OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mansurxon Toirov. Majnun maktublari

yoxud sevganmisiz, loaqal ko‘rganmisiz oshiqlarning ko‘zini?

Donishmandlardan biri «Oshiq uchun sevgilisi uyidan ko‘tarilgan chang misli Ka’badir» degan ekan. Darhaqiqat, sevgiling istiqomat qiladigan ko‘chadagi har bir narsa, daraxtlar ham g‘oyat yoqimli ko‘rinadi. Kishi muhabbat dardiga mubtalo bo‘lsa, ma’shuasida biror kamchilik ko‘rmaydi sira. Ha, ishq shunday sehrli tuyg‘u, yoqimli dardki, shoir aytganiday, «qulni aylab shohu sulton, shohni esa qul qiladi». Asarlarida ezgulikni, insoniylikni, vafo-sadoqat va sevgi-muhabbatni yuksak tarannum etgan buyuk shoir, mutafakkir, alloma mir Alisher Navoiyning «Xamsa»sidan o‘rin olgan «Layli va Majnun» dostoni ham pok sevgi-muhabbatga qo‘yilgan boqiy haykaldir, desak mubolag‘a bo‘lmas.

Alisher Navoiy forsiyda ijod qilgan shoirlar – Nizomiy, Amir Xisrav Dehlaviy va Jomiyni o‘ziga ustoz deb bilgani hech kimga sir emas. Lirik shoir sifatida u o‘zi yozayotgan g‘azallarini shartli shakli yoki ko‘rinishini o‘zgartirishga urinmagan, bilaks Navoiy muhabbat mavzusi bo‘lishi muqarrar deb bilinadigan lirik shakldagi ushbu sersig‘im uslubda o‘zining shoirlik imkoniyatlarining bitmas-tuganmasligini ko‘rsata bilgan hamda so‘z javohirlari bilan bezatilgan o‘ziga xos so‘qmoщlarni topib bebaho qalamini yurita olgan. Nizomiy, Xisrav Dehlaviy va Jomiylarning ko‘p asrlik «Xamsa» an’analarini shoirona rivojlantira borar ekan, Navoiy an’anaviy mavzuni yangi g‘oyaviy-badiiy nuqtai nazardan boyitilgan, ma’nosi jihatidan o‘ziga xos chuqur ishlangan epik asarlar majmuasini ham yarata olgan. Ushbu o‘rinda Ye.E.Bertels, E.Gibb tili bilan keltirgan Fuzuliyning quyidagi baytini eslab o‘tish o‘rinlidir:

Forsiyda Layli va Majnunlar serob,

Lekin turkiyda bu rivoyat yo‘q.

Bertelsning bergan ma’lumotiga qaraganda, Fuzuliy Navoiy ijodi bilan a’lo darajada tanish bo‘lgan hamda qanday qilib Fuzuliy Navoiyning «Layli va Majnun» asari bilan tanish bo‘lmay qolganiga aql bovar qilmaydi, degan so‘zlarini yozadi. «Balki Navoiy yozgan «Layli va Majnun» dostoni Bag‘dodda yetarlikcha mashhur bo‘lmagandir» degan fikr­ni ilgari suradi mash­hur sharqshunos olim. Mening fikrimcha Fuzuliy o‘ta qashshoq hayot kechirgani bois Navoiyning «Layli va Majnun» asari uning qo‘liga yetib bormagandir. Balki Bag‘dod ahli turkiy zabonda yozilgan asarlarni tushunishda ojizligi bo‘lgandir va Navoiy asarini u yerda keng tarqalishi uchun tarjimon san’atiga majburiyat sezilgandir.

Kunlardan bir kun bir odam Abdurahmon Jomiyning oldiga kelib o‘zining ul hazratga murid bo‘lish istagi borligini bildiribdi. Shunda Jomiy «Siz o‘z hayotingiz mobaynida biror kimsani sevganmisiz», deya so‘rabdi. «Yo‘q» javobini eshitgach, «Bir murid uzoq yillar o‘z murshidi xizmatida bo‘lgan ekan, lekin bilim olishda ilgari siljiy olmabdi va ko‘ngli ravshanlashmabdi. Shunda u murshidi oldiga borib «Men ko‘ngliga ravshanlik kelgan ko‘plab muridlaringizni ko‘rdim, lekin har qancha urinsam ham menga ilgari siljish nasib qilmayotir. Shuning uchun umidsizlikka tushdim va sizdan oq fotiha olib hayotda o‘z o‘rnimni topmoqchiman», debdi. Shunda murshid o‘z muridiga yurtiga ketgunicha xonaqadan uncha uzoq bo‘lmagan uyda hech qanday ruhini rivojlantiradigan ijodiy mashg‘ulotsiz yashab turishlikni hamda har kun unga juda yaxshi taomlar yuborib turib, hayotning barcha qulayliklari xotirjamligi bilan lazzatlanishni buyuribdi. Murid ertaga yurtiga ketadi, deyilgan kun murshid muridiga go‘zal bir qizdan anvoyi mevalar bilan to‘ldirilgan savat jo‘natibdi. U qiz savatni gilam ustiga qo‘yib­di-yu,­ shu zahoti jo‘nab qolibdi. U qizning xusni-jamoli murid yigitni shu darajada o‘ziga rom qilib olibdiki, u endi u qizdan bo‘lak biror narsa haqida o‘ylay olmay qolibdi. Har on o‘tgan sari u qizni yana bir ko‘rishlikka bo‘lgan ishtiyoq muridda kuchaygandan-kuchayib boribdi. U taom yeyishni butkul unutib, kunini oh-voh bilan, ko‘z yoshi bilan o‘tkaza boshlabdi, chunki uning yuragiga muhabbat alangasi tushib, erib ketgan ekan. Birmuncha vaqt o‘tib murshid shogirdi oldiga kirib bir boqishdayoq uning ko‘ngliga ravshanlik hadya qilgan ekan. Hattoki po‘latni ham olovga tutgach, qolipga solish mumkin, shuning­dek, yurak ham muhabbat olovida eriydi. Avvaliga kimnidir seva biling, so‘ngra mening oldimga keling», deya Jomiy u muridlik talabida bo‘lgan odamni to‘g‘ri yo‘lga solib yuborgan ekan.

Muhabbat mavzui hayvonat olamini ham chetlab o‘tmaydi. Ko‘pincha uy hayvonlariga oila a’zosi qatorida muhabbat qo‘yadilar. Yusuf alayhissalom quduqqa tashlanganlarida toki ularni o‘tib ketayotgan karvondagilar topib olgunicha u zotni bir kuchuk quduqqa taom tashlab turib asrab qolgan ekan. Hikoya qilishlaricha, jangda halok bo‘lgan bir arabning ayg‘iri uch kungacha egasi murdasiga quzg‘unlarni yaqinlashtirmay asrab turgan. Bir arab yo‘qolgan tuyasi Makka sharifining otxonasida ekanligi daragini eshitib so‘rab borganida, Makka sharifi: «Sen uni qanday щilib taniy olasan? Biror belging bormi?» deb so‘raydi. Shunda arab «Tuyamning yuragida ikki qora dog‘i bor» deya javob beradi. Sharif u qanday qilib bu belgilar borligini bildiykin, degan xayol bilan tuyani so‘ydiradi va yuragini olib ko‘rishsa haqiqatan ham tuya yuragida ikkita qora dog‘ bor emish. Shunda Sharif «Sen qanday qilib bu tuyang yuragida ikki qora dog‘ mavjudligini bilding», deb savol berganida tuyakash, «Mening tuyam ikki marotaba katta щayg‘u-g‘amni ko‘rdi. U ikki marotaba o‘z bo‘taloqlaridan ajralganida yuqoriga qarab chuqur oh tortgan edi. O‘shandagi har bir ohida uning yuragida qora dog‘ paydo bo‘lganini bilar edim» deya javob bergan ekan.

Albatta tafakkur kamoloti egasi bo‘lgan inson tabiatida kattaroq muhabbat qo‘nim topgan. Muhabbat oshiq istarasini shunchalar chiroyli qiladiki, uning o‘zi bir odamnigina sevsa-da, uning o‘zini chehrasi ohang­rabosi ta’sirida juda ko‘plab odamlar yaxshi ko‘rib qoladi. Jaloliddin Rumiy «hamma menga do‘st bo‘lish uchun talpinadi, lekin hech kim mening yuragimdagi nima narsa uni tortayotganini aytib bera olmaydi», degan ekan. E’tiqodi mustahkam odam, «Bu yaxshi, mana bu esa yomon; bu to‘hg‘ri, mana bu esa noto‘g‘ri» deya baho berib borsa, so‘fiylar barcha yaxshi ishlarning asosida muhabbat yotadi. Va mabodo kimdir muhabbat yovuz ishlarning ham manbai bo‘ladi desa, yo‘q, bu muhabbatning yetishmasligidandir, deb qarashadi. Iso alay­hissalomning oldiga jazo tayinlash maqsadida muhabbatga mubtalo bo‘lgan bir ayolni keltirishganida u zot, «Uning gunohlari to‘kilib ado bo‘lgan. Chunki u ko‘p sevgan. Falak muhabbat tufayli shunchalar go‘zaldir. Muhabbat bo‘lmasa hayot do‘zaxga aylanadi», degan ekan.

Layli va Majnun shunday muhabbatning eng buyuk ramziy timsoli – ular insoniyatning ulug‘ donishmand­lari tomonidan eng toza, g‘arazsiz muhabbat mujassamlashgan, sevgilisi uchun o‘zini butkul unutgan odam siymosidirlar, deb tan olinganlar.

«Layli va Majnun» qissasini birinchi bo‘lib bayon qilgan shoir deb Nizomiy Ganjaviy qabul qilingan. Aslida ushbu mashhur tengsiz muhabbat jahonda birinchi bo‘lib Rudakiy tamonidan she’rga solib kuylangan, lekin qandaydir sabablar bilan ko‘pchilikning e’tiboriga tushmay qolgan degan qarashlar bor. Rudakiyning ushbu asari saqlanib qolganmi yoki yo‘qmi, menda bu haqda ma’lumot yo‘q. Balki saqlanib qolmagandir va shu sababdan ham «Layli va Majnun» qissasini bayon qilgan shoirlarni Nizomiy izdoshlari deb atash qabul qilingandir. Bunday izdoshlardan chamasi 50 tacha bo‘lib, ularning 20 tasining asarlari ustida Ye.E.Bertels ba’zan qisqa, ba’zan davomiy to‘xtalib o‘tadi. Ye.E.Bertels yozgan bayoniga qarab o‘quvchi Nizomiyning «Layli va Majnun» asariga Navoiy hamda Fuzuliy yozgan «Layli va Majnun» dostonlarigina bo‘y-basti bilan tenglasha olgan, degan xulosaga keladi. Bu uch daho o‘z asarlarida bir muhabbat fojiasini mutlaqo bir-biridan farqli, bir-birini takrorlamay va takrorlanmas qilib yarata olishgan.

Albatta «Layli va Majnun» qissasining jahon bo‘ylab tarqalishida Nizomiy asariga Navoiy hamda Fuzuliy asarlari ham yelkadosh bo‘lishganiga hech bir shubha bo‘lishi mumkin emas. Navoiy «Layli va Majnun» qissasini o‘z ustozi Jomiydan bir yil avval yozib yakunlagani e’tiborga sazovordir. Navoiy ushbu asarini 1483 yili yakunlagan bo‘lsa, Jomiy 1484 yili yakunlagan. Kim biladi deysiz, balki Jomiy Navoiyning andishasida bo‘lganmikan, Navoiy esa Jomiy ham «Layli va Majnun» mavzusini qalamiga olganidan bexabar bo‘lganmikan?

Men Navoiyning Chig‘atoy tilida (eski o‘zbek tilida) yozilgan «Layli va Majnun» dostonini tushunishimda ko‘proq Lipkinning rus zaboniga aylantirilgan tarjimasiga suyandim, desam ko‘pam kulgiga qolmasman va Navoiyshunos bo‘lmaganim uchun uzrim qabul qilinar. Mabodo tilimizning shakllanishi ustida betinim salkam yuz yildan buyon ishlayotgan tilshunos olimlarimiz bizning tilimizni sekin-asta Navoiy asarlarini to‘liq tushuna oladigan yo‘nalishda rivojlantira borishganida, balki tilimiz hozirgidanda go‘zalroq bo‘larmidi va bizlar Navoiy asarlarini hech bir duduqlanmasdan o‘qib rohatlanib yurarmidik. Har bir sohada buyuklar orqasidan ergashishlik yaxshilikka yetaklagani kabi tilimiz rivojida ham buyuk Navoiy asarlari tili ortidan xalqimiz ergashganida o‘zbek zaboni hozirgidanda go‘zalroq hamda hozirgidanda nafosatliroq zabon olami tomon qayta yurgan bo‘lar edi, deya o‘ylayman.  Fors tilini bilmaganim uchun Nizomiy asarini ham rus tiliga o‘girilgan holda o‘rganib chiщdim hamda Navoiyning Nizomiy kabi sher panjasiga urgan panjasi zarbi menga kuchliroq tuyuldi.

«Layli va Majnun» qissasi bayon etilgan asarlar bilan tanishib borar ekanman, Bertels o‘z asarida bayon qilmagan hamda o‘zim na Navoiy va na Nizomiy va na Fuzuliy va na Xisrav Dehlaviy va na Jomiy va boshqa «Layli va Majnun» qissasiga bag‘ishlangan asarlarda bayon etilmagan holatlar bayoni berilgan ikki asarga ro‘baro‘ kelib qoldim. Bulardan biri boshqa asarlarda ko‘rinmagan kishini hayratga soluvchi sifatlar bilan boyitilgan hazrat Inoyatxon bayoni bo‘lsa, ikkinchisi 1976 yili Kievda chop etilgan B.Shidfar tahriri va so‘zboshisi asosida bizlarga yetib kelgan «Banu Amir qabilasilik Majnun haqida rivoyat» (Skazanie o Madjnune iz plemeni Benu Amir) asarlaridir.

Quyida hazrat Inoyatxon bergan «Layli va Majnun» rivoyatidan parcha keltiriladi:

...Majnunning ota-onasi Majnunning Layliga bo‘lgan telbalarcha ehtirosini davolash uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rib bo‘lishgach, eng yaxshisi Laylining ota-onasiga murojaat qilish fikriga kelishadi va bu Majnunning jonini qutqarish uchun ularning eng oxirgi umidlari bo‘ladi. Ular Laylining ota-onalariga maktub yo‘llaydilar (ular boshqa dinga mansub edilar), unda bunday deyilgan edi:

«Bizlar Majnunning xayolidan Laylini ko‘tarish uchun imkoniyatimiz darajasidagi barcha choralarni ko‘rdik, lekin biror-bir natijaga hali-beri erishmadik. Va bizlarda tanho bir umiddan boshqa umid qolmadi – mabodo sizlar ularning nikohiga rizolik bersangizlar».

Ular bularga javoban «Bu bizlarni mazax bo‘lishga olib kelsa-da, harqalay Layli nazarimizda bir onga bo‘lsada Majnun haqida o‘ylamay tura olmaydi chamamda. Bizlar uni maktabdan olib ketganimizdan buyon u kundan-kun so‘nib borayotir. Shuning uchun bizlar Laylini Majnunga uzatishga qarshi emasmiz, lekin shu shart bilanki, uning aqli raso ekanligiga imonimiz komil bo‘lsa». Buni eshitgan Majnunning ota-onasi juda ham quvonib ketishdi va Laylining ota-onasida aqldan ozibdi, degan shubha uyg‘otmaslik uchun Majnunga o‘zini aqlli tutib yurishlikni maslahat berishadi. Majnun Layli bilan ko‘rishish nasib bo‘lishi uchun ota-onasi nimaniki xohlagan bo‘lishsa, barisini bajarishga rozi bo‘ladi. Ular Sharq udumlariga binoan qalliq uyi tomon tantanavor yo‘l oladilar. U yerda kuyov uchun maxsus gullardan marjon qilib o‘ralgan joy tayyorlangan... Sovchilar o‘tirgan xonaga tasodifan Laylini kunda maktabga borib kelishida kuzatib yurgan kuchukcha kirib qoladi. Majnunning nigohi u kuchukchaga tushib qoladi va uning ichki hissiyoti tashqariga otilib chiqadi. U o‘zining to‘rdagi martabali joyida o‘tira olmaydi. U kuchukcha oldiga yugurib boradi va uning panjalarini o‘pa boshlaydi hamda guldan qilingan marjonni u kuchukning bo‘yniga ilib qo‘yadi. Majnun u kuchukka aytmagan yoki ko‘rsatmagan biror-bir hurmat-izzat alomati yoki ta’zimi qolmaydi. «Oshiq uchun sevgilisi uyidan ko‘tarilgan chang Ka’ba misoldir». Majnunning o‘zini bunday tutishi uni o‘zgalar nigohida aqldan ozgan qilib ko‘rsatadi. Chunki muhabbat tili muhabbatsiz odamlar uchun tushunarsizdir va Majnunning bunday xatti-harakati boshqalar nazarida odatdagi ahmoqlik bo‘lib ko‘rinadi. Barcha odamlar xafa bo‘lib qolishadi. Laylining ota-onalari esa nikohga rozilik berishmaydi. Bu Majnun ota-onasining umidlarini tugal so‘ndiradi va ular ushbu ondan boshlab uni kuzatib yurishni yig‘ishtirishadi, chunki ularning nazarida uning uchun o‘lim va hayot bir narsaning o‘zi edi. Bu Majnunga shahar kezib Laylini qidirishi uchun erkinlik baxsh etadi. U yo‘lida kimki uchrasa, undan Laylini so‘rab boradi. Tasodifan Majnun tuyada xat tashuvchini uchratib qoladi va undan Layli haqida so‘rasa, u: «Uning ota-onalari bu yurtni tashlab yuz chaqirim nariga ko‘chib ketishgan», deya javob beradi. Majnun undan Layliga o‘zining salomini yetkazishni iltimos qiladi. Xat tashuvchi «Jonim bilan», deya uning iltimosini qabul qiladi. Lekin Majnun so‘zlay boshlaganida uning gapi uzoq, juda ham uzoq vaqtga cho‘zilib ketadi. «Sevgi maktubini tugallash mumkin emas». Uning sofdilligi xat tashuvchining ko‘nglini ochadi va hayajonga soladi. Majnun tuyaning yonida yurib ketayotgan bo‘lsa-da va o‘zining uzoq yo‘lida yaxshi hamroh bo‘lsa-da, tuya­kash unga rahmi kelib, «Sen o‘z maktubingni menga bayon qila borib 10 mil masofani o‘tib qo‘yding. Men uni Layliga yetkazishim uchun qancha vaqt sarflashim kerak bo‘ladi bilasanmi? Bor yo‘lingdan qolma, men naiki kerak bo‘lsa, barini bajo keltiraman», deya murojaat qiladi. Shunda Majnun orqaga buriladi, lekin yuz odim ham yurmasdan qaytadan xat tashuvchiga yetib olib «Ey mening mehribon va marhamatli do‘stim, Layliga yetkazishing uchun senga yana bir necha og‘iz so‘zlarimni aytish yodimdan ko‘tarilibdi», deya o‘zining sevgi maktubini so‘zlari bilan davom etirib yana o‘n mil masofa o‘tib ketganiniyam sezmay qolibdi. Shunda xat tashuvchi «Baraka topkur, o‘zingga rahming kelsin, bor yo‘lingdan qolma. Sen juda ham uzoq masofaga ketib qolding. Qandoq qilib sen menga aytgan gaplaringni yodimda saqlay olaman. Harщalay yodimda qoldirishga harakat qilaman, sen esa hoziroq orqangga qayt. Sen shundog‘am uying­dan juda olislab ketib qolding», deya Majnunga rahmi kelib murojaat qilibdi. Shundan so‘ng Majnun uyi tomon keta boshlab bir necha qadam qo‘ygach, yana xat tashuvchidan aytib yuborishi zarur bo‘lgan nimalardir xayoliga kelib, tag‘in xat tashuvchiga yetib olib, qalbidagini bayon qilib, tuyaning yonida keta boshlabdi. Shunday asnoda ikki hamrohning safari yakuniga yetib, Majnunning o‘zi Layli yashayotgan yurtga kirib boribdi. Xat tashuvchi bunday sof muhabbatdan hayronlikka tushibdi va «Sen Layli yashayotgan yurtga yetib kelding. Hozircha ushbu nuray boshlagan masjidda o‘tira tur. Hozir sen men bilan shahar bo‘ylab yursang, ular seni Layliga yetguningcha xiyla azoblashadi. Senga eng yaxshisi hozir bir oz bo‘lsa-da, hordiq chiqarishdir, chunki sen juda uzoq masofani nafas rostlamasdan, dam olmasdan bosib o‘tding. Men esa sening maktubingni Layliga yetkazaman» debdi. «Muhabbatdan sarxush bo‘lganlar na vaqtni va na fazoni ko‘radilar».

Majnun uning maslahatiga ko‘nib o‘sha joyda qoladi. Uning dam olgisi keladi, lekin Layli yashayotgan shaharda ekanligi oyog‘ini qaysi yo‘nalishda uzatish muammosini keltirib chiqaradi. Shimoldamikan, balki janubda, balki sharqda yoki g‘arb tomondadir Layli, deya fikri bir to‘xtamga kela bermagach, o‘zicha «Mabodo bu shaharda Layli bo‘lsa-yu, u tomonga oyog‘imni uzatsam, men tomonimdan o‘ta yuzsizlik bo‘ladi, yaxshisi oyoqlarimni arqon bilan osib qo‘ygan ma’quldir» degan xulosaga keladi. «Ma’shuqaning uyi oshiq uchun misli Ka’badir». Majnun tashnaligini qondirmoqlik uchun suv qidirib tashlandiq bir idish tagida bir ozgina yomg‘ir suvini topib ichadi.

Xat tashuvchi Laylini uyidan topgach, unga «Sen bilan xoli gaplashmoq uchun juda ko‘p g‘ayrat qilishimga to‘g‘ri keldi. Jahonda biror-bir kimsaning senga bo‘lgan muhabbati muhabbatiga teng kela olmaydigan Majnun mendan senga maktub yubordi va u yo‘l-yo‘lakay maktubini bayon qilib borar ekan, sening shahringga mening tuyam bilan barobariga yetib keldi» debdi. Shunda Layli: « Ey, Osmonu falak! Bechora Majnun! Unga nima bo‘ldi?!» deya nido qilibdi. Layli o‘zining qari enagasidan: «Nafas rostlamay yuz mildan oshiq yo‘lni o‘tgan odamga nima bo‘ladi?» deb so‘raganida, u darrov javob berib, «Bunday odam o‘ladi» debdi. Shunda Layli «Bundan biror-bir chora bormi?» deya so‘raganida, enaga «U bulturdan beri yig‘ilib qolgan yomg‘ir suvidan ichishi kerak va u suvdan ilon ham ichgan bo‘lishi kerak bo‘ladi. So‘ngra uning ikki oyog‘ini arqon bilan bog‘lab kallasini yerga qaratib osib qo‘yish kerak bo‘ladi va u shunday holda uzoq vaqt osilib turishi kerak. Shu uning hayotini saqlab qolishi mumkin» deb javob beribdi. Shunda Layli qichqirib, «Bularning barchasini topish qanchalar qiyin-a!» deb oh chekibdi. Lekin, Xudo Majnunni yo‘lga solibdi va shuning uchun barcha holatlar uning uchun yaxshilik bilan yakun topibdi».

Keyingi kuni Layli yeguliklar to‘pladi-da, o‘zining siridan voqif bo‘lgan kanizagidan ularni Majnunga yubordi. Layli kanizakdan Majnunga maktub ham yo‘llab, u ham Majnun kabi uni ko‘rishga intizor va oshiqayotganini, lekin bunga qulflangan xonadaligi monelik qilayotganini va birinchi imkoniyat paydo bo‘lishi bilanoq uni ko‘rishga borishini bildiradi. Kanizak nuray boshlagan masjidga borib, u yerda ikki kishi borligini ko‘radi. Unga ulardan biri o‘z xayoli bilan band bo‘lib, atrofida ro‘y berayotgan voqealarga befarqday ko‘rinadi, ikkinchisi esa to‘ladan kelgan bo‘lib, baquvvat ko‘rinadi. Kanizak Layli bunday xayolparastni sevishi mumkin emas va hattoki, o‘zim ham u xayolparastni seva olmagan bo‘lar edim, degan o‘yda bo‘ladi va har ehtimolga qarshi ulardan, qay biringni isming Majnun, deya so‘raydi. O‘z xayoli bilan band bo‘lgan Majnun kanizakning savolini eshitmaydi hisob. Lekin bekorchilikdan o‘tirgan ikkinchi odam kanizak qo‘lidagi yeguliklarni ko‘rib juda ham xursand bo‘lib ketadi va «sen kimni qidirayotirsan», deb so‘raydi. Shunda kanizak «Mendan bularni Majnunga yetkazishni so‘rashgan edi. Bu senmisan?» deya so‘raydi. Shunda u odam qo‘llarini savatga uzatib, «Men sen bu yemaklarni keltirgan odamman», deya javob beradi hamda kanizakka bir necha og‘iz hazilomuz so‘zlarni aytadi. Kanizak qaytgach, Layli «Sen unga savatni berdingmi?» deya so‘raydi. – «Ha» deya javob beradi kanizak. Layli har kuni o‘z taomlarining katta qismini Majnunga jo‘natib turadi va u taomlarni har safar Majnun bilan bir masjidda bekorchilikdan to‘xtagan begona odam qabul qilib oladi. Layli kunlardan bir kun kanizakdan «Sen hecham menga u nimalar deyayotganini va taomlarni qanday yeyayotgani haqida gapirmayotirsan», deya so‘rab qoladi. Shunda kanizak, «U senga ming-ming rahmatlar yo‘llab, taomlar unga juda ham manzur bo‘layotganini ma’lum qilayotir hamda u odam bilan gaplashish kishiga huzur bag‘ishlaydi. Sen bir onga ham bezovta bo‘lishingga o‘rin yo‘q. U kundan-kunga to‘lishib borayotir», deya javob beradi. Shunda Layli «Mening Majnunim hech qachon to‘lishmagan va u hech qachon to‘lishishga monandlik bildirmagan hamda u doimo o‘z xayoli bilan band bo‘lganligi sababli biror-bir kimsaga iltifot ko‘rsata olmaydi ham. O‘ta g‘amgin bo‘lganidan so‘zlamaydi hisob», deya javob beradi va taomlarni o‘zga bir odamga yetkazib berilayotganini gumon qiladi. So‘ngra, «U yerda yana biror bir kimsa bormi?» deya so‘raydi. Kanizak «Ha, u yerda yana bir odam bor, lekin u menimcha telbaroqqa o‘xshaydi. U  kim kelayotir va kim ketayotir – payqamaydi ham. U biror bir so‘zni eshitmaydi ham va biror og‘iz gapirmaydi ham. U sen sevgan odam bo‘lishi mumkin emas», deya javob beradi. Shunda Layli, «Menimcha, hech shubhasiz o‘sha odam Majnun bo‘lishi kerak. Shu kungacha taomlarni u odamga yetkazmaganing uchun ming afsuslar qilaman. Lekin bunga aniq ishonch hosil qilish uchun bugun sen likopchaga taom o‘rniga xanjar qo‘ygin-da, o‘sha har kuni taom olayotgan odamga: «Layliga kasalidan foriq bo‘lishi uchun sening bir necha tomchi qoning kerak bo‘lib qoldi degin», deya topshiriq berib yuboradi. Kanizak masjidga borganida u odam katta xursandchilik bilan taomlarni olish uchun u tomonga shosha boradi, lekin xanjarni ko‘rib hayron bo‘lib qoladi. Kanizakdan Laylining shifo topishi uchun uning bir necha tomchi qoni zarur bo‘lib qolganini eshitgach esa, «Yo‘q, yo‘q. Men aniq Majnun emasman. Ana u Majnun. Undan so‘ra», deya o‘zini undan olib qochadi. Gangib qolgan kanizak Majnunning oldiga borib baland tovush bilan «Layli shifo topishi uchun sening bir necha tomchi qoning lozim bo‘lib qoldi», deyishi bilan Majnun hech bir ikkilanmasdan xanjarni qo‘liga oladi-da, «Laylining kori-holiga mening qonim kerak bo‘lib qolganidan qanchalar baxtiyorman. Mabodo Layli shifo topishi uchun jonimni berish lozim bo‘lgan taqdirda, u ham men tomonimdan arzimas bir tortiq bo‘lar edi. Mabodo, men o‘z jonimni unga tortiq qila olganimda edi, olamdagi eng baxtiyor odam bo‘lar edim», deya qo‘lini turli yerlaridan kesa boshlaydi. «Oshiq ma’shuqasi uchun nainki qilmasin, buni hech qachon ko‘p bo‘lib ketdi deb bilmagan». «Ma ol, bori shu ekan», dedi Majnun kanizakka o‘z qoni solingan idishni uzatar ekan. «Muhabbat azobdir, lekin oshiq har qanday azobdan-da yuqoridir»...

Asrlar davomida muhabbati muhabbat timsoli bo‘lib kuylanib kelayotgan Majnun va Layli shoirlar tomonidan o‘ylab topilgan siymolar bo‘lmasdan, haqiqatda ham yashab o‘tgan insonlardir. Zamondoshlari tomonidan «Laylining Majnuni» taxallusini olgan shoir Qays ibn al-Mulavvax shimoliy arablarning Banu Amir qabilasi farzandi bo‘lgan. Qator qadimiy arab olimlaridan qolgan bebaho qo‘lyozmalar Majnun taxallusli shoir Qays ibn al-Mulavvax haqiqatan ham yashab ijod etganidan darak beradi. Majnun o‘z she’rlarining ko‘pini og‘zaki aytib yurgan, ba’zan qumlarga yoki toshlarga bitgan. Uning muhabbati va she’rlariga oshiq bo‘lganlar u she’rlarning ko‘pining saqlanib qolishiga va keyinchalik olimlar tomonidan oqqa ko‘chirilishiga sabab bo‘lishgan. Layli va Majnun xalifa Abd al-Malik davrida hayotining oxirgi yillarini o‘tkazib, 689 va 699 yillar o‘rtasida foniy olamni tark etishgan. Barcha «Layli va Majnun» dostonining asosiy qahramonlaridan biri bo‘lgan Naufal ibn Musaxik (706 yil vafot etgan) davlat arbobi va she’riyat muxlisi bo‘lgan. Bu dalil ham «Layli va Majnun» dostonlarida tarixiy haqiqat berilganiga yaqqol dalildir.

Majnun tuya qadamiga qadamini rostlab, hansirab, joni halщumiga tiqilib, yo‘l-yo‘lakay xat tashuvchidan iltijo qilib, Layliga yo‘llayotgan maktubini bayon qilib borar ekan, muhabbati ohi alangasi nuri bilan sug‘orilgan u xat insoniyat tarixidagi eng sidqidildan bitilgan, oshiqning ma’shuqasiga muhabbat izhori bo‘yicha eng sermazmun, eng uzun oshiqona maktub olamga nur kabi taralgandir. Asrlar osha o‘z aks-sadosini berib avvaliga avvalgi o‘n chaqirim masofadagi Majnunning Layliga bo‘lgan oshiqligi ohi bayoni Nizomiy, keyingi o‘n chaqirimdagisi Dehlaviy, ke­yingi o‘n chaqirimdagisi Navoiy, yana bir o‘n chaqirim yo‘l bosgandagisi Jomiy, yana bir o‘n chaqirimdagisi Fuzuliy, keyingi chaqirimdagilari Maktabiylar yozib ketgan dostonlar ko‘rinishida bizlarga yetib kelmadimikan!? U maktubning insoniyatga kelayotgan nurli aks-sadosi hali-beri ado bo‘lmas hamda kelajak avlod ham u muhabbat nuri bilan sug‘orilgan mislsiz dostonlari ustida yana ming yillar davomida qalam tebratarlar hamda bu yo‘lda ularga doimo Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy va boshqa «Layli va Majnun» muhabbatini o‘zlarining bebaho asarlarida kuylagan daholar piri madadkor bo‘larlar va bebaho asarlari bilan «labbay», deya javob berarlar, deya umidvor bo‘lib qolamiz.

Mansurxon TOIROV,

fizika matematika fanlari doktori, professor.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.