OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qozoqboy Yo‘ldosh. Modernizm: ildiz, mohiyat va belgilar

Kunbotish o‘lkalaridagi nazariy tipologiyaga ko‘­ra badiiy adabiyot taraqqiyotining tarixi shartli ravishda a) klassik adabiyotgacha bo‘lgan bosqich; b) klassik adabiyot bosqichi; v) noklassik adabiyot bos­qichi; g) postklassik adabiyot bosqichi singari bosqichlardan iborat ekani qayd etiladi. Agar estetika tarixi va nazariyasida aristotelcha-gegelcha-kantcha yondashuv klassik yo‘nalish deyiladigan bo‘lsa, ungacha, ya’ni an­tik davrgacha bo‘lgan bosqichning klassik adabiyotgacha deyilishida mantiq borligi ko‘rinadi. Modernizm esa aynan ana shu klassik qarashlardan yuz o‘girish, uni inkor etish natijasi o‘laroq yuzaga kelgan ilmiy-estetik qarashlar tizimi bo‘lgan edi. Dastlab modernizm o‘zini eng so‘nggi badiiy-estetik yo‘nalish tarzida taqdim etdi, ammo vaqt bu da’vo to‘g‘ri emasligini, adabiyot va san’at hodisalariga yondashish hamda izohlashning shu vaqtgacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlaridan tamomila farq qiluvchi postklassik bosqichi ham borligini ko‘rsatdi.

Juda uzoq yillar mobaynida amalda bo‘lib kelgan klassik yo‘nalishning o‘rnini egallagan noklassik falsafiy va badiiy tafakkur tarzining ifodasi bo‘lmish modernizm yo‘nalishiga xos yetakchi belgilar nimalardan iborat ekanini aniqlash g‘oyat muhim ilmiy-nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi. Modernizmning nazariy qarashlar tizimi va badiiy amaliyotida aristotelcha-gegelcha-kantcha klassik qarashlarga zid ravishda faqat borliq hodisalari hamda odamning muayyan maqsadga yo‘naltirilgan faoliyatigina emas, balki insondagi zerikish, siqilish, tushkunlik, qo‘rquv singari an’anaviy klassik san’at e’tiboridan chetda bo‘lgan ruhiy tushuncha va holatlar ham badiiy tasvir ob’ekti maqomiga ko‘tarildi; sinkretizm kuchaygani sabab falsafa badiiylashdi, musiqada ohang uyg‘unligidan yuz o‘girildi, tasviriy san’atda tashqi o‘xshashlik va shakliy garmoniyadan voz kechildi, adabiyot, teatr va kinoda hayotiy haqqoniylik o‘rniga absurd, noshayin, erotik hamda jirkanch holatlar tas­viriga ustuvor maqom berildi. Ayni vaqtda, mo­dernis­tik san’atning yuksak namunalari yaratilib, ular XX asr estetik tafakkurining o‘ziga xos klassikasi bo‘lib qoldi. Negaki, har bir modern asar oldindan puxta o‘ylab olingan qonun-qoidalar, talabu tartiblar asosida yaratildi. Hatto, har qanday azaliy qolipu tartiblarning inkori o‘laroq dunyoga kelgan asarlarda ham muayyan ichki badiiy-estetik intizom mavjud edi.

Modernizm – falsafa, san’at va adabiyot so­ha­sidagi noklassik qarashlar tizimini umumlashtiruvchi atama. Kunbotish mamlakatlarida 19 asrning so‘nggi choragida yuzaga kelgan va frantsuzcha “eng yangi”, “zamonaviy” ma’nolarini anglatuvchi modernizm o‘zini o‘sha zamon hamda kelajakdagi yagona haqiqiy estetik va falsafiy yo‘nalish hisoblab, olamni falsafiy hamda badiiy idrok etish, izohlash va tasvirlash borasida mavjud bo‘lgan an’anaviy yondashuvlarni inkor qilishi bilan ajralib turadi. Modernizm olam hodisalari va odamga munosabat, ulardagi turli-tuman holatlarni izohlash hamda tasvirlashda o‘ziga xoslikka intilib, klassik yondashuv yo‘sinini inkor etish yo‘lidan borgan g‘oyat ko‘p tarmoqli falsafiy-estetik hodisadir.

Modernizm klassik falsafadagi san’atga real voqelikning in’ikosi tarzida qarashdan voz kechib, borliqqa qat’iy bog‘lanib qolish san’atkorni cheklab qo‘yadi, u o‘z o‘yu xayollari bilan voqelikdan tashqarida turganida ko‘proq ijodiy imkoniyatga ega bo‘ladi deb qaraydi. Realistik nazariya san’atning yagona ob’ekti borliq deb bilgani sababli ham undan yuz o‘girish kerak deb hisoblaydi. San’at borliqning nusxasi emas, balki uning o‘zi alohida mustaqil borliq deb biladi. Modernistik adabiyot va san’atning barcha yo‘nalishlarda yaratilgan asarlarda unga qadar qo‘llanib kelingan an’anaviy badiiy vosita va usullar yo butunlay inkor qilinadi, yoxud ulardan tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgartirilgan holda foydalaniladi.

Ma’lumki, san’at va adabiyotdagi klassik qa­rashlar tizimi sharoitida badiiy yaratiqning aql­ga muvofiqligi (ratsionallik), ijodiy tajriba da­­­­vomida shakllangan badiiy qoliplarga rioya qi­lishi (normativlik), tasvir vosita va unsurlari orasida uyg‘unlikning mavjudligi (garmoniya), badiiy ifodaning aniq, oson va bir xil tushuniladigan bo‘lishi, kompozitsiyaning formal insoniy mantiqqa muvofiq qurilishi, har qanday badiiy asarning real hayotga muvofiq keladigan yo‘sindagi muayyan taxminiy sxematik modelga egaligi, idealni tasvirlash kerakligi, tilning oddiy so‘zlashuv nutqidan farq qiladigan tarzda silliqlangan bo‘lishi lozimligi singari talablar qo‘yilar edi. Badiiy ijodni muayyan talablarga bo‘ysundiradigan bunday klassik yondashuvlarga isyon o‘laroq yuzaga kelgan modernizm turli-tuman ko‘rinishlarga ega serqatlam falsafiy-estetik qarashlar tizimidan iborat bo‘lib, bu yo‘nalishdagi izlanishlar jamiyat hayotida keskin to‘ntarishlar hamda qaltis kataklizmlar yuz bergan sharoitda, ayniqsa, kuchayadi. Negaki, inson ijtimoiy turmushidagi keskin chayqalishlar uning tuyg‘ularini muvozanatdan chiqarib, ta’sirlanish va bu ta’sirni ifodalash yo‘sinlariga tahrir kiritadi, qarashlar tizimini o‘zgartirib yuboradi. Bu o‘zgarishlar esa odamning badiiy didini yangilaydi.

Modernizmning akmeizm, simvolizm, dadaizm, futurizm, imajinizm, syurrealizm, ekspressionizm, fovizm, shoizm, suprematizm, absurd kabi oqimlari turli ijtimoiy-ma’naviy qalqishlar davrida yuzaga kelib, badiiy adabiyotda yorqin namoyon bo‘lgan yo‘­nalishlardir. Ta’kidlash kerakki, agar oldinlari bu xildagi ijtimoiy-axloqiy silkinishlar bashariyat uchun har zamonda yuz beradigan tasodifiy holat hisoblangan bo‘lsa, endilikda tobora doimiylik kasb etib bormoqda.

Modernistik hissiy-intellektual yondashuvga ko‘­ra hayot hamisha tartibsiz va beboshvoq; inson tirik­ligining tiyiqsiz va tayinsizligi odamning hayotdan o‘z o‘rnini topolmay yolg‘izlanib qolishiga olib keladi; insonning hayoti yechimi hech qachon topilmaydigan ziddiyatlardan iboratdir. Bunday kayfiyat modernchi ijodkorlarda san’at hayotga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, unga tartib va ma’no baxsh eta olmaydi degan umidsiz to‘xtam shakllanishiga sabab bo‘ladi. “San’at san’at uchun” chaqirig‘i modernistik yo‘nalishdagi barcha adabiy oqimlarning asosiy shiori ekanining boisi shunda. Hamonki, san’at asari ijtimoiy borliqni o‘zgartirish va unga muayyan tartib berishga qodir emas ekan, hayot va uning muammolarini aks ettirishdan ma’no yo‘q deb qaraldi. Shuning uchun modernizmda ko‘proq badiiy yaratiqning ifodaviy jihatlariga e’tibor qaratilib, ob’ektiv olam hodisalari va unda qatnashadigan timsollarni tasvirlashdan ko‘ra ob’ektiv dunyo to‘g‘risidagi sub’ektiv taassurotlarni, ongos­ti impulslarning o‘yinlarini aks ettirish muhimroq sanaladi. Bu xil yondashuv san’at va adabiyotga hech kim va hech narsa oldida burchli bo‘lmagan idtimoiy-estetik fenomen tarzida qarash imkonini beradi.

Modernizm o‘zining ilmiy-nazariy asosi sifa­tida F. Nitsshening menchilik (individualistik) fal­safasiga tayangan bo‘lsa, badiiy ijod mohiyatini tushunish va izohlashda Z. Freydning psixoanalitik qa­­­rashlariga suyanadi.

F. Nitsshening menchilik falsafasiga ko‘ra jamiyat hamisha shaxsga qarshi turadi, individ va uning manfaatlari jamiyat tomonidan doim kamsitiladi, axloq va qonun ko‘pchilik tomonidan alohida shaxsning erkini zanjirband qilish uchun o‘ylab topilgan ijtimoiy-etik bo‘g‘ovlardir. Demak, jamiyat mavjudligining o‘zi bilan alohida shaxsning erkiga daxl qiladi, uning o‘ylari, tuyg‘ulari va amallarini cheklashga urinadi. Holbuki, odam hech qanday sababga ko‘ra o‘z istak­larini jilovlamasligi kerak. Insonni suyish, ya’ni gumanizm shuni taqozo etadi. Insonparvarlik darajasi shaxsga berilgan erk miqyosi bilan o‘lchanadi.

Odam ruhiyatidagi turli-tuman og‘ishlar jarayonini sinchiklab o‘rgangan Freyd insonda sodir bo‘­ladigan juda ko‘pchilik intellektual-ruhiy munosabat (reaktsiya)lar uning ongiga bog‘liq emas, odamning “men”i tabiiy ravishda hamisha ko‘ngilsizliklardan nariroq bo‘lib, imkon boricha ko‘proq lazzat olib qolishga moyil degan xulosaga keladi. U inson xatti-harakatlarining ko‘pchiligi ongosti mayllari tufayli yuzaga keladi va ularning mohiyatida asosan qo‘rquv, ochlik hamda hirsiy xohishlarni qondirish istagi yotadi deb hisoblaydi. Shu tariqa Freyd ijtimoiy hayot hodisalari yuzaga kelishini ham ongosti mayllari bilan tushuntirib, inson xulqi va ruhiyati shakllanishida ijtimoiy omillarning o‘rni kattaligini inkor etadi.

Minglab yillar mobaynida ma’rifat va ilmu fan taraqqiyotiga ko‘z tikib, ilmiy-texnik rivojlanish insoniyat hayotini farovonlashtirib, odamlararo munosabatlarning ezgulashuviga xizmat qilishidan umidlanib yurgan ijodkorlar XIX asr oxiri va XX yuz yillik boshlarida fanning shiddat bilan o‘sishi ular kutganidan butunlay teskari natijalar berganini ko‘rib, tamomila hafsalalari pir bo‘ldi. Birinchi jahon urushi keltirgan vayrongarchiliklar falsafa va san’atda modernistik kayfiyatlar avj­lanib, mustaqil yo‘nalish darajasiga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Ochun miqyosidagi urush tufayli odatiy hayot normalarining buzilishi yangicha qarash va munosabatlar tizimining yuzaga kelishi tafakkur va ijod odamlarining ko‘pchiligida falsafa va san’atni ham yangilash maylini yuzaga keltirdi. Zero, falsafa va san’at borasida shakllangan aqidalar bashariyatning ayni zamondagi fikriy va ruhiy holatlariga mos kelmay qolgandi.

Modernistik san’at jahon urushi sababli ijod­korlarning odatiy o‘zanidan chiqarib yuborilgan kay­­fiyati hamda umumiy ijtimoiy negizlarning tu­shu­narsizligi aralashuvidan yuzaga keldi. Chunki ke­chagina ijodkorlar uchun g‘oyat tushunarli va to‘liq izohlash mumkin bo‘lgan dunyo bu davrga kelib butunlay chigal va tushunarsiz bo‘lib qolgan edi. Qandaydir noma’lum kuch ijodkorni qonga botgan odamlar to‘dasi va ma’nili yo‘sinda izohlab bo‘lmaydigan tizginsiz hodisalar o‘pqoniga uloqtirib yuborganday edi.

Modernchilar o‘zgargan davrda yashayotgan kishilarning yangilangan estetik ta’biga muvofiq keladigan tamomila yangi san’at, adabiyot yaratish niyatida ratsionalizm, normativlik va garmoniyaga tayangan va borliqqa bog‘lanib qolgan mumtoz badiiy-estetik an’analardan voz kechdilar. An’anaviy san’at va adabiyotda qaror topgan qarashlardan keskin farq qilaroq, badiiy tasvirda hayotga muvofiqlik emas, balki har bir san’atkorning olamni boshqalarga o‘xshamagan tarzda individual ko‘ra bilishi bosh estetik qadriyat sanaladigan bo‘ldi. Chunki modernchi ijodkorlarning ko‘pchiligi shaxsdan tashqarida va hammaga tegishli haqiqat bo‘lishi mumkin emas deb hisoblardilar. Boshqacha aytganda, ular haqiqatning ob’ektivligini inkor etishardi. Modernchilar har bir shaxsning haqiqati alohida bo‘ladi deb hisoblardilar. Shuning uchun ham ong bilan ongsizlik hamda ularning o‘zaro munosabatlari tasviri modernchilar uchun eng sevimli va doimiy mavzuga aylandi. Modernchilar adabiyot taraqqiyotining oldingi davrlarida ijodkorlar nazaridan butunlay chetda qolgan, boshqalardan ajralib turmaydigan g‘oyat oddiy, elqatori (srednestatis­tik) odamlarning hayoti va ichki dunyosini ko‘rsatishga ayricha e’tibor qaratdilar: modern asarlarda bunday shaxslarning ruhiyatidagi g‘oyat ichkin tuyg‘ular, o‘ta nozik sezimlar mayda ikir-chikirlariga qadar batafsil qalamga olina boshladi. Personajlar hayoti va ruhiyatining oldinlari tasvirlash ayb sanaladigan xunuk va uyatli jihatlariga qadar avra-astari ag‘darib ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

Modernchi yozuvchilar badiiy tasvirga yangicha ko‘rinish berish, bir-biriga o‘xshamaydigan odamlar ruhiyatining qaytarilmas manzarasini chizish uchun shakl, vosita, usul, uslub ustida adoqsiz ijodiy tajribalar o‘tkazishdan erinmadilar. Ammo ular bosh qahramonni jamiyat qarshisida gangib qolgan yoxud unga qarshi botiniy yoxud zohiriy noroziligi bor shaxs sifatida tasvirlash borasida bir-biriga yaqin pozitsiyalarda edilar. Shafqatsiz borliq qarshisida yolg‘iz va himoyasiz qolgan bu kimsaning tuyg‘ular olami uni o‘rab turgan voqelik qarqini (sur’ati) bosimiga dosh berolmasligi oqibatida jamiyatdan begonalashib abgor bo‘lishini tasvirlash g‘oyat keng yoyildi.

O‘zigacha bo‘lgan barcha adabiy yo‘nalishlardan farqli ravishda aynan modernizm o‘z e’tiborini oddiy odamning ichki olamini tasvirlashga qaratdi. Modernchi ijodkorlar insonni o‘rab turgan voqelik va ijtimoiy muhitni yo tasvirlamasdilar, yoxud uni o‘zlarining badiiy niyatlariga mos keladigan tarzda istagancha o‘zgartirib ko‘rsatish yo‘lidan borishardi. Bunda hayotiy aniqlikka amal qilmaslik, anaxronizm oddiy hol sanalardi.

Ko‘pchilik adabiyottanuvchilar modern adabiyotni kishida qayg‘u, chorasizlik va zulmat tuyg‘ularini uyg‘otadigan badiiy hodisa hisoblaydilar. Aslida bunday tasavvur uyg‘otadigan bitiklar ko‘pincha tirik­lik mohiyatini to‘la anglab yetmoqchi bo‘lgan va bunga erisholmagani uchun dunyoi dun tartibotlaridan norozi holatda yuradigan mualliflarning kayfiyatlari natijasi o‘laroq yuzaga kelgan bo‘ladi.

Modern adabiyotning o‘ziga xosligi, birinchi nav­­batda, oldin shakllangan adabiy an’analarda ta­lab qilingani kabi badiiy tasvirda muallif va o‘qirman qarashlarida uyg‘unlik bo‘lishiga urinishdan voz kechishda namoyon bo‘ladi. Agar klassik adabiyot bosqichidagi badiiy tasvirning hayotga o‘xshashligi, voqelik va odamlararo munosabatlarni sabab-oqibat bog‘lanishlari og‘ushida ko‘rsatish modernchi nosirlar tarafidan rad etilgan bo‘lsa, modern she’riyatda qat’iy poetik tizim va mavjud ifodaviy arsenallar erkin she’riy shakl hamda ifoda xilma-xilligi tomonidan inkor qilindi. Modernchi yozuvchilar oldingi badiiy qadriyatlarni uloqtirib tashlab, o‘quvchilarni ham chuqur o‘ylanishga, ham qaysidir darajada muallifga sherik bo‘lishga majbur etadigan murakkab va yangi adabiy shakl hamda usullar qo‘llashga urindilar. Modernchi adiblar badiiy asarlardagi voqealar rivoji tasvirining xronologik tartibdagi ifoda yo‘sinini ham buzib yubordilar. Ko‘pchilik modernis­tik asarlarda tartib bilan kechadigan voqealar emas, balki odamning boshi-keti yo‘q o‘y-xayollari va chigal kechinmalari oqimi aks ettirilardi. Tuyg‘ular va o‘y-xayollar kechimi tasviri ham oldingi kabi ichki intizom bilan emas, balki betartib yo‘sinda yopirilib keladigan ong oqimi tarzida beriladigan bo‘ldi.

Klassik adabiyot namunalarida olam va unda sodir bo‘lgan hodisotlarning muayyan darajada tugallangan universal obrazi yaratilgani sababli ularni borliqning o‘ziga xos badiiy maketi o‘rnida qabul qilish mumkin edi. Chindan ham har qanday odam uchun xaos (tartibsizlik) bo‘lib ko‘rinadigan borliq klassik badiiy asarlarda muayyan boshlanish va tugallanishga ega kosmos (tartib) holatida tasvirlanardi. Modernizm esa ochun va unda umr kechirayotgan odam hayoti anglab yetilishi hech qachon mumkin bo‘lmaydigan tartibsizlikdan iboratdir va ijodkorning vazifasi real xaosdan sun’iy ravishda estetik kosmos yaratish emas, balki xaos holatining o‘zini mavjudlikning universal va doimiy shakli sifatida badiiy tasvirlab bera olishdan iborat deb hisobladi.

Menchi (individualist) yakka shaxs ongi hamda ruhiyatining cheksiz olam va tartibsiz (xaotik) hayotdagi o‘rni, qimmati nimadan iborat ekanini tushunish hamda tasvirlashga modern adabiyot va san’atning bosh masalasi deb qaraldi. Modernchi san’atkorlar olam va odamning mavjudlik tabiati ushbu masalaning mantiqiy ratsional yechimi bo‘lishi mumkin emasligini taqozo etgani sabab uni hal qilishning irratsional yo‘li samaraliroq bo‘ladi deb qaraydilar. Boshqacha aytganda, modernchilar olam va odamga doir holatlarni tushunish hamda tasvirlashda ratsional tafakkurning ijtimoiy qolipga solingan sovuq, hissiz va zerikarli fikrlash yo‘siniga individual shaxsning ongosti va xayoliy bo‘lgani bois g‘ayriixtiyoriy, irratsional o‘ylash tarzini qarshi qo‘yadilar.

Ayni shu sabab modernchi ijodkorlar o‘z badiiy yaratiqlarida turli mo‘‘jiza, rivoyat, sirli mifologik hodisalar tasviridan mo‘l-ko‘l foydalanishadi. Ta’kidlash kerakki, shu kabi moderncha yondashuvlarning islomiy Kunchiqish adabiy tajribalariga yaqinlashuvi ko‘zga tashlanadi. Negaki, islomiy-turkiy adabiyotda azal-azaldan insoniy aql bilan izohlash va anglash mumkin bo‘lavermaydigan ilohiy holatlar tasviri o‘ta muhim o‘rin tutib kelgan. Faqat birgina va asosiy farq shundaki, turkiy-islomiy mumtoz adabiyot namunalarida aql bilan izohlash mushkul bo‘lgan g‘aybga doir tasvirlar mushkulotlarning yechilishi va qahramonlar ishining o‘nglanishiga xizmat qilsa, modern asarlarda personajlar qismatini yanada og‘irlashtirish, ular urinib-surinib topayotgan yo‘lni yo‘q qilishga qaratilgan bo‘ladi. Masalan, “Malika ayyor” dostonida Shozargar mahbubasini olmaga aylantirib yonida, mahbubasi esa o‘ynashini ignaga aylantirib, yoqasida olib yursa, Nazar Eshonqulning “Bahovuddinning iti” hikoyasida ma’naviyatsiz odamlar bilan yashashdan qiynalgan ovoz rejissyori itga aylanib, ular orasida umr kechira boshlaydi. “Alpomish” dostonida toshga chandib bog‘lab tashlangan Qorajon Alpomishning piri Rajabxo‘janing ruhunati yordamida tutqunlikdan xalos bo‘lsa, “Jarayon” romanidagi Yozef K. g‘ayriixtiyoriy tarzda ishga ketayotib, suddan, sudga ketayotib, ibodatxonadan chiqib qolaveradi. Ya’nikim, folklor yoxud mumtoz adabiyot namunalarida mistik tasvirlar qahramonning holatini yengillatishga xizmat qilsa, modern asarlarda ularning qismatini og‘irlashtiradi. Ayni shu mistik holatlar tasviri aks etgan o‘rinlarda hamisha Yaratganga ishonib, unga tavakkal qilgan va butun ixtiyorini bergan mo‘min bilan Kunbotishning har bir qadamini o‘z tafakkuriga tayanib bosadigan va shunga yarasha natijaga erishishni kutadigan odami ruhiyati va qismati o‘rtasidagi keskin ayirma namoyon bo‘ladi.

Botish adabiyotida, ayniqsa, ma’rifatchilik davridan e’tiboran, olam va odamga doir barcha holatu hodisalarni inson aqli bilan izohlash mumkin va lozim, odamning tafakkuri har qanday mushkulotni yechishga qodir degan qarash qaror topgan edi. D. Defoning “Robinzon Kruzo”, J. Sviftning “Gulliverning sayohatlari”, J. Russoning “Emil yoki tarbiya”, “Yangi Eloiza” singari ko‘p asarlarda fikr odami o‘z yo‘lida duch keladigan barcha mushkulotlarni bartaraf qila olishi aks ettirilardi. Adabiyot rivojining romantizm, tanqidiy realizm va realizm singari bosqichlarida ham insoniyat taqdirida tafakkur beqiyos katta o‘rin tutishi tasviriga alohida e’tibor berildi. Juda ko‘pchilik ijodkorlar har qanday jamiyatni razolatu yovuzliklardan aynan aql qutqarishiga ishonar edilar va bu inonchlarini badiiy yaratiqlarida aks ettirardilar. Shuningdek, adabiyot ahlida hayotning badiiy tasvirga tortilgan qismi shartli bo‘lsa-da, butunlik xususiyatiga ega holda aks ettirilishi kerak degan qarash hokim edi. Modernis­tik adabiyot badiiy tasvirning makoniy va zamoniy doirasini cheklaydigan ana shu qarashlarni inkor etish orqali badiiy adabiyotning imkoniyatini yanada kengaytirmoqchi bo‘ldi. Ya’ni, modern adabiyot insoniyat tafakkurining yuksalishi unga bax­tu saodat emas, balki azobu uqubat olib kelishi ham mumkinligini konkret insoniy taqdirlar misolida ko‘rsatib berdi. Shuningdek, modernizm borliq va hayotga hech qanday tugallikka ega bo‘lmagan, son-sanoqsiz umr va taqdirlarni o‘z gumiga tortib ketaveradigan uzluksiz oqim tarzida yondashish tajribasini boshlab berdi.

Modernchilar klassik san’at asarlaridagi barcha tarkibiy tuzilmalarni isloh qildilar. Bu hol har qanday badiiy asarda muhim o‘rin tutadigan obrazlarga xarakteristika berishning o‘rni va usullariday masalada, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ladi. Modernistik adabiyotga personajlar ruhiyatining universal tasvirini berib o‘tirmaslik yoki antipsixologizm xosdir. Ya’ni, klassik adabiyotda odamga uning ruhiyatidagi muayyan belgilarga tayanib, keyingi xatti-harakatlarini bashorat qilish mumkin bo‘lgan yaratiq sifatida yondashish xos edi. Modern adabiyotda esa, odamni har bir konkret holatda o‘zgacha ruhiy jarayonlar og‘ushida bo‘ladigan yaratiq sifatida tasvirlash qaror topdi. Negaki, modernizmda odam prog­rammalashtirib qo‘yilgan mexanizm emas, balki ongosti yoxud ongdan tashqaridagi impulslar ta’sirida ham ish ko‘rishi mumkin bo‘lgan yaratiq ekani ko‘zda tutilardi. Modernchilar odamning holatiga doir barcha o‘rinlarda sabab-oqibat munosabatlariga rioya etuvchi deterministik yondashuvga qarama-qarshi o‘laroq, adabiy timsollarga ijtimoiy tavsif berish yoki ularning ruhiy holatlari sabablarini ularning o‘zidan tashqaridagi omillar bilan izohlash adabiyotning ratsional fanlar bilan kelishuvi oqibatidir va ayni shu bois g‘ayriinsoniydir deb hisoblaydilar.

Modernchilar tomonidan sevib tasvirlanadigan timsollar: Kafkaning “Evrilish”idagi xizmatchi Gregor Zamza, Joysning “Uliss”idagi Makler Blum, Kamyuning “Begona”sidagi Klerk Merso singari favqulodda yorqin xislatlarga ega bo‘lmagan “kichik odam”lardir. Ular – intellekt yo e’tiqod kuchi, yoki xarakter xususiya­ti bilan tashqaridan bo‘ladigan zug‘umlarga yetarlicha qarshilik ko‘rsata olmaydigan kimsalar. Bu obrazlar adabiyottanuvchilar aytadigan “qahramonlar” emas, balki aynan qahramon bo‘lmagan va bo‘lolmaydigan ko‘pqatori oddiy odamlardan chiqqan adabiy personajlardir, xolos. Oila, davlat, jamiyat, ishxona ular uchun hech qachon anglab bo‘lmaydigan begona, hatto, dushmanlik qiladigan ijtimoiy institutlardir.

Adabiy personajga modernistik yondashuv bayon yo‘sinining makon va zamon jihatdan izchilligi va voqealarning xronikal ketma-ketlikda tasvirlanishi shartligi talabiga ham barham berdi. Modern ijodkorlar bayonning ichki va tashqi ritmini bir-biridan ajratib, badiiy hamda birlamchi real zamon o‘rtasidagi farqni o‘zaro yaqinlashtirib bo‘lmaydigan darajada chuqurlashtirib yubordilar. Birlamchi real vaqt bu tarixiy zamondir. Tarix anglamsiz va odamlarga o‘z mavjudlik sirini ochmagani uchun modernchilarning qahramonlari tarixiy zamonda yashamaydilar yoki yashay olmaydilar. Ular ko‘proq o‘tmish va hozir yonma-yon bo‘lgan hamda kelajakdan ajratish mumkin bo‘lmagan o‘ziga xos shartli xayoliy zamonda hayot kechiradilar. Modernistik asarlarda nimaiki tasvirlangan bo‘lsa, u hamisha sodir bo‘lgan va hech qachon sodir bo‘lmagan; hamma yerda yuz bergan va hech qaerda yuz bermagan hodisalardir deyish mumkin.

Modernizm badiiy adabiyot ixtiyoridagi tasviriy vositalar tizimini ham tubdan yangilashga urindi. Adabiyotning ifodaviy ufqini kengaytirgan, odamni idrok etish va tasvirlash maromini tamomila yangilagan “ong oqimi” uning asosiy kashfiyotidir. Modernizm badiiy asarning makoniy va zamoniy chegaralarini xayol yetmas darajada kengaytirdi. Agar oldinlari badiiy asarlarda bir-ikki, oshib borsa, uch-to‘rt syujet chizig‘i tasvirlangan bo‘lsa, modern yaratiqlarda ko‘plab syujet chiziqlarining o‘zaro birlashuvi, kesishuvi, qorishib-chatishuvi, ayriluvi tasvirlanaveradigan bo‘ldi.

Modernistik asarlarda qahramonning ichki mo­nologi, uning o‘ylari, iztiroblari tasvirining mav­qei misli ko‘rilmagan darajada o‘sganligi badiiy yaratiqlarda muallif nuqtai nazari va uning nutqi ahamiyatining pasayishiga olib keldi. Modernistik adabiyot uchun hayot haqiqati va an’analarga muvofiq amalga oshirilgan tasvirga nisbatan olam hamda odamni o‘z xohishiga muvofiq tarzda tasvirlay oladigan san’atkorning erkin nazari ustuvor hisoblanadi. Muallifning nimani nazarda tutgani emas, bitganida nimalar tasvirlangani muhim sanaladi.

San’atning ijtimoiy, siyosiy, diniy, mafkuraviy kabi turli nobadiiy bo‘g‘ovlardan ustun turadigan erkin va ozod hodisa ekaniga ustuvorlik beradigan estetik strategiya modernistik yo‘nalishning asosiy belgisi sanaladi. Modernizmda klassik san’atdagi mimetik (taqlid) printsipidan butunlay voz kechilib, badiiy mazmundan ko‘ra shaklga birlamchi ahamiyat qaratildi, shaklning o‘ziga mazmundan aslo kam bo‘lmagan mohiyat tarzida yondashiladigan bo‘ldi. Natijada, badiiy yaratiqning ko‘riladigan (vizual) hamda eshitiladigan (audial) jihatlari mutlaqlashtirilib, u boshqa estetik hodisalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga ehtiyoj sezmaydigan, o‘zi o‘z borligini oqlaydigan tamomila o‘ziga xos badiiy-estetik borliq tarzida taqdim etiladigan bo‘ldi.

Modernizmda yuzaga keltirilgan badiiy yara­tiqlarning adabiy tur va janrlar borasidagi odatiy qoliplariga muvofiq kelishiga ko‘pda e’tibor qilinmaydi. Bunda san’at bilan borliq o‘rtasidagi chegara buzilib, o‘qirmanni estetik iste’molchidan ijodiy kechimning ishtirokchisiga aylantirishga uriniladi. Modernizmda adabiyot va san’at zimmasiga ortiqcha noestetik yuk ortish ko‘zda tutilmaydi. Bu qarashga ko‘ra yozuvchi va badiiy asar hech kimning oldida burchli ham, hech kimga xizmat qilishga majbur ham emas. Bu xil yondashuv modern va postmodern yo‘nalishlaridagi asarlari bilan nom qozongan hamda modernizmning nazariy asosini yaratgan italiyalik adib Umberto Eko 1980 yilda bildirgan fikr­da yaqqol ko‘zga tashlanadi: “...faqat zamonni hisobga olib va dunyoni o‘zgartirish mo‘ljali bilangina yozish mumkin degan qarash mavjud edi. O‘n yildirki, yozuvchi shaxsining erki borligi hamda azbaroyi yaratish kechimiga muhabbat tufayli ham asar yozsa bo‘lishiga ko‘pchilik ko‘nikib qoldi” . Shu vaqtga qadar badiiy adabiyot jamiyatni o‘zgartirish, davrni yaxshilash, odamlarning hayotini to‘g‘ri yo‘lga solish singari buyuk niyatlarga xizmat qilishi lozim bo‘lgan hodisa tarzida qarab kelinardi. Ayniqsa, bizda adabiyot “adab”dan olingan va u, albatta, o‘qirmanga odob o‘rgatishi kerak degan yondashuv hukmron edi (bu qarash hozirda ham o‘z mavqeini yo‘qotgani yo‘q). Modernistlar yozuvchi ham ko‘p qatori xom sut emgan banda va u o‘z bitiklarini yuqoridagiday olamshumul maqsadlarni ko‘zda tutib o‘tirmay, shunchaki o‘zining yozishga bo‘lgan ichki ehtiyojini qondirish uchun ham yaratishi mumkin degan qarashga tayanadilar.

Modernizmda badiiy ijod turli darajadagi ijtimoiy muammolarni ko‘tarish va hal etish uchun emas, balki, avvalo, san’atkorning yozish kechimining o‘zidan bahra olib, ichki bezovtalikdan xalos bo‘lishi, ikkinchidan, dunyoga kelgan asarning retsepient (o‘qirman, istemolchi)ga zavq beradigan gedonistik funktsiyani bajara olishi ijodkorning asosiy vazifasi hisoblanadi. “San’at san’at uchun” degan qarash ham aynan shu yondashuvdan suvlanadi. Modernizmda san’at asari yaratilishining o‘zi muhimdir, undan muayyan ma’no keltirib chiqarish yoki chiqarmaslik o‘qirmanning ta’bi va intellektual darajasiga bog‘­liqdir deb qaraladi.

Modernizmning, birinchi navbatda, ilmiy nuqtai nazar, falsafa va psixologiya ekani, san’atdagi turli ko‘rinishlar modernistik qarashlar tizimining amalda namoyon bo‘lishi ekanini ko‘zda tutish uni tushunish sari yo‘l ochadi. Ko‘pchilik o‘zbek olimlari va ijodkorlarida shakliy-mundarijaviy jabhadagi har qanday yangilikni modernizm hisoblashga mo­yil yondashuv qaror topganki, buni aslo to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Modernizm uzoq vaqt davomida ma’rifat yuksalishi, ilm-fan va texnika taraqqiyoti insonning hayotini farovonlashtirib, odamning tabiatiga ezgulik bag‘ishlashiga ishongan Kunbotish oydinlarining fan-texnika rivojining insoniyat boshiga solgan dah­­shatli fojialaridan voqif bo‘lgandan keyin pir bo‘lgan hafsalasi, singan ko‘ngli va umidsiz tafakkuri mahsulidir.

Ezgulik, olijanoblikning yomonlik va yovuzlik tomonidan jahoniy miqyosda mahv etilishi ijodkor kishilarda qadriyatlarga munosabatni o‘zgartirish zarur degan fikrni keltirib chiqardi. Bunda insonning o‘zi bosh qadriyat ekani, u hech kim va hech narsa oldida burchli bo‘lmasligi, o‘z ko‘ngil mayli va xohish-istaklarigagina bo‘ysunib yashashi maqsadga muvofiq degan to‘xtam ustuvor bo‘ladi. Modernizmda har bir odamga alohida yaratiq sifatida qaraladi, har qan­day odam ham odamdir va uning atrofidagi tabiiy hamda ijtimoiy borliq uning istagu manfaatlariga muvofiq bo‘lishi kerak degan qarashga asoslangan menchilik falsafasiga tayaniladi. Olami sag‘ir bo‘lmish inson aqlining olami kabir sanalmish o‘n sakkiz ming olamdagi xaotik hodisalarni to‘liq idrok qilish, bexato izohlash va bashorat qila olmasligi modernizmda tartibsiz dunyoni tushunish mumkin emas, binobarin, olam va odamga tegishli hodisayu holatlarni boshu oxiri bor mavjudlik sifatida ko‘rsatish sun’iylikdir degan to‘xtamni yuzaga keltirdi.

Freyd tomonidan ilgari surilgan ong oqimi tu­shunchasi insonning nafaqat ijtimoiy turmushi, balki aqliy faoliyati ham xaosdan iboratdir degan qarashning qaror topishiga xizmat qildi. Bu ta’limot ta’sirida insonni harakatlantiradigan yolg‘izgina omil libido, ya’ni hirsiy mayldir, odam umri davomida nimalarni o‘ylar, so‘ylar yoki qilar ekan, aslida, ehtimol, o‘zi ham bilmagan holda hirsiy mayllar yetovida yurgan, o‘sha mayllar istagini bajarayotgan bo‘ladi degan to‘xtam shakllandi. O‘z navbatida bu qarash insonga ijtimoiy-biologik jihatdan ma’qul bo‘lgan barcha narsa to‘g‘ridir va odam o‘ziga maqbul bo‘lgan biror narsadan uyalmasligi, xijolat chekmasligi kerak tarzidagi yondashuvni yuzaga keltirdi. Modernizmda yalang‘och tasvirlar ko‘payishi, erotik sahnalar badiiy tasvir ob’ektiga aylanishining sababi shunda. Bu mayl, ayrimlar aytayotganidek, insoniyatning axloqini buzib yuborish niyatida o‘ylab topilmadi, balki inson erkini har qanday cheklash zulmdir, insonga ma’qul har qanday tutum esa axloqiydir degan maksimalistik qarash tufayli dunyoga keldi. Bunday yondashuvning yuzaga kelishiga sabab menchilik falsafasiga ko‘ra individning istaklariga o‘tkazilgan har qanday zug‘um zulmdir, har bir odam betakror bo‘lgani uchun ham shaxsning xohishlarini har qanday qolipga solish unga qilingan zo‘rlik bo‘ladi. Bu falsafa nazarida, hatto, axloq ham, jamiyatda o‘rnatilgan ma’naviy normalar ham inson shaxsiga qilingan zo‘rlikdan boshqa narsa emas.

Shu xildagi qarashlar tizimi modernizm falsafasini yuzaga keltirdi. Ko‘rinib turibdiki, u adabiyot va san’atdagi shakliy tajribalardangina iborat emas, balki asosan olam mohiyatini anglash yo‘lidagi falsafiy-ruhoniy izlanishlar natijasi­dir. Shu izlanishlarga muvofiq olam va odamga o‘zgacha ko‘z bilan qarash, o‘zgacha ko‘rilganlarni o‘zgacha yo‘sinda izohlash va tasvirlash tamoyil hamda tizimlari yuzaga keldi. Umumlashtirib aytganda, modernizmni insonning Alloh va U yaratgan olamni tu­shunish hamda izohlashdagi qonuniy ojizligidan tabiiy ravishda kelib chiqqan isyon natijasidir de­yish mumkin. Ilohiy tartibotga qilingan har qanday isyon kufrdir. Odam tafakkuri kuchiga ortiqcha baho berish insonda kibr paydo qilib, uni kufrga yetaklaydigan asosiy omil o‘laroq yozg‘irishga loyiqdir. Ayni vaqtda qandayligidan qat’i nazar modernizm falsafa, san’at va adabiyotda ancha chuqur tomir otgan hodisa, binobarin, ilmning vazifasi ana shu hodisa mohiyatini to‘g‘ri izohlashdan iborat.

Millat taraqqiyotining muayyan davridan e’tiboran o‘zbek san’at va adabiyotida ham modernistik yondashuvlar bo‘y ko‘rsata boshladi. Shuni aytish kerakki, o‘zbek modernizmi bir qator o‘ziga xosliklarga egadir. E’tibor qilingan bo‘lsa, ushbu maqolaning boshida “Modernizm o‘zining ilmiy-nazariy asosi sifatida F. Nitsshening menchilik (individualistik) falsafasiga tayangan bo‘lsa, badiiy ijod mohiyatini tushunish va izohlashda Z. Freydning psixoanalitik qarashlariga suyanadi”,- deyilgan edi. O‘zbek modernizmining o‘ziga xosligi ayni shu hal qiluvchi ikki jihatga munosabatning boshqacha ekanligida namoyon bo‘ladi. Ya’ni har qanday o‘zbek san’atkori shaxs bilan jamiyatni bir-biriga mutlaq va o‘zgarmas qarama-qarshi bo‘lgan hodisalar tarzida qaramaydi. Shuningdek, o‘zbek borliqqa shaxsni mahv etishgagina xizmat qiladigan yaratiq sifatida yondashmaydi. O‘zbek ijodkori minglab yillik etno-genetik xususiyatlariga ko‘ra va e’tiqod jihatidan mo‘min bo‘lgani sabab u odam deb atalmish yaratiq aqlan qanchalik yetishmasin, ma’nan nechog‘lik kamolotga erishmasin, olam hodisalari mohiyatini hech qachon to‘liq anglab yetolmasligini biladi. Shuningdek, o‘zbek odam qanchalik urinmasin, u to‘la mukammal bo‘lolmasligi va insonlikning eng muhim belgisi uning mavjudligi o‘zga odamning mavjudligiga xalal bermaslikda ekanini tabiiy hisoblaydi.

Ko‘pchilik o‘zbeklar Yaratgan amridan tashqari ti­kan ham kirmasligiga ishonadi va umri davomida shunga ko‘nikib boradi. Uning qarashlar tizimi shunga mutanosib tarzda shakllanadi. Xuddi shu jihatlar millat falsafiy qarashlar tizimida modernistik yondashuv yetakchi bo‘lolmasligini keltirib chiqaradi. Kunbotishliklar esa olamda tasodif borligiga ishonishadi. Muayyan hozirliklar bilan o‘sha tasodiflarning oldini olish yoki uning ta’sir kuchini kamaytirish mumkin deb hisoblashadi. Ularning, hatto, qiyomat qoimdan chetda qolish mumkin deb o‘ylashlari 2012 yil 21 dekabrda yuz berishi kutilgan “apokalipsis”ga munosabatda yaqqol namoyon bo‘ldi. Ayrimlarning g‘orga, ba’zilarning yerto‘lalarga, kimlarningdir yerosti yo‘laklariga kirib jon saqlamoqchi bo‘lganliklaridan ularning bu boradagi tushunchalari ayonlashdi. Musulmon dunyosida esa, avvalo, bunday “aniq”likka ishonilmadi. Ikkinchidan, kimningdir qiyomatdan chetda qolishi mumkinligini xayolga ham keltirilmadi. To‘g‘ri, o‘zbeklar orasida ham tamomila kunbotishcha o‘ylaydigan ijodkor shaxslar bo‘lishi mumkin. Ammo ular hech qachon butun bir falsafiy-estetik yo‘nalish mavqeiga erisha olmaydilar.

Aytilgan sabablarga ko‘ra o‘zbek adabiyoti hamda san’atida modernizm olam va odamga tegishli hodisayu holatlarni izohlashda oldin mavjud bo‘l­gan qarashlarni inkor etish tarzida emas, balki ularni ko‘rish va badiiy aks ettirishning bir qadar o‘zgachaligida namoyon bo‘ladi. Shu tufayli o‘zbek mo­­dernizmini Kunbotish modernizmidan farqli o‘la­roq, olam tartiboti va uning Yaratuvchisiga ijodiy isyon natijasi emas, balki ayni shu ijodkor shaxsda kechayotgan inja ruhiy-intellektual holatning ifodasi tarzida yuzaga kelgan holatdir deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Moderncha yozayotgan o‘zbek san’atkorlari mum­toz tajribalarga tayangan holda modernizmning falsafiy postulatlariga emas, balki ko‘proq ifoda yo‘sinidagi injalik va kutilmaganlikka e’tibor qaratishyapti.

O‘zbek oydinlari orasida modernizmga iste’dodsizlikni yashirish vositasi deb qarash ancha keng yoyil­gan. Holbuki, aynan modernizm badiiy adabiyotni iste’dodsizlik va qolipdan xalos etish maqsadida yuzaga kelgan hodisadir. Aynan modernizm badiiy yaratiq mavzu dolzarbligi, fikr yangiligi, ifodaning tushunarliligi singari tashqi belgilar sababli emas, balki chindan ham betakror va original bitilgani uchun o‘qilishini istash oqibatida paydo bo‘lgan. Shuningdek, ijodkor va sinchi-adabiyottanuvchilar orasida modernizmga ommaviy madaniyatning yoyilishi va milliy didning pasayishiga sabab bo‘ladigan falsafiy-estetik hodisa tarzida qarash ham bir qadar tarqalgan. Aslida aynan modernizm chinakam badiiy ijod hech qachon ommaviy bo‘lmagan va bo‘lmasligi ham kerak degan qarash natijasi o‘laroq yuzaga kelgan. Modernistik san’atning o‘nlab oqimlaridan birortasi badiiy ijod jarayoni va bu kechim mahsulining ommaviy bo‘lishini talab qilmaydi. Modernizm uzoq yillar davomida aynan ommaviy bo‘lmagani, ko‘pchilik tomonidan tushunilmagani uchun tanqid qilib kelindi. Hatto, bugungi kunda ham modern yo‘nalishidagi bitiklarning keng omma orasida yoyilmayotganligi, u hamisha o‘zining xos o‘qirmanlarini ko‘zda tutishi ma’lum-ku?!

Modernizm o‘zining barcha turli-tuman ko‘ri­nish­larida real borliqdan yuksak mavjudlik yoki ongosti makoni singari hodisalarni bilib olish va tatbiq etishga intiladi. U asl haqiqat, hayotning mohiyati aynan o‘sha real borliqdan yuksak mavjudlikda yashiringan deb hisoblaydi. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, garchi, modernizm badiiy tilga ko‘p o‘z­gachaliklar kiritgan, tasviriy ifoda borasida jiddiy islohotlar qilgan bo‘lsa-da, mavjud badiiy tilni mutlaqo inkor etmaydi. Lekin u badiiy asar tili shaxsning ongli, ong osti va ong oqimi ta’siridagi ruhiy holatini ifodalaydigan bo‘lishi kerak deb hisoblaydi.

O‘zbek adabiyottanuvchiligida modernizm ho­di­sasi va shu yo‘nalishda bitilgan asarlarga munosabat ham o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi deyish mumkin. Keyingi yarim asr mobaynida modernizm “Bu adabiy oqim xalqqa yot bo‘lgan mazmunsiz san’atni targ‘ib etish, mistikani, fahshni kuylash, adabiy formalarning tashqi bezaklariga berilib ketish kabi burjua adabiyotiga xos xususiyatlar bilan xarakterlanadi” yo‘sinidagi siyosiy ayblovdan “...ob’ektiv voqelikning tasviri o‘rniga uning ijodkor tasavvuridagi badiiy modelini yaratishni maqsad qiladi. Ya’ni ...voqelikni aks ettirish emas, ijodkorning o‘z-o‘zini ifodalashi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ijodda sub’ektivlikning oldingi o‘ringa chi­qarilishi mantiqiy bilishdan intuitiv bilishning yuqori qo‘yilishi, inson ichki olamida kechuvchi tizginsiz evrilishlarga ayricha e’tibor berilishi, ijodkor shaxs taxayyuli va u aks ettirgan voqelikning betakror hodisa sifatida tushunilishi, o‘z o‘y-his­larini hech qanday (ma’naviy, axloqiy, siyosiy va h.) cheklovlarsiz ifodalanishi huquqining e’tirof etilishi modernizmga xos xususiyatlardandir” tarzidagi ilmiy e’tirof darajasiga o‘sib yetildi. Garchi, bugungi kunda ham “Modernizm – ashaddiy nigilist, hech qanday qonun-qoidani, aqidani, jamoani va jamiyatni tan olmaydi. Hech narsaga ishonmaydi, buning ustiga behayo, surbet. Diqqatini g‘oyaviy mazmunga emas, asosan shaklga, mavhum shaklbozlikka qaratadi. Simvolizm, impressionizm, syurrealizm, modern, ekspressionizm deganlari ham modernizmning turli tarmoqlaridir. Barchasi realizmga qarshi, barchasiga tushkunlik xos ” tarzidagi hamda modernistik yo‘nalish o‘zbek adabiyoti uchun mutlaqo begona, milliy adabiyotimizda bu yo‘lda yaratilgan birorta ham asar yo‘q, u ayrim ijodkorlarning o‘z iste’dodsizliklarini yashirish vositasidan boshqa narsa emas qabilidagi yondashuvlar mavjud bo‘lsa-da, adabiyot jabhasida yuz berayotgan o‘zgarishlarga sog‘lom va xolis nazar bilan qaraydigan ko‘pchilik mutaxassislar tomonidan “Modernizm hayotni yuzaki, naturalistik ...qolipda tasvirlashdan ko‘ra voqea-hodisalarning falsafiy mohiyatini ochish, ichki jarayonini yoritishni afzal bilgan adabiy oqim” ekani qayd etilmoqda. Ayni vaqtda, modern yo‘nalishning mohiyatini “...modernizm tanqidiy realizm, xususan, sotsialistik realizm aqidalariga qarshi turgan adabiy oqim bo‘lib, asrning oltmishinchi yillarida o‘z umrini yashab bo‘ldi va o‘rnini postmodernizm deb ataluvchi yangi oqimga bo‘shatib berdi” tarzida biroz shoshqaloqlik bilan izohlashga urinishlar ham barham topgani yo‘q.

Milliy adabiyottanuv ilmida modernizmni fa­qat turli shakliy izlanishlarni amalga oshirishdangina iborat kechim tarzida tushunish ham keng yoyilgan. Bunga ko‘ra, badiiy ifodada mavjud an’analardan har qanday chekinishga modernizmning yuzaga kelishi tarzida qaraladi. Umuman olganda, juda teran yozilgan bir maqoladagi: “Salim Ashur ijodida shak­liy, mantiqiy tajribalar, ya’ni modern she’rlar salmoqli o‘rin tutadi. Ayni paytda shaklbozlikka, eksperimentlarga mahliyo bo‘lib, she’rning asosiy sharti – tirik qalbning tirik tuyg‘ularini chetlab o‘tmaydi”, – shaklidagi qarashlar bitilgani fikrimizning asosidir. Modernizmday serqirra estetik hodisani bu qadar jo‘n va yengil izohlashga doir misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Yondashuvlar tizimidagi bunday xilma-xillikni tushunish mumkin. Chunki jarayon to‘xtagani yo‘g‘u hamon kechmoqda. To‘xtamagan kechim borasidagi to‘xtamlar ham xilma-xil bo‘lishi tabiiy. Shunga tayangan holda badiiy ijodda paydo bo‘lgan biror yo‘nalish, jumladan, modernizm ham izsiz yo‘qolib ketmaydi. Insoniyatning badiiy didi takomillashib borgani sari ijod kechimi ham borgan sari turfalashib boraveradi deb o‘ylaymiz.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 9-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.