OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdurashid Mamadolimov. Kanada kundaliklari (2012)

Kolgotkali chol

Yigirma daqiqa ma’ruza qildim. Hech kim savol bermadi. Kanadalik professor Bill Sands ma’ruzamga biroz qiziqqandek bo‘ldi, mujmal qilib bir narsalar dedi. Yana tayvanlik Wei-Tian Li va koreyalik Joon Yop Leelar bilan tanaffus paytida biroz suhbatlashdik.  

Shu bilan mening konferensiyadagi faol ishtirokim tugadi. Yarim soatcha davom etdi bu faollik. Ana shu yarim soat uchun men dunyoning narigi chetidan uchib keldim. Avval Kuala Lumpurdan Honk Kongga, keyin Torontoga va nihoyat, Halifaksga - jami 21 soat uchdim.

Malayziyada ilmiy konferensiyalar ortiqcha dabdaba va shov-shuv bilan o‘tkaziladi, yaxshigina pul sarflanadi. Men hozir hikoya qilayotganim – Kanadadagi konferensiya tamomila buning aksi edi. U kamtarona boshlandi. Konferensiyaning ilk kuni binoga kirib kelarkanman, “Adashib kelmadimmi?” degan xayol o‘tdi mendan. “Yoki konferensiya qoldirildimikan?” “Esi joyidami bularning, men qo‘shni qishloqqa borgan bo‘lsam ekan, uzr, to‘y bugunmasmidi?”, - deb qaytib ketaversam.

Adashmagan ekanman, biroz o‘tib odamlar ko‘paydi, bir chetda konferensiya ishtirokchilarini ro‘yxatga olish boshlandi. Men ro‘yxatdan o‘tishga navbatga turvolib, ishtirokchilarni kuzata boshladim. Mendan oldiroqda turgan odamga tikilib qoldim: gavdali, salkam beliga tushadigan oppoq sochini bitta qilib turmaklab olgan, oppoq soqoli butun ko‘ksini egallagan, qo‘lida yoqilmagan trubka, yetmishlarni qoralagan bu chol boshqalardan butunlay ajrab turardi. Cholning o‘ziga xosligi uning turmaklangan sochi yoki ko‘ksini to‘ldirgan soqolida emasdi. Xatto qo‘lidagi trubkasida ham emasdi. U boshqa jihati bilan mening diqqatimni o‘ziga tortdi: chol ayollarning qalin qishki qora kolgotkasini kiyib olgandi. Men bir nafas tushunolmay turdim. Ishonmay desam, ikki qadam narida turibdi. Kulgim keldi. Atrogfa qarasam, cholga hech kim parvo qilmayapti. Meni “malayziyalik qishloqi” deb atashmasin tag’in, o‘zimni zo‘rg’a bosib oldim. Bu Kanada deganlari ancha sovuq joy ekan, u odam issiq yurtlardan kelgan bo‘lsa, o‘zi bilan issiq kiyim olmagan bo‘lsa, yoshi bir joyga borib qolgan, shamollab qolmay deb, xotinining kolgotkasini kiyib olgandir – Nima bo‘pti?, - dedim o‘zimga o‘zim.

Erkaklarning oyog’i qanchalik qiyshiq va xunuk bo‘lishini endi bildim. “Balki bu odamni konferensiyaga umuman aloqasi yo‘qdir, ko‘chadagi daydilardandir” degan xayol ham o‘tdi mendan. Lekin birozdan keyin “kolgotkali chol” ham ro‘yxatdan o‘tdi va bo‘yniga hamma qatori konferensiya ishtirokchisi degan bo‘yinbog’ni osvoldi.

John Nash degan mashhur amerikalik matematik bor, hozir sakson beshga borib qoldi. U Nobel mukofoti laureati. John Nash buyuk matematik bo‘lishi bilan birga, aqliy jihatdan to‘liq sog’lom emasligi bilan ham tanilgan, ya’ni sal “anaqaroq”. U haqda Hollivud kino ham ishlagan: “Buyuk tafakkur” deb tarjima qilsa bo‘lar film nomini. Nazarimda, bizning kolgotkali cholimizda ham John Nash bilan qandaydir umumiylik bor edi. 

 

Afro-kanadaliklar

- Kechirasiz, ser, - deb murojaat qildim  menga orqasi bilan turgan aeroport xodimiga.

Xodim menga o‘girildi. Shunda uning qora tanli ekanligini payqadim. U saqich chaynab turar, men bilan gaplashgan 2-3 daqiqa davomida saqichini chaynashni bir lahza ham to‘xtatmadi.

- Ser,  men  192-avtobusga  bilet  olishim  kerak,  qayerdan  olsam  bo‘ladi  uni?, -  deb

so‘radim men qora tanli aeroport xodimidan.

Keling, biz qora tanli kanadaliklarni, rasmi-rusmini joyiga qo‘yib, “afro-kanadalik” deb ataylik. “Afro-kanadalik” xodim javob berishga shoshilmadi. Menga bezrayib tikilib, saqichini chaynab turaverdi. U menga “Shuniyam bilmaysanmi?” degandek qarab turardi. “Albatta bilmayman, Torontoga birinchi kelishim bo‘lsa, hali samolyotdan tushganimga bir soat ham bo‘lmagan bo‘lsa, qaydanam bilay? Sen ham bir bizning qishlog’imizga borgin, tuman markaziga qatnaydigan “Damas”larning to‘xtash joyini topolmay, qanaqa qilib anqayishingni ko‘raman”. Men “afro-kanadalik”ka tikilib turaverdim, “Ey, bor-ey” deb ketvormadim. Har tugul, u bilet sotiladigan joyni ko‘rsatib yubordi.

Oradan bir soat ham o‘tmay yana bitta g’alati “afro-kanadalik”ka duch keldim. Aeroportda o‘tirgan avtobus meni metroga olib kelib tashladi. Metroning huvullab yotgan uzun bekatida ikkitagina yo‘lovchi bor edik: biri men, ikkinchisi “afro-kanadalik” yosh yigit. Ikkalamiz ikki platformada, oramizda ikki qator poezd yo‘li bor. “Afro-kanadalik”ning qo‘lida pivolik butilka, quloqlarida naushnik, u berilib rep raqsiga tushar, qo‘shiqqa jo‘r ham bo‘lardi. Uning kiyimi ham “tipichniy” afro rusumda edi: oyoqda ipsiz krossovka, jinsi shim, mayka va kepka. Uch yoshli bola ishni chatoq qilib qo‘yganda shimi osilib qoladi-ku, “afro-kanadalik”ning jinsi shimi ham xuddi o‘shanaqa edi. Avvaliga “afro-kanadalik” meni sezmadi, ko‘rgandan keyin… Nima deb o‘ylaysiz, uyalib qo‘shig’i-yu, raqsini bas qildi debmi? Men ham shunday umid qilgandim. Lekin u aksincha, meni ko‘rib avjiga chiqdi. U bitta bo‘lsa ham tomoshabin topilganidan xursand edi. Ajoyib bir tomosha – bir ijrochi va bir tomoshabindan iborat konsert davom etayotgandi, mening poezdim keldi-yu, men ijrochimni bekatda yolg’iz tashlab ketishga majbur bo‘ldim.

 

Ontario sohilida

Bolaligimizda “Ontario sohilidagi voqea” nomli filmni qiziqib tomosha qilardik. Film qahramonlari Nat Bumpo va bir necha filmlar orqali mashhur bo‘lgan personaj – Chingachguk edi. Film Chingachguk va Natning qanday qilib ingliz harbiylari joylashgan qal’ani mahalliy hindu qabilalari xurujidan himoyalanishga yordam bergani to‘g’risida edi. Film voqealari Ontario ko‘li sohillarida kechadi. Bu ko‘l Kanadada joylashgan, aniqrog’i, uning teng yarmi Kanada hududida, qolgan yarmi esa Amerika yerlaridadir: chegara ko‘l o‘rtasidan o‘tkazilgan. Ontario shimoliy amerikadagi “Buyuk ko‘llar” deb nomlanuvchi beshta ko‘lning bittasi. Toronto shahri shundoq Ontario sohilida qad ko‘targan. Men Torontodagi “Novotel Toronto Centre” nomli mehmonxonaga qosh qorayganda yetib keldim. Yuvunib oldim-u, tungi Torontoni aylanishga shoshildim. Ertasiga ertalab esa birinchi borgan joyim Ontario ko‘li bo‘ldi, uning qirg’oqlari men turgan mehmonxonadan 10 daqiqalik piyoda yo‘l edi. Qirg’oq kimsasiz edi. Yoz kirib kelgan bo‘lsa-da, havo etni junjuktiradigan salqin edi. Ko‘lning narigi qirg’og’i, u bu yerdan 50 chaqirimcha masofada extimol, Amerikaning Nyu York shtatidir. Ko‘l bo‘yida junjukib o‘tirib xayollarga berildim. Bir payt qarasam, ro‘paramda Chingachguk miltiq o‘qtalib turibdi.

- Mister qaysi qabiladan? - deb so‘radi Chingachguk.

“Qabilamish… Hech bo‘lmasa ko‘zoynagim hurmatini qilsang bo‘lardi. Mening yevropalikmasligimni, ya’ni “oq tanli” emasligimni sezdi bu g’alamis.”

- Mister Malayu qabilasidan, - dedim jahl bilan.

- Chingachgukning dushmanlari orasida bunday qabila yo‘q, - deb, u miltig’ini tushirdi.

Har tugul, qora ro‘yxatda yo‘q ekanman.

- Malayu qabilasining yerlari qayerda joylashgan? - deb davom etdi  Chingachguk menga yaqinroq kelib.

- Judayam uzoqda, dengizning narigi tarafida.

- Mister kemada keldimi?

- Shunaqa desayam bo‘ladi, - dedim men gapni qisqa qilish uchun, unga samolyotni qanday tushuntiraman.  

- Mister bizning yerlarga nima maqsadda keldi? - davom etdi Chingachguk.

- Chingachgukning yerida butun dunyo qabilalaridan matematiklar yig’iladi.

Matematik masalalar muhokama qilinadi. Ulkan yig’in bo‘ladi. Men ham Malayu qabilasidan shu yig’inga vakil bo‘lib keldim.

- Matematiklar kimlar? Matematik masalalar qanaqa masalalar?

- Hmm… Masalan, qabiladagi odamlar va otlarning boshlari soni birgalikda 53 ta, oyoqlar esa 166 ta. Qabilada nechta odam va nechta ot bor? Mana shu matematik masala. Shu singari masalalarga javob topib beruvchilarni matematiklar deyishadi.  

- Qabilada nechta erkak bo‘lsa, shuncha ot bo‘ladi, har bir erkakning bittadan oti bor, – dedi Chingachguk ishonch bilan.

- Afsuski hozir unaqa emas, Chingachgukjon, hozir qo‘sh otlilar bor, uchta otlilar bor, hatto butun uyurga egalik qiladiganlar ham bor. Shu bilan birgalikda otsizlar ham ko‘p.

Chingachguk gapimga unchalik tushunmay tikilib turdi-da, keyingi savolini berdi:

- Misterning oti bormi?

- Mister umrida ot minmagan.

- Mister ot minmaydi, lekin otning oyog’ini sanaydimi?

- …

- Mister Malayu qabilasi haqida gapirib bersin.

Juda sergap ekan-ku bu Chingachguk deganlari. Kinodagisi kamgap, kamtargina edi.  

- Mister Malayu qabilasidan emas, aslida O‘zbek O‘lkasidan, vaqtincha Malayu qabilasiga yordam berib yuribdi. Chingachguk ham oq tanlilarga yordam berib yuradi-ku, to‘g’rimi? Lekin o‘z qabilasiga sodiq, shundaymi? Mister ham shunaqa. O‘zbek O‘lkasining yerlari ajoyib joylar. Odamlari mehmondo‘st…, - men yurtimizni ko‘p ta’rifladim.

- Endi Mister ketishi kerak. Yig’in o‘tkaziladigan joygacha hali yana 800 mil yo‘l bor.

Yo‘lga chiqishdan oldin esa qabilangiz chaylalari qurilgan yerni - Torontoni aylanib ko‘rmoqchiman, - dedim men.

- Mister yana biroz qolsin, - deb iltimos qildi Chingachguk.

- Mister bitta gapiradi, - deya Chingachguk bilan xayrlashdim. Men nari ketarkanman,

Chingachguk “g’aq” etgan g’alati bir ovoz chiqardi, binolar orasidan dup-dup etib sag’rindor bir ot chiqib keldi. Chingachguk otga chaqqonlik bilan sakrab mindi, ot sohil bo‘ylab o‘qday uchdi…  

O‘shanda Chingachguk bilan rostanam gaplashdimmi, yoki sohil bo‘yida ko‘zim ilinib, tush ko‘rdimmi, yoki bu voqeani keyinroq to‘qib-bichidimmi, menimcha, ahamiyati yo‘q, shundaymasmi?..

Kanada go‘zal tabiatga ega, tabiat mo‘jizalariga boy o‘lka. Mo‘jizalardan biri dunyoga mashhur Niagara sharsharalari bo‘lib, u Torontodan 130 chaqirimcha narida edi. Men Niagaraga borish haqida ko‘p o‘yladim, lekin Torontoda bor-yo‘g’i bir sutka bo‘lardim xolos. Bu vaqt ichida ham 19 soatlik parvozdan keyin uxlab dam olish, ham shaharni tomosha qilish, ham Niagaraga borib kelish qiyin edi. Bir taksichidan “Qanchaga oborib kelasan?” - deb so‘rasam, “350$ dan kamiga hecham iloji yo‘q”, - dedi. Men qimmatsiradim, bormadim. Lekin hali achinsam kerak bormaganimga. Chunki Niagara bunga arzirdi. Bormaganim, ko‘rmaganim uchun Niagara sharsharasini bu yerda ta’riflab o‘tirmayman. 

 

“Titanik” halokatidan 100 yil o‘tib

“Titanik” filmini tomosha qilmagan odamni topish qiyin. Film real voqealikka asoslanganligini, ya’ni rostanam shu nomli ulkan yo‘lovchi tashuvchi kema 1912 yil 14 aprel tunida Atlantika okeanida muz tog’i – aysbergga to‘qnashib ketishi natijasida halokatga uchraganini ham ko‘pchilik biladi. “Titanik” 10 aprel kuni Birlashgan Qirollikning Sausempton shahridan Amerikaning Nyu Yorkiga qarab yo‘lga chiqqan edi. Lekin u manzilga yetib borolmaydi, yo‘lga chiqqanining 4-kuni u suvga g’arq bo‘ladi. Halokat natijasida kemadagi 2224 odamdan faqat 710 tasi tirik qolgan, 1514 kishi xalok bo‘lgan. Bu yil “Titanik” halokatiga 100 yil to‘ldi.

Endi halokatning hamma ham bilavermaydigan bir tarafi haqida eshiting. Halokat sodir bo‘lgandan keyin voqea joyiga birinchi bo‘lib “Carpathia” nomli kema yetib borgan va qutqaruv qayiqlarida jon saqlab turgan 710 odamni qutqarib, Nyu Yorkka olib ketgan. “Carpathia” ham o‘sha paytda Atlantika okeanida bo‘lgan, u “Titanik”ka eng yaqin masofadagi kemalardan biri edi. “Carpathia”dan keyin halokat joyiga yana boshqa kemalar kelishda davom etgan va ulardan eng birinchisi halokat joyiga eng yaqin bo‘lgan shahar – Halifaksdan chiqib borgan “Mackay-Bennett” Kanada kemasi edi. Kema yetib kelganda “Titanik”dan tirik odamlar qolmagan edi. Lekin kema “Titanik”ning ayrim qoldiqlari va, eng muhimi, jasadlarni olib kelish maqsadida borgan edi. Qutqaruv kamzuli kiygan “Titanik” yo‘lovchilari va kema ekipaji a’zolari suvga cho‘kib ketmagan, balki suv yuzida qolgan. Shuning uchun ham ularning jasadini yig’ib olish uncha qiyin emasdi. Nega suvga cho‘kmagan bo‘lsa ular tirik qololmadi? Axir “Carpathia” halokatdan bir necha soat o‘tib yetib kelgandiku. Ular ikki holatda o‘lim topgan: ayrimlari qattiq qo‘rquvdan yuragi yorilib o‘lgan, qolganlari esa o‘ta sovuq suvda bir necha daqiqalardayoq muzlab qolgan, suv harorati −2° C edi. Ayni paytda bu sovuq suv o‘liklarni yaxshi saqlanib qolishiga ham xizmat qilgan. Kanada kemasi 328 ta jasad yig’adi. Lekin buncha o‘likni olib ketishning imkoni yo‘q edi. 200 tasini olib ketsa bo‘ladi. Nima qilish kerak? 100 ta ortiqcha o‘likni qaytadan okeanga tashlash kerak. Shunday qilishgan ham. Lekin bu holatni yumshoqroq qilib “… okeanga dafn qilindi” deb yoziladi tarixiy manbalarda. Dafn qilinganmish… Lekin bu fojeaning hammasi emas. Gap shundaki, okeanga qayta tashlab yuborilgan o‘sha 100 ta o‘lik – bu uchinchi klass yo‘lovchilari bo‘lgan. Eng kambag’al yo‘lovchilar o‘ligini bahridan o‘tishgan. Uchunchi klassni ajratib olish qiyin bo‘lmagan, yuqorida aytganimdek, o‘liklar yaxshi saqlanganligi bois, ularning kiyimidan darrov qaysi klass ekanligini farqlash qiyin emasdi. “Titanik” filmini eslasangiz, uchunchi klass yo‘lovchilari qamab qo‘yiladi, ular qutqaruvdan mosuvo qilingan holda o‘limga hammadan erta mahkum qilinadilar. Bu faqat kinodagi syujet emas, balki real hayotda ham shunday bo‘lgan. Tirikligida shunday xo‘rlangan kambag’allar o‘lgandan keyin ham izzat topmadilar, o‘liklar ham klasslarga ajratildi…

Olib kelingan jasadlarning aksariyati - 150 tasi Halifaks shaxridagi 3 ta qabristonga ko‘milgan, ularning 121 tasi “Fairview Lawn” nomli qabristondadir. Fairview Lawn qabristoni Halifaks shahrining shimoliy-g’arbiy qismida, Bedford Basin qo‘ltig’i qirg’oqlaridan sal narida joylashgan. Men shu qabristonni borib ko‘rdim. Qabriston ko‘m-ko‘k maysa bilan qoplangan. Qabrlar bir tekis joylashgan, ularga bir xil qilib qabrtosh qo‘yilgan. Qabrtoshlarga ism-sharif va hamma qabrlar uchun bir xil - o‘lgan sana bitilgan: “15 aprel, 1912 yil”. “Titanik” 14 aprel tungi soat 23:40 da muztog’ga uriladi va oradan 2 soatu 40 daqiqa o‘tganda butkul cho‘kib ketadi. Shuning uchun ham unda halok bo‘lganlar uchun 15 aprel sanasi yozilgan. Qabrlarning uchdan bir qismida ism-sharif yo‘q, faqat nomer yozilgan, bu qabrlarda yotganlarning shaxsi aniqlanmagan. Bu yerdagi ikki qabr turistlarning alohida e’tiborini tortadi. Biri “Noma’lum bola” qabri. Unga ikkita tosh qo‘yilgan, birida uni “Noma’lum bola” deb atashgan. Yaqinginada, bundan 10 yilcha burun, bolaning shaxsi aniqlangani ma’lum qilindi va “Sidney Goodwin” ismli ikkinchi tosh ham qo‘yildi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, bor-yo‘gi 1,5 yoshli bu ingliz bolasining butun oilasi ham “Titanik”da halok bo‘lgan. Yana bir qabrda “J.Dawson” deb yozilgan. Esingizda bo‘lsa, “Titanik” filmi bosh qahramoni Jack Dawson edi. Ko‘pchilik film rejissyori  James Cameron bosh qahramon ismini o‘sha qabrtoshdagi “J.Dawson”dan olgan deb hisoblaydi. Film tufayli bu qabrga qiziqish ortib ketadi, turistlar qabrga gullar qo‘yadilar. “J.Dawson” haqida aniqroq ma’lumotlar olish uchun tadqiqotlar o‘tkaziladi va aniqlanishicha, qabr egasi Joseph Dawson degan yigit bo‘lib, u irlandiyalik bo‘lgan va “Titanik”da hammol - pechkaga ko‘mir tashlovchi bo‘lib ishlagan. James Cameron qahramoniga rostanam ismni shu qabrdagi ismga asoslanib olganmi yoki yo‘qmi – buni biz bilmaymiz, lekin agar shunday bo‘lganda ham, qahramon atrofidagi barcha voqealar film mualliflarining badiiy to‘qimasidir. Albatta, “Titanik” halokati bundan mustasno, u to‘qima emas, halokat rostanam ro‘y bergan edi. Men halokatdan 100 yil o‘tib, unda halok bo‘lgan 121 odam qabrini ziyorat qildim…

 

Qurumsoqlar

Kanadadagi konferensiayga qaytamiz. Keling avval sizga Malayziyada bu kabi konferensiyalar qanday o‘tkazilishini aytib beray. Malayziyada aksariyat konferensiya tashkilotchilari universitetlar bo‘lsa-da, konferensiya hech qachon universitetda o‘tkazilmaydi, balki shahar markazidagi yoki dengiz bo‘yidagi qimmatbaho mehmonxonalarda o‘tkaziladi. Konferensiya o‘tadigan joy yaxshilab bezatiladi. Konferentsiya ochilish marosimiga albatta yuqori martabali amaldorlardan biri tashrif buyuradi, uning ismi sahnaga chiroyli qilib “Falon konferensiyani Pistonchi ochib beradilar” degan mazmunda yozib qo‘yiladi. Ochilish marosimiga o‘ta rasmiy tus beriladi, hammayoqni jurnalistlar bosib ketadi. Kuniga 4-6 mahal ovqat beriladi. Tushlik va kechki ovqatlarda yuzlab turdagi taomlar sizga muntazir bo‘lib turadi. U yoqda salatlar, yonida har xil gazaklar, bu yoqda sho‘rva, yonidan asosiy go‘shtli taomlar keladi, mol va qo‘y go‘shtining bir necha xilda pishirilganlari, anavi tarafda baliq va men tanib-tanimaydigan allambalo dengiz mahsulotlaridan ovqatlar, beriroqda ichimliklar, nariroqda shirinliklar, mana bunisi turli mevalar… Mevalarni yonida qaynoq suyuq shokolad fontan qilib oqizib qo‘yilgan, ananas yoki kivining bir bo‘lagini olib, uni oqib turgan qaynoq shokoladga belab yeyishingiz mumkin…

Malayziya konferensiyalarida yana turli sayohatlar ham tashkil qilinadi, masalan, kemada dengiz bo‘ylab tungi safarga chiqib, kechki ovqatni ummon va osmon oralig’ida tanavvul qilishingiz mumkin. Yana turli ko‘ngilochar tomoshalar, konsertlar ham uyushtirilishi mumkin. Ana shunaqa, Malayziyada konferensiya o‘tkazishni qoyil qilib uddalashadi. Ha endi “To‘y to‘ydek bo‘lsin, mahallada duv-duv gap bo‘lsin”-da, nima dedingiz?!

Endi Kanadada qanday bo‘lganini eshiting. Konferensiya mehmonxonada emas, universitetda o‘tkazildi. Bu Halifaksdagi Dalhousie Universiteti edi. Birinchi kuni, men o‘ylagandek, bizni karnay-surnay bilan kutib olishmaganini yuqorida yozgandim. Konferensiyani ochish uchun 10 daqiqa vaqt yetarli bo‘ldi, bu vaqt mobaynida konferensiya bilan bog’liq turli e’lonlar aytib o‘tildi, ochilish marosimiga birorta ham amaldor kelmadi. Kuniga 2 mahal … choy berildi, 2 donadan yorma unidan qilingan pechen’e bilan… Qolgan barcha ovqatlanishlar o‘z hisobimizdan bo‘ldi. Oxirgi umid kechki ziyofatdan edi. “Mayli, Celine Dion kelmasa ham, dasturxonni baquvvat qilishsa bo‘ldi”…

O‘sha kuni men “ziyofatdan” keyin mehmonxonaga qaytib, u yerdagi restoranda ovqatlandim…

Shuni aytishim kerakki, konferentsiya Kanadada o‘tayotgan bo‘lsa-da, uning tashkilotchisi Amerikaning SIAM – Sociaty for Industrial and Applied Mathematics – Industrial va Tatbiqiy Matematika Jamiyati edi. Ana sizga dunyodagi eng boy mamlakat Amerikaning tejamkorligi.

O‘rni kelganda Kanada va Malayziyadagi konferensiyalarning ilmiy salohiyatini ham taqqoslab ketmasak insofdan bo‘lmas. Bu yerdagi tafovut ham xuddi shokoladga belangan ananas bilan 2 dona yormali pechen’e orasidagi farq kabi edi. Lekin bu safar yutuq Kanada tarafida ekanligini aytib o‘tirmasam ham tushunarli bo‘lar.    

 

Boram

Konferensiya sho‘balarga bo‘linib ishladi. Men, asosan, o‘zim ma’ruza qiladigan sho‘bada ishtirok etdim. Lekin bir safar boshqa sho‘ba majlisida ham qatnashdim. Majlis endi boshlangan edi hamki, yonimga qisiq ko‘z yosh ayol kelib o‘tirdi. Men unga bir qarab qo‘ydim. Ma’ruza uchun ham qisiq ko‘zlardan biri taklif qilindi. Atrofimga qarasam, qisiq ko‘zlar 7-8 chog’li ekan. Ular xitoylik, yaponiyalik, koreyalik, tayvanlik, vyetnamlik, laoslik, hong konglik, singapurlik, va hakazo bo‘lishi mumkin. Hammasining ko‘zi qisiq. Ularni bir-biridan ajratish qiyin, lekin men 6 oy Koreyada yashaganman, mana bir necha yildan beri malayziyalik xitoylar orasidaman (Malayziya aholisining uchdan bir qismi xitoy). Shuning uchun, koreyalik va xitoylikni gapidan yoki tashqi ko‘rinishidan ajratib olishim mumkin. Hozir ham darrov sezdimki, xonadagi qisiq ko‘zlar koreyaliklar edi. Men sergaklandim. Qo‘limdagi konferensiya dasturidan ma’ruzachi ism-sharifi, qaysi universitetdan ekanligini bir karra tekshirdim. U menga tanish emas edi. Lekin qilinayotgan ma’ruzada hammualliflar bor edi. U yerdagi bir ism menga tanish tuyuldi: BORAM… Boram ismli qiz bilan bir vaqtlar Seul Milliy Universiteti da birga o‘qigandik. Yana atrofga ko‘z yugurtirdim. Hafsalam biroz pir bo‘ldi, qisiq ko‘zlar orasida ojis jins vakillari yo‘q edi. Shoshma, yoningdagi ayol-chi? Nega unga qaramayapsan? Nahot shu Boram bo‘lsa? Men yonimda o‘tirgan ayolga uzoqroq tikilib, tanidim, rostanam u Boram edi.

- Boram?, - deb yubordim baland ovozda. Hamma menga qaradi. Yonimdagi ayol sal xijolat bo‘lib, tikilib turardi.  

- Siz Boramsiz, shundaymi? Koreyadan, Seul Milliy Universitetida o‘qigansiz? - endi men pichirlab gapira boshladim.

- Ha, men Boramman, Seul Universitetida o‘qiganman, siz buni qayoqdan bilasiz?

Men Boramga o‘zimni eslatdim. Boram meni darrov tanimay, uzoq tikilib qoldi. Keyin birdan:

- Voy, naxot bu siz, to‘lishib ketibsiz, - deb yubordi.

Biz boshqalarga halaqit qilmaslik uchun tashqariga chiqdik. Boram bilan mening Koreyadagi unutilmas kunlarimni eslashdik. Bizga ma’ruza o‘qigan professorlar va kursdoshlarimizni birma-bir eslab chiqdik. Boram hozir kim qayerda, nima qilyapti, kim himoya qildi, kim yo‘q, - hammasini gapirib berdi. Uning o‘zi ham himoya qilib, hozirda Amerikadagi bir universitetda ishlayotgan ekan.

- Siz nega ketib qoldingiz o‘shanda? - deb so‘radi Boram.

- Sabablari ko‘p, lekin ba’zida ketib qolganimga achinaman. Hoziram ishim yomonmas, Malayziyada, ilmiy-tekshirish institutidaman, - dedim men.

O‘sha kuni biz Boram bilan uzoq gaplashdik. “Dunyo tor” deb shuni aytsa kerak-da. U Koreyadan, men O‘zbekistondan, bundan 5 yil oldin ikkalamiz Koreyada tanishganmiz, hozirda u Amerikada, men esa Malayziyada, bugun biz olis Kanada yurtida uchrashib turgan edik…

 

Bechora semiz ayol

Ilmiy konferensiyalar qatnashuvchilar uchun o‘zaro tanishuv, fikr almashuv maydoni bo‘lishi bilan ahamiyatli. Lekin hurmatli o‘quvchilarimiz o‘ylamasinki, konferensiayga borganlar ertadan kechgacha faqat ko‘nferensiya bilan band bo‘ladilar deb. Aksariyat qatnashuvchilar uchun o‘z ma’ruzasini o‘tkazib olish muhim, ma’ruza qilib bo‘ldingmi, endi sekin shahar tomosha qilishga chiqsa ham bo‘ladi.

Kanadada o‘tgan bir hafta mobaynida men ham baholi qudrat bu yurt bilan yaqindan tanishishga, shaharlarini ko‘rishga harakat qildim. Sahardan shomgacha, ba’zida yarim tungacha ko‘chadan beri kelmadim. O‘z ko‘zim bilan ko‘rolmaganimni tunlari mehmonxonada televizor orqali tomosha qilardim. Qani, bularning televizorlari nimalarni ko‘rsatarkan? “Odam o‘zini o‘limga hukm qilishga va bunga qonunan erishishsga haqqi bormi?” Mavzu g’alati tuyulyaptimi? Bugun televizorda shu haqda ko‘rsatuv ketyapti. Nima emish, bu dunyoda yashashni istamaganlar oson va chiroyli o‘lim topish uchun, masalan, kasalxonaga borsa-da, vrach unga bitta ukol qilib qo‘ysa, patsient ukol ta’sirida avval sekin uyquga ketib, orqasidan osongina o‘lim topsa… Hozir Kanada qonunlari bunga yo‘l qo‘ymaydi, agar biror vrach shunday ishga qo‘l ursa, qotil sifatida jazolanadi. E’tiborli tarafi shundaki, ko‘rsatuv “Balki bunga ruxsat berish kerakdir?” degan fikrni muhokama qilayotgan edi…

Ertasiga barcha telekanallar boshqa bir voqeani shov-shuv qila boshladi. Shahar jamoat avtobusida semiz bir ayol o‘tiribdi. Sal narida o‘tirgan 3-4 o‘smir ayol ustidan kulyapti. Os’mirlar ayolning semizligini mazax qilib, 10 daqiqalar chamasi uning asabiga tegishdi. Ayol indamay o‘tirdi, faqat bir martagina os’mirlarni odob bilan tartibga chaqirib qo‘ydi. G’alati tarafi shundaki, o‘smirlar bu qiliqlarini telefon orqali videotasvirga olib, keyinroq o‘zlari uni internetga qo‘yib qo‘yishgan. O‘sha kuniyoq butun Kanada telekanallari o‘smirlar olgan videotasvirni to‘laligicha ko‘rsatdi. Qizg’in muhokama boshlanib ketdi. Hamma bechora semiz ayolga achindi, o‘smirlar va ularning ota-onalarini esa qoraladi. Tasvirda o‘smir bolalar o‘zlari ko‘rinmas edi. Lekin o‘sha kuniyoq politsiya surishtiruv boshladi va kechga tomon o‘smirlarni topdi. Jabrdiyda ayol yaxshi ayol ekan, “Mening bolalarga da’vom yo‘q, mayli ular hali yosh, men ularni kechirdim”, - dedi. Lekin politsiya ishini davom ettirishdan to‘xtamadi.

Voqeaning eng qiziq joyi ertasiga bo‘ldi. Jabrdiyda ayolga achingan bir kanadalik tashabbus bilan chiqdi: “Bu ayol bechora qancha jabr chekdi, kelinglar, unga biroz pul yig’ib beramiz, u shu pulga biror joyda dam olib, asablarini joyiga keltirib olsin”. Internet orqali pul yig’ish kampaniyasi boshlanib ketdi. Pul bir sutka davomida yig’ildi. Yig’ilgan pul miqdori e’lon qilindi… Oz emas – ko‘p emas, roppa-rosa 400 ming dollar pul yig’ilgan edi…

 

So‘nggi so‘z

Toronto – Kanadaning eng katta shahri, Ontario provintsiyasi poytaxtidir. Shahar Kanadaning janubiy-sharqiy qismida, Ontario ko‘li bo‘yida joylashgan. Torontoda 5,5 million aholi yashaydi. Shahar osmono‘par oynavand binolar bilan to‘lib toshgan. Men Torontoda roppa-rosa bir sutka bo‘ldim. Shaharni obdon piyoda aylandim. Torontoliklarning xushmuomalaligi yodimda qoldi. Ko‘chada qo‘limdagi xaritaga tikilib qolsam, darrov “Yordam bervoraymi?” yoki “Qiynalmaypsizmi?” deganlar topilardi. Ko‘chada uxlab yotgan uysizlarga ham duch keldim. Eaton Centre deb nomlanuvchi Torontodagi eng katta savdo markaziga kirib aylandim. Ochig’i, Kuala Lumpurda Eatonga qaraganda kattaroq va boyroq savdo markazlari bor. Eaton Centreda men bu yerga kelishimdan ikki haftacha oldin otishma bo‘lgan va bir kishi o‘ldirilgan edi. O‘shanda savdo markazi binosini televizordan ko‘rgandim. Hozir esa o‘zim shu yerda turibman. Kanada shaharlari ancha tinch, lekin xar zamonda shunday voqealar bu shaxarlarda ham bo‘lib turadi. Bir kun hash-pash deguncha o‘tib ketdi. Kechga tomon men avtobusda aeroportga qarab ketdim. U yerdan samolyotga o‘tirib ikki soat davomida Halifaksga uchdim.

Halifaks – Kanadaning janubiy-sharqiy qismida, Atlantika okeani sohilida joylashgan uncha katta bo‘lmagan shahar. U Nova Scotia – Yangi Shotlandiya provintsiyasi poytaxtidir. Halifaksda 100 mingdan ortiq aholi yashaydi. Men Halifaksda 6 kun bo‘ldim, bu vaqt uncha katta bo‘lmagan shaharni yaxshilab ko‘rib-tanishish uchun yetarli edi.

Torontoda birinchi tong Ontario ko‘lini qidirib borgandim, Halifaksda oyog’im o‘z-o‘zidan meni Atlantika okeani tomonga tortdi. Qo‘limda shahar xaritasi yo‘q edi. Lekin okean qayerdaligini sezish qiyin emasdi. Halifaksda osmono‘par binolar yo‘q edi, lekin u tabiat qo‘ynidagi judayam chiroyli shahar edi. Shundoq mehmonxonam oldidan katta bir bog’ boshlandi, bog’ ichi ko‘m-ko‘k, hamma yoqda anvoyi gullar, go‘zal daraxtlar, bir tarafida esa kichikroq ko‘l bor edi. Shahar markazida Citadel tepaligi joylashgan bo‘lib, uning ustida George qal’asi saqlanib qolgan. Men tepalikka piyoda ko‘tarildim. Bu yerdan butun Halifaks kaftdagidek ko‘rinib turardi. Ana Atlantika okeani, mana bu taraf shahar markazi, anavi hozirgina men o‘tib kelgan bog’, nariroqda yana ko‘m-ko‘k maysalar bilan qoplangan maydonlar bor ekan, anavi bino men turgan “Atlantica” mehmonxonasi…

Men Citadel tepaligidan to‘g’ri okean tarafga tushib bordim. Atlantika okeani… Menga Hind va Tinch okeanlari yaxshi tanish, ular Malayziya yarim orolini ikki tarafdan yuvib turadi. Endi Atlantika okeanini ko‘ryapman. Uning suvi men biladigan Xind va Tinch okeanlari suvidan ancha toza edi, ayni paytda ancha sovuq ham edi. 

Atlantikaning Halifaksga tutash sohili menga judayam yoqib qoldi va men u yerga bir necha marta bordim, soatlab vaqtimni shu yerda o‘tkazdim. Ochig’i, menga Torontodan ko‘ra Halifaks ma’qul bo‘ldi. Halifaks go‘zal tabiat qo‘ynidagi, bog’lar va ko‘m-ko‘k maydonlar bilan to‘la, bir tarafini Atlantika suvlari yuvib turgan, shahar markazini qandaydir baland binolar emas, balki ustida tarixiy obida - qal’asi bor, hammayog’i ko‘m-ko‘k ulkan tepalik egallagan, sokin-tinch shahar edi. Havosini aytmaysizmi, ertalab-kechqurun biroz salqin, lekin kunduzi bir ko‘ylakda yuradigan, ajoyib havo bo‘ladi. To‘yib-to‘yib nafas olgingiz keladi. Bog’lar ichida esa bu havoga gullarning atri ham qo‘shiladi. Bog’larda odamlar o‘tirvolib kitob o‘qiydilar. Yoki ko‘m-ko‘k maydonlarda xokkey o‘ynaydilar. Kanadaliklar xokkeyni shunchalik yaxshi ko‘radilarki, qisqa yoz paytida, muz yo‘qligida xokkeyni xech bo‘lmasa chim ustida o‘ynab turmasalar bo‘lmaydi. 

***

Toronto – Hong Kong reysi 15 soat uchadi. Bu yo‘lda menga asli Hong Konglik, hozir Kanadada yashayotgan bir xitoy chol hamroh bo‘ldi, ya’ni biz u bilan samolyotda yonma-yon o‘tirdik. Chol 22 yildirki Kanadada yasharkan, lekin inglizchani yaxshi o‘rganmabdi. Pishiriqlar tayyorlaydigan sexda ishlarkan, menimcha xitoycha pishiriqlar bo‘lsa kerak, chunki chol sexi uchun turli mashinalar sotib olishga Hong Kongga kelayotgan edi. Chol soddagina, to‘porigina, lekin samimiy odam edi. U samolyotda beriladigan ovqatga to‘ymas, tortinmasdan “Yana bitta bering” deb, styuardessalardan so‘rardi. Styuardessa ham iljayib qo‘yib, yana bitta ovqat olib kelib berardi. Lekin amaki non yemasdi, nonni menga ilinardi.

- Siz SSSRdan bo‘lsangiz kerak?, - deb so‘radi chol mendan.

- Sobiq SSSRdan. Qayerdan bildingiz?, - dedim men qiziqib. Chol qornimga ishora qildi:

- Xitoylarda bunaqa qorin bo‘lmaydi, - dedi u.  

Yaxshi mantiq: qorni bormi – demak xitoymas, xitoymasmi - demak SSSRdan…

Yo‘lovchilarni klasslarga ajratish tarixda qolib ketmagan, hozir ham xuddi shunday. Samolyotlarda yo‘lovchilar 1-klass, bizness klass va ekonom klasslarga ajratiladi. Samolyotda Kanadadan qaytarkanman, atrofimdagi yo‘lovchilarga tikilib xayolga tolaman. Mabodo xozir samolyotimiz qulasayu, biz ostimizdagi bepoyon ummonga tushsak, ertagami yoki indinga yetib keladigan kemalar biz ekonom klass yo‘lovchilari o‘ligini baribir olib ketmaydi. “Bular ekonom klass” deb ummonga “qaytadan dafn qilishadi”. Sho‘ring qurg’ur ekonom klass yo‘lovchilari…  

Kuala Lumpur – Toronto – Halifax – Hong Kong - Kuala Lumpur

Iyun, 2012 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.