OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G’arb tamadduni: inqiroz alomatlari

... jinsiy inqilobning ommalashuviga xizmat qilgan, "erkin qizlar" hayotini o‘ta jozibali tarzda ko‘rsatgan ommaviy madaniyat ta'sirida ayollarda jamoatchilik nazaridan qolish, Yaratganning nafratiga uchrash, obro‘-e'tibordan judo bo‘lish, gunohdan qo‘rqish hissi so‘na boshlaydi. Ayolning eri va bolalari bo‘lishi tabiiy hayotiy ehtiyoj ekani haqidagi tasavvurlar ustidan kulib kelindi. Bugungi kunda jamiyatimizda ayolni onalik vazifasidan butkul mahrum etishga intilayotgan kuchlar paydo bo‘ldi...

Kitob "supermarketi"

O'tgan yilning iyun oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining bir guruh tinglovchilari bilan Rossiyaning Saratov shahrida joylashgan P.Stolipin nomidagi Povolje Davlat xizmati akademiyasida safarda bo‘ldik.

Albatta, Ovrupodagi eng ulkan daryo - Volga sohilidagi past-baland tepaliklarda o‘rnashgan bu shahar qadimiy me'moriy yodgorliklari, ko‘plab ilmiy va o‘quv maskanlari, chunonchi, uchta akademiya, to‘qqizta oliy o‘quv yurti, bir qancha ilmiy tadqiqot muassasalari hamda daryobo‘yi hududlariga xos chiroyi bilan har qanday odamning e'tiborini tortadi.

Ammo meni boshqa narsa - shahardagi son-sanoqsiz va hamisha gavjum kitob do‘konlari hayratga soldi. Toshkentga qaytishdan bir kun oldin kechki payt, rasmiy uchrashuv va anjumanlardan bo‘shashim bilan, ana shunday do‘konlardan biriga yo‘l oldim. Ochig‘i, uni "do‘kon" deb atashga til bormaydi. Chunki ko‘z o‘ngimda to‘rt qavatli muhtasham imorat, o‘ziga xos kitob "supermarketi" namoyon bo‘ldi. Binoning har bir qavatida tartib bilan taxlab qo‘yilgan turli sohalarga oid ming-minglab kitoblarni ko‘rib, hayratim yanada oshdi. Bunda sigaret qutichasidek keladigan mo‘‘jazgina kitobdan tortib yigirma-o‘ttiz kilo tosh bosadigan, katta bichimda chop etilgan va muqovasi g‘oyat bejirim ishlangan xilma-xil buklet, albom, lug‘atlar, bolalar uchun mo‘ljallangan nashrlar ko‘zingizni qamashtiradi.

Chamalab ko‘rsam, barcha bo‘limlardagi kitoblarni birma-bir ko‘zdan kechirishning uziga kamida ikki kun vaqt kerak bo‘lar ekan. "Supermarket"ning yopilishiga atigi bir soat qolgani sababli ijtimoiy-gumanitar sohaga oid kitoblar joylashtirilgan to‘rtinchi qavatga shoshildim va vaqtni tejash uchun kompyuterdagi ro‘yxatni ko‘zdan kechira boshladim. "Siyosiy falsafa" ruknida anchadan buyon izlab yurganim - Patrik Byukenenning "G'arbning halokati" asari chiqib qoldi. Xarid qilmoqchi bo‘lib sotuvchiga murojaat etsam, "Bu kitob allaqachon sotilib ketgan, atigi beshta nusxa olgan edik", deb javob berdi. Toshkentga qaytib kelgandan keyin bu asarni so‘rab-surishtira boshladim va nihoyat, internet orqali topib o‘qishga muvaffaq bo‘ldim.

Mazkur asarni qidirishimga sabab - meni anchadan buyon qiziqtirib kelayotgan bir masalaga oydinlik kiritish zarurati edi. Gap shundaki, o‘tgan asrning so‘nggi choragi va XXI asrning dastlabki yillarida G'arbdagi yetakchi davlatlar iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy, ilmiy texnologik taraqqiyot borasida ulkan yutuqlarni qo‘lgan kiritgan bo‘lsa-da, bu natijalarni shubha ostiga olayotgan, hatto g‘arbona tamaddunning madaniy va ma'naviy-axloqiy jihatdan yemirilib borayotganini asoslashga urinayotgan turli kontseptsiyalar paydo bo‘ldi. Sirasini aytganda, bunday yondashuvning ilk kurtaklari hayot falsafasi ta'limotining asoschilaridan biri, nemis faylasufi Otto Shpenglerning "Ovruponing so‘nishi" (1922), Erix Frommning "Erkinlikdan qochish"(1941), "Xomxayollar qurshovida" (1962), "Umidlar inqilobi" (1968), Daniel Bellning "Mafkuraning yemirilishi" (1960) kabi asarlaridayoq namoyon bo‘la boshlagan edi. Shunisi e'tiborliki, rivojlangan G'arb mamlakatlari taraqqiyotning yangi - postindustrial bosqichiga ko‘tarilishi bilan bunday intilishlar so‘nish o‘rniga yanada avj oldi. Bu davrda taniqli ingliz olimi Arnold Toynbining "Tamaddun - tarix hukmi oldida", Fridrix Xayekning "Qullik sari yo‘l" (1989), Frensis Fukuyamaning "Tarix intihosi" (1985), "Tarix intihosi va so‘nggi odam" (2004), Jak Barzumning "Yorug‘likdan zulmat sari: G'arb madaniy hayotining 500 yillik tarixi" (2000) va boshqa ko‘plab asarlar birin-ketin chop etildi. Ular orasida Richard Nikson va Ronald Reyganning sobiq yordamchisi, amerikalik taniqli faylasuf, jurnalist va siyosiy sharhlovchi Patrik Byukenenning "G'arbning halokati" (2002) asari alohida o‘rin tutadi. Mazkur asar mavzu doirasining kengligi va xulosalarining keskinligiga ko‘ra amerikalik siyosatshunos Samuel Xantingtonning G'arb mamlakatlarida jiddiy shov-shuvga sabab bo‘lgan "Tamaddunlar to‘qnashuvi" (1994) asaridan aslo qolishmaydi. Biroq Xantington global inqiroz omillarini tamaddunlar o‘rtasidagi ziddiyatlarning keskinlashuvi va ularning to‘qnashuvi bilan izohlagan bo‘lsa, Byukenen G'arbning halokatga yuz tutish mumkinligi haqidagi xulosasini boshqa omillar bilan bog‘laydi.

Xo‘sh, qanday dalillarga tayanib, u bunday xulosaga keladi?

G'arb jamiyatini yemirayotgan muammolar

 

 

Patrik Jozef Byukenen -amerikalik taniqli faylasuf, jurnalist va siyosiy sharhpovchi. 1938 yilning 2 noyabrida Vashington shahrida tug‘ilgan. Katolik maktabini tugatgach, Jorjtaun universitetida tahsil olgan. 1961 yili mazkur universitetni ingliz tili va falsafa mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 1962 yili Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetining Oliy jurnalistika maktabini bitirgan.

Byukenen 1992 yili ilk bor Respublikachilar partiyasidan prezidentlik saylovida ishtirok etib, mag‘lubiyatga uchraydi. U 1966-74 yillari prezident Niksonning maslahatchisi, 1985-87 yillari esa prezident Reygan ma'muriyatida jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari lavozimida xizmat qilgan edi. 2000 yili Islohotlar partiyasi nomzodi sifatida prezidentlik saylovida yana bir bor omadini sinab ko‘radi. Ammo bu gal ham baxti chopmaydi.

Hozirgi vaqtda ByukenenMSNBS kanalida tahlilchi, "Amerika ishi" fondining raisi hamda "Amerika konservatori" jurnalida hammuharrir lavozimlarida xizmat qilib kelmoqda. U "Yangi ko‘pchilik: prezident Nikson ikki yo‘l o‘rtasida"(1973), "O'ng bo‘lib tug‘ilgan"(1988), "Buyuk xoinlik: Amerika suvereniteti va ijtimoiy adolat global iqtisodiyot tangrisiga qurbon etilgani haqida"(1998), "O'nglarning so‘llarga aylanishi"(2004) kabi kitoblar muallifi. Ayniqsa, Byukenenning "G'arbning halokati: aholining kamayishi va muhojirlikning kuchayishi mamlakatimiz va tamaddunimizga qanday taxdid solmoqda?"(2001) asari atrofidagi shov-shuv va jiddiy bahs-munozaralar hanuz davom etmoqda. Unda muallif mavjud statistik va sotsiologik ma'lumotlarga tayangan holda, mamlakatiga taxdid solayotgan xavf-xatarlar manbai va omillari hamda ular keltirib chiqarayotgan oqibatlar haqidagi fikr-mulohazalarini g‘oyat keskin tarzda bayon etgan.

Sirasini aytganda, Byukenenning ko‘pgina fikrlari o‘ta bahsli, hatto biryoqlama bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Deylik, kitobda G'arb olamining ilm-fan, texnologiya, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyot borasida erishgan ulkan yutuqlari bir og‘iz tilga olib o‘tilmagani o‘quvchida bir oz taajjub uygotishi tabiiy. Shu bois uning fikr-mulohazalari va xulosalariga tanqidiy yondashmoq joiz. Biroq demografik vaziyatning keskinlashuvi, kishilarning ongi va dunyoqarashidagi o‘zgarishlar, azaliy urf-odat va qadriyatlarning yemirilayotgani, g‘arb oilasining tanazzulga yuz tutayotgani, muhojirlikning tobora keskin tus olayotganini tasdiqlaydigan ma'lumotlar hech kimni befarq qoldirmasa kerak. Aksinchv, ularning barchasi oqilona fikrlaydigan har bir odamni o‘z mamlakati va millatining istiqboli, insonning bu hayotdagi o‘rni, qadr-qimmati haqida o‘ylashga, jamiyatda ro‘y berayotgan voqealarga loqayd bo‘lmaslikka, turli mamlakatlardagi ijtimoiy voqea-hodisalarni qiyosiy tahlil etishga undaydi. 

Asarda muallif, statistik va sotsiologik ma'lumotlar hamda ko‘plab taniqli olim-mutaxassislarning fikr-mulohazalariga tayangan holda, G'arb tamadduni asoslariga tahdid solayotgan quyida-gi xavf-xatarlarga e'tibor qaratadi.

Birinchisi - demografik omil, ya'ni G'arb mamlakatlarida tug‘ilish darajasining keskin pasayishi. Hozirgi vaqtda ilmiy-texnikaviy, texnologik va iqtisodiy taraqqiyot, siyosiy hayotni demokratlashtirish, aholining ijtimoiy muhofazasi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlash va boshqa muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha dunyodagi barcha tamaddunlarni ortda qoldirib ketgan G'arb tsivilizatsiyasi g‘alati "raqib" - zurriyot qoldirishdan voz kechayotgan aholiga ro‘baro‘ kelib qoldi. Boshqacha aytganda, G'arb tamadduni asrlar mobaynida uzluksiz inqiloblar, o‘zgarish va yangilanishlar jarayonida mislsiz yutuqlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, boshqa tsivilizatsiyalar saqlab qolgan, ko‘pchilik uchun ularning haqiqiy mazmuni bo‘lgan eng muhim hayotiy zarurat - o‘zidan munosib nasl qoldirish, shu tariqa o‘z avlodi, e'tiqodi, tamaddun va madaniyatining vorisiyligini ta'minlash imkonini boy bermoqda. G'arb kishisining demografik hayotida bunday keskin o‘zgarish yuz berishida g‘arbona turmush tarzi andozalari, ayniqsa, mohiyatan nasroniy qadriyatlarga zid bo‘lgan individualizm tamoyilining "xizmati" beqiyosdir. Bu hakda Byukenen quyidagilarni yozadi: "G'arb tom ma'noda "o‘lmoqda": deyarli barcha G'arb mamlakatlari aholisi aql bovar qilmas darajada kamayib bormoqda. O'n to‘rtinchi asrda Ovrupo aholisining uchdan bir qismini qirib yuborgan "Qora o‘lat" epidemiyasidan buyon biz hali bu qadar xatarli tahdidga duch kelmaganmiz. Bu ofat butun G'arb tamaddunini qirib yuborishi hech gap emas. Hozirgi vaqtda Ovrupo mamlakatlaridan o‘n yettitasida (Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Ytaliya, Latviya, Litva, Portugaliya, Rossiya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya) o‘lim ko‘rsatkichi tug‘ilishdan ko‘ra ancha yuqorilab ketgan, ya'ni bu davlatlarda belanchakdan ko‘ra tobutga ehtiyoj ko‘proq. Ta'bir joiz bo‘lsa, katoliklar, protestantlar, pravoslavlar - barcha-barchasi G'arb tamaddunini "ko‘mish marosim"ida ishtirok etmoqda".

Shunday qilib, AQSh va umuman, G'arb mamlakatlariga tahdid solayotgan eng jiddiy masala bu - demografik inqirozning tobora keskin tus olayotgani va talay ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarayotganidir. Masalan, aksariyat rivojlangan mamlakatlarda tug‘ilayotgan bolalar soni yildan-yilga kamayib, keksalar va qariyalar salmog‘i ortib borayotgani sababli hukumatlar soliklarni oshirish, nafaqaga chiqish muddatini uzaytirish, qariyalar uchun joriy etilgan imtiyozlarni bekor qilish hamda xorijdan ishchi kuchini jalb etishga majbur bo‘lmoqda. Keksalarning ijtimoiy himoyasini ta'minlash uchun ko‘p ishlab, kam maosh olishga to‘g‘ri kelmoqda; bu esa turli yoshdagi kishilar va ijtimo-iy guruhlar o‘rtasida keskinlikni vujudga keltirmoqda. Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidan kelgan muhojirlar sonining ko‘payishi esa etnik nizolarga sabab bo‘lmoqda. Lankashirdagi Oldem, Lids, Bernli va Bredford shaharlaridagi etnik nizolar, Parijda frantsuzlar va aljirliklar o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlar hamda hukumatga qarshi ommaviy noroziliklar, Germaniyada skinxedlarning turklar va muhojirlarga tajovuzlari va yana boshqa ko‘plab misollar yaqin kelajakda G'arb mamlakatlarini kutib turgan fojialardan darak beradi.

AQShda bu borada vujudga kelgan vaziyat haqida to‘xtalib, Byukenen bunday deb yozadi: "O'n millionlab amerikalik yosh ayollar bola tug‘ishni istamas ekan, demak, Amerika ommaviy muhojirlikni har jihatdan rag‘batlantirishga majbur bo‘ladi. Amerikaliklar o‘z tamadduni, madaniyati va davlatini saqlab qolmoqchi bo‘lsa, imkon darajasida ko‘proq bola tug‘ilishiga intilishi kerak. Bizningcha, bolalar va oilalarga g‘amxo‘rlik davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanishi darkor. Zero, biz uchun amerika millati va davlatini saqlab qolishdan muhimroq vazifa bo‘lishi mumkin emas". Uning nazarida, mamlakatda demografik vaziyatni o‘nglash, oilani mustahkamlashga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar majmui ishlab chiqilishi va amaliyotga tatbiq etilishi zarur. Xususan, bolali oilalarga davlat yordamini kuchaytirish, nafaqalar mikdorini keskin oshirish, ota-onaga qo‘shimcha haq to‘laydigan ish beruvchilarga soliq imtiyozlari yaratish, oilaviy tadbirkorlik va fermer xo‘jaliklaridan olinadigan soliq yukini kamaytirish, hatto ba'zi soliqlarni butkul bekor qilishni taklif etadi. Ammo olimning nazarida, bunday murakkab va keng qamrovli muammoni hal etish uchun "mustahkam e'tiqod" va "ko‘p bolali oila" tushunchalarining uzviy bog‘liqligi, qaysi din va millatga mansubligidan qat'i nazar, o‘z e'tiqodida mustahkam va sodiq xalq hamisha serfarzand bo‘lib kelganini yodda tutgan holda, avvalo, diniy qadriyatlarning tiklanishiga erishish zarur.

Ikkinchi xatar - G'arbning madaniy yaxlitligiga zarba berayotgan turli irq, e'tiqod va madaniyatga mansub kishilarning ommaviy muhojirligi. Bu hol keyingi yillarda deyarli barcha G'arb mamlakatlarida namoyon bo‘lmoqda. Masalan, 1969 yili Richard Nikson qasamyod qilgan kezlari Qo‘shma Shtatlarda tub aholiga mansub bo‘lmaganlar 9 million kishini tashkil etgan edi. Kichik Bush prezidentlik faoliyatining dastlabki davrida bunday kishilar soni 3,3 barobar ko‘payib, 30 millionga yetdi. Har yili mamlakatga rasman bir million, noqonuniy ravishda esa 500 ming kishi kirib keladi. Birgina Kaliforniya shtatidagi muhojirlarning soni (8,4 million kishi) butun boshli Janubiy Kaliforniya shtati aholisidan ko‘p ekani aniqlangan. Hozirgi vaqtda vujudga kelgan vaziyatni hatto 1890-1920 yillardagi ommaviy muhojirlik to‘lqini bilan ham qiyoslab bo‘lmaydi. Byukenenning ta'kidlashicha, dunyodagi biror bir millat bu qadar qisqa vaqt mobaynida ana shunday ulkan to‘lqinga duch kelmagan. Muallif muhojirlik mamlakatni halokat yoqasiga olib keladi va oxir-oqibat Amerika tarixi, qadriyatlari, tili, madaniyati, e'tiqodi, ajdodlariga ko‘ra bir-biridan tubdan farq qiladigan turli xalqlarning betartib uyushmasiga aylanib qoladi, deb hisoblaydi. Darhaqiqat, statistik ma'lumotlar Byukenenning bu xulosasini tasdiqlaydi. Jumladan, hozirgi vaqtda asli kelib chiqishi lotin-amerikalik va osiyolik fuqarolar mamlakat aholisining 15 foizini tashkil etsa, 2050 yilga borib bu ko‘rsatkich kamida 33 foizga yetishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu davrda AQShda uch etnik guruh: lotin amerikaliklar, afrikalik amerikaliklar va osiyolik amerikaliklar hukmronlik qiladi. Boshqacha aytganda, hamon polietnik va muhojirlar mamlakati bo‘lib qolayotgan Qo‘shma Shtatlarning taqdiri ko‘p jihatdan amerika jamiyatining negizida yotgan asosiy siyosiy tamoyil - shaxs va etnik-madaniy uyushmalar huquqlari masalasi kimning foydasiga hal etilishi, ularning qay biri ustuvorlik kasb etishiga bog‘liq.

Uchinchi xatar - davlatlarning parchalanishi va hokimiyatning milliy hukumatdan "dunyo hukumati" deb ataladigan jahon miqyosidagi hukmron kuchga bosqichma-bosqich topshirilishi. Byukenenning ta'kidlashicha, hozirgi vaqtda milliy davlatlarning o‘z o‘rnini "dunyo hukumati"ga bo‘shatib berishi masalasi Uolter Kronkayt, Stroub Telbott singari siyosiy arboblar, Federalistlarning jahon assotsiatsiyasi, hatto Birlashgan Millatlar Tashkilotida ham ochiq-oshkora muhokama etilmoqda. Globallashuv jarayonining asosiy sub'ekt va harakatlantiruvchi kuchlari manfaatlariga xizmat qiladigan bunday sa'y-harakatlardan ko‘zlangan maqsad - milliy manfaat va qadriyatlarga tayangan an'anaviy tafakkur tarziga zarba berib, butun dunyoda g‘arbona andozalarga asoslangan, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy hamda madaniy jihatdan yagona tamaddun hukmronligini o‘rnatishdan iborat. Bunday sa'y-harakatlarning xatarli jihati shundaki, uning boshqa tamaddunlar, xalqlar va davlatlar uchun qanday oqibatlarni keltirib chiqarishi, masalan, yaqindagina mustaqillikka erishgan mamlakatlarning milliy manfaatlari, an'ana va qadriyatlariga qay tarzda ta'sir etishi mumkinligi global hukmronlikka intilayotgan kuchlarni u qadar tashvishlantirmaydi. Bu hol nafaqat Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari, balki G'arb davlatlarining iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy va madaniy taraqqiyotiga ham halokatli ta'sir etishi, Byukenenning ta'biri bilan aytganda, "G'arb tamaddunini suyab turgan poydevorning nurab ketishi"ga sabab bo‘lishi mumkin.

To‘rtinchi xatar - nasroniy din va axloqqa zid bo‘lgan g‘oya va qarashlarning singdirilishi oqibatida azaliy qadriyat, urf-odat va an'analarning yemirilishi.

Ma'lumki, G'arb mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yuksak cho‘qqilariga ko‘tarilishida nasroniy qadriyat, urf-odat va an'analar, diniy axloqning ahamiyati beqiyos bo‘lgan. Aniqroq aytganda, nasroniylik G'arb tamaddunini vujudga keltirgan, uning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy tuzumining g‘oyaviy-mafkuraviy negizlari, milliy-etnik ongning ma'no-mazmunini belgilab bergan yetak-chi omil sifatida xizmat qilib kelgan. Ammo o‘tgan asrning so‘nggi choragi va XXI asrning boshlarida aksariyat rivojlangan mamlakatlar ijtimoiy, ma'naviy-madaniy hayotida yuz berayotgan salbiy o‘zgarishlar, chunonchi, azaliy nasroniy qadriyat va axloqqa zid qarashlar paydo bo‘layotgani hamda jamiyat hayotiga izchil joriy etilayotgani G'arbdagi ko‘plab mutaxassislarni tashvishlantirmoqda. Jumladan, tarixchi Jon Nelson Blek bunday deb yozadi: "Insoniyat tarixiy taraqqiyotining qaysi davriga nazar tashlamang, diniy e'tiqod har qanday buyuk davlatning poydevori sifatida xizmat qilib kelganiga guvoh bo‘lasiz. Hindiston, Xitoy, Yunoniston, Afrika yoxud Janubiy va Markaziy Amerika tamaddunlari bo‘ladimi - ularning barchasida bir xil jarayonni kuzatish mumkin: tamaddunlar din negizida vujudga kelgan va aksincha, qandaydir sabablar tufayli an'anaviy e'tiqodning jamiyat hayotiga ta'siri susaygan yoxud undan butunlay voz kechilgan hollarda millatlar, xalqlar va davlatlar tanazzulga yuz tutgan".

Binobarin, "G'arbning halokati"da ham ushbu masala chetlab o‘tilmagan, aksincha, u asarning o‘zagini tashkil etadi. Muallif nasroniy qadriyatlarning yemirilishiga sabab bo‘lgan asosiy omillar haqida fikr yuritib, o‘tgan asrning 60-yillarida sodir bo‘lgan madaniy inqilob, uning harakatlantiruvchi kuchlari va nazariyotchilari haqida batafsil to‘xtaladi.

Madaniy inqilob nazariyotchilari

1923 yili Marksning vengriyalik izdoshi Lukach va Germaniya kompartiyasining bir necha a'zolari Frankfurt universiteti qoshida andozasi Moskvadagi Marks-Engels institutidan aynan ko‘chirilgan bir ilmiy markazga asos soladi. Asoschilar rosa bosh qotirib, unga Ijtimoiy tadqiqotlar instituti, deb nom beradi. Oradan bir oz vaqt o‘tib, u Frankfurt maktabi deb ataladi va gumanitar ilm sohasida anchagina dovruq qozonadi. 1930 yili sobiq marksist va markiz de Sadning ashaddiy muxlisi Maks Xorkxaymer institut direktori etib tayinlanadi.

Taxminan o‘sha davrda musiqa tanqidchisi Teodor Adorno, ruhiyatshunos Erix Fromm va sotsiolog Vilgelm Rayx Frankfurt maktabiga kelib qo‘shiladi. Ammo 1933 yili Germaniyada hokimiyat tepasiga Gitlerning kelishi ularning faoliyatiga chek qo‘yadi. Frankfurt maktabi namoyandalariningaksariyati yahudiy millatiga mansub va marksist bo‘lgani sababli, Uchinchi reyxda ularga joy topilmaydi. Frankfurtliklar "mafkurasini jomadonga joylab", ummon ortiga qochishga majbur bo‘ladi. O'shanda Ovruponi tark etgan mashhur professorlar orasida yaqindagina universitetni bitirgan va hali ko‘pchilikka notanish bo‘lgan Gerbert Markuze ham bor edi. Qochqinlar Kolumbiya universitetining ko‘magi bilan Nyu-Yorkda joylashib oladi va bor aql-salohiyati hamda iste'dodini ularga boshpana bergan mamlakat madaniyati va ma'naviyatini yemirishga safarbar etadi. Shundan e'tiboran ular "yangi marksist"lar yoki "madaniy inqilobchi"lar deb atala boshlaydi.

Frankfurt maktabida yaratilgan yangi "qurol" - tanqidiy nazariya ana shu maqsadga xizmat qiladi. Nomi ancha jozibali ko‘ringani bilan, uning mohiyatida yashiringan faoliyat G'arb tamadduni asoslari - nasroniylik, kapitalizm, oila nufuzi, patriarxat, jamiyatning ierarxik tuzilishi, an'analar, jinsiy cheklovlar, sadoqat, vatanparvarlik, etnotsentrizm va konservatizmga tamoman zid edi. Mazkur nazariya namoyandalari G'arb jamiyatining irqchilik, shovinizm, millatchilik, gomofobiya, aksilsemitizm, natsizm va fashizm o‘chog‘i ekanini asoslashga intiladi hamda sodir etilgan barcha jinoyatlar uning nasroniylik makonida shakllangan tabiatidan kelib chiqadi, deb hisoblaydi. Vaqti-soati kelib, tanqidiy nazariyaning bevosita ta'sirida odamlar ko‘nglida shakllantirilgan "madaniy tushkunlik", begonalashuv, ishonchsizlik holati sababli, erkin va farovon hayot kechirish imkoniyatiga ega bo‘lishiga qaramay, ular o‘z mamlakati va jamiyatini muhabbat va sadoqatga noloyiq deb tasavvur qila boshlaydi. Bunday holatning paydo bo‘lishi Frankfurt maktabi nazariyotchilariga juda qo‘l keladi. Chunki ular uchun aynan "madaniy tushkunlik" inqilobiy o‘zgarishlarning debochasi hisoblanadi. Ammo, frankfurtchilar nazarida, ular rejalashtirgan inqilob, sinflar o‘rtasidagi antogonizmga tayangan proletar inqilobidan farqli o‘laroq, bevosita insonga qaratilgan edi. Bunday qarash jamiyatning iqtisodiy-siyosiy tuzilmalarini emas, birinchi galda, uning madaniyati va qadriyatlarini, inson ongini inqilobiy o‘zgartirishni nazardatutadi. Buning uchun hokimiyatni kuch bilan o‘zgartirishga urinishning hojati yo‘q. Negaki, yangi inqilobchilarning fikricha, davlat - har qanday siyosiy tizimning "tashqi qobig‘"i, xolos. Shunday ekan, kishilarning qalbi va ongiga bevosita ta'sir etadigan madaniy va ijtimoiy institutlar (ommaviy axborot vositalari, o‘quv va ta'lim maskanlari, san'at va adabiyot kabi sohalar) egallansa bas - "tashqi qobiq" yemirilib, siyosiy tizim o‘z-o‘zidan parchalanib ketadi.

E'tiborli jihati shundaki, yangi inqilobchilar kapitalizmning iqtisodiy va siyosiy tizimini tanqid qilishdan hamisha o‘zini tiyib kelgan. Ular G'arb madaniyatining negizini tashkil etgan nasroniy qadriyatlarni ijtimoiy taraqqiyotning asosiy dushmani deb e'lon qiladi.

Madaniy inqilobchilarning uqtirishicha, o‘quv yurtlarida yahudiy va nasroniy ta'limotiga oid qarashlarni targ‘ib etish qat'iy man etilishi kerak. Aksincha, bolalar ongiga turmush tarzining turli ko‘rinish va shakllariga loqaydlik, barcha madaniyatlarga (bu o‘rinda asosan jinsiy buzuqlik nazarda tutilmoqda muallif) nisbatan xayrixoh tuyg‘usi singdirilishi, jamiyatda "reproduktiv erkinlik", shuningdek, irqiy, diniy va etnik asosda tahqirlanishga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Aslida esa madaniy inqilobchilar e'tiqod va dinlarning taqdiri haqida qayg‘urayotgani yo‘q; ularning asosiy maqsadi - butun dunyoda yangi axloq hukmronligini o‘rnatishdan iborat. Ana shu maqsadga erishish uchun o‘quv yurtlaridan barcha muqaddas kitoblar, diniy timsol va suratlar uloqtirib tashlanishi, milliy urf-odat va bayramlar bekor qilinishi hamda barcha ta'lim maskanlari yangi axloq, e'tiqodni o‘rganish markazlariga aylantirilmog‘i darkor.

Bunday g‘oyalarning paydo bo‘lishi hamda ularni keng targ‘ib etishda G'arbdagi ayrim madaniyat va san'at arboblarining, masalan, 60-yillardagi eng mashhur "Bitlz" guruhi va "yangi avlod shoiri" maqomiga da'vogarlik qilgan uning yetakchisi Jon Lennonning ham "xizmati" beqiyos bo‘lgan.

Xo‘sh, "yangi avlod shoiri" qo‘shiqlarida qanday g‘oyalarni tarannum etgan edi? U kuylagan qo‘shiqlarining biriga nasroniylikdan keyingi davrda jannat va do‘zax, davlat va millat, din va e'tiqod, mulk va mulkchilik degan tushunchalar barham topadi, degan g‘oya singdirilgan. Biroq, ajablanarlisi shundaki, o‘zini "instinktiv sotsialist" deb hisoblagan va uzoq yillar mobaynida mulksizlik g‘oyasini targ‘ib etib kelgan "yangi avlod shoiri"ning vafotidan keyin 275 million dollar miqdorida sarmoyaga egalik qilgani, ya'ni o‘sha davrda dunyoning eng badavlat kishilaridan biri bo‘lgani ayon bo‘ladi. "Jon Lennon merosi" kitobining muallifi Devid Nobelning ta'kidlashicha, qo‘shiqchi nimaga intilayotgani va nimalarni ko‘zlayotganini juda yaxshi bilgan. Chunonchi, Lennon 60-yillardagi intervyularidan birida aytgan quyidagi gaplari bilan ko‘pchilikni lol qoldirgan edi: "Nasroniylik o‘limga mahkumdir. Uning asta-sekin so‘nib, yemirilib ketishiga zarracha shubha yo‘q. Bu shunchalik ayon haqiqatki, mazkur masala yuzasidan qandaydir bahs-munozaraga mutlaqo o‘rin yo‘q. Men haqligimni yaxshi bilaman va ishonchim komilki, boshqalar ham tez orada bunga amin bo‘ladi. Bugungi kunda shuhrat bobida hatto Parvardigor ham biz bilan tenglasha olmaydi". G'arb olami ko‘p narsaga guvoh bo‘lgan, lekin bu qadar shakkoklikka hali duch kelmagan edi.

Madaniy yemirilishning tarixiy ildizlari

Ma'lumki, har qanday millatning kelajagi bo‘lmish yosh avlodning dunyoqarashi dastlab oilada, bolalar bog‘chasi va maktabda shakllanadi. Chunki aynan shu dargohlarda nimaga e'tiqod qilish, nimalarni qadrlash va qanday yashash kerakligi haqidagi ilk tushuncha va qarashlar bolalar ongiga singdiriladi.

Biroq hozirgi vaqtda nasroniylik, azaliy qadriyat va an'analar ta'lim maskanlaridan quvg‘in etilayotganini ta'kidlab, Byukenen madaniy inqilobchilarning 1973 yili nashr qilingan va keng targ‘ib etilayotgan g‘oyaviy-mafkuraviy manbalaridan biri - "Gumanitar manifest"dan olingan ayrim iqtiboslarni kitobxon e'tiboriga havola etadi. Mana ulardan ayrimlari: "Ibodat qilayotgan odamning Yaratganga e'tiqodi - isbotlab bo‘lmaydigan eskilik sarqitidir... An'anaviy axloq bugungi kun talablariga javob bermay qoldi... O'limdan keyin jannatga tushish yoxud jahannam azoblariga duchor bo‘lish haqidagi aqida nafaqat mavhum, balki inson ruhiyati uchun o‘ta xatarlidir..." va hokazo. Byukenenning fikricha, bunday qarashlarni targ‘ib etayotgan, nasroniylikni hatto maktab bo‘sag‘asiga ham yo‘latmayotgan madaniy inqilobchilarning sa'y-harakati bilan yosh avlod qalbi va ongiga g‘ayrinasroniy g‘oyalar singdirilmoqda. Albatta, muallifning bu fikrlariga e'tiroz bildirish yoxud ularni inkor etish qiyin. Ammo masalaga jiddiy va xolisona yondashilsa, nasroniy qadriyatlarga zid qarash va ta'limotlar kuni kecha paydo bo‘lgani yo‘q, ular bir necha asrlar mobaynida shakllanib kelgani xamda Uyg‘onish. Islohotchilik va Ma'rifatparvarlik davrlarida ilgari surilgan g‘oyalar bilan uzviy bog‘liq ekanini e'tirof etishga to‘g‘ri keladi.

Darhaqiqat, ushbu madaniy inqilobiy davrlardan har biri antik va nasroniy merosning tanqidiy o‘zlashtirilishi hamda sintezi negizida shakllangan va rivojlangan. Masalan, mohiyatan diniy sxolastikaga zid bo‘lgan Renessans davrida vujudga kelgan panteistik dunyoqarash zamirida olam, inson va koinotga nisbatan yangicha qarash va yondashuvlar ilgari suriladi. Bu davrda insonning mohiyatini o‘ziga xos tarzda talqin etib, uning Yaratgan va borliqqa munosabati tubdan o‘zgarishiga asos bo‘lgan yangi gumanistik ideal yaratiladi. Aynan shu davrda yangicha dunyoqarashning bosh tamoyili - teotsentrizmdan antropotsentrizm sari borish harakati, tendentsiyasi yaqqol namoyon bo‘la boshlaydi. Bu - nasroniy din asoslariga berilgan dastlabki qaqshatqich zarba edi.

Islohotchilik davrida insonning e'tiqodi, Yaratganga munosabati uning o‘zigagina tegishli shaxsiy masalaga aylanadi va aynan shuning negizida individualizm asoslari shakllanib, g‘arb kishisining faolligi va erkinligi uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Endilikda ko‘plab odamlar hayotning ma'no-mazmunini e'tiqod bilangina bog‘lamaydi, ular boshqa hayotiy maqsad, ehtiyoj va manfaatlar ham bo‘lishi mumkinligini anglab yetadi. Asta-sekin ijtimoiy hayotda insonning e'tiqodi emas, dunyoviy jamiyatda u erishgan yutuqlar, "yolg‘on" dunyodagi amallar ustuvor ahamiyat kasb eta boshlaydi. Ya'ni, hozirgidek fikrlash, idrok va his etish uchun g‘arb kishisining ongi, dunyoqarashi, fikrlash tarzi va xatti-harakatlarida inqilobiy o‘zgarishlar ro‘y berishi zarur edi. Islohotchilik davri g‘arb jamiyati va g‘arb kishisini ana shunday o‘zgarishlar sari yetakladi. Bir necha asrlar mobaynida bu yo‘l Yaratganga yaqinlashishga emas, aksincha, undan yanada uzoqlashishga xizmat qildi. Bu din asoslariga berilgan ikkinchi kuchli zarba edi.

Ilm-fan va ratsionalizm g‘oyalariga yo‘g‘rilgan Ma'rifatparvarlik davriga kelib, bu jarayon mantiqiy yakuniga yetadi. Bu davrda yashab ijod qilgan ayrim mutafakkirlar diniy e'tiqoddan mahrum bo‘lgan, faqat dahriy kishilardan tashkil topgan jamiyatlar barpo etish mumkinligi to‘g‘risidagi qarashlarni ilgari suradi. Masalan, Ma'rifatparvarlik davrining g‘oyaviy asoschilaridan biri P.Beyl fikricha, insonni e'tiqod emas, ilmgina yuksaltirishi mumkin. Volter, Monteske, Shopengauer, Nitsshe kabi buyuk faylasuflar asarlarida bundanda keskinroq fikrlarni istagancha topish mumkin. XX asrda esa insoniyat boshiga mislsiz kulfatlar keltirgan kommunizm hamda fashizm mafkurasi, siyosati va amaliyoti nasroniy qadriyatlarni tag-tomiri bilan sug‘urib tashlab, dahriylar jamiyatini barpo etishni ko‘zlagan va bu borada ancha-muncha "yutuq"larni ham qo‘lga kiritgan edi. Bu - din asoslarining zaiflashuvi va inqiroziga sabab bo‘lgan yana bir zarba bo‘ldi.

Shunday qilib, o‘tgan asr boshlaridan hozirgi vaqtgacha tabiiy va gumanitar fanlar sohasida erishilgan ulkan yutuqlar dinning mavqei pasayishi, e'tiqodning susayishiga jiddiy ta'sir qilganini inkor etmagan holda, diniy qadriyatlar yemirilishining asl ildizlari barcha tamaddunlar, ayniqsa, G'arb davlatlari va xalqlari tarixida g‘oyat muhim o‘rin tutgan, yuqorida zikr etilgan uch inqilobiy davrdan izlansa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

E'tiqodsiz axloq bo‘lishi mumkinmi?

Byukenenning ta'kidlashicha, g‘arb kishisi Lyutsifer (nasroniylikda shayton timsoli, jahannam hukmdori) yoki Adam singari qilmishining oqibatini o‘ylamay, Yaratganga shak keltirish, hatto Xudo bo‘lish mumkin, degan xulosaga kelgan ko‘rinadi. U nasroniylikni inkor etib, o‘zicha bunday mulohaza yuritadi: "Biologiya va tibbiyot sohasidagi yutuqlarga tayanib, inson hayotiga chek qo‘yish, uni uzaytirish, vujudga keltirish va klonlashtirish (ko‘paytirish) usullari yaratildi. Harbiy texnologiyalar yordamida urushda talafotsiz g‘alabaga erishish yo‘llari izlab topildi. Monetar moliyaviy siyosat tufayli iqtisodiy inqirozlarning oldini olish imkoni tug‘ildi. Bundan buyon erkin bozor va savdo-sotiqqa tayangan global iqtisodiyot sayyoramizda istiqomat qilayotgan barcha kishilarning farovonligini ta'minlaydi. Global demokratiya umumiy tinchlikning qaror topishiga xizmat qiladi, milliy hukumatlar o‘rniga umumdunyoviy hukumat paydo bo‘ladi. Yaratgan bizni parvoz qilishga o‘rgatdi, ammo bundan buyon uning xizmatiga ehtiyoj qolmadi. Yo‘lning qolgan qismini o‘zimiz bosib o‘tamiz..."

Boshqacha aytganda, nasroniy qadriyatlardan voz kechgan G'arb tamadduni tubsiz jarlik yoqasiga borib qoldi. Asrlar mobaynida uning taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan "axloqiy qiblanamo" kema ortiga uloqtirib yuborildi. Endilikda u, bamisoli yo‘lini yo‘qotgan yo‘lovchi singari to‘g‘ri kelgan tomonga qarab harakatlanmoqda. Bu hol e'tiqoddan voz kechish, Yaratgandan yuz o‘girishning oqibatidir. Bir vaqtlar Amerika "ota"lari ham bu yo‘l boshi berk qo‘chaga olib borishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Masalan, Vashington millatga qarata qilgan so‘nggi murojaatida bunday degan edi: "Dinsiz, e'tiqodsiz axloq bo‘ladi deb o‘ylash - xomxayollikdir. Boylik va farovonlik sari yetaklaydigan yo‘lda biz e'tiqod va axloqqagina tayanishimiz mumkin".

Amerika madaniy elitasi ajralishlar, abort va nasroniy qadriyatlarning yemirilishini erkinlik sari taraqqiyotning o‘ziga xos muhim bosqichlari sifatda talqin etayotganini ta'kidlab, Byukenen bunday deb yozadi: "Ma'naviyat va axloqning mohiyati xususida yakdillikka erisha olmas ekanmiz, u holda qanday qilib ma'naviyati yuksak jamiyatni barpo etishimiz mumkin? Nahotki yurtimiz takdiriga befarq bo‘lmagan kishilar madaniy inqilobchilarning butun sa'y-harakati odamlarni iymon-e'tiqodidan qaytarish, Yaratgandan yuz o‘girish va ularning ongiga "turmush tarzining barcha shakllari teng huquqlidir" qabilidagi g‘arazli g‘oya va qarashlarni singdirishga yo‘naltirilganini payqamayotgan bo‘lsa?!".

Oila instituti inqirozi

Asarda ta'kidlanishicha, o‘tgan asrning 60-yillarida G'arb mamlakatlarida sodir bo‘lgan madaniy inqilob er, xotin va bolalarni oilaviy vazifalar, burch va mas'uliyatdan ozod etib, oilaga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojni yo‘qqa chiqardi. Bu hol oilaning ijtimoiy institut sifatida yemirilishiga sabab bo‘ldi. Qolaversa, tug‘ishga qarshi preparatlar, xizmatingizga hamisha tayyor ginekologlar hamda mo‘‘jizaviy dori-darmonlar homiladan xalos bo‘lish, turli jinsiy kasalliklarni davolash masalasini zimmasiga olib, ayollar joniga ora kiradi. Binobarin, bunday vaziyatda nikohga o‘rin qolmaydi. Shunday qilib, jinsiy inqilobning ommalashuviga xizmat qilgan, "erkin qizlar" hayotini o‘ta jozibali tarzda ko‘rsatgan ommaviy madaniyat ta'sirida ayollarda jamoatchilik nazaridan qolish, Yaratganning nafratiga uchrash, obro‘-e'tibordan judo bo‘lish, gunohdan qo‘rqish hissi so‘na boshlaydi. Byukenenning yozishicha, "hukmronlikni qo‘lga olgan ommaviy madaniyat kechayu kunduz azaliy nasroniy qadriyatlarimizni kamsitib, hatto ayolning eri va bolalari bo‘lishi tabiiy hayotiy ehtiyoj ekani haqidagi tasavvurlar ustidan kulib keldi. Bugungi kunda jamiyatimizda ayolni onalik vazifasidan butkul mahrum etishga intilayotgan kuchlar paydo bo‘ldi... 1950 yili olti yoshli bolasi bor ayollarning 84 foizi uy-ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullangan va yana homilador bo‘lishga imkon topgan. Bugun esa, aksincha, bunday ayollar ofislarda to‘liq ish kuni tartibida ishlab, farzandli bo‘lishni hatto xayoliga ham keltirayotgani yo‘q".

Bunday vaziyatning vujudga kelishida o‘tgan asrning boshlarida aksariyat G'arb mamlakatlarida shakllangan va bugungi kunga kelib g‘oyat kuchli ijtimoiy harakatga aylangan feminizmning "xizmat"i katta bo‘lgan. Masalan, ashaddiy feminist ayollardan biri Sh.Kronin "Juish Uorld Revyu" jurnalining 2000 yil fevral sonida chop etilgan maqolasida oila-nikoh masalasi haqida to‘xtalib, bunday deb yozadi: "Nikoh bu - qullikning bir shaklidir. Shunday ekan, ayollar harakati ana shu institutga qarshi yo‘naltirilishi zarur. Negaki, nikoh barham topmagan jamiyatda ayollarning ozod etilishiga umid qilish xomxayoldir". Afsuski, bu g‘oyalar ta'sirida million-million amerikalik ayollar oila qurish va bola tug‘ishdan voz kechmoqda, barcha dinlarda qoralangan oilaning noan'anaviy shakllari paydo bo‘lmoqda.

Deylik, 1970 yildan hozirgi vaqtgacha nikohsiz yashayotganlar soni 523 mingdan 6,5 milliongacha, ya'ni 1000(!!!) foizga oshgani, faqat to‘rt xonadondan bittasida to‘liq oila istiqomat qilayotgani, bir jinsga oid "nikoh"lar ko‘payib borayotgani, yakka o‘zi yashayotgan amerikaliklar mamlakat aholisining 26 foizini tashkil etayotgani fikrimizni tasdiqlaydi.

Xullas, oila-nikoh munosabatlarining inqirozi g‘arbona turmush tarzining azaliy nasroniy qadriyatlari sanalgan fidoyilik, mehribonlik, sadoqat, iymon-e'tiqod kabi fazilatlarning faqat shaxs manfaatlarining qondirilishiga qaratilgan individualistik qarashlar tomonidan siqib chiqarilgani bilan izohlanadi. Bir so‘z bilan aytganda, G'arbning takdiri bugun ko‘p jihatdan ayollarga bog‘liq bo‘lib qoldi...

Unutilayotgan tarix

Ma'lumki, xalqni o‘tmishidan mahrum etish uchun uning qanday paydo bo‘lgani va kimlarning avlodi ekani haqidagi bilimlarni xotirasidan "o‘chirish" kerak, xolos.

Bugun Amerika tarixini o‘rganish bilan shug‘ulanayotgan ko‘pgina tashkilotlar Oruellning "1984" asaridagi Haqiqat vazirligi singari ish tutadi: mamlakat o‘tmishiga oid voqea-hodisalarni soxtalashtirib, uning jinoyat va gunohlarini isbotlaydigan yangi tarixni to‘qib chiqarishga, amerikaliklar sevadigan va qadrlaydigan narsalarga nafrat uyg‘otishga intiladi. Bu sa'y-harakatlar kishilar qalbida vatanparvarlik, vatanga muhabbat tuyg‘ularini so‘ndirish, xalqni ma'naviyati va e'tiqodidan mahrum etish, qisqacha aytganda, amerikaliklarni o‘zligidan, asl tarixidan judo qilishni ko‘zda tutadi.

Kitob muallifining qayd etishicha, bolaning onaga nisbatan muhabbati tabiiy ravishda paydo bo‘lsa, vatanga va yurtga muhabbat uning ongiga singdirilmog‘i, o‘rgatilmog‘i darkor. Chunki bola aynan o‘qish, o‘rganish jarayonidagina tug‘ilib o‘sgan mamlakati haqida muayyan tasavvurga ega bo‘ladi. Amerikaning umumta'lim maktablari zarurat tug‘ilganda mamlakatni himoya qilishga qodir bo‘lgan fuqaro va vatanparvarlarni tarbiyalamog‘i, bolalar qalbiga Amerikaga nisbatan muhabbat tuyg‘usini jo etmog‘i zarur. Buyuk zotlarning tarjimai holi, tarixiy va badiiy asarlarni o‘qib, qo‘shiqlarni tinglab, mamlakatining tarixi aks ettirilgan san'at asarlarini tomosha qilish jarayonida yosh avlod qalbida vatanga muhabbat tuyg‘usi yuksalib boradi. Bu tuyg‘u qanchalik kuchli bo‘lsa, uning uchun jon fido qilish, butun xalqni, o‘z oilasini himoya qilgandek, asrab-avaylash hissi shunchalik zo‘r bo‘ladi, deb uqtiradi Byukenen.

Darhaqiqat, yaqin-yaqinlargacha har bir amerikalik o‘quvchi Magellan, Vasko da Gama, Kortes, Genri Gudzon kabi sayyohlar nomini besh qo‘ldek bilgan. Katolik maktablarida bolalarga frantsuz va ispan sayyohlari, avliyo Isaak Jokey, Jon Smit, Jeymstaun, Plimutrok va Amerikaning "ota"lari - asoschilari to‘g‘risida so‘zlab berishgan.

Biroq hozirgi vaqtda Amerika bolalari ana shu buyuk meros va tarixni o‘rganishdan mahrum etilmoqda. Natijada, Artur Shlezinger "Amerikaning tarqoqligi" asarida e'tirof etganidek, "Xalqni yo‘q qilish yo‘lida dastlabki qadam qo‘yildi - uni xotirasidan judo etish boshlandi. Keyingi bosqichda uning kitoblari, madaniyati va tarixi yo‘q qilinadi. So‘ngra kimdandir yangi kitoblarni yozishni, yangi madaniyat va tarixni o‘ylab topishni iltimos qilsangiz bas, xalq asta-sekin o‘zligini ham, qanday paydo bo‘lganini ham, kimlarning avlodi ekanini ham unutadi-qo‘yadi". Bugun an'anaviy Amerika bilan madaniy inqilob o‘rtasida borayotgan muxorabaning mazmun-mohiyati ana shu masalaga borib taqaladi.

"Vatanparvar" tazyiq ostida

Bundan bir necha yil ilgari suratga olingan va ko‘plab mamlakatlarda namoyish etilgan "Vatanparvar" filmida taniqli aktyor Mel Gibson inqilobda ishtirok etishdan bosh tortgan, frantsuz va hindular urushi qahramoni, yetti bolaning otasi Benjamen Martin timsolini zo‘r mahorat bilan yaratgan. Asarning dastlabki sahnalaridan birida battol ingliz zobiti Martinning ko‘z o‘ngida o‘spirin o‘g‘lini o‘ldiradi; bosh farzandini hibsga olib, uni qatl etish uchun olib ketganda, ota yana qo‘liga qurol olishga majbur bo‘ladi. Mazkur filmda tasvirlangan voqea-hodisalar Janubiy Karolinada ro‘y beradi, Martin timsoli orqali esa "Botqoq tulkisi" deya nom olgan Frensis Merion va o‘sha davrda dong‘i ketgan partizanlardan biri Deniel Morganning kechmishlari tasvirlangan. O'sha vaqtda o‘ta shafqatsizligi bilan tanilgan polkovnik Banastr Tarlton esa filmda qahri qattiq ingliz zobitining prototipi sifatida talqin etilgan.

Ushbu filmda esda qoladigan ikki holat madaniy tanqidchilarni g‘oyat junbushga keltiradi. Birinchisida o‘g‘lining o‘ldirilishini nochor holatda kuzatib turishga majbur bo‘lgan Martin, dushmanlar qishloqni tark etishi bilan, o‘n uch va o‘n yoshli bolalariga mushketlarni olib, ortidan yurishni buyuradi. Ular o‘g‘lini olib ketayotgan ingliz askarlarini pistirmadan turib, otib o‘ldiradi, yaralangan so‘nggi harbiyni esa Martin tomogavk (hindularning boltaga o‘xshash quroli - muallif) bilan chavaqlab tashlaydi. Shunday qilib, Martin o‘ldirilgan bir farzandi uchun qasd oladi, ikkinchisini esa muqarrar o‘limdan saqlab qoladi. Ikkinchi holatda esa qasd olganidan huzurlanish navbati ingliz zobitiga keladi. Uning buyrug‘i bilan Martinning o‘nlab qishloqdoshlari cherkovga qamalib, binoga o‘t qo‘yiladi.

Filmni ko‘rgan amerikalik ayrim tanqidchilarning fig‘oni falakka ko‘tariladi. "Bu filmning tariximizga zarracha daxli yo‘q. U quruq reklama, - deb yozadi "Boston Garald" gazetasi muxbiri Jeyms Verner.

Kinorejissyor Spayk Li ham kinozaldan darg‘azab bo‘lib chiqadi. Uning "Hollivud reporter"ga yozgan maktubi Amerika madaniy elitasining kayfiyati va qiyofasini yaqqol namoyon etadi. "Men, millionlab amerikaliklar singari, - deb yozadi u, - "Vatanparvar"ni ko‘rganimdan keyin g‘azabimni jilovlay olmadim. Axir, bu ochiqdan-ochiq targ‘ibot, tarixni butkul buzib ko‘rsatish, soxtalashtirishdan boshqa narsa emas-ku! Masalan, uch soat davom etadigan filmda qullikni aks ettiradigan birorta gap-so‘z yoki sahnani uchratmaysiz. Vaholanki, mamlakatimiz amerika qit'asining tub aholisi va afrikalik amerikaliklarga zulm o‘tkazish, ularni tobe etish orqali rivojlanib kelgan. Buni inkor etish qonunni buzish bilan barobardir". U Martinni quldor etib ko‘rsatmagani, inqilobiy jarayonlarda ishtirok etayotgan hindular tasvirlangan sahnalarni asarga kiritmagani uchun film stsenaristi Robert Rodartni ayblaydi. Filmdagi so‘nggi lavha - Martinning o‘ttiz yuzduzchali amerika bayrog‘ini dast ko‘tarib, ingliz askarlariga tashlanayotgani aks ettirilgan sahnani u kulgili deb baholaydi. Boshqacha aytganda, Lining maktubi aksilamerikalik, aksilvatanparvarlik hissi bilan yo‘g‘rilgan. Maktub muallifi uning fikriga qo‘shilmaganlarning barchasiga jinoyatchi tamg‘asini bosadi. Lining ta'kidlashicha, aqli zaif yoki ashaddiy jinoyatchi odamgina hindularning tahqirlanishi, ularga zulm o‘tkazilishini tilga olmasdan, inqilobni qahramonona, ezgu ish deya baholashi mumkin. O'sha zamonlar Amerikada yashagan qora tanli kishilarning ozod, baxtli va xojasiga vafodor etib tasvirlanishi esa jirkanch targ‘ibot emish...

Yaqin-yaqinlargacha nafaqat amerikaliklar, balki boshqa mamlakatlar xalqlari ham cheksiz qiziqish bilan o‘qiydigan son-sanoqsiz kitoblar, tomosha qiladigan film va spektakllarning bosh mavzusi - tabiat kuchlari, bosqinchi va hindularga qarshi qahramonona kurashib, "G'arbni zabt etgan" dastlabki ko‘chmanchi va kovboylar edi. Ammo madaniy inqilobchi va revizionistlar ko‘zlagan maqsadiga yetdi. Bugun jonidan kechgan rejissyorgina hindularni qoloq, kulgili yoki shafqatsiz qilib tasvirlashga jazm etishi mumkin. Aksincha, ular "Kichik katta odam" va "Qashqirlar bilan raqs" filmlarida tasvirlanganidek, tabiatning chinakam himoyachisi, ona zamin va yovvoyi tabiat haqida boshqalardan ko‘ra ko‘proq qayg‘uradigan hamda ular bilan uyg‘un holda yashayotgan kishilar sifatida aks ettiriladi. Bu kabi "asar"larni ko‘rgan odamning ko‘z o‘ngida oqtanlilar timsolida tabiatning ana shunday tinch va beozor "farzand"larini aldab, ularga qiron keltirgan, g‘ayriaxloqiy yo‘llarga boshlagan shafqatsiz, dinu diyonatsiz kimsalar gavdalanishi tabiiy.

Asarda madaniy inqilobchilarning (Byukenen ularni "zamonamiz tolibonlari" deb ataydi) mamlakat o‘tmishiga oid voqea-hodisalarni tarix solnomasidan chiqarib tashlash borasidagi intilishlari qanday oqibatlarga olib borganini isbotlaydigan ko‘plab misollar keltiriladi. Chunonchi, mazmun-mohiyatidan qat'i nazar, irqchilikka taalluqli voqealar bayon etilgan kitoblar taqiqlangani, maktab dasturlaridan Mark Tven, O'Konnor, Li Xarper, Uilyam Folkner, Ralf Ellison va Jeyms Bolduinlarning asarlari ayovsiz tarzda chiqarib tashlangani afsus bilan tilga olinadi.

Madaniy inqilob Amerika tarixida muhrlangan "buyuk qahramon va davlat arboblari" nomlarini o‘chirishga, maktablarda yangi o‘quv dasturlarini joriy etish orqali yoshlarni ajdodlari an'analari, madaniy merosidan mahrum etishga harakat qilayotir.

Qisqasi, Amerika o‘tmishiga qarshi kurash, yosh avlod ongini zaharlab, uning miyasiga "yangi tarix"ni singdirish jadallik va muvaffaqiyat bilan amalga oshirilmoqda. Yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarning birida 55 nafar eng namunali kollej va universitetlarning 556 ta yuqori bosqich talabasiga AQSh tarixiga oid o‘ttiz to‘rtta savol bilan murojaat etilgan. Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, talabalarning uchdan birigina Yorktaun ostonasida jang qilgan amerika generalining nomini aytib bera olgan. Talabalarning atigi 23 foizi Medison Amerika Konstitutsiyasining asosiy mualliflaridan ekanini bilgan, xolos. Bu hol Amerika yoshlarining o‘z tarixi, an'ana va qadriyatlariga munosabati amalda qanday ekanini yaqqol ifoda etadi.

Xullas, iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy, siyosiy, ilmiy va texnologik taraqqiyotning yuksak cho‘qqisiga ko‘tarilgan G'arb tamadduni yangi mingyillikning boshiga kelib, tarixiy rivojlanishning g‘oyat ziddiyatli va murakkab bosqichini boshdan kechirayotgani, azaliy qadriyatlar o‘rnini faqat shaxsiy manfaat, aysh-ishrat, huzur-halovat mayllariga yo‘g‘rilgan "yangi axloq va e'tiqod" egallayotgani, axloqiy qadriyatlar huquqiy me'yorlar bilan almashtirilayotgani, muxtasar qilib aytganda, G'arb tamaddunining demografik, milliy-etnik hamda ma'naviy asoslari yemirilayotgani, hatto Amerikadek qudratli davlat ham davr tahdidlariga dosh bera olmayotgani tobora ayon bo‘lib bormoqda. G'arb mamlakatlari hayotining turli sohalarida yuz berayotgan jarayonlarni xolisona tadqiq etayotgan mutaxassislar asrlar mobaynida ularning taraqqiyotini belgilab bergan liberalizm ta'limoti zamon talablaridan ortda qolayotgani, g‘arbona individualizm ta'sirida jamoaviy mas'ullik barham topayotgani, jamiyatdagi ijtimoiy, siyosiy, madaniy tabaqalashuv xatarli tus olayotgani, erkinlik - mas'uliyatsizlikka, plyuralizm esa - turli xalqlar qadriyatlarining qorishuviga olib kelayotganidan tashvish bildirmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, G'arb tamadduni g‘oyaviy-nazariy va mafkuraviy jihatdan boshi berk ko‘chaga kirib qolayotgani bugun baralla ta'kidlanmoqda.

Ehtimol, bu gaplarning bizga nima daxli bor, deb hisoblaydiganlar ham bo‘lishi mumkin. Biz muhtaram jurnalxonlarimizga avvalo ushbu asarni topib o‘qishni hamda mamlakatimiz taraqqiyotiga to‘sqinlik qilishga intilayotgan kuchlarning asl maqsad-muddaolari, turli xavf-xatarlarning mazmun-mohiyati va oqibatlari haqida yana bir bor obdon mushohada yuritib, zurur xulosalar chiqarishni tavsiya etgan bo‘lur edik. Bugun bashariyat hayotini izdan chiqarish, uni necha ming yillik an'ana va qadriyatlari, asl insoniy qiyofasidan judo qilishga qaratilgan taxdidlar tobora oshkora tus olib, kuchayib bormoqda. Byukenenning "G'arbning halokati" kitobi bunday xatarlarning oqibati qanchalik ayanchli bo‘lishi mumkinligidan barchamizni yana bir bor ogohlantiradi. Uning ma'rifiy kuchi va ahamiyati ham shunda.

Bahodir Zokir,
«Tafakkur» jurnalining 2007 yil, 2-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.