OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Toni Jaa: Taylandlik Brus Li

O’ynagan filmlari: «O’lim jangi-2», «Ong Bak», «Tansoqchi», «Tom yum gun» 

TAILANDLIK BRYUS LI

«Taym» jurnali tomonidan «ikkinchi Bryus Li» deb baholangan Toni Jaa 1976 yilning 5 fevralida Tailandning Surin shaharchasi yaqinidagi Si-Saket qishlog’ida dunyoga kelgan. Uning haqiqiy ismi Panom Yeerum bo’lib, ota-onasi guruch yetishtirish va fil boqish bilan shug’ullanishardi.

Toni bolaligidan har kuni ikkita filchasiga sakrab chiqar, ular ustida turli akrobatik mashqlarni bajarardi. Filchalar katta bo’lgani sari, uning sakrash qobiliyati ham kuchaya bordi.

Ular Kamboja chegarasida yashashgani uchun doimo hushyor turishar, kutilmaganda samolyotlar kelib bomba tashlashi mumkin edi.

Guruch ekish va fil boqishda otasiga yordamlashish bilan birga Toni qishlog’iga ko’chma kino kelganida Bryus Li va Jeki Chan ishtirokidagi filmlarni sevib tomosha qilardi. «Bryus va Jeki filmlarini ko’rganimdan so’ng jangari filmlar yulduzi bo’lish mening orzumga aylandi, - deydi Toni. - Ular Xitoy kunfusini namoyish etishgan. Men esa tay madaniyatini, tay jangovar sanhatini dunyoga ko’rsatishni istardim va shuning uchun muay-tay bilan shug’ullanishga ahd qildim».

Toni chempion bo’lishga astoydil harakat qildi. U har kuni ertalab soat beshdan o’ngacha shug’ullanar, maktabdan kelganidan so’ng yana mashq qilishni davom ettirardi. Uning otasi ham muay-tay bilan shug’ullangani uchun Jaani o’n yoshga to’lganida Surindagi muay-tay maktabiga berdi. Maktabda o’qib yurganida Toni «Kurash uchun tug’ilgan» filmining rejissyori, mashhur kaskadyor Panna Rittikraj bilan tanishib qoldi.

Undagi istehdodni ko’rgan Panna Tonini o’zi bilan olib yurdi. Toni filmlarni suratga olishda unga yordamchilik qilar, bo’sh vaqtlarida esa Panna bilan birga shug’ullanardi.

Toni 21 yoshga to’lganida Panna unga Maxamarakam universitetiga kirib o’qishni maslahat berdi. Bu yerda taekvondo, muay-tay, qilichbozlik, dzyudo, aykido,gimnastika va boshqa sport turlari, shuningdek aktyorlik va kaskadyorlik mahoratidan dars berilardi.

Jaa bu yerda bir oz tahlim olgach, Panna uni bir necha filmlarda kaskadyorlik qilishga taklif etdi. Shu bilan bir vaqtda Toni kurash uslublarini gimnastika bilan bog’lab mahoratini oshirdi. U kollejda o’tkaziladigan barcha sport musobaqalarida g’olib chiqdi.

Kollejda o’qib yurgan paytida u «o’lim jangi-2 (Mortal Kombat-2)» filmida Robin Shu uchun kaskadyorlik qildi. Dastlabki bosh rolini ijro etguniga qadar u o’ndan ortiq filmda kaskadyorlik qilgan.

1995 yilda Panna Rittikraj «Ong Bak. Tay jangchisi» filmini suratga olish fikri bilan chiqdi. Uning fikricha, bu film shu paytgacha chiqqan barcha filmlardan farq qilishi, tomoshabinni hayron qoldirishi kerak edi. Toni bu filmda suratga tushishga yetti yil tayyorgarlik ko’rdi. Nihoyat, 2003 yilda film ekranlarga chiqarildi. Shunisi ajablanarliki, bu filmda birorta ham jang sahnasida simlar yoki arqonlar, kaskadyorlar va kompg’yuter grafikasidan foydalanilmagan. Filg’mdagi barcha harakatlar haqiqiy ijro etilgan.

«Men xavfsizligimni tahminlash uchun belimga sim bog’lashni istamayman. Men odamlar haqiqiy harakatlarimizni ko’rishlarini va ular Jeki Channing dastlabki paytlardagi filmlarini his qilishlarini xohlayman. Bundan tashqari, simlar harakat qilishga xalaqit beradi v amen dunyoga tay jang sanhati faqat ring ichida emasligini ko’rsatmoqchiman», - deydi Jaa.

«Ong Bak» filmini ko’rgan mashhur rejissyor Lyuk Besson bu filmni sotib oldi va Yevropa hamda Amerikada namoyish etdi. Shundan so’ng Toni Jaa butun dunyoga tanilib ketdi.

«Jeki Chan, Jet Li va Bryus Li mening ustozlarim. Ular menga ilhom bag’ishlaydilar. Bryus Lining zarbi juda kuchli bo’lgan. Jeki juda tez harakatlanadi. Jet esa esa egiluvchan. Men ularning barchasini birlashtirishga harakat qilaman, - deydi Toni. - Ingliz tilini bilmayman. Bu men uchun unchalik muhim emas. Masalan, Bryus Li tay tilini bilmagan, lekin men uni baribir yaxshi ko’raman».

2004 yilda u «Tansoqchi» filmida suratga tushdi. Shu yilning oxiridan boshlab u «Qilich» filmida bosh rolni ijro etishga kirishadi.

Dilshodbek tayyorladi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.