OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boybo‘ta Do‘stqoraev. Buyuk mutafakkir

Buyuk mutafakkirlar bir qarashda ko‘pchilik e’tibor ham bermaydigan kichik, zarradek narsalarga ham sinchiklab diqqat qiladilar va ularning hayratangiz jihatini kashf etadilar. Shu bois ularning ijodlaridagi “mayda” bo‘lib tuyulgan narsalarga boshqalar ham sinchiklab diqqat qaratganlari ma’qul. Buyuk bobomiz Alisher Navoiyning g‘azaliyotidagi, dostonlaridagi qo‘llangan so‘zlar, kichik bir nukta(detal)ning ustida ham oylab, ba’zan yillab o‘ylab yuramiz. Ushbu satrlar muallifi ham hazrat Navoiy bilan bog‘liq ayrim realiylar ustida mulohaza yuritgan bo‘laman, goho o‘zimcha qandaydir xulosalarga kelaman. Ehtimol, xulosalarim to‘g‘ri emasdir. Lekin inson biron sohaga oid ilmiy gipoteza qilishga ham haqqi bor-ku! Meni shu alpozda o‘ylantirgan narsalardan biri “xamsa” so‘zidir.

Deyarli barcha biladi, bu so‘z arabchada “besh”, degani. Besh dostondan iborat majmua tayyorlash, “Xamsa”chilikni XII-XIII asrlarda yashagan Nizomiy Ganjaviy boshlab berdi. (To‘g‘ri, shoir vafotidan keyin u yaratgan besh dostonni “Xamsa” nomi bilan bir majmuaga birlashtirganlar). Keyin uning izdoshlari yuzaga kelib, “Xamsa” yaratish an’anaga aylandi. Bu an’ana to XIX asrgacha davom etib keldi. Deyarli olti asr! Kishida beixtiyor savol tug‘iladi: “Nega beshlik? Nima uchun oltilik, yettilik yoki istalgan boshqa bir sonni tanlamaganlar?” (Abdurahmon Jomiyning “Haft avrang”ini bu yerda istisno etdik. — B.D.). Nahotki, o‘rta asrlarda yashagan mutafakkirlar antik davr matematigi va faylasufi Pifagorning: “Zakovat bilan topilgan bir so‘z zarurati bo‘lmagan holda uch marta takrorlansa, u kelishmagan narsaga aylanadi”, degan hikmatli gapini eshitmagan bo‘lsalar?! Menimcha, eshitishgan. Bu yerda qandaydir “sir” yo‘qmasmikan? Farazga berilib ko‘raylik-chi...

“Besh” so‘zi sondan tashqari, barmoqlarni, panjani ham anglatadi. Alisher Navoiyning “Nizomiy panjasiga panja urmoq” deganida buni yaqqol anglash mumkin. Ayni paytda, mutafakkir shoir “panja” deganida “Xamsa”ni nazarda tutgani ko‘rinib turibdi. Muhimi, “Alloh” so‘zi arab alifbosida yozilganda, barmoq, panja shaklini oladi. Alloh taoloning muborak ismlari bilan bog‘liq “xamsa” so‘zi bekorga tanlanmagan va “Xamsa” an’analari ko‘p asrlar davom etganining siri shundamasmikan? “Xamsa” yaratganlar ikki dunyo saodatiga eltuvchi falsafiy-axloqiy, ijtimoiy, tasavvufiy g‘oyalarini shu nom bilan bog‘lab berarkanlar, eng avvalo, bu yo‘lda Allohdan madad so‘raganlar, ilohiy kuch-qudratga inonganlar. Olaylik, Alisher Navoiy “Xamsa”sini. U yaratgan dostonlarida mutafakkir shoirning axloqiy-falsafiy qarashlari, komil inson to‘g‘risidagi tushunchalari, majoziy va ilohiy muhabbat borasidagi anglamalari, adolatli jamiyat haqidagi fikrlari, insonning rangin tuyg‘ulari, qanday hukmdorni adolatli podshoh deyish mumkin, kabi baholari o‘z ifodasini topgan. Naqadar yuksak g‘oyalar, fikrlar, qarashlar! Allohning madadi bilangina bu qadar buyuk mavzularda qalam tebratish mumkin. Shoirlar musallo ustida qiblaga qarab qo‘l (panja) ochib, Tangridan o‘z niyatlari yo‘lida imdod tilaganlargina o‘lmas dostonlar yarata olish mumkinligiga iymon keltirganlar.

Alisher Navoiy “Xamsa”sining birinchi dostoni “Hayrat ul- abror”, deb ataladi. Nega shoir “abror”, ya’ni xo‘blar (yaxshilar)gina hayratga tushishi mumkin, deb hisoblagan? Chunki omi (bu arabcha so‘zning ko‘pligi “avom”) odam hayratlanolmaydi. Hayratlansa-da, o‘z saviyasiga mos, o‘z tushuncha doirasiga sig‘adigan narsalardan “hayrat”ga tushishi mumkin. Olaylik, avom, xaloyiq to‘yga borganida u yerdagi yuksak ma’naviy, mo‘‘jizaviy tushunchalardan ko‘ra, dasturxonga bir necha xil taom, turfa ichimliklar qo‘yilganini ko‘rib “hayrat”lanib gapiradi, “qursoq falsafasidan” kelib chiqib ish ko‘radi. Shu bois, mutafakkir shoir avomdan bir maqom balandda turuvchi “abror” so‘zini ataylab tanlagan. Bunday maqom bosqichlari “abror”dan keyin: avliyo, anbiyo, maloik. Inson ilm va tarbiya tufayli yuqorida zikr etilgan maqomlarga erishishi mumkin (Jaloliddin Rumiy inson hatto maloika maqomigacha ko‘tarila oladi, deb hisoblagan — B.D.). Mutafakkir shoirlargina asarlar yaratishga kirishar ekanlar buni yaxshi esda tutishgan.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy “Xamsa”ning boshlanish qismida Alloh madhiga bag‘ishlangan “hamd”(munojot)lar yozgan. Hamdlarda Alloh sifatlari ulug‘langan, ayni paytda, Allohning biru borligiga ishora qiluvchi “alif” ramzidan o‘rinli foydalangan. Shoir bunda erkin bo‘lishi mumkin edi. Lekin islom olamida an’anaga aylangan shartlilikdan ham chekinolmaydi. Allohning madhini, biru borligini “alif” harfiga yuklagan.

Alisher Navoiy ismi bilan bog‘liq mulohazaga yo‘llovchi holatlardan yana biri uning taxallus tanlash usulidir. Tadqiqotchilar aniqlashicha, “navo” so‘zining sakkiz xil ma’nosi bor. Bu ma’nolarda Buyuk Navoiyning adabiy-estetik qarashlari ham, asarlarida ilgari surgan falsafiy-axloqiy g‘oyalari ham muxtasar tarzda o‘z ifodasini topgan. “Navo”: 1. Ohang, sado, tovush; 2. Shashmaqomning bir maqomi; 3. Qut, g‘izo; 4. Boylik, boyish; 5. Chora, tadbir, ishbilarmonlik; 6. Garov, garovga qo‘yish; 7. Intizom, tartib; 8. Xurmo urug‘i, xurmo donasi. Bu ma’nolardan Alisher Navoiy o‘z o‘rni bilan istifoda etgan. Chunonchi, amaldorlik lavozimlarida ishlagan ukasi Darveshaliga yozgan maktubida “Navosiz elning navobaxshi bo‘l, Navoiy yomon bo‘lsa, sen yaxshi bo‘l”, deb nasihat qiladi. “Navosiz” degan so‘zda tirikchilik uchun zarur bo‘lgan qut, g‘izo nazarda tutilsa, “navobaxshi bo‘l” iborasida “hojatmandlik”, ya’ni xalqni yegali ovqat, g‘izo bilan ta’minlovchi bo‘l, degan ma’no berilgan.

Mutafakkir Alisher Navoiy o‘z davrining farzandi sifatida shoirlarning taxalluslari ma’nolariga ham e’tibor bergan. Jumladan, u Nizomiy Ganjaviyga munosabat bildirarkan, “Nizomiy” so‘zining “tarozi” ma’nosini anglatishidan kelib chiqib, buyuk ozarbayjon shoirining ijodiga muxtasar, ammo to‘liq baho bergan. Chunonchi, shoir yozadi: “U behisob so‘z durlarini tartibga solgani uchun taqdir unga “Nizomiy” (“Tarozi” — B.D.) taxallusini munosib ko‘rdi... Uning fikr tarozusi “Xamsa”ni, “Xamsa” emas, balki “besh xazina”ni o‘lcharkan, unga Osmon tarozu pallasi, Yer kurrasi esa botmon tosh bo‘ldi”, deya lutf qiladi.

Kaminani mulohaza qilishga undagan yana bir narsa — shoirning o‘zbekcha asarlariga “Navoiy” degan taxallusni qo‘llagani holda, “Nega, asosan, forscha g‘azallariga “Foniy”, degan laqabni tanladiykan?”, degan o‘ydir. Axir, ham turkiyda, ham forsiyda bab-baravar ijod qilgan shoir uchun bitta taxallus yetmasmidi? Ayrim navoiyshunoslar aytganidek, “Navoiy forscha yozgan asarlariga “Foniy”, ya’ni “muvaqqat”, “o‘tkinchi” degan taxallusni tanladi, deya izohlash, nazarimda, bir oz jo‘nroq tuyuladi. Boshqa sabablari yo‘qmikan? “Navoiy” va “Foniy” so‘zlarini abjad hisobida raqamga aylantirsa, 67 va 141 chiqadi. Bular qo‘shilganda, 208 hosil bo‘ladi. Tasavvufshunos Idris Shoh usulida hosil bo‘lgan raqamni yuzliklar, o‘nliklar va birliklarga ajratilsa, 200+8 bo‘ladi. Bu raqamlarni arab alifbosidagi harflarga aylantirilganda, RH hosil bo‘ladi. Bu harflar o‘ziga xos kod bo‘lib, RH, HR harflari ishtirokida so‘zlar yasalsa, eng avvalo, “HuR” yuzaga keldi. Bu “ozod”, “forig‘”, degan ma’nolarni anglatadi. Alisher Navoiy hazratlari o‘ziga taxallus tanlar ekanlar, jamiki noxush, yomon narsalardan ozod, forig‘ bo‘lishni niyat qilmaganmikanlar?

Tasavvufshunos Idris Shoh maqolalaridan birida “Attor” so‘zining kodini topishga harakat qilib, RFT harflariga to‘xtaladi. Bu harflarni “rokirovka” usulida joylashtirilsa, RFT, RTF, FRT, FTR, TFR va TRF o‘zaklari hosil bo‘lishini aniqlagan. Bu o‘zak harflardan arab tilida so‘zlar yasalsa, FaTaR, FuTR, FaTaRa, Iyd al-FiTR, TaFaTTaR, FiTRaT, FaTiR, FaTiRa, FaTiR, FuTayyuRi, FuTaR kabilar hosil bo‘ladi. Bu so‘zlarning ma’nolari jamlansa, Farididdin Attor o‘z asarlariga joylagan tasavvuf “manzara”lari yuzaga keladi: 1. Diniy assotsiatsiyalar; 2. Islom va nosarolik orasidagi aloqaga ishora; 3. Shiddat yoki kutilmagan harakat g‘oyasi; 4. Itoatkorlik, darveshlik tushunchasi; 5. Kuchli ta’sir ko‘rsatish g‘oyasi, bunda so‘fiylarni tayyorlaydigan maktablarda qo‘llanilgan g‘oya yoki harakat nazarda tutiladi; 6. So‘fiylarning badiiy o‘xshatishlari bo‘lgan, ularning ichki tajribasini ifodalaydigan “uzum to‘g‘risida” eslatish; 7. O‘zi uchun g‘ayritabiiylikka yo‘l ochadigan nimagadir ishora. (“Sufii. Vosxojdenie k istine”. Moskva: Eksmo, 2009. 552—553- betlar). Garchi Alisher Navoiyning tasavvufga munosabati Farididdin Attornikidan muayyan darajada farq qilsa-da, “Mantiq ut-tayr”ga “Lison ut-tayr” bilan javob bergan mutafakkir shoirning Attor “sir”laridan ogoh bo‘lmasligi mumkin emas edi.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning ijodi bilan bog‘liq biz keltirgan ba’zi fikrlar ilmiy taxmin, gipoteza. Kim biladi deysiz, bu taxminlarda chindan ham ma’lum haqiqat bordir?...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 6-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.