OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Turkiston Muxtoriyatining madhiyasi

1917 yil 26—29 noyabrda Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan Umummusulmonlar qurultoyi Turkiston Muxtoriyati hukumatining tashkil topganini e’lon qilgan. Uzoq tarixiy davrlar mobaynida ijtimoiy tarqoqlik va mustamlakachilik sharoitida yashagan, shu tufayli xonavayron bo‘lgan o‘lkada Muxtoriyat hukumatining barpo etilishi taraqqiyparvar kishilar tomonidan katta quvonch va shodlik bilan kutib olingan. Turkiston xalqlarining taqdiri bilan kuyingan Cho‘lpon birinchi bo‘lib Muxtoriyatni olqishlovchi “Ozod turk bayrami” she’rini yozgan. Muxtoriyatning e’lon qilinishiga bag‘ishlangan namoyishda esa otashin nutq so‘zlab, nutqi orasida badiha yo‘li bilan “Ollohu akbar” she’rini aytgan va bu she’rning har bir satridan keyin namoyish ahli “Ollohu akbar!” so‘zlari bilan shoirga jo‘rlik qilgan.

“Ozod turk bayrami” she’ri varaqa shaklida tarqatilib, Muxtoriyatning madhiyasi sifatida xalq orasida ijro etilgan. Mazkur varaqalardan biri qo‘qonlik taniqli adabiyotshunos Ahmadjon Madaminov tomonidan topilgan va u bu she’rni ilk bor e’lon qilish huquqini kaminaga lutfan bergan. She’r “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1991 yil 20 sentyabr sonida tegishli izoh bilan e’lon qilingan.

Naim Karimov, “XX asr adabiyoti manzaralari” kitobidan

CHO‘LPON

OZOD TURK BAYRAMI

Ko‘z oching, boqing har yon!
Qardoshlar, qanday zamon!
Shodlikka to‘ldi jahon!
Fido bu kunlarga jon!

Naqorat:
Turkistonlik — shonimiz, Turonlik — unvonimiz,
Vatan — bizning jonimiz, fido o‘lsun qonimiz!

Bizlar temir jonlimiz!
Shavkatlimiz, shonlimiz!
Nomusli, vijdonlimiz!
Qaynagan turk qonlimiz!

Naqorat

Bo‘ldi kenglik, zo‘rlik yo‘q,
Berildi bizga huquq!
Taraqqiyga yo‘l ochuq!
Jaholatga yo‘l yopuq!

Naqorat

Muxtoriyat olindi,
Ishlar yo‘lga solindi,
Milliy marshlar cholindi,
Dushman o‘rtansun endi!

Naqorat

Shodlik, xursandlik chog‘lar,
Ketsun yurakdan dog‘lar,
Vatan bog‘indan zog‘lar!
Selkullasun bayrog‘lar!

Naqorat

Hurriyat — bayrog‘imiz,
Adolat — o‘rtog‘imiz,
Xursand bo‘lgan chog‘imiz
Mevalansun bog‘imiz!

Naqorat

Turk beshigi — Turkiston!
Yeri oltun, tog‘lari kon!
Bolalarn qahramon!
Vatan uchun berur jon.

Naqorat

Turkistonlik — shonimiz, turonlik — unvonimiz,
Vatan — bizning jonimiz, fido o‘lsun qonimiz!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.