OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ehtiyot bo'ling: Zalolatga dalolat qiluvchi kitob

Ko‘plar donishmand deb bildilar o‘zni,
Xudoning zotidan ochdilar so‘zni.
Hech biri bilolmay azal sirlarin,
Aljirab-valjirab, yumdilar ko‘zni
(Xayyom).

Keyingi yillarda "hurfikrlilik"ni niqob qilib olib, xalqimizning muqaddas qadriyatlariga putur yetkazishga, el ichida diniy parokandalik yuzaga keltirishga intilayotganlar paydo bo‘ldi. Bilib-bilmay, bu yo‘lda ularga qo‘shilib, hammaslak bo‘lib qolayotganlar ham yo‘q emas. Chunki ko‘pchiligimiz buning zimnida nima turganini o‘ylab ko‘rmaymiz.

Masala tarixiga nazar tashlasak, "oshkoralik" zamonidan beri turli g‘aroyibotlar haqidagi mish-mishlar, "uchar tarelka"lar, "narigi dunyoga sayohat" singari xabarlar asnosida bizlarni e'tiqodiy parokandalikka tayyorlab kelishgani ayon bo‘ladi. Marhumlar ruhi bilan muloqot, boshqa olam vakillari bilan aloqada bo‘lish, o‘zga din vakillari ko‘rsatgan "mo‘‘jiza"lar kabi "ajabtovur" hodisalar gazeta-jurnallarda zo‘r berib yoritildi. Bundan maqsad bizni islomdan qaytari., boshqa, uzoq ellarning diniga o‘tkazishga tayyorlashdan iborat edi. Chunki har qanday axborotda, ozdir-ko‘pdir, mafkura bo‘ladi. Boringki, maqsad shunday bo‘lmagan taqdirda ham, ayrim ommaviy axborot vositalari "sensatsiya" ketidan quvib, shunga xizmat qilib qo‘yishdi.

Bir elni o‘z diniga og‘dirish - shu yurtni o‘z ta'siriga kiritishning eng oson yo‘li. Ularning tub niyati shu. O'rta Osiyo xalqlari, jumladan o‘zbeklarni xristianlikka (uning ham ummon ortida rasm bo‘lgan qaysidir sektalariga) o‘tkazishga urinish harakati aslo susaymayapti. Dunyoqarashi shakllanmagan, e'tiqodi sust ayrim odamlarning muvaqqat qiyinchiliklar oldida esankirab qolganligi bu borada missionerlarga xiyla qo‘l keldi. Sovetning temir qo‘rg‘oni barbod bo‘lgach, ular o‘z davlatlarining maxsus xizmatlari ko‘magida O'rta Osiyoning jami burchaklariga yetib borib, ta'sir o‘tkazishning barcha shakllaridan foydalanib, sodda odamlarni o‘z diniga targ‘ib eta boshladilar.

Ramazon kunlarining biri. "Xalqlar do‘stligi" metro stantsiyasi ichida ikki o‘zbek ayol o‘rindiqqa har xil kitoblarni yoyib o‘tirishibdi. "Uka, manavi narsalarni o‘qib ko‘ring, savob bo‘ladi", deb menga ham bir yupqarog‘ini hadya qilishdi. "Qur'onning guvohligi" degan bu varaqani ixlos bilan qo‘lga oldim. Ammo ikki-uch jumlasini o‘qiboq, ajablandim. Unda yozilishicha... go‘yo Qur'on ham, asl din - xristianlik, deb "guvohlik" berar emish. Boshqa kitoblarini ham qaradim, hammasi - allaqanday missionerlar yozgan va biron imonsiz shaxs o‘zbek tiliga tarjima qilgan bitiklar. "Opajon, - dedim, - sizlar musulmonmisizlar o‘zi?" "Voy, albatta-da, nimaga so‘rayapsiz?" "Axir, bu kitoblar o‘zbeklarni dindan chiqaradi-ku? Niyatlaringiz shunaqami?" "Voy, yo‘q, unaqa demang, aylanay uka", deya "vistavka"ni yig‘ishtirib, shosha jo‘nab qolishdi. Missionerlar yo‘liga kirib, dinu imonini sotishgan ekan ular.

Ma'lumki, har bir odamning tabiatida dunyo sir-sinoatlarini anglashga, o‘zligini qidirishga intilish bo‘ladi. Bu tabiiy, hatto ijobiy xislat. Zero ana shu "men"ini topish va boshqalarga ham o‘zini e'tirof ettirish istagi katta-katta kashfiyotlarga turtki bo‘ladi. Ayrimlar yangilik qidirib, sirli, sehrli, hatto ilohiy masalalar borasida izlanib ko‘radi. O'zbilarmonlikka berilib, o‘tgan allomayu avliyolarni inkor etadi, shakkoklik chegarasiga qadar borib qoladi. Va... tavba qilib, qaytadi. Uning zarari ko‘p emas. Inson bolasining a'moli shu - izlanadi. Biroq shunday kitoblar ham borki, muallifi gapni "bismillo"dan boshlaydi, o‘zi islom ulamosi bo‘lib ko‘rinadi, ammo o‘qib tugatgach, din sohasida bilimingiz kam, tushunchalaringiz sayozroq bo‘lsa, qanday qilib boshqa dinga maylingiz oshganini payqamay ham qolasiz. Shundan asrasin.

Binobarin, o‘z ichimizdan chiqqan, kitoblar yozib tarqatib, odamlar dunyoqarashini buzishga, o‘zbek xalqida islomiy e'tiqod to‘g‘riligiga shubha uyg‘otishga harakat qilib, xorijdagi hammaslak va hamfikr og‘alari tegirmoniga suv quyayotgan kimsalarga nima desa bo‘ladi?

 "Hozirgi zamon tushunchasi bilan aytganda "Kitob - ul kitob"ni yozib boruvchi va ilohiy til bo‘lmish - "Koinot tili" insonlarga yetkazuvchi MEN-Ismim ISMOILJON, Familiyam ERGASHEV, Mulla Ergash Oxunning o‘g‘liman, - deb yozadi "Fazoviy Fan yoki Samoviy Kitob" deb nomlangan kitobning muallifi. - ...ToshDUning filologiya fakultetini tamomlab, maktablarda 40 yilga yaqin o‘zbek tili va adabiyotidan dars berib, oliy toifali o‘qituvchi sifatida nafaqaga o‘tganman. Bu kitobning yozila boshlaganiga ham bir necha yillar bo‘ldi".

Ajab: "oliy toifali til va adabiyot o‘qituvchisi", asakalik Ismoil Ergashev yozgan shu uchta jumlada 15 ta imloviy, tinish belgilariga oid va uslubiy xato mavjud. Holbuki, maktab bolasi besh-olti betlik inshoda yettita xato qilsa, oladigan bahosi ikki bo‘ladi. Yetti-sakkizta so‘zli jumlani yetti-sakkizta xato bilan yozadigan bu odam qanday qilib «oliy toifali» deb topilgan ekan, bilmadik.

Bilganimiz, shu odam elimizni dindan qaytarish, e'tiqodini parokanda qilib, xurofot sari tortish uchun ko‘p yillar davomida astoydil harakat qilib keldi. Ana shu intilishlarining "samarasi" sifatida bir necha kitob yozib chop ettirdi ham. Hozir tilga olingan "Fazoviy Fan yoki Samoviy Kitob" - shularning biri. Yaqinda bir tasodif bilan qo‘limizga kelib yetgan bu "asar"ni varaqlab, hayratda qoldik: uning muqovasiga "Chek - 1997" deb bitilgan. Ammo ichida, kitobning so‘nggi betiga muallif "Yanvar 2000 yil" deb imzo chekipti. Baayni "Bir yolg‘ondan qirq yolg‘on" ertagidagidek: bu "asar" yo yozilmasdan avval bosilib chiqqan, yoki... nashr etilganidan so‘ng yozilgan. U qaerda, qancha nusxa chop etilgan, muharriri kim, nashriyoti qaysi - bilib bo‘lmaydi. Titul varag‘i ham, mundarijasi ham yo‘q.

36 betlik bu kitob "Asliy inson - abadiy", "Fazo va insonlar", "Sun'iyatlar siri", "Kitob - ul kitob", "Bisaxela - ilohiy til yoki koinot tili", "Yasin so‘zi va bir oyat tahlili" va "Olti osmon oralab..." degan yettita vahimali fasldan iborat.

Garchi I.Ergashev muqaddimasida "Bu ish payg‘ambarlik ham, avliyolik ham emas... men sizlar singari oddiy bir insonman. Bu oddiy samoviy bog‘lanish. Men samoviy shartlarga javob bera olganim uchun tanlanganman, xolos", (3-bet) desa-da, tagmatnda aynan payg‘ambarlik da'vosi ayon ko‘rinib turadi. Epchil bir qo‘l rasululloh hayotidan olingan ba'zi lavhalarni bilintirmasdan ko‘chirib oladi, biroz o‘zgartiradi va... I.Ergashevga yopishtiradi. Chunonchi, kitobning "Olti osmon oralab..." degan oxirgi fasli naq me'rojnomaning o‘zi: farqi - bu yangi chiqqan "payg‘ambar"ni Jabroil emas, qandaydir "819642 raqamli ilohiy xodim" falakka olib chiqqan emish. Fantastik film lavhalariga o‘xshash bu sayohatda muallif hamisha o‘zini til-adabiyot o‘qituvchisi emas, xuddi kolxoz tabelchisiday tutadi: "Bu olam haqida meni yetaklovchim shunday axborot berdi: "Bu 3-osmondagi 62341-olam hisoblanadi. Bu sayyorada 6472 turdagi mavjudot bor. Shundan 511 turi jismli tana va qolipli tanaga ega. Insonga o‘xshashroqlari 641 tur. Bu olamda 9781682 tur maxluqot va 381584 xildagi o‘simliklar bor". Qoyil deysiz: bu odamning hushyorligini qarang - osmonga qog‘oz-qalam olib chiqib, yozib yuripti! Hamma joyda raqamu raqam: "3-osmonda esa jihozlangan 21000 olam bor. Jihozlanayotgan 39000 olam bor. Parchalangan 54000 olam bor. Sovutilayotgan 91000 olam bor. Zahiraga esa 911429ta olam qo‘yilgan. Muvazzanatlarni saqlash uchun 121.617.213941.827.613 olamchalar bor" (11-bet).

Bunaqa millionu milliard raqamli "ma'lumot"lar 36 betli kitobchada kamida ikki yuzta.

Chamasi, muallif bir qadar paranoyyal holatda bo‘lgan ko‘rinadi: "7-osmondagi oliy ong egalarining sinovlaridan o‘tishdan so‘ng, - deb yozadi u, - menga "Ulumil illaha va fins ansum valiyatul hatiban shaha" unvoni berildi. Bu esa o‘zbek tilida "Fanlarni o‘rgatuvchi ustozlarning ustozi - podshohi" demakdir. Shu sababli meni ismimga shoh unvoni qo‘shish tavsiya etildi" (18-bet).

Bu ham botinan payg‘ambarlikka da'vo. Zero jami olimlarning ustozi Muhammad alayhissalomdir, I.Ergashev kabi shaxslar emas. Rasulullohning "Olimlar mening merosxo‘rlarimdir" deb aytgani - buning shahodati. Boshqa dalil-isbotga hojat yo‘q. Ammo I.Ergashevning go‘yo uni sinovdan o‘tkazgan "7-osmondagi "oliy ong egalari"degan gapi esa, shirkning o‘zginasi, xolos.

I.Fazoviy har qanday so‘zni chaynab, o‘zicha talqin qilishga urinadi. Uningcha, "Ismoil" so‘zining asli "I sama al illaha" bo‘lib, o‘zbekcha Allohning o‘zi yuborgani demakdir" (18)... Qiziq, dunyodagi jamiki olimlarga ustozlik va podshohlik da'vosidagi bu odam aslida o‘z otining ma'nosini ham bilmas ekan ("Ismoil" qadimgi yahudiycha "Izmail"dan olingan bo‘lib, "xudo eshitadi" degani). Yoki kirill yozuvidagi "kirill" so‘zini chaynab ko‘rib, bu "Hurufili Illaha-Allohning sevgani" degani, deb uqtiradi. Yana, Olloh-taolo degan birikmadagi "taolo" (yuksak) so‘zini "tuzatib"... "Alloh tahvil a'lo" deb bitadi. Agar arab tilidan sal-pal xabari bo‘lganida edi, tahvil - ko‘chirish, havola qilish, bir holdan boshqa holga o‘tish va boshqa bir ma'nosi - qo‘rqish ekanini bilgan bo‘lardi (Uning shogirdi A.Abdurahmonov bu qo‘lbola etimologiyani keyinchalik "ilmiy" izohlab, "Alloh tahvili a'lo" - butun Borliqni a'lo darajada o‘zgartirib, parvarishlab turuvchi", degani, deb izohlaydi.

I.Ergashev yangi bir "til" o‘ylab topadi. Uni "bisaxela" deb nomlaydi va... "ilohiy, koinot tili" deb e'lon qiladi. Go‘yo, Olloh taolo va jami "koinot xodimlari" shu tilda so‘zlar emish. Aslida, bu qo‘lbola "til" - ayrim arabcha so‘zlarga forsiy izofalar qo‘shish, qolmishiga og‘izga kelgan narsani valdirashdan boshqa narsa emas. "Shunday qilib, - deb yozadi I.Ergashev kitobining 22-betida, - BISAXELA - ILOHIY TILning insonlarga berilgan kuni 27 may 1997 yil kuni bo‘lib qoldi. Bu shonli sana-abadiy qutluq kundir".

"Bu til Alloh taolo dastlab birinchi yaratgan mavjudoti mustaqil qadam qo‘yib yura boshlaganda "Zeh" ("bir" yoki "yaxshi") deb aytgan so‘zi Koinotning "Zeh" yiliga asos bo‘lib, ana shu kalom aytilgan lahzadan boshlab koinotning vaqt hisobi - "zeh" yili boshlangan, - deb yozadi uning shogirdi Abdulhay Abdurahmonov. - Alloh taolo O'zining birinchi mavjudoti bilan ovoz chiqarib gapira boshlagan bu til ilohiy bo‘lib, u keyinchalik Koinotning umumiy tiliga aylandi va yaratilgan barcha mavjudotlarga berildi. Ular tovush, tushuncha, belgi, fikriy uzatishlar yo‘li bilan va fikriy dalillarga asoslangan dil tillari bilan ham gaplashadilar...

Koinot tilini o‘rgangan inson o‘zining yashab turgan olamida turib, boshqa olamdagi biror o‘ziga tanish yoki notanish mavjudotlar bilan ham muloqotga kirishib gaplashishi mumkin".

Xo‘sh, shunday bo‘lsa, "hamma va har qanday maxluq tushunadigan Koinot tili"da bitilgan bir parchani o‘qib ko‘raylik-chi:

"Sela radu hela badu hemina mina,
Aylu haylu haymurana hehina hina..."

Xo‘sh, shu matndan Siz biron nimani tushundingizmi? Yo‘q? Xo‘p, unda mushugingizga o‘qib bering, nimani anglarkin? Uyam anglamasa, "koinotiy" bu misrani hovliga chiqib, olchaga uqtirib ko‘ring - ne mo‘‘jiza ro‘y beradi?

Yana (nauzanbilloh): muallifning aytishicha, Olloh taolo bir maxluqni yaratibdi, u qadam tashlabdi. Shundan so‘ng Olloh "Zeh" debdi - shu "zeh"dan vaqtu zamon boshlanib ketgan emish. Axir, ana shu "Zeh"gacha - u maxluq yaratilgan, so‘ng qadam qo‘ygan paytlari-chi, ular vaqtdan avvalmidi?

Shundan so‘ng muallif asosiy niyati - Qur'onni, jumladan, uning qalbi deb atalgan "Yosin" surasini obro‘sizlantirishga kirishadi. "Hozirda o‘zlarini islom dinida, kitobni "Kur'on" deb atovchi insonlar bilishlari zarurki, - deb yozadi u, - bu kitob ham qisqartirilgan aralashmalar o‘sha zamon insonlari tushunchasiga moslashtirilgan" (22-bet. Jumla saviyasini ko‘rib turibsiz). "Qur'on deb ataluvchi bu kitobning "Arshi-ul kurs"dagi asl holati she'riy yo‘lda bitilgan 1500000 qatordan iborat bo‘lgan asardir, - deb davom etadi u. - Qur'onning o‘zagi sanalmish "YASIN" (Yosin) bizga berilgan kitobda 83 oyatdan iboratdir... Bu surada 83 oyat bo‘lib, uning asli shunday emas, balki 15216 qatorli she'riy asar ekanligi ayon bo‘ldi va to‘liq tarzda menga yozdirildi" (28-bet). E'tibor qilsak, bu odam Qur'on - haqiqiy kalomulloh emas, deb va uning qalbi sanaladigan "Yosin"ni "haqiqiy Yosin"ning arzimas bir qismi, deb da'vo qilmoqda.

Bu surani taftish qilishdan avval I.Fazoviy uning nomini: Ya + Sin degan ikki harf ma'nosini talqin qilishga bel bog‘laydi. Bilasiz, barcha tarjimayu tafsirlarda "Yosin" ham xuddi yana yigirma yetti sura boshidagi "Alif, Lom, Mim", yoki "To, Sin, Mim" singari ma'nosi noma'lum ("hurufi muqattaot") bo‘lib, ma'nosi faqat Ollohga ayon ekani yozilgan. Ammo til va adabiyot o‘qituvchisi I.Ergashev "YASIN"ni xuddi ZAGS singari bir qisqartma so‘z deb o‘ylaydi, uni tashkil etgan beshta harfning har biriga bittadan emas, naq yettitadan "koinotiy" so‘z topadi: "yunallana" (yana olti shunaqa so‘z), "alxibra"(+6), "sini sama"(+6), "illaxilan"(+6), "navixarax"(+6). Yasin (Yosin) shu so‘zlardagi bosh harflarning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan emish...

Mana, u da'vo qilgan "asl Yosin"dan bir parcha:

Vama allamnaxush shi'ra vama yambag‘ilah,
Tama vallam baxush tira hama hambag‘ilah.
In huva illa zikriv va Qur'onim mubiyn,
Tahvira ta amili helmiha xur'onim bubiyn.
Mehlarhu aduzari allamnaxush shi'ra,
Yambag‘ilim vama axu lambanush xi'ra.
Vallam baxush in huva va Qur'onim mubiyn,
Tamahi illa zikriv va ur'onim xubiyn.
Vasaxili shi'ra vama xelibau ilxuzan,
Tislaxili veminaxu allbilix mixuzan... (28-bet).

Mantiqan, Ismoilshoh Fazoviy uni yo o‘zi aytayotgan "bisaxela" tilida, yoinki arabcha deb izohlashi lozim. Chunki bir matn bir paytning o‘zida ikki tilda bo‘lishi mumkin emas. Biz uni ko‘rsatib murojaat qilgan arabshunos olimlar uning 1- va 3- satri "Yosin" surasining 69-70- oyatidan olingan, boshqa misralar esa arab tiliga yot, qandaydir valdirashdan iborat, deb aytishdi. Tuturuqsizlik qay darajaligi ayon ko‘rinib turibdi.

Qur'onni obro‘sizlantirish uchun I.Fazoviy hatto uning grafik belgilaridan ham illat qidiradi: "Qur'on, - deb yozadi u, - qadimiy arab tili asosida olingan bo‘lib, uni mazmunan to‘g‘ri ifodalash uchun 689 xil tovush belgisi kerak bo‘ladi. Jumladan, 21 xil unli, 83 xil oraliq, 395 xil undosh tovush belgisi, 116 xil ishoraviy belgi, 61 xil undosh imo belgisi, 94 xil harakat belgisi, 110 xil tasviriy belgi va 214 xil tarifiy belgilar kerak bo‘ladi. Arab yozuvidagi belgilar bu kitobdagi so‘zlarni aniq ifodalashga ojizlik. Shu bilan birga, bu arab tiliga turli yaqin tillardan so‘z - olinib, oyatlar mazmunini to‘ldirishga harakat qilingan" (29-bet).

Fan esa aksincha ta'lim beradi: har bir til boshqa tillar bilan aloqaga kirishsa, turli so‘zlarni o‘ziga qabul qila boradi va undagi tovushlar soni keyinchalik ortishi mumkin. Demak, I.Fazoviy aytgan "qadimiy arab tili"da esa tovushlar soni payg‘ambarimiz davridagidan ko‘p bo‘lmagan.

Xo‘sh, "Qur'on qadimiy arab tili asosida olingan" deganining ma'nosi nima? Bu - Qur'on payg‘ambarimizga nozil bo‘lmagan, balki qadimgi rivoyatlardan iborat, degan gapni o‘quvchiga bilintirmay "hazm" qildirish yo‘li. Uning yana bir da'vosi - "Qur'ondagi oyatlar mazmuni... boshqa yaqin tillardan so‘z olinib to‘ldirilgan", deganda esa arab tiliga yaqin bo‘lgan yahudiy tili (u ham semit til oilasiga kiradi)ga ishona qilinyapti, ya'ni Qur'on yahudiycha manbalardan olingan, degan eski g‘alamislikning yangi nag‘masi. Ajabki, "uni mazmunan to‘g‘ri ifodalash uchun 61 xil... undosh imo belgisi (?) kerak" bo‘lar emish. Bu til ma'limining gapi emas, shu bilan birga, sog‘lom odamning ham.

 "Aslida Qur'on ham abadiyotdir. - deb yozadi Ismoilshoh Fazoviy. - Bu kitobabadiyotning pandnoma va odobnoma kabi turiga kiradi. Badiiyligi ham bor. Nasriy va nazmiy oraliqdagi bu asarni abadiyotdan nari deb bo‘lmaydi" (30). Saviyani qarang!

Ayonki, I.Fazoviy islomni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kamsita olmas, bunday qilsa, hechkim uning qutqusiga uchmas edi. Shuning uchun ham kitobida u o‘zini xudojo‘y qilib ko‘rsatadi; ko‘pincha namoz o‘qib o‘tirganida huzuriga "fazoviy xodimlar" kelishini uqtiradi. Lekin ajab, go‘yo u bilan aloqaga kirishgan "fazoviy xodimlar" nima uchundir biron-bir ibratli, oqilona ma'lumot berishmaydi. Unga "aytib turib yozdirilgan", raqam to‘la "statistika"lar ichida bashariy qiymatga ega, odamning hayot yo‘lida ibrat bo‘ladigan, loaqal yodda qoladigan biron-bir oqilona gap yo‘q. Bori - safsata, alahlash.

Butun dunyo olimlariga ustozlik da'vosidagi sho‘rlikning "yozib olgani" faqat mana bunday "ma'lumot"lar bo‘pti: "Inson tanasini sug‘orish yoki qon aylantirish uchun 4414 xil modda aralashtirilgan 141000 kichik va katta tomir turlari ishlatilgan. Inson qoni tarkibida 437 xil moddadan olingan 918.622.418.827 toladan iborat bo‘lgan bog‘lovchi vositalardir. Jigarda 613427 markazdan iborat tozalovchi nuqta va 718.513.411.613 mayda markazchalar xizmat qiladi. Havoni tozalovchi o‘pkada (?) esa 483511 havo tozalovchi filtr va 619.824.511.414 havo o‘tkazgich bor" (5-b). Va hokazo.

Bu gaplarga kimdir ishonadigan bo‘lsa, uning nazdida odam biologik mavjudot emas, birtalay zapchastlardan yig‘ib tayyorlangan "mexanizm" bo‘lib tuyilishi tabiiy. Va o‘zingiz o‘ylang: soch, tirnoq, tovon kabi a'zolar haqida yoki million yil raketada uchsangiz ham yetib bo‘lmas "falon raqamli" galaktikada qancha yuz ming "sovutilayotgan" yoki "portlatib yuborish uchun tayyorlanayotgan" olam borligi singari behuda gaplar nimaga kerak va sho‘rlik "ilohiy xodimlar" I.Fazoviyga ularni hijjalab uqtirib, o‘nlab daftarlarga diktovka qilib yozdirib, nima baraka topishi mumkin? Chunonchi: "Bu 23441-olam bo‘lib, 2-osmonning 5-jarajali holatdagisi ekan. Bunda 692 tur mavjudot, 4783 xil maxluqotl va 483647 xil o‘simlik turi bor ekan. Yana 147 milliard tur jismsiz maxluqotlar turi mavjud ekan. Bundagi aholi 510 issiqlik bilan 670 gradus sovuqlik orasida yashaydi" (32-bet). Shu kabi son-sanoqsiz "aniq ma'lumot" - alahlashlarning kimga va nega keragi bor, ular odamzotga qanaqa asqotadi?

Xo‘p, bu samoviy ma'lumotlarni biz anglab yetmagan bo‘lib chiqaylik. Ammo marhumlarning taqdiri haqidagi mana bu "ma'lumot"ga nima deysiz: "Bugungi kunlargacha 99 milliard insondan 19 milliardi foniylik hayotiy almashinuvlarni o‘tab bo‘lgan. Ulardan sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan 11,5 milliardi 2-olamga olingan, sinovlardan o‘tolmagan 5 milliardi hayvonot olamiga o‘tkazilgan, hayvoniylikdagi sinovlardan ham o‘tolmagan 2,5 milliardi esa kuydirib yo‘q qilib yuborilgan. Endi, 2-olamga olingan 11,5 milliard insondan oxirgi olamgacha qanchasi sinovlardan o‘tib yetib bora oladi, dargumon". (I.Ergashev. "Hayot sirlari", (161-b.).

Bular islomga tamoman zid. I.Fazoviyning gaplariga ishongan, ya'ni oxirat kuni kelishiga, qiyomatga, u chog‘da barcha odamlar tirilishiga, hisob-kitob o‘tkazilib, har kim o‘z amaliga ko‘ra ajr olishini shubha ostiga qo‘yib, "hozirgacha o‘lgan 19 milliard odam "elakdan o‘tkazilgani"ni ma'qul topgan odam dindan chiqqan bo‘ladi...

Ismoilshoh Fazoviyning saviya-darajasini, maqsad-muddaosini bir qadar anglata oldik, deb o‘ylaymiz. Ammo u o‘z yozganlari haqida butunlay boshqacha fikrda bo‘lgan: "Agar Nuhning kemasi insonlarni to‘fon balosidan saqlab qolgan bo‘lsa, "Kitob - ul kitob" insonlarni jaholat balosi va u tufayli mahv bo‘lish halokatidan saqlab qoladi...", - deb yozadi u (8).

Tamom-vassalom! Dod desangiz ham shu, voy desangiz ham...

Darig‘ki, Fazoviyning bu "bashorat"lariga go‘yo ishonadigan, ularni qay bir maqsadlar yo‘lida targ‘ib etib, odamlar orasida muqaddas dinimizning arkon-aqidalariga putur yetkazishga urinayotgan "yangi valiylar" ham chiqqan...

Ayrim odamlar pensiyaga chiqqach, daf'atan o‘zida "shoirlik qobiliyati" borligini fahmlab qoladi. Yozish kasaliga chalinib, tahririyatlarni "ash'or" bilan to‘ldirib tashlaydi. Buni ko‘p ko‘rganmiz. Qirq yil ma'limlik qilib kelgan Ismoil Ergashev kabi ba'zi odamlar pensiyaga chiqqach, payg‘ambarlik da'vo qila boshlashi ham mumkin. Ammo... shoshma, nima gap o‘zi, deya tagini surishtirmay, darrov unga ergashadiganlarning ham topila qolishida qanday hikmat bor ekan - bilolmadik.

Yaqinda "Hurriyat"ning o‘tgan sonida tahlil etilgan Ismoilshoh Fazoviy asarlari ruhidagi "Ruh sirlari" degan ulkan bir kitob chop etildi. Uning muallifi - pensiyadagi iqtisodchi Abdulhay Abdurahmonov. Falsafa fanlari doktori, professor Anvar Abdusamedov unga so‘zboshi yozib, jumladan shunday debdi: "Mazkur kitobning ikkinchi qismi - "Samo xabarlari" va uchinchi qismi "Hayot sirlari" 2001 yilda vafot etib ketgan, yuksak tafakkur va juda boy bilimlar sohibi bo‘lgan (kursiv bizniki - Z.I.) asakalik Ismoilshoh Fazoviy (Ismoil Ergashev) qalamiga mansub bo‘lib, ular asosan Koinotning ongli mavjudotlari xabarlariga tayanib yozilgan" (5-bet).

A.Abdurahmonovning bundan avvalgi "Saodatga eltuvchi bilim" asari 2001 yilda nashr etilgan edi. Unda, aslida biron-bir yangilik yo‘q, o‘zini muallif deb taqdim etgan A.Abdurahmonov to‘plovchilik qilib, dunyodagi har xil dinlar, uluhiy tushunchalar borasida kitob, gazeta-jurnallardagi ma'lumotlarni (to muchal yili hisobigacha) jamlab kitobxonga taqdim etgandi. Ko‘pgina ilmiy va texnikaviy chalkashishlar borligini demasangiz, umuman olganda, kitobxonga bir ma'lumotnoma sifatida asqotadi. Ehtimol shu sabab, keyin yana to‘rt bor nashr etilibdi ham. Albatta, diniy mavzuda bo‘lgani bois, bu kitob odamlar orasida tarqaldi, har kim o‘z tushunchasiga yarasha unga baho berdi ham.

Abdulhay Abdurahmonov o‘sha asari haqida o‘ziga kelgan xatlar orasidan yigirmatacha maqtovli maktubni keyingi chiqqan "Ruh sirlari" kitobi oxiriga qo‘shibdi. Xat mualliflaridan biri, azbaroyi jo‘shib ketganidan, "Saodatga eltuvchi bilim"ni... Qur'on va Hadislardan keyingi ulug‘ kitob deb ham baholagan ekan... A.Abdurahmonov esa, kiroyi "kamtarligi" tufayli bunga e'tiroz ham qilmaydi. Nimayam derdik, hayallab o‘tirmay, uning asarlarini muqaddas deb e'lon qilish qopti, xolos.

"Ruh sirlari"ning "Saodatga eltuvchi bilim" kitobidan asosiy farqi - u avvalgiday har xil manbalardan olinib emas, asosan I.Fazoviyning "bashorat"lariga tayanib bitilgan. Buni so‘zboshi muallifi A.Abdusamedov ham alohida qayd etib: "Ismoilshohning muxlisi va do‘sti Abdulhay Abdurahmonov uning qo‘lyozmalarining kamu-ko‘stini tuzatib, tahrir qilib, nashrga tayyorlagan va ularni o‘zining mazkur "Ruh sirlari" kitobiga kiritib, xalqimizga juda ham foydali va savobli ishni bajargan..." deb yozadi (uni qarang, birov yozgan tayyoriga muallif bo‘lib olgan kishi "juda ham foydali va savobli" ish qilgan bo‘lar emish).

"Ruh sirlari" - hajman ulkan asar, entsiklopediya formatida 500 betdan oshadi. To‘rt qismdan iborat, sarlavhasining o‘zi bir yuz o‘ttiz oltita.

Shuncha materialni tahlil etib, saragiyu puchagini aniqlash, ayniqsa uning bosh mavzui bo‘lmish ezoterika - hamma uchun sirli bo‘lgan mistik qarashlarga tanqidiy munosabat bildirish jo‘n ish emas. Buni o‘quvchilar to‘g‘ri tushunadi, deb umid qilamiz. Boz, Anvar Abdusamedov yozgan so‘zboshi bilan cheklanmay, muqaddima ham bitgan muallif kitobiga turli munosabatlardan xavotirga tushib, asarini tanqid qilishi mumkin bo‘lgan kishilarni elburutdan nodonga chiqarib qo‘yganini aytmaysizmi - "Ko‘pincha ba'zi narsalarni bilimlarimiz yetarli emasligidan tushunmasligimizni tan olgimiz kelmaydi. - deb yozg‘iradi u. - Har ehtimolga qarshi darrov unga salbiy baho berib, bu borada bilimimizning kamligini berkitishga harakat qilamiz yoki umuman bilimsizligimizning oshkor bo‘lib qolishidan hadiksirab, bir yo‘la uni inkor qilib, undan qutulib qo‘yaqolgimiz keladi... Ana shunday tafakkuri muzlab, qotib qolgan ayrim "bilimdon"lar... va hokazo (13-bet). Muallif hatto Sharq ijtimoiy taraqqiyoti G'arbdagidan sustroqligiga sabab ham aynan "hurfikrlilik"ka yo‘l berilmaganidan, deb e'lon qiladi. Ya'ni, taraqqiyot tarafida bo‘lsang, qo‘yib ber, men istaganimni yoza beraman, ammo sen churq eta ko‘rma!..

Ana shundaqangi iddaolardan so‘ng tanqidga kirishib ko‘ring-chi!

Men "Ruh sirlari" kitobini o‘qib chiqdim. Ishonch bilan aytamanki, u xato va zararli g‘oyalar bilan to‘liq - odamlar "Ruh sirlari"ni mutolaa qilgach, undagi gaplarga ishonsa, qabul qilsa, imonidan ayriladi, dunyoqarashi parokanda bo‘ladi. Endi ana shu fikrni isbotlashga urinamiz.

"Ruh sirlari" kitobining ilk fasli qomusiy viqor bilan "Ruh sirlarini bilishga kirishishdan oldin nimalarni bilish kerak" deb nomlangan. Unda muallif bu va u dunyoning yaratilishi haqida ilmiy farazlar, vaqt va mavhum vaqt tushunchasi, Ernst Muldashev degan ko‘z duxturining irqlar kelib chiqishi haqidagi "kashfiyot"i, insoniyatning ilk beshigi - Tibet deb biluvchilar, Odamatodan oldin ham Yer yuzida odamlar yashagan edi, ularga oxirat kelgach, ba'zi vakillari chap berib, yashab qolgan bo‘lishlari mumkin, degan fikr uqtirilib, Shambala degan xayoliy maskan haqida uzuq-yuluq "fakt"lar keltiradi. Bular bizni endigi gaplarga "tayyorlash" uchun, albatta.

Ana shundan so‘ng nisbatan murakkab bo‘lgan "Ruh va jon haqida ilmiy va diniy qarashlar" degan ikkinchi fasl keladi. U nihoyatda qisqa - o‘n bet. Ammo unda bayon etilgan fikrlar kitobning o‘zak nuktalaridan bo‘lgani uchun (asar "Ruh sirlari" deb ataladi, axir), alohida e'tibor talab qiladi.

Avvalo shuki, Qur'onda, kim bo‘lishidan qat'i nazar, ruh haqida so‘zlashdan tiyilish buyurilgan: "85. (Ey Muhammad alayhissalom), Sizdan ruh-jon haqida so‘raydilar. Ayting: Ruh yolg‘iz Parvardigorim biladigan ishlardandir". Sizlarga juda oz ilm berilgandir" ("Al-Isro"). Jami arabiy, forsiy va turkiy lug‘atlarda (shuningdek, Qur'ondan hozirgina zikr etilgan oyatda ham) "ruh" va "jon" so‘zlari sinonim ekanini ko‘ramiz, ammo A.Abdurahmonov ularni boshqa-boshqa narsalar, deb talqin etadi; yuqorida keltirilgan faslning nomi ham, ichidagi mana bunday "kashfiyot"lar ham shuni tasdiqlaydi: "Odam - tana, jon va ruhning qo‘shilmasidan tarkib topgan... mavjudot" (42-bet). Xo‘p, deb turing. Ammo sal o‘tmay, ular aynanlashtiriladi - "O'lim kelgach, ruh (jon) tanadan ajraladi" (42). Keyinroq uqtirilishicha, jon... endi ruh emas, balki qon emish: "Odam Yer mahsulotlaridan iborat bo‘lgan ozuqalarni iste'mol qilganda, ular tanaga singib, qonga, ya'ni jonga aylanadi" (43). Umuman, bu borada muallif bisyor chalkashliklarga yo‘l qo‘yadi. Bir joyda ruh nomoddiy (42) deyilsa, bir sahifa o‘tmayoq, ruhlar... "o‘zlarining aniq o‘lchamlariga ega" (43) deb, moddiylashtiriladi ham.

Bunday mubhamlik va palapartishlik muallifga ustozi I.Fazoviydan o‘tgan - uning "Fazoviy Fan yoki Samoviy Kitob"ida ham bir o‘rinda "ilohiy xodimlarning boshlig‘i ruh deb ataladi" (4), deb talqin qilinsa, keyingi betda bu so‘z boshqa ma'no kasb etadi: "Insonning... ruhi esa maslahatchisidir" (5).

I.Fazoviy bilan A.Abdurahmonovning qarashlarida bir xillik ko‘p. Bu umumiylik ularning ruhiy yaqinligidan kelib chiqsa ajab emas: Ismoil Ergashev o‘z asarini insoniyat uchun Nuh kemasi kabi najot vositasi deb aytsa, A.Abdurahmonov ham undan qolishmaydi - kitobxonga qarab, "Muhtaram o‘quvchim, hamonki bu kitobni o‘qishni Alloh taolo Sizga nasib etgan ekan, demak bu Alloh taoloning irodasi va o‘zingizga ko‘rsatgan marhamati deb bilavering. Uning bu marhamati - in'omini rad etmang, qabul qiling" (459-b.) deya "iltifot" ko‘rsatadi.

Buyam holva ekan. "Ruh sirlari"ining oxirida mavzuga aloqasi bo‘lmasa ham "Ayollar - jahon mutafakkirlari nigohida" sarlavhasi ostida hikmatli gaplar berilibdi. Unda... Vilyam Shekspir bilan Lev Tolstoy o‘rtasida - jahon mutafakkirlari qatorida... "yangi chiqqan daho" A.Abdurahmonovning hikmatdan bir tosh yiroq, eng jo‘n gaplari ham taqdim etilgan. Oxirida-chi? "Ruh sirlari"ga bag‘ishlangan, ilohiyotday ulug‘ mavzuda so‘z yuritilgan yostiqday bu kitob... qirqta suyuqdan-suyuq, uyat anekdot bilan xotima topgan.

Ruh deganda avvalo inson psixikasi tushunilar edi. Ruhshunoslik - psixologiya demak. Binobarin, men "Ruh sirlari" kitobini ilk bor ko‘rganda, xayriyat, mana o‘zimizdan ham Freyd singari psixologlar chiqipti, ruhiyat borasida kitob yoza boshlashipti, deb quvongan edim. Afsus, nomiga nomunosib bu kitobda insonning ruhi, ruhiyati to‘g‘risida bir og‘iz ham gap yo‘q. Bori - narigi dunyo haqida vahimali bashoratlardan boshqa narsa emas.

Qiziqki, bu kitobda Qur'onga zid nimaiki gap aytilsa, asl niyatni "pardalash" uchun g‘alati bir dalil keltiriladi. Emishki, Qur'on va boshqa kitoblar o‘sha davr kishilari ongiga mos edi, endilikda odamlarning ongi va bilimi yuksaldi, ular hozir ko‘p narsani biladi, binobarin... "insonning o‘zi haqida hatto xayoliga ham keltirmagan va keltira olmaydigan tushunchalar va yana boshqa ko‘p ma'lumotlarni insonlarga yetkazishga Tangri taolo tomonidan ruxsat bo‘ldi" kabi (179-b. Ko‘p yaxshi, ammo buni Sizga kim aytdi, azizim?). Ularni yetkazadigan xabarkash qilib esa... "Samovot xodimlari tomonidan tanlangan, azizlangan insonlar" tayinlanganu. Ismoil Ergashev ana shularning biri emish. A.Abdurahmonov o‘zini ham narigi dunyo sirlaridan to‘liq xabardor qilib ko‘rsatib, "shunday xabarlar borki, ularni hozir ham insonlarga bildirib bo‘lmaydi... Ruh hamda boshqa sir-sinoatlarning hozircha aytish mumkin bo‘lganlarini aytdik, mumkin bo‘lmaganlarini esa aytmadik" deb qistirib qo‘yadi. Ya'ni, munchalik xufya gaplarni biladigan muallifning o‘zi ham "tanlangan, azizlangan" odamlardan biri bo‘lib chiqadi... Bu gaplarni o‘qib, hoy taqsirlar, Sizdagi ilm-bilim haminqadar bo‘lsa, yelkangizga payg‘ambarlik muhri bosilmagani ham aniq, targ‘ib qilayotgan gaplaringiz ma'ni va hikmatga yot, valiylikka da'vo qilishga sizga yo‘l bo‘lsin, mandatingiz bormi o‘zi?!" deb yuborging keladi.

 "Ruh sirlari"ning 57 betlik "Reinkarnatsiya" (tanosux) fasli undagi o‘n to‘qqizta faslning hajman eng kattasi. Mazmunan, kitobning "qaymog‘i" shu yerda. Unda mistikadagi eng jumboq masala - odam o‘lgach, jasadi chiriydi, ammo joni nima qiladi, degan masalada so‘z yuritiladi. Muallif, odam o‘lgach, uning joni boshqa bir yangi tug‘ilgan odam tanasiga, undan keyin yana boshqasiga ko‘chadi, deb uqtiradi. "Tana, jasad o‘lib, jon uzilgandan keyin ruh o‘z faoliyatini tana va jonsiz davom ettiradi, - deb yozadi u, - ya'ni vaqti-soati bilan yana boshqa tanaga o‘tib, to belgilangan mukammallikka erishguncha qayta-qayta bu dunyoga kelaveradi" (48). Ko‘rsangiz, kofirlarning eski ashulasi - tanosux targ‘iboti.

 Kitobda tanosuxdan ilohiy maqsad - insonni mukammal xilqatga aylantirish, deb uqtiriladi. Go‘yo, odamzotning ruhi avvalgi yashash chog‘larida tuban bo‘lsa, komillikka erishish uchun bu dunyoga 99 martagacha kelar emish. Olloh taolo esa Odamatodan to davri qiyomatgacha 99 milliard odam yashab o‘tishini taqdir etganmish va ulardan faqat 1 milliardi yetti bosqichdan o‘tib, dargohi ilohiyga noil bo‘lar emish.

Holbuki, barcha ulug‘ dinlarda, xususan islomda tanosux rad qilinadi va qattiq qoralanadi. A.Abdurahmonov bu borada xolis turganday bo‘lib, Imom G'azzoliyning "Tahofitul falosifa" asaridan iqtibos keltiradi. G'azzoliy, "biz bu dunyoda tanosux hodisasi bo‘lishini inkor etamiz. Ammo oxiratda ruhlarning o‘z jasadlariga qaytib kirishini tasdiq etamiz. Alloh taolo bir necha tana uchun bitta ruh yaratmaydi. U har bir tana uchun bitta ruh yaratishga qodirdir. Agar tanosuxni mumkin deb tan oladigan bo‘lsak, bir qancha tanalarda yashab kelgan o‘sha ruh qiyomat kuni qaysi tanaga tegishli bo‘ladi?!" deb aytgan ekan (58). A.Abdurahmonov darhol G'azzoliyga "otpor" beradi: "Hozir bu savolga javob bor, - deb yozadi u, - ya'ni ruh o‘zi yashagan tanalaridan birini tanlab oladi" (Ajab, buni Siz qayoqdan bila qoldingiz?) Ammo G'azzoliy nomidan yana so‘rashga to‘g‘ri keladi - xo‘sh, Siz aytgancha, ruh o‘zi yashagan 99 ta tananing bittasini qiyomatda tanlab oladigan bo‘lsa, deylik, ruhi tomonidan tanlanmagan tanalar - dunyoda yashab o‘tgan har 99 kishining 98 tasi qiyomat bo‘lganida tirilmaydimi? Ha, tirilmay yotaveradi, desangiz, islomdan chiqqanlikni e'tirof etishga to‘g‘ri keladi. Yo‘q, istig‘for qildim, tiriladi, desangiz, yana mantiq kerak: Siz aytgan bir dona ruh 99 ta jasadning qay biriga yetishadi?

Muallif bu mantiqiy savollarga javob berish uyoqda tursin, bunaqa savollarni berishning o‘zi ham to‘g‘ri emas deb uqtiradi va dalil o‘rnida Syoren Kerkegor degan daniyalik ilohiyotchining "Din fandan ilohiy masalalarda mantiqiy tafakkurdan voz kechishni talab qilishi to‘g‘ri, o‘rinli, chunki fanda buning uchun tegishli, zarur bo‘lgan bilim yo‘q" (49), degan gapini keltiradi.

Ajab, nega endi mantiqiy fikrlash noo‘rin bo‘lar ekan? S.Kerkoger, ehtimol, ko‘p ulug‘ ilohiyotchi faylasufdir, ammo biz Olloh taolo yaratgan barcha narsada eng avvalo mantiqiy izchillikni ko‘ramiz-ku? Qur'on va Hadislarda mantiqqa begona biron-bir nukta yo‘q-ku? S.Kerkegorga zamondosh, ammo fikr-qarashlari unikidan mo‘‘tabarroq bo‘lgan Lev Tolstoy islomda barcha narsa mantiqiy ekanini ta'kidlagan edi-ku? Alixonto‘ra Sog‘uniy ham "dinimizning asli aqldir, quroli esa ilmdir", deganda dinni anglash uchun avvalo aqlga (mantiqqa) suyanish lozimligiga ishora qilyapti-ku! Inson xudoni aql bilan taniydi, degan xalq maqolining ma'nosi ham ham mantiqiy mushohadaga da'vat emasmi?..

To‘g‘ri, har kim o‘zi uchun biron-bir g‘oyani to‘g‘ri deb bilishga haqli. Ammo uni targ‘ib etadigan bo‘lsa, u millat manfaatiga mos keladimi, dunyoqarash va menalitetni buzmaydimi, buni o‘ylab ko‘rish kerak. Shu ma'noda, men shaxs manfaati davlat manfaatidan ustun, degan e'tirofga qo‘shilishdan oldin, bu o‘rinda davlat - jamiyat ma'nosida emas, deb pisanda qilgim keladi. Chunki shaxs manfaati jamiyat (millat) manfaatidan ustun qo‘yiladigan bo‘lsa, jamiyat kelajagi parokanda bo‘ladi.

Tanosux va uning targ‘ibi islom diniga zid, xalqimiz dunyoqarashiga yot narsa. Milliy mafkuramizning o‘tmishdagi asoschisi Amir Temur ham uni dinu davlatga zid deb bilgan, tanosuxchi Hakim Nizoriy degan kimsa va izdoshlari makon tutgan Ko‘histonga yetib borib, Hakim Nizoriyni ham, tarafdorlarini ilmiy-nazariy jihatdan mot qilgan, shunda ham buzuq g‘oyalaridan qaytishmagach, mahv etgandi (qarang: "Temurnoma", T., "Cho‘lpon" nashriyoti, 1990, 259-266 betlar).

Afsuski, bu kitobda mentalitetimizga, muqaddas dinimizga yot jihatlar shu bilan tugamaydi. Tanosuxni targ‘ib etarkan, A.Abdurahmonov Xalil Jabron degan xristian olimning "Payg‘ambar" asaridan ushbu parchani "o‘git" deb taqdim etadi:

"... va unga qo‘lida bolasini ko‘tarib turgan ayol dedi:
- "Biz bilan bolalar haqida so‘zlash".
- ... va u javob berib dedi:

- "Sening bolalaring - aslida sening bolalaring emas. Ular - o‘zini-o‘zi sinab ko‘rayotgan, "hayot" deb atalmish Allohning buyuk ne'matiga intiluvchi harakatning o‘g‘il-qizlaridir. Ular sening tanang orqali o‘tib keladilar, lekin ular sendan emas, ular doimo sen bilan birga, ammo ular senga tegishli emas ..." (85).

Avvalo, bu gapni qaysi payg‘ambar aytibdi? Soniyan, payg‘ambarlarning barchasi o‘z ummatlariga islomni targ‘ib etgan, deyiladi, shunday ekan, Xalil Jabronning bu gaplari g‘irt uydirma emasmi va uchinchidan, bu gaplar Sizga jangari vahhobiylarni - mo‘‘min-musulmon otasini kofir, deb e'lon qiladigan, uning yuziga tik qarab, "Siz aslida menga hech kim emassiz" deyishgacha boradigan g‘ayriinsonlarni eslatmayaptimi? Muallif taqdim etayotgan bu "o‘git"lar bizga pand emas. Chunki ahli muslim, jumladan, biz o‘zbeklar ham "Ota rozi - xudo rozi", "Jannat onalarning oyog‘i ostida" kabi ezgu o‘gitlar ruhida tarbiya  topganmiz.

"Ruh sirlari" kitobida bashariyatning eng ulug‘ va oxirgi dini - islomga oxirgi o‘rin-e'tibor nasib qilgan. Tavrot, Injil, hind vedalari kabi mansux kitoblarning qadri esa ancha yuksakda, ularda bayon qilingan gaplar aksioma tariqasida taqdim etilgan. Va albatta, Ismoilshoh Fazoviy va uning "ta'limoti" bu kahkashonning qoq markazida turadi.

Yana aytamiz, har kimning ixtiyori o‘zida. Islomga e'tiqodlimi-yo‘qmi, bu muallifning shaxsiy ishi. Shuning uchun ham, boringki, o‘z "zamonaviy" diniy dunyoqarashini targ‘ib etish uchun islomdan chetlanishiga ham chidash mumkindir, ammo qanaqa dinni targ‘ib etmasin, loaqal yaratgan zot - birubor Ollohni uning jaloliyatiga yarasha ulug‘lashimiz, Tangri taoloni o‘zimizning tor tasavvurimiz ramkasiga solib taqdim etmasligimiz shart. Muallif, loaqal, shu gapga qo‘shilar?

Unda, olamning ilk bor yaratilishi haqida A.Abdurahmonov taqdim qilgan mana bu "loyiha" bilan tanishib ko‘raylik: "Dastlab U O'zi uchun birgina olamni yaratdi. So‘ngra bu olamini yanada kengaytirib, bepoyon bo‘shliqqa yoyishni ixtiyor etdi va shu maqsadda undan bir parchani uzib olib, cheksiz bo‘shliq sari ota boshladi...  Bo‘shliqda o‘zini to‘xtata olmay harakatlanayotgan bu parchalar Alloh taoloning zavqini keltirdi. Bu olam parchalarining Samodagi sayrini yanada mukammal va go‘zal qilishni o‘yladi va ularning harakatini boshqarishni rejalashtirdi. Alloh O'z xayolidan O'zi zavqlanib, O'zi yaratayotgan olamlarni aylantirishni o‘yladi va shunday qildi ham. Alloh taolo bu ish bilan ko‘p shug‘ullandi va butun olamning yarmidan ko‘prog‘ini cheksiz bo‘shliq sari otib, undan yana ko‘p olamlar paydo qildi. Olamlarning harakatini boshqarish ham uni zavqlantirdi... bu olamlarning sukunatda yolg‘iz bo‘lishi Allohga yoqmadi. U endi biror jonli mavjudot yaratishni xayol qildi. Bir necha shaklda turli narsalar yaratdi. O'ziga yoqmadi, ularni buzib otdi..." (183-184). Azizlar, bu tasvir Sizga Parvardigorning emas, kechasi loy xandakka tushib ketib, alamidan undagi loyni har yoqqa otayotgan biron badmastning qilig‘ini eslatmayaptimi? Yoki mana bu "bashorat"ni ko‘ring: "Shundan so‘ng Tangri subhonahu va taolo uzoq o‘yga toldi, zerikdi. U yana nimalarnidir qilishni o‘yladi"... (213) Yo tavba!

Shunday o‘rinlarni o‘qiganda, kitobni nashrga tavsiya etgan to‘rt muhtaram professor: so‘zboshi muallifi - materializm va ateizm bo‘yicha fan doktori Anvar Abdusamedov, mas'ul muharrir: adabiyotshunos Hamidjon Homidiy, taqrizchilar - tarixchi Fayzulla Ishoqov bilan dorigar Qahhor Hojimatovlar asar qo‘lyozmasini chindan ham o‘qib chiqishganmi-yo‘qmi - so‘raging, o‘zi bu olimlarning islomiyat va teologiya borasida tajribalari, vakolatlari qanchalik ekan - bilging keladi...

"Ruh sirlari"ning islomiy nuqtai nazardan busbutun xato va zararli ekanini batafsil isbotlash uchun yuzlarcha sahifali "taqriz" yozish lozim. Chunki uning har bir bobi, har bir sahifasi ana shu ruhda, ana shu mazmunda. Ammo biz hozircha shu qaydlar bilan cheklanamiz. Zikr etilganlarining o‘zi bu kitob, uning maqsad-muddaosi, yo‘nalishi va saviyasi haqida bir qadar tushuncha bergan bo‘lsa kerak, deb umid qilamiz.

Ehtimol, kimdir diniy bag‘rikenglik tamoyilini eslatib, bizga ta'na qilar. Ori rost, u yaxshi narsa (aslida, islom eng bag‘rikeng din, u boshqa barcha dinlardan farqli o‘laroq, Ollohning barcha payg‘ambarlarini tan olishga buyuradi, ularni e'tirof etmagan kimsa imonidan ayriladi). Ammo bu Ollohning zoti va sifati to‘g‘risida, dinimiz va insonning ruhi haqida har kim istagan safsatasini tiqishtirishiga yo‘l katta ochiq, degani emas-da.

Har bir kitob, o‘z yo‘lida - insoniyatning qorong‘i yo‘llarini yorituvchi bir mash'ala. U bani basharga bu foniy dunyoning sir-sinoatlarini, o‘zining kimligini, yashashdan maqsad-muddaosini anglashga, pirovard-natijada Yaratgan zotni tanishga yordam beradi. Ammo bu gap "Ruh sirlari" singari kitoblarga taalluqli emas. Bu kitoblar - baayni zulmat sochuvchi mash'ala, ular xurofotu jaholat taratib, odamni zalolatga, imonni zavolga yetaklaydi.

Hozir eng samarali hujum - mafkura singdirish bo‘lib qoldi. Birovlar bizni o‘zidan ko‘ra nodonroq sanab, kitoblarini o‘qitadi, voizu muallimlarini, da'vatchiyu missionerlarini yuboradi. Ta'lim bermoq bo‘lib, ta'limotini tiqishtiradi. Oqibat, vaqtida oldini olmasangiz, ular chalgan nog‘oraga o‘ynashdan boshqa chora qolmaydi. Afsuski, ba'zi kimsalar "noan'anaviy bilimlar" bo‘yicha o‘zini alohida qobiliyatli, bilarmon sanab, mistikaga oid har turli asarlarni o‘qib, o‘zi ham shu kabi uydirmalarni to‘qiydigan, boshqalarni unga ishontirishga urinadigan bo‘lib qolyapti.

Matbuotdan o‘qidik, bir o‘zbek yigit bor emish, bu sohibkaromat, nazarkarda inson bir necha yil avval koinot qa'ridan Yer tomon kelayotgan ulkan asteroidni duo o‘qib qaytarib yuborgan emish. Xullas, shu yigitning turgan-bitgani - insoniyat baxti emish. Negaki, u bo‘lmasa, allaqachon yer yuzida oxirat ro‘y bergan bo‘lakan. Qarang-a, qiyomat kunini orqaga suripti!

Yana bir gazeta Ernest Muldashev degan oftalmolog professorning "kashfiyotlari"ni yoritishga ishqivoz. Bu odam kasallarni davolash o‘rniga "sirli hodisa"larni o‘zicha talqin qilish bilan ovora. Uning aytishicha, Pasxa orolidagi tosh haykallar... "o‘ziga xos o‘lim farishtalari" bo‘lgan emish, o‘lim ular orqali yer yuziga yoyilganmish. "Yerda o‘n metrli ulkan odamlar yashagan Limuriya davrida shunday bo‘lgan, - deganmish E.Muldashev. - Biroq bu odamlar ham o‘zlariga berilgan g‘oyat katta imkoniyatlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanishdan tiyilishmagan. Oqibatda, ofat ro‘y berib, Lemuriyaning bir qismi suvga g‘arq bo‘lgan... Shundan so‘ng, 4 000 000 yil burun, tangrilar yerdagi hayotga o‘limni yo‘llashib, odamlar o‘z tana a'zolarini yangilab, umrlarini uzaytirish imkonidan mahrum etilgan hamda yaratganning so‘rovidan o‘tib tozargach, yangi tanada qayta tug‘ilishgan...".

Tavba, - deysan, - bu bilimdonlarning tani-joni sog‘mikin o‘zi? 4 million yil avval Yerda o‘lim bo‘lmagan, degani nimasi? Axir, yaqindagina Chad mamlakatida bundan 6 million yil avval o‘lgan odamning bosh chanog‘i topildi-ku? Bu birinchidan. Ikkinchidan, bilamizki, insonning yashashi ham, o‘limi ham (biologik nuqtai nazardan) boshqa jonivorlarniki bilan bir xil. Shunday ekan, boyagi cho‘pchakka ishonsak, boshqa maxluqotlar ham mangu yashagan bo‘lishi lozim bo‘ladi... Ko‘ryapsizmi, qanchalar mantiqsizlik! Go‘yo, yaqin-yaqinlargacha - 4 million yil narigacha hech bir odam, hayvon yo kapalak sira o‘lmay, million-million yil yashayvergan emish. Unda, tug‘ilish qayoqdan bo‘lgan? Tug‘ilish bilan o‘lim - egizak hodisa-ku? "Yaratganning so‘rovidan o‘tib tozargach, yangi tanada qayta tug‘ilish" degani tanosux, "Tangrilar" kalimasi esa shirkning o‘zginasi bo‘ladi!

Bu gap kimgadir vahima ko‘tarish bo‘lib tuyilishi mumkin. Ammo xuddi shunaqa beparvo, "kengbag‘ir" shaxslar tufayli bir kun kelib o‘zligimizni - milliy asliyatimiz va diniy e'tiqodimizni boy berib qo‘yishimiz turgan gap. Uyog‘ini so‘rasangiz, hozir O'zbekistonda, Toshkentning o‘zida turli "sekta"larga mansub o‘zbeklar paydo bo‘ldi, ular birubor tangriyu islom diniyu bir chetga qo‘yib, yangi ma'budlar qidirish bilan ovora, o‘zini haq deb biladi, "Ruh sirlari"da rosa reklama qilingan hindistonlik Sai Bobo kabi "karomatpesha"lardan madad tilash bilan umr o‘tkazishadi...  

Muallif A.Abdurahmonov esa ustozi Ismoilshoh Fazoviyga o‘xshab o‘z kitobini maqtash bilan ovora. Hatto ko‘chirmachilik qilib bo‘lsa ham, "asar" oxirida she'r keltiribdi:

"Kim neni izlasa undan, topgusidir begumon,
Hikmat izlaganga hikmatdir bu kitob."

Biz ham, muallif orzu qilganidek, hikmat izlab mutolaa qilgan edik. Taassufki, "Ruh sirlari" hikmat emas, illatdan iborat bo‘lib chiqdi.

...Pirovardida bir rivoyat. Muso alayhissalom Olloh-taolo bilan so‘zlashuv chog‘ida "Yo Rabbim, sen ham biron-bir payt uxlab, dam olasanmi?" deb so‘rabdi. Shunda Olloh: "Ey Muso, sen falon joyga borgin-da, qo‘lingga suv to‘la ko‘zani olib, kunu tun uxlamay o‘tir, shunda savolingga javob topasan", debdi. Muso suv to‘la ko‘zani qo‘lida tutganicha ikki kecha-kunduz uxlamay o‘tiribdi. Ammo uchinchi tun g‘aflat bosib ko‘zi ilinibdi, ko‘za yerga tushib sinibdi, suv yerga to‘kilibdi. "Ko‘rgil, bir odam uxlab qolgan edi, ko‘za qo‘lidan yerga tushib sindi, suv yerga to‘kildi. Endi ko‘zani butlab, suvni qaytarishning iloji bormi? Yo‘q, albatta. Ana endi o‘zing ayt, men uxlasam, ilgimdagi bu yeru osmonlar vayron bo‘lib ketmaydimi?" debdi Olloh.

Bu rivoyatda Tangrining hayyu yaqzonlik (tirik va uyg‘oq) sifatlarini dalillanadi. Ammo bilamizki, aksar uluhiy rivoyatlarning ma'rifiy ma'nosi ham bo‘ladi. Chunonchi, mazkur naql har bir odamni bedoru hushyor bo‘lishga, jumladan, mafkura sohasida boshlagan ezgu ishlarni tashlab qo‘yib, mudramaslikka chorlaydi, aks holda qay bir g‘aflat onida jami sa'y-harakat, jiddu jahd yelga ketishi mumkin...

Zuhriddin Isomiddinov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.