bilan tomosha qilindi. Googlening qidiruv sistemasi ma'lumotlariga ko'ra, aynan shu davlatlardan, shuningdek AQShdan bu film haqida ma'lumot olmoqchi bo'lganlar eng ko'p qayd etilgan.

2007 yil 8 fevralida Turkiyada "Qashqirlar vodiysi - Terror" seriali ham ekranga qo'yilgan edi. Birinchi seriyasidan so'ng bu serial namoyishi ta'qiqlandi. 2007 yil 19 apreldan esa "Qashqirlar vodiysi - Tuzoq" seriali ekranga qo'yila boshlandi. Bu seriallar ham avvalgi seriallarning uzviy davomidir.

 
"Qashqirlar vodiysi - Iroq" raqamlarda

- Film ishtirokchilari uchun 412 ta aviachipta, 70 ta avtobus chiptasi olingan. Jami 1.085.184 km yo'l bosilgan. Bu degani Yer ekvatori aylanasini 27 marta aylanib chiqishdir (Ekvator liniyasi 40.076 kmni tashkil etadi).

- 15 dan ortiq millat vakillari filmda ishtirok etdi.

- 3391 ta kiyim ishlatildi.

- Kuniga o'rtacha 36 ta mashinada 120 km.lik yo'l bosildi. 120 km X 36 mashina X 42 kun: 181440 km. Bu butun dunyo bo'ylab 4,5 marta aylanib chiqish demakdir.

- Dargoh va bozor maydonini barpo etish uchun 30 ta dekorativ ustalar ishladi. Ikki oyda bitkazildi. 1,5 tonna bo'yoq, 10 tonna metal, 50 kilogram porox ishlatildi. 2 oy davomida 2 generatorni ishlatish uchun kuniga 160 litrdan mazut yoqildi.

- Film olish mobaynida 75000 idishda suv ichilgan. Kuniga 560 kishiga issiq ovqat X 42 kun tushlik va kechki ovqat: 47040.

- Turkiyada ilk bor bir sahna uchun 6 ta kameradan foydalanildi.
 

"Qashqirlar vodiysi - Iroq" filmidan ta'sirli iqtiboslar

Sam Marshall: Men bolalarni yaxshi ko'raman. Bilasanmi nega? Chunki ular dahshatdan qo'rqmaydilar. Xuddi men kabi: o'lishdan qo'rqmaganim kabi. Lekin ular ulg'ayganlarida vahshiy bo'lib yetishadilar. Hamma gunohkor bandalar kabi. Bilasanmi, ba'zida menga bir narsa qiziq tuyuladi: biz agar bolalarni ular ulg'aymasdan avval o'ldirsak nima bo'ladi? Sen nima deb o'ylaysan? 

Polat Alemdar: Sen shundog'am qancha bolalarning qotilisan.  Bu bolalarni shu yerga keltirish uchun yana qanchasining qonini oqizding? Sen meni bu bolalarni o'ldira oladi deb o'ylayapsanmi? Men esa bunday deyman: Yo'q, men ularni o'ldirmayman, men ulardan o'yinchoq kabi foydalanmayman. Unday bo'lsa, men va sen oramizda qanday farq qoladi?

Sam Marshall: Qanday farq borligini men senga tushuntiraman. Sen hech qachon 11 odamni  o'ldirmaysan. Men esa 11000 odamni qurbon qilishga tayyorman. Sen o'z tuyg'ularing bilan bolalarni o'ldirolmaysan. men esa o'z tuyg'ularim bulan ularni bitta qo'ymay o'ldirishga ham tayyorman. Men dunyoni harob qilayotgan har bir insonni o'ldirishga tayyorman. men sendan farqli o'laroq bu yerda tasodifan emasman. Men "ilohiy missiya" bilan bu yerga kelganman. Men tinchlikni barqaror qilaman... Tinchlikparvarlar xudoning bolalaridir.

* * * 

Doktor: Senga necha marta aytaman bularga insonlarcha muomalada bo'l deb. Bular inson, hayvon emas!

Dante: Men bulardan ko'ra ko'proq hayvonni hurmat qilaman...

Doktor: Shundaymi, agar mening mijozlarimni o'ldirishni bas qilmas va ularning a'zolarini ko'chirishimga halaqit berarkansan, uxlayotganingda seni ham o'ldiraman...

* * *


Iroqda o'ldirilayotgan begunoh odamlarning ko'chirilgan a'zolari (yurak, buyrak...) solingan idishlardagi yozuvlar:
DIQQAT!
Transplantatsiya qilingan inson a'zolari!

Qayerdan:______
Qayerga:    Tel-Aviv/Isroil
                London/Angliya
                Nyu-York/AQSh...

* * *


Leyla: Mening erim Alloh uchun o'z umrini qurbon qildi. Agar men buning uchun bir tomchi ko'z yoshimni o'qizsam, Alloh meni jazolasin! Lekin nima uchun ular Alini o'ldirishdi? Nega? Qasam ichib aytamanki, bombali kamar bilan ularning oldiga boraman-da, ularni portlataman. Shundagina ular Leylaning umri nechog'lik ekanini his etishadi. Ota, ularni o'ldirishimga ruxsat bering.

Shayx Abdurahmon Xolis Kirkukiy: Leyla, nahotki meni bunga rozilik beradi deb o'ylaysan? Nahotki Allohning payg'ambari shunday buyurgan deb o'ylaysan? Yoki yana qaysi bir musulmon buni xohlaydi?

Leyla: Lekin meni boshqa ilojim yo'q...

Shayx Abdurahmon Xolis Kirkukiy: Leyla, agar sen o'z joningga qasd qilsang, Allohga osiylik qilgan bo'lasan. Avvalo o'z jonimga qasd qilib yaxshilik qilayapman deb o'ylaysan, lekin buning oqibatida necha-necha gunohsiz insonlar ham qurbon bo'ladi. Bombani portlatganingda necha odam aziyat chekishini bilasanmi? Buni hech kim bilmaydi. Shunday ekan, bilginki, begunoh odamlarni o'ldirish jami insoniyat joniga qasd qilish bilan barobardir. Musulmonlarning aqliga shunday buzg'unchi fikrlarni kiritayotganlar o'z joniga qasd qilishni ham o'rgatadilar. Bu katta gunoh, qizim va u shaytonning sha'ridir. Men sening holatingni tushunib turibman. Lekin sening o'z joningga qasd qilishga ham tayyor turib, dunyo ahli "barcha musulmonlar terroristdir" deyishiga sabab bo'layotgan ishni qilmoqchi bo'layotganingga achinyapman. Alloh bizga yordam bermayapti deb o'ylama, qizim. Bizning hozirgi, vaqtinchalik chorasizligimiz va kuchsizligimi payg'ambarimiz SAV tomonidan bashorat qilingandir. Biz birlashishimiz uchun ham aziyat chekishimiz kerak. Har bir o'z joniga qasd qilish esa chorasizlik va kuchsizligimizni orttiradi. Aynan shuning uchun ham dushmanlarimiz shunday holatlarning ko'p bo'lishini xohlaydilar. Ular bu narsalarni ataylab o'zlari tashkil etadilar. Bizning yagona choramiz shudir: Alloh buyurganlariga labbay deyish. Biz Allohga duo qilishimiz kerak. Shundagina hotirjamlik bo'lamiz.

 
* * *


Shayx Abdurahmon Xolis Kirkukiyning duosi: Allohim, biz Seni eshitdik va itoat etdik. Allohim, Sen har doim g'olibsan. Har qanday holatda ham, kimdir yutib, yutqazganda ham Sen har doim G'olib bo'lib qolasan, bizni boshqaruvchi yagona Hokim bo'lib qolasan! Allohim, Sen hatto Muhammad SAVni ham mag'lubiyat berib sinading. Sen hech qachon yovuz bo'lmagansan va biz har doim sening Rahmli ekanliginigga ishonganmiz. Biz iztirob chekdik, nafsimiz, shaxshiy xohishlarimiz esa seni unutishimizga olib keldi. Biz bir-birimizga yomon munosabatda bo'larkanmiz, dushmanlarimiz bizni yenga boshladilar. Bizni bosqinchilardan asra va gunohkor qalblarimizni kechir! Bosqinchilarni yengishda ko'mak ber! Biz Qur'on va Payg'ambaring SAV yo'lidan og'ib qoldik. Shuning uchun ham bizni dushmanlar qopladi. Allohim, bizga bu odamkushlardan qutulishimizda kuch va quvvat berishingni so'raymiz. Kelayotgan barcha aziyatlaringga sabr-bardosh ber! Allohim, bizga islomni olib kelgan barcha payg'ambarlaring hurmati so'raymiz, uylarimizni tark etishga yo'l qo'yma! Ruhimizni iymon va haqiqating bilan to'ldir! 

AbdulAziz tayyorladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.