OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mendeleyevning bashoratlari

Rus xalqining buyuk farzandi Dmitriy Ivanovich Mendeleev fanda yangi ilmiy dunyoqarashlarning yaratuvchisi sifatida maydonga chiqdi. Mendeleevning hayoti va ilmiy faoliyatini o‘rganarkanmiz, uning ilmga sodiqligini, fan va amaliyotning bir-biri bilan qat’iy va uzluksiz bog‘liqligini ta’minlash borasidagi faoliyatini kuzatamiz.

Mendeleev o‘ziga xos tabiiy-ilmiy qonuniyatlarni kashf qildiki, ularning amaliyotda qo‘llanilishi mayda zarrachalardan insonning ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan juda katta miqdordagi energiyalarni olish imkoniyatini berdi. Uning nomi yana shu bilan o‘chmaski, olim davriy qonunni (1869) kashf etdi, kimyoviy elementlarni o‘z xossalariga asosan ma’lum tartibda joylashtirishning uddasidan chiqdi. Olimning kimyo va fizika borasidagi hozirgi zamon kimyo va fizikasi, birinchi navbatda atomlar to‘g‘risidagi tushunchalari shu fanlar rivojlanishiga turtki berdi.

Mendeleevning ilmiy merosidagi  falsafiy qarashlar iqtisodiy va siyosiy maqolalari, publitsistik ocherklari, tabiiy-ilmiy fikrlari va kashfiyotlari bilan bevosita bog‘lanib ketgan. Mendeleevning ijtimoiy-iqtisodiy, shuningdek, falsafiy qarashlari, ishlab chiqarish munosabatlari, sanoatning o‘sishi bilan bog‘liq. Uning dunyoqarashidagi dastlabki asos — bu ishlab chiqarish kuchlarini cheksiz rivojlantirish g‘oyasidir.

Ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish fabrika-zavodlarni rivojlantirishga olib keladi, deydi u.  Jamiyat hayot tarzi moddiy jihatlarini, ehtiyojlarini hisobga olgan holda, eski qoloq-patriarxal xo‘jalik yuritish shaklidan so‘zsiz shahar tipidagi fabrika-sanoat xo‘jalik sharoitiga o‘tish zarurligini ta’kidlaydi.

Mendeleevning siyosiy dunyoqarashi uning iqtisodiy dasturlariga bo‘ysungan edi. «Chorlovchi o‘ylar» asarida u rus sanoatining yuksalishida hukumat oldida turgan vazifalarni ko‘rsatib berib, uning oldidagi to‘siqlarni olib tashlash kerakligini qayd etadi. Olimning industriyani rivojlantirishga ilmiy-madaniy jihatdan yondashishi yanada ahamiyatlidir. U fanning fundamental bilim manbai ekanligini hisobga olgan holda, hech qachon progmatizm g‘oyalarida turmagan.  Bu uning dunyoqarashiga yot narsa edi. Progmatizm — ilm-fanning ahamiyatini faqat bilimlar to‘plami sifatida anglab, uning  ishlab chiqarishdagi rolini tushunmaslik bo‘lib, bu Mendeleev tomonidan to‘g‘ri talqin qilingan edi.

Mendeleev materiyasiz harakat mavjudligi haqidagi idealistik fikrlarni rad etadi. «Harakat harakatlanuvchi narsani talab etadi» — deb yozgan u. Xuddi mana shunday, u Ostavldning «energetizm» (dunyoda faqat energiya mavjud deb, materiyani inkor etuvchi dunyoqarash) g‘oyalariga qarshi chiqadi. U materiyaning, moddaning inkor etilishi, tashqi dunyoning rad etilishiga olib kelishi, uni sub’ektiv tarzda tushunish ekanligini ko‘ra bildi.

 «Energetiklar har qanday moddiyatni inkor etishadi, ularning aytishicha, biz faqat modda tomonidan beriladigan energiyani bilamiz va bundan ko‘rinadiki, moddiyat bu energiyaning o‘zginasidir. Bu mening fikrimcha, dunyoni, materiyani sub’ektiv tushunishdir» deydi olim.
Mendeleevning asosiy g‘oyalaridan biri ruhning materiyasiz mavjudligini inkor etishidir. U o‘zining «realistik» qarashlarida bir-biridan ajratib va o‘z navbatida birlashtirib bo‘lmaydigan uch substantsiya: moddiyat, kuch va ruh haqida to‘xtalib o‘tadi. Uning ajoyib asari — «Dunyo efirini kimyoviy tushunishga urinish» quyidagi falsafiy kirish bilan boshlanadi: «Xuddi baliq o‘zini muzga urgani kabi, necha asrlardan beri donishmandlarning hamma fikrlari barcha narsada umumiylikka intilish, ya’ni «barcha narsaning boshi»ni qidirishdir. Lekin bu narsa yana bir-biri bilan bog‘liq va o‘z navbatida qorishmaydigan uch substantsiya: moddiyat (materiya), kuch (energiya) va ruhning tan olinishiga olib keldi.» Mendeleev shuningdek, dunyoning birligi va uning elementlariga to‘xtaladi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Mendeleevning ijtimoiy va ilmiy-falsafiy qarashlari o‘ziga xos va turli-tumandir. Ishlab chiqarish kuchlarini cheksiz taraqqiy ettirish va iqtisodiy masalalar, shuningdek, tabiat qonunlariga dialektik yondashish olim dunyoqarashining asosini tashkil etadi. Unda qaror topgan bunday dunyoqarash, tabiiy fanlarning rivojiga katta hissa qo‘shgan olamshumul kashfiyot — davriy qonun va davriy sistemaning yaratilishiga olib keldi.

Kimyoviy elementlar davriy qonunining yaratilishi D.I. Mendeleev hayoti va o‘sha paytda fan tarixidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lgan edi. Tabiatning ko‘pchilik qonuniyatlari aniq va tabiiy fanlar borasida XIX asrda yaratilgan. XVII asrda butun olam tortish qonuni, keyinroq Lomonosovning modda massasining saqlanish qonuni, Darvinning evolyutsion nazariyalari o‘sha paytda yaratilgan va tabiatni ilmiy asosda tushunishga qaratilgan dunyoqarashni shakllantira boshlagan edi. Mendeleevning davriy qonuni yuqoridagi kabi «klassik» tabiat qonunlarining biri bo‘lib, nafaqat kimyo, balki butun ilm-fan borasidagi katta yutuqlardan biri edi. Mendeleev davriy qonunining yaratilishi bir qator o‘ziga xosliklarga ega. 1869 yil Mendeleev o‘sha paytda ma’lum bo‘lgan kimyoviy elementlarni ma’lum bir qatorga (atom massasi ortib borishi tartibida) joylashtirganda, ba’zi elementlar va ular hosil qilgan birikmalarning kimyoviy va ba’zi fizikaviy xossalari davriy ravishda o‘zgarishini aniqladi. Mendeleev kimyoviy elementlarning davriy sistemasiga duch keldi. U jadval tuzib, unda elementlarning kimyoviy belgilarini atom massalari ortib borishi va kimyoviy xossalarining qaytarilishi tartibida joylashtirib chiqdi. Bunda jadvalning qator va guruhlarida xossalari bilan bir-biriga o‘xshash elementlar joylashdi. Bu davriy sistema hozirgi kunda hammaga tanish, uni butun dunyo maktablarida o‘rganishadi.

Ma’lumki, Mendeleevning kashfiyoti tabiatni ilmiy asosda tushunishga yordam beradi. Qadimgi dunyoning buyuk allomalari Levkip, Demokrit va Epikur tabiatdagi barcha narsalar mayda, ko‘zga ko‘rinmas zarrachalardan tuzilgan, deb aytib ketishgan. Qadimgi atomistik qarashlar XVIII-XIX asrga kelib yana qaytadan tiklandi va rivojlantirildi. Olimlar moddalarning fizik va kimyoviy xususiyatlari bog‘liq ravishda o‘zgarishini eng mayda zarrachalar — atomlardan qidirishga tushishdi. Endi, nima uchun elementlarning atom massalari ortishi bilan ularning davriy xossalari takrorlanishi ayon bo‘la boshlagan edi.

Ma’lumki, Mendeleevdan ham oldin kimyoviy elementlar ma’lum bir tartibga solingan. Bulardan Debereyner, Odling, Shankurtua, Nyulends, Lotar Mayer va boshqalarni eslab o‘tish mumkin. Mendeleevning yuqorida zikr qilingan o‘tmishdoshlari kimyoviy elementlarning xossalari davriy ravishda o‘zgarishini aniqlagan bo‘lsalar-da, lekin butun bir sistemani yarata olishmadi. Mendeleevning uzoq  izlanishlari natijasida davriy qonun yaratildi. Mendeleev qog‘oz kartochkalarga o‘sha paytda ma’lum elementlarning atom massalari, kimyoviy birikmalari va nomini yozib chiqadi. Bunda u elementlarning valentligi, ya’ni boshqa atomlar bilan bog‘lanishlar hosil qilish xususiyatiga e’tiborini  qaratdi. Mendeleev bu kartochkalarni turlicha joylashtirib, ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni izladi. Tadqiqotchi  elementlarning faqatgina o‘xshash xossalarinigina e’tiborga olmasdan, balki ularning farqlarini ham kuzatdi. Masalan, u litiy — Li deb ataladigan ishqoriy metallning xossalari, boshqa bir ishqoriy metall natriyniki — Na kabi ekanligini aniqladi. Ular atom massalari ortib borishi tartibida joylashtirilsa, orasiga yana olti element joylashadi. Xuddi ana shuncha elementdan so‘ng natriyning — Na xossalari boshqa bir ishqoriy metall kaliy — K da takrorlanadi. Mendeleev  bu xususiyat boshqa holatlarda ham takrorlanishini kuzatdi. Elementlar qatorida kimyoviy birikmalarning xossalari davriy ravishda o‘zgarishi va bu holat atom massalari ortib borishi, shuningdek, ma’lum sondagi elementlardan keyin takrorlanishini e’tiborga olib, Mendeleev  kimyoviy elementlarning nomlarini ma’lum tartibda yozib chiqib, davriy sistemani tuzishga erishdi. Davriy sistemaning har bir katakchasida biz kimyoviy elementning simvoli, tartib raqami va atom massalari qiymatini ko‘ramiz. Vertikal qatorlar guruhlar, gorizonital qatorlar esa davrlar deb nomlandi. Mendeleev  shuningdek, kimyoviy elementlarning xossalari o‘n yettita elementdan keyin ham takrorlanishini kuzatdi va davrlarni katta- kichigiga ajratdi.

Kimyogar  o‘zi yaratgan qonunning ob’ektivligiga to‘la ishongan holda, o‘sha paytda ma’lum bo‘lgan ba’zi elementlarning atom massalariga tuzatish kiritdi. Agar elementlar faqat atom massalari tartibida (o‘sha vaqtda ma’lum bo‘lgani bilan) joylashtirilganda, davriy qonundan bir qator chetlashishlar kuzatiladi. Masalan, agar biz elementlarni yuqoridagidek joylashtirganimizda alyuminiy tagida titanni, kremniyning tagida vadaniyni, xossalari umuman o‘xshash bo‘lmagan elementlarni uchratgan bo‘lar edik. Uning  elementlarning kimyoviy xossalarini e’tiborga olib, unga yaqin elementlarning atom massalariga o‘zgartirish kiritdi. Mendeleev  davriy sistemasida davriylik elementlar o‘rtasida ma’lum bo‘sh katakchalar (o‘sha vaqtda noma’lum bo‘lgan elementlar uchun) tashlab ketilgandan so‘ng takrorlanar edi. Mana shu bo‘sh katakchalarga Mendeleev  o‘sha paytda noma’lum bo‘lgan elementlarni joylashtirdi. Bu elementlar alyuminiydan keyin joylashgan edi. (Mendeleev ularni «eka-alyuminiy», sanskritchadan — «eka» — bir, «ekakremniy» va «ekobar» deb nomlagan). Mendeleev, hatto bu noma’lum elementlarning xossalarini oldindan bashorat ham qildi. 1875 yil Parij Fanlar akademiyasida katta voqea yuz berdi. Bu yerda frantsuz olimi Lekok De—Buabodran tomonidan topilgan noma’lum element ta’riflandi. Unga Galliy (Frantsiya sharafiga) deb nom qo‘yishdi. Mendeleev  darhol bu yangilikdan xabar topgach, Parijga xat jo‘natib, Lekok De-Buabodran tomonidan topilgan element o‘zi ta’riflagan «ekaalyuminiy» ekanligini va uning solishtirma og‘irligi Buabodran aniqlaganidek 4,7 emas, balki 5,96 ga teng ekanligini aytadi. Lekok De-Buabodran Mendeleevning xati bilan tanishgach, o‘z tadqiqotlarini takrorlaydi va haqiqatdan ham yangi elementning solishtirma og‘irligi 4,7 emas, balki 5,96 ga teng ekanligini aniqlaydi. Tez orada Shved ximigi Nilson ta’rifidan «Ekabor» — skandiy va nemis ximigi Vinkler tomonidan germaniy, Mendeleev tomonidan, ayniqsa, xossalari batafsil bashorat qilingan — «ekasilitsiy» to-
pildi.

Mendeleevning yuqoridagi ilmiy bashoratlari ro‘yobga chiqishi u yaratgan davriy sistema va davriy qonunning ob’ektivligi, haqqoniyligining yorqin isboti bo‘ldi. Shundan keyin 1894 yilda Reley va Ramzay tomonidan i’nert gazlarning (argon va boshqalar) ochilishi natijasida davriy sistemaga bir qator o‘zgartirishlar kiritilib, yanada takomillashib bordi. Mendeleev davriy qonun va davriy sistemani yaratish borasidagi ishlarining oxirida shunday degan edi: «Mening hamma xulosalarim shunga olib kelyaptiki, elementlarning atom massalari, ayni element  va u hosil qilgan birikmalarning xossalarini belgilab beradi. Atom massalari oshib borishi tartibida joylashtirilgan elementlar xossalari davriy ravishda takrorlanadi».

Fan taraqqiyotiga Mendeleevning qo‘shgan ulkan hissasi shundaki, o‘zining birinchi bor kashf qilingan davriy qonun zaminida yaratgan elementlar davriy sistemasida ana shu qonunning grafik ifodasini izchil ravishda, aniq talqin qilib berdi. Shu bilan birga, u o‘zining mavjud elementlar sistemasida hamma elementlarning solishtirma og‘irligiga qarab bir butun sxemaga joylashtirdi, ularning ob’ektiv tabiiy — qonuniy aloqada birlashib yoki ajralib turishini ko‘rsatib berdi. Uzoq vaqt izlanishlar natijasi sifatida olim oldindan bashorat qilib, hali fanga ma’lum bo‘lmagan, ochilmagan elementlarning tabiatda mavjudligini va ularning solishtirma hamda atom og‘irligini oldindan bayon qilib bergan. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish zarurki, birinchi bor «element» kategoriyasi va uning mohiyati Mendeleev tomonidan izohlab berildi.

Hozirgi paytda buyuk ixtirochining yuqoridagi davriy qonuni ta’rifi har bir maktab o‘quvchisiga yaxshi tanish. Ilm-fan taraqqiyoti bizning asrimizda undagi ba’zi kamchiliklarni bartaraf etish imkonini berdi. Lekin shunga qaramay Mendeleevning davriy qonuni XIX asrda nafaqat kimyo, balki butun tabiiy fanlarning rivojiga turtki bo‘ldi va hozirgi kunda ham o‘z kuchini saqlab qoldi. Davriy qonun xususiy qonun bo‘lmasdan, balki umumiy qonuniyatlar jumlasiga kiradi. Unda dialektika qonunlari o‘z ifodasini topgan. (Masalan: «Miqdor o‘zgarishlarning sifat o‘zgarishlariga o‘tishi» qonuni davriy sistemada yaqqol ko‘rinadi. Li (qattiq modda), uning atom massasi m=7 va yadro zaryadi oshib borishi bilan butunlay boshqa sifat ko‘rsatkichga ega bo‘lgan element — G‘ (gaz), atom massasi m=19ga o‘tiladi.)
Mendeleevning davriy qonuni yordamida hozirgi kunda vaqt va o‘lchov, ikki dunyo: musbat zaryadlangan yadro va manfiy zaryadlangan elektronlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, geokimyoning ko‘pchilik masalalari, tirik organizmlardagi biologik va fiziologik jarayonlar o‘z yechimini topmoqda.

Murod TOLIBOV, 
kimyo fanlari nomzodi
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.