background
logotype

Ibrohim G‘afurov. Fasohat - ifoda san’ati

O‘zi o‘rtaga savol qo‘yib, yana o‘zi unga javob berish mohir murabbiylarning usuli. Mohirona savolga mohirona javob ham murabbiylarning usuli. Buni haqiqiy murabbiyona savol va murabbiyona javob deyish mumkin. Navoiy, Tolstoy, Shekspir, Gyote asarlarida shunday teran tomirli savollar va shunga yarasha teran tomirli javoblarga duch kelamiz. Ularda hayot, inson, tole, insonning qaerdan kelayotgani va qaerga borayotgani ustida cho‘ng iztirobli o‘ylar, umid va umidsizliklar aks etadi.

Mo‘‘jizalar kitobi Qur’onda ham bir necha suralarda va ularning bir qancha karima oyatlarida Tangrining bir qancha savollar qo‘yganiga va ularga insoniyat ma’rifati uchun yana O‘zi mantiq to‘la javob berganiga duch kelamiz. Chaqmoq qora bulutlar bag‘rini oniy shiddat bilan tilib, olovli iz qoldirib, yoritib o‘tgan kabi Qur’onda yangragan bu savollar ham inson ongi, uning qalbi va shuuridagi zulmatlarni tilkalab o‘tadi va sira o‘chmas ma’rifatli iz qoldiradi.

Qur’on o‘z g‘oyalari va ular asosiga qurilgan islom ta’limotini masallar, payg‘ambarlar, qavmlarning go‘zal qissalari bilan isbotlab, ta’sirli qilib kishi ongiga yetkazganidek, odamlar bilmagan juda ko‘p hodisalar haqida savollar qo‘yib, savollarni ta’sirli ohanglarga chulg‘ab, ularga kishilar uchun yangilik bo‘lgan javoblar berib, shu orqali imonga chorlaydi, imonli bo‘lmoqlikning fazilatlarini rad qilib bo‘lmas dalillar bilan uqtiradi. Ko‘p eshitganman: odamlar “Qadr” (Qudrat) surasini sevib o‘qiydilar, takrorlaydilar, uning jarangli sadolariga maftun bo‘ladilar, ma’nolarini chaqib hayratga tushadilar.

“Biz uni qadr kechasida nozil qildik. Sen bilasanmi qadr kechasi nimaligini? Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir.”

Bu savol “Va mo adroka...”, deb boshlanadi. Agar so‘zma-so‘z tarjima qilinsa, bu “idrok qilasanmi...” degani bo‘ladi. Lekin anglash qulay bo‘lishi uchun uni barcha o‘zbek tarjimonlari “bilasanmi”, deb o‘girganlar. Faqat Abdulaziz Mansur “Qadr kechasi nima ekanini Sizga ne ham anglatur?!” deb ag‘dargan. Ammo bu o‘rinda biz tarjimalarning qandayligi haqida emas, savolning nima uchun aynan shunday qo‘yilayotgani, bundan qanday maqsad kuzatilgani ustida mulohaza yuritsak, foydali bo‘larmikin, deymiz.

Arablar kunlarga, oylarga, yillarga va turli tabiat hodisalariga nom berishni qadimdan odat qilgan edilar. Fil yili, Zilzila yili, Qadr yili... deb eslab, o‘sha yili bo‘lib o‘tgan voqealarni bir-birlariga hikoya qilib yurishar va bundan insoniy ibratlanishardi. Bu haqda Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” degan ulug‘ kitobida juda ko‘p qimmatli ma’lumotlarni keltirgan, yil hisoblaridagi turli chalkashliklarni to‘g‘rilagan, hatto payg‘ambar alayhissalomning Madinaga qachon hijrat qilib, qachon “Oshuro” ro‘zasini tutganini aniq hisoblab berib, shungacha bo‘lgan chalkashliklarni to‘g‘rilagan. Lekin gap bunda emas. Arablarning o‘z ayyomlariga nom berish odatlari, mana, Qur’on surasida ham o‘z aks sadosini topayotganida. Payg‘ambarimizning hikoya qilishlaricha, Ramazon oyining uchinchi o‘n kunligida, to‘g‘rirog‘i 26-dan 27-ga o‘tar kechasi ilohiy Qur’on vahiy bilan nozil bo‘la boshlagan. Mana shu insoniyat tarixida burilish yasagan voqealardan biri ro‘y bergan vaqtni Qur’on “laylatul-qadr”, ya’ni Qudrat kechasi, deb atadi va bu haqda mo‘‘jizakor ma’noga to‘liq alohida sura tushirdi.

Tangri o‘z surasini kutilmagan e’joziy savol bilan boshlaydi. Bundan ilgari sen hech qachon shunday kunga, shunday kechaga, shunday ta’sirli so‘zlarga va nihoyat, shunday favqulodda savolga uchramagan eding-ku, ey inson, ibrat olmaysanmi? — deganday bo‘ladi. “Mo adroka...” deb boshlanadigan savol Tangri kitobining kashfidir. U ilohiy kitobning ta’sir ko‘rsatuvchi jozibali usullaridan biriga aylanadi. Tangri boshqa favqulodda holatlarda ta’limning ilohiy shaklidan takror-takror foydalanadi. Alohida ilohiy til yo‘q. Iloh doim insoniy tildan foydalanadi, insoniy tilni qo‘llaydi. Buni faylasuflar antropomorfizm, deb atashgan. Bu tabiiy narsa. Chunki Tangrining maqsadi inson, shuning uchun uning tilida, unga tushunarli qilib so‘zlaydi. Bu — ilohiy eslatmalar tilidir.

Lekin, buni qarangki, ushbu qisqagina sura sharofati bilan insoniyat hayotida laylatul-qadr degan tushuncha va u bilan birgalikda butun bir hodisa qaror topdi. Islom madaniyatida u bayramga aylandi. Odamlar shu kecha kirganda, uni bedor o‘tkazib imon halovati topishga intiladigan bo‘ldilar. Bir savolning qudrati shunday bo‘ldi.

“Qoria” surasida “mo adroka...”, deb boshlanadigan savol bir emas, qisqagina surada uch bora takrorlandi. Savol surani juda shiddatli tusga kiritadi. Unda ilgari arablar hech eshitmagan, ularning aqllari bovar qilmagan ohanglar yangraydi.

“Qoria. Qoria o‘zi nedur?

Bilurmisan qorianing nimaligini?

Va mo adroka mo al-qoriatu?”

Mufassirlarning talqin qilishlaricha, qoria qiyomati azimning nomlaridan biri. Uning bir qancha ma’nolari mavjud. Muftiy Shamsiddin Boboxonov o‘z tarjimasida unga “taraqlatuvchi”, deb izoh bergan. Tarjimasi matnida esa “qiyomat” deb o‘girgan, soddalashtirib yuborgan.

Alouddin Mansur: “Al-qoria” kalimasi “qalblarni qattiq qoqquvchi (qiyomat)” — degan ma’noni anglatadi”, deb tushuntirib o‘tadi. Suraning birinchi oyatini “(O‘z dahshatlari bilan kishilar qalbini) qattiq qoqquvchi (qiyomat)!” — deb o‘giradi, bir og‘iz so‘zni bir necha og‘iz so‘z va izohga aylantiradi. Qur’on o‘z kutilmagan qisqa savoliga tasavvurlarni jonlantiradigan, hayajonga soladigan javob beradi. Ya’niki, qoria kunida odamlar to‘zg‘itib yuborilgan parvonalardek bo‘lib qolurlar. Tog‘lar esa titilgan yung misoli to‘zg‘iydi. O‘sha kuni yaxshi va yomon amallar bari tarozuda tortiladi. Imonsizlar tubsiz chohdan joy oladi. U yerda lovullab yongan olov hokim. I.Yu.Krachkovskiy “qoria”ni — “porajayuщee”, deb talqin etadi. Abdulaziz Mansur shunga yaqin yo‘l tutadi: “(U) zarba beruvchi (qiyomat)dir. (Ey inson), zarba beruvchi ne ekanligini senga ne ham anglatur?!” — deb o‘giradi: Krachkovskiyga payravlik qiladi. Sura dunyoda yaxshi amallar qilmay o‘tgan, yaxshiliklari, ezgu ishlari tarozining pallasini bosishga yaramagan kishilarning oxiratdagi joylarini ham ko‘rsatadi. Bu joyning nomi tubsiz qa’r, jarlik — sura tilida “hiyat” yoki “hoviyat”. Tarozisi yengil kelmish zotning onasi — “hoviyat” (“Foummuxu hoviya”). “Hoviya” so‘zi vahiy qilinishi bilanoq yana o‘sha chaqmoq savol eshitiladi: “Va mo adroka mo-hiyat”. Javob shu zahoti eshituvchining miyasiga yashindek uradi: “Norun homiyat”. Barcha tarjimonlar bu qilichdek oyatni alangali o‘t yoki lovullagan olov, deb tarjima qiladilar. Hoviyaqorianing uzviy bo‘lagi. Qoria yashindek zarba beruvchi bo‘lsa, hoviya — uning yadroviy alangasi. U beparvo, loqayd, faqat o‘z-o‘zicha boylik, davlat yig‘ib, shu bilan mag‘rurlanib yurganlarga omonlik bermaydi. Hoviya, demak, bu — tubsiz chohdagi mangu o‘chmas alangali olov. Sura ushbu tushunchalar ilohiy kitobning yorqin kashfi bo‘lgani uchun ham ularni tushuntirish yo‘lidan boradi va ularga o‘zining mashhur ekspressiv savoli bilan diqqatni jalb qiladi, ularni tirik dunyodagi qilmishlarning jazosi sifatida qattiq eslab qolishga undaydi. “Mo adroka...” bu yerda ham, boshqa o‘rinlarda bo‘lganidek, mislsiz eslatuvchi, diqqatni tortuvchi vazifasini bajaradi. U xotira darvozasini taqillatadi.

Odamlar qavmlari orasida bir-birlarini g‘iybat qilish, masxaralash, pastga urish, obro‘sini to‘kish odamzot yer yuziga kelibdiki, odat bo‘lib keladi. G‘iybatchilar, masxaralovchilardan barcha payg‘ambarlar, ularning yaqinlari, oila a’zolari, qarindosh-urug‘lari va jumladan, janob Muhammad alayhissalom ham, sahobalar ham, ularning xonadon a’zolari ham ko‘p aziyatlar chekishgani tarixdan ma’lum. G‘iybat, masxaralash, obro‘ to‘kishni imonli mo‘min kishiga mutlaqo yarashmaydigan axloqiy unsur, deb topdi islom ta’limoti. Suralarda bu axloqiy illatga qarshi o‘tli o‘ta ta’sirchan so‘zlar tushdi. Ayniqsa, “Humaza” surasi g‘iybat va tahqirning o‘rni qaerda ekanini hayajon to‘la satrlarda ko‘rsatdi. G‘iybat, tahqir bilan mashg‘ul, mukkasidan ketib boylik to‘plovchi zotlarning oxirat hayotidagi o‘rnini ta’rifladi. G‘iybatchining o‘rni “xutama”, deb hukm o‘qidi. “Xutama” ham odamzot uchun, din va axloq dunyosida yangilik, kashfiyot edi. Shuning uchun kalom yetkazuvchi yana o‘sha o‘zining xotira eshigini bezovta qoquvchi hayajonli o‘tkir savoliga murojaat etdi:

“Va mo adroka mo-al-xutama”.

Sezayapsizmi, bu savol yuraklarimizda aks sado topa boshladi. U savol ortidan g‘iybatchi va masxaralovchilarning taqdiriga, g‘iybat va tahqirning oqibatiga inkor etib bo‘lmaydigan javob topildi: “xutama” bu — norulloh, deb javob qildi Qur’on so‘zi. U mudom to‘xtamay yonib turadi. U inson qalblarini qamrab oladi. Oxirat hayoti haqidagi ushbu juda qisqa va juda o‘tli suralarning bari bir-birini to‘ldirib boradi va buyuk bir alanga hosil qilib, inson uchun oxirat hayotini yoritadi.

“Mo adroka...” ilohiy savoli ortidan kelgan satrlar — oyatlar qiyomat, oxirat, jannat va do‘zax hayotining e’joziy manzaralarini ko‘z o‘ngimizga keltiradi. Bu manzaralar boshqa dinlardagi qadimlardan ma’lum bo‘lgan shu hodisalarga o‘xshash tasavvurlarni behad darajada boyitadi, o‘z kashfiyotlarini qo‘shadi, natijada oxirat hayoti taqvodorlar, dindorlar, imonlilar, ezgu amal egalari uchun unutilmas bir tizim tusini oladi. Bu tasvirlarda mo‘‘jizakor obrazli dunyo, ya’ni haqiqiy tasvir hosil bo‘ladi. Tasvir va tasavvur bunday hollarda favqulodda o‘zaro uyg‘unlik topadi. Qur’on “mo adroka...” deb tushuntirayotgan so‘zlar, tushunchalar — bular obrazli so‘zlar, obrazli tushunchalardir. Tasvirning ilohiy buloqlari. Yevropa olimlari bu kabi tushunchalarda asotiriy ma’nolar qidirishib, asotiriy ma’nolar ko‘rishib (buni qarangki, biz ishlatayotgan “asotir” so‘zi ham Qur’on kalimasi bo‘lib, u “asotiri avvalin” degan birikmada ilohiy matnda bizgacha yetib kelgan), hatto bu mifologik hodisaga “arxetip” degan tushuncha ostida baho berishgan. “Arxetip” tushunchasini shvetsariyalik psixoanalitik olim, ulug‘ mifshunos K.G.Yung ishlab chiqqan va u orqali ilk obrazlar chizgilarini nazarda tutgan, yunon tilidan tarjimada bu tushuncha “ilk obraz”,degan ma’noni anglatadi. Qur’ondagi “tutun”, “olov,” “choh”, “saqar”, “hoviya”, “sijjin”, “illiyun” kabi tushunchalar, ehtimol, eslab bo‘lmas qadim-qadim zamonlarning asotirlaridan kelayotgan, ehtimol ko‘plari unutilib ketgan, Qur’on sahifalarida esa Tangri tomonidan tavhid va imon g‘oyalari munosabati bilan yana yangidan eslatilayotgan obrazlar, obrazli tushunchalar, arxetiplardir. Bu ilk obrazlar faqat so‘z, kalomgina emas, ularning ortida, zamirida ulkan ruhoniy e’joziy hayot manzaralari o‘z tafsilotlari bilan mujassamdir.

Mufassirlar Qur’on oyatlarida Ibrohim payg‘ambar, Muso payg‘ambar, Iso payg‘ambar zamonlaridan kelayotgan va lekin V — VII asr arab qavmlari orasida aksaran unutilayozgan (johiliyat, tinimsiz o‘zaro qabilaviy urushlar, talon-torojlar, mushriklik, kofirlik balo-ofatlari bois) juda ko‘p qadim so‘zlar qissalar, aqidalar, masallar va yangi hodisalarning manzaralarida qayta tirilganini qayd qilib o‘tganlar. Okean siyoh bo‘lganda ham u Qur’on qissalarini bayon qilishga yetmaydi, degan ilohiy obraz bunda naqadar haqligini isbotlab turadi.

Qur’on olam tan olgan mo‘‘jiza kitob bo‘lgani bois savol ham tug‘iladi: Tangri uni avval nom berib so‘ng yaratdimi? Yoki avval bino qilib so‘ng nom berdimi? Har holda u insonni yaratganda, unga narsa-hodisalarga nom berish mo‘‘jizasini ham ato qildi. (Iblis buni insonga g‘ash ko‘rdi. Uning tirnog‘i ichiga kirib oldi.) Insonga shu tariqa narsalarni nomlash, mantiqli fikrlash va dunyo muomalalarini so‘z va mantiq bilan olib borish, murosa va madora qudrati ato etildi.

Insonda narigi dunyo hayoti to‘g‘risida bilim yo‘q. Bori ham g‘oyat chalkash edi. Qur’on mo‘‘jizakor so‘zi bilan narigi dunyo hayotining butun ta’sirli obrazli manzaralarini yaratib, ibrat uchun insoniyatga taqdim qildi. Bu manzaralar, ayniqsa, “Rahmon”, “Voqea” suralarida mislsiz ma’no bo‘yoqlarini kasb etdi va “Fabiayyi oloyi rabbikumo tukazzibon”, deb o‘ttiz bora takrorlangan savolda o‘z poyon cho‘qqisiga ko‘tarildi. Bu suralar dunyo badiiy poetik so‘zining kamol cho‘qqisidir. Unga Tangridan o‘zga hech zot ko‘tarilolmadi.

Qur’on “mo adroka...” deb savol tashlaganda olam — bu olam va u olamning inson aqlini ojiz qilib qo‘yadigan voqealari haqida fikr yuritadi. Bu bilan favqulodda mistik hodisalarga — bu juda g‘alati eshitilsa ham — realistik tus beradi. Odam ilgari idrok etmagan, etolmagan voqea-hodisalarni idrok eta boshlaydi.

“Bilasizmi jazo kuni nimaligini?” (“Infitor”, 17.-18).

“Bilasizmi ajrim kuni nimaligini?” (“Mursalot”, 13.-14).

“Bilasizmi sijjin nimaligini?” (“Mutaffifun”, 7.-9).

“Bilasizmi illiyun nimaligini?” (“Mutaffifun”, 19).

Bular ham Yungning “arxetiplar” haqidagi ta’rifiga sig‘adigan ilohiy asotiriy voqea-hodisalardir. Ular — obraz-hodisa. Sura “Sijjiyn” va “Illiyun”bitilgan kitoblardir, deb xabar beradi. Imonsizlarning nomai a’mollari “Sijjiyn” kitobiga yoziladi. Abrorlarning yaxshiliklari “Illiyun”ga darj qilib boriladi. Biri yetti qat yer tagida, ikkinchisi yetti qat osmonda — Arsh kutubxonasida saqlanadi. Qur’on Alloh olamni ilm bilan qoplab olganini aytadi. Bu ikki mo‘‘jizaviy kitob ham olam ilmdan bino bo‘lganiga uyg‘undir. Bu so‘z-tushunchalar qaerlardan tushdi ekan? Ular Yaqin Sharq madaniyatining qaysi qadim asotirlaridan kelayotibdi? Yunonlar qadim Troyani Iliyon, derdilar. U yerda Afinaning ulug‘ ibodatxonasi bo‘lgan. Xomer o‘z buyuk dostonini “Iliada” deb atagani ham shu iliondan. Ammo bu “illiyun” bilan bog‘lanadimi? Balki “Gilgamesh”larda shularga yaqin so‘zlar bo‘lgandir? Balki “Tavrot”da, balki “Injil”da? Ammo Qur’on ular orqali tamomila yangi hodisalarni odamzotga anglatdi va unga yangi madaniy tushunchalar tuhfa etdi. Birining yer ostida, ikkinchisining yer ustida samoda joylashgani ham jannatu do‘zax yeru samo orasidadir, degan tasavvurga naqadar uyg‘un va bunda ilohiy mantiq hokim. Alloh o‘z kalomini tushuntirib berish va uni bayon etish hamda doim eslatishni o‘z zimmasiga olgan (75.19). Bundan ham vahiyning palapartish bir narsa emas, balki ustuvor mantiqqa ega ekanini uqish mumkin. Samo, narigi dunyo, oxirat, qayta tirilish, imon hodisalarini, ajrni Alloh tushuntirmasa, bayon qilmasa, shu paytgacha kim tushuntirgan, ular haqda kim tasavvur uyg‘otgandi? Samoning o‘zi shuni taqozo qilgan, shuni yuzaga chiqargan. Alloh qasam ichishi hojatsiz edi. Lekin qasam arablarga ajdod-ajdodlardan yaqin edi. Shuning uchun Allohning qasami arablarga tushunarliroq edi. “Toriq” surasida Qur’on haq bilan nohaqni ajratuvchi So‘z ekani ta’riflanadi. Qur’on — mislsiz so‘z olami. To‘rt muqaddas oyat ichida so‘z nimaligi ustida ajoyib ta’rif keladi: yaxshi so‘z — yaxshi daraxt; yomon so‘z — yomon daraxt; mustahkam so‘z, qat’iy so‘z, sobit so‘z, og‘ir so‘z — bular Qur’onda nimaligi tushuntiriladi. Islomning so‘z haqidagi qarashlari, o‘lchovlari shularda ifodalanadi. Yaxshi so‘z, xuddi yaxshi daraxt kabi, doim laziz va ezgu mevalar beradi. Uning ildizi mustahkam, hech bir shamol, to‘fonlar bu ezgu daraxtni qulatolmaydi. Bu Qur’onning so‘z haqidagi ilk ta’rifi va u “Ibrohim” surasida bayon qilingani ham e’tiborli. Yomon so‘z esa misoli yomon daraxt. Uning ildizlari yerga omonat o‘rnashgan, ular har damda uzilib ketadigandek. Imon keltirganlar ustuvor, mustahkam so‘z bilan hamisha sobit va sobitqadamdir. Imon topmaganlar esa doim adashib-uloqib yuradi, halokat va falokat qo‘li doim ularning yoqasida. Alloh tabiat hodisalarini xuddi inson ehtiyojlari va uning yashash sharoitlari uchun yetishtirgandek, so‘zlarni ham odam ehtiyojlari, uning ma’naviy dunyosi, ruhoniyati, aql-idroki, go‘zallik, ziynat ehtiyojlari uchun safarbar qilgandek bo‘ladi. Go‘zal, mo‘‘jizakor so‘zlari takror-takror (mo‘tashobih) keluvchi ilohiy kitob so‘zni va uning qimmati, qadrini mana shunday tushuntiradi. So‘z bilan samolarga chiqish, mehribon yer qavatlariga tushish qurbini ato etadi. So‘zlarning shunday go‘zal ta’riflari bilan dunyo adabiyoti va madaniyati qanchalar taraqqiy qildi. Buyuk olimlar, adiblar, mufassirlar, tarixnavislar o‘sha so‘zlardan ilhomlandi. Navoiy kabi zotlar ilohiy so‘z qudratini butun ijodiyotiga singdirdilar va ko‘klarga parvoz qildilar. Qur’on so‘zlaridan taraqqiyot mujdalari otilib chiqdi. So‘z nur yanglig‘ olam va odam qalbi, ong-shuurini tamomila qamrab oldi.

Biz “ad-diyn”, “ajr”, “sakar”, “toriq”, “qadr”, “duxon”, “qoriya”, “xutama”, “hoviya”, “sijjiyn”, “illiyun” singari “mo adroka...” savol uslubi bilan tushuntirilgan so‘zlar haqida fikr yuritdik. Bu ishlar avvallarda qilinganmi, qilinmaganmi yo endi qilinmoqdami — Alloh biladi. Alloh rozi bo‘lsin.

Imon qavlini o‘rganish esa hamisha inson uchun xayrlidir.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 15-sonidan olindi.

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.